Soliqlar va soliqqa tortish


Import tovarlarga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash tartibi



Yüklə 0,94 Mb.
səhifə37/251
tarix16.02.2023
ölçüsü0,94 Mb.
#84509
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   251
Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort

6. Import tovarlarga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash tartibi. Import qilinadigan tovarlarga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari bo‘lib, tovarlarni import qiladigan yuridik shaxslar, shuningdek boj to‘lamasdan o‘z ehtiyojlari uchun me‘yoridan ortiqcha tovarlar olib kiradigan jismoniy shaxslar hisoblanadi (demak, jismoniy shaxslar ham bevosita qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lishi mumkin).
Qo‘shilgan qiymat solig‘i solinadigan ob‘ekt bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunlariga binoan belgilangan bojxona rejimlariga muvofiq O‘zbekiston hududiga import qilinadigan tovarlar hisoblanadi.
Tovar deganda iste‘molga mo‘ljallangan va qiymatga ega bo‘lgan barcha narsalar tushuniladi.
Import tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lib, bojxona qonunchiligiga muvofiq belgilanadigan bojxona qiymati hisoblanadi.
Tovarlar importi bo‘yicha soliq solinadigan oborot hajmiga bojxona qiymati bilan bir qatorda bojxona boji summasi va aksiz solig‘i summasi (aksiz osti tovarlar bo‘yicha) kiritiladi.
Import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i quyidagi formula orqali hisoblanadi:
SQQS = (IQTBQ + BBS + AS) x QQSST ;
100
Bu yerda:
SQQS – qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi
IQTBQ – Import qilinadigan tovarlarning bojxona qiymati;
BBS – Bojxona boji summasi;
AS – aksiz solig‘i;
QQSST – qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi.
Import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizli stavka bo‘yicha to‘lanadi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:

  • xorijiy diplomatik vakolatxonalar va ularga tenglashtirilgan vakolotxonalar rasmiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan tovarlar;

  • jismoniy shaxslarning boj to‘lamasdan olib kirish me‘yorlar doirasida import qilinadigan tovarlar (tovarlarni olib kirish me‘yori Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori asosida belgilanadi);

  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar yuz berganda olib kiriladigan tovarlar, shuningdek davlatlar, halqaro tashkilotlar tomonidan xayriya maqsadlarida olib kiriladigan tovarlar;

  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga investitsiya dasturiga kiritilgan ustuvor ob‘ektlarni jihozlash uchun hamda hukumat kafolati bilan xorijiy kreditlar hisobiga moliyalanadigan investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun olib kiriladigan texnologik uskunalar;

  • import bo‘yicha olib kelinadigan dori-darmonlar va tibbiy buyumlar;

  • chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning ustav kapitaliga chet ellik investorlar tomonidan ulush sifatida olib kirilayotgan texnologik jihozlar;

  • va boshqa qonunchilikda ko‘zda tutilgan import tovarlar.

Tovarlar respublika hududiga import qilinishida qo‘shilgan qiymat solig‘i bojxona deklaratsiyasi qabul qilinishiga qadar yoki u bilan bir vaqtda to‘lanadi. Agar bojxona deklaratsiyasi belgilangan muddatda topshirilmasa qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatlari bojxona deklaratsiyasi topshirish muddati tugagan kundan boshlab hisoblab chiqariladi.
Jismoniy shaxslar soliqni naqd pul bilan bojxona organi posti kassasiga belgilangan tartibda to‘lashlari mumkin.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘langan summalari hududiy bojxona organlarining depozit hisobvaraqlariga kirim qilinib, keyin ular respublika budjeti daromadlariga qayd etiladi. Bojxona organlari 3 kun muddat ichida undirilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini respublika budjetiga o‘tkazadilar.
7. Qo’shilgan qiymat solig’ining xorijiy davlatlarda undirishning ijobiy tajribalarini o’zlashtirish masalalari. Hozirgi vaqtda qo’shilgan qiymat solig’i Evropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan mamlakatlarning davlat byudjetlarining daromadlarini shakllantirishda muhim o’rin egallaydi. Evropa mamlakatlarida egri soliqlarning roli AQSh, Yaponiya, Kanada va Avstraliyaga qaraganda yuqoridir. Evropa mamlakatlarida jami soliq tushumlarining hajmida egri soliqlarning salmog’i 40 foizdan yuqori bo’lib, ayrim mamlakatlarda 50 foizni tashkil etadi. Mazkur ko’rsatkich 50 foizdan yuqori bo’lgan mamlakatlar guruhiga Meksika, Turkiya va Koreya kiradi. AQSh, Yaponiya, Kanada va Avstraliyada esa ushbu ko’rsatkich 25-30 foizni tashkil qiladi36.
Evropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan mamlakatlarda soliq tushumlarining tarkibida egri soliqlarni yuqori salmoqga ega ekanligining asosiy sabablaridan biri, bu mamlakatlarda soliq stavkalarini umumlashtirilganligi va soliqqa tortish bazasini o’zaro uyg’unlashtirilganligi hisoblanadi. Bu masalaning O’zbekiston Respublikasi uchun amaliy ahamiyatga ega ekanligi shundaki, mamlakatimiz tovaroborotining sezilarli qismi Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Qozog’iston Respublikalariga to’g’ri keladi. Hozirga qadar mazkur mamlakatlar o’rtasida qo’shilgan qiymat solig’i stavkalarini umumlashtirish va soliqqa tortish bazasini uyg’unlashtirish masalasi hal qilinmagan. Bu esa, ushbu mamlakatlar o’rtasidagi o’zaro tashqi savdo munosabatlarini rivojlantirishga to’sqinlik qiladi.
Evropa Ittifoqi (EI)ning maxsus Direktivasiga muvofiq 1992 yilning 19 oktyabridan boshlab qo’shilgan qiymat solig’ining minimal stavkalari belgilab berildi. Xususan, 1993 yilga qadar minimal stavkalarda qo’shilgan qiymat solig’ini olish bitta mamlakatda amalga oshiriladigan bo’ldi. Ya’ni, nollik stavka eksportyor mamlakatida qo’llaniladi, minimal stavkalar bo’yicha tovarlar va xizmatlar importyorlarning mamlakatida soliqqa tortiladi37. Jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan tovarlar mazkur tovarlar ishlab chiqarilgan mamlakatda qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. Chunki, Evropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o’rtasida fuqarolarning harakatlanishi erkin bo’lib, ular turli mamlakatlarda o’zlarining shaxsiy is’temollari uchun tovarlar xarid qiladilar. Shuning uchun qo’shilgan qiymat solig’ini undirishni osonlashtirish maqsadida tovarlar sotib olingan mamlakatlarda qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. Fuqarolar yashash joylariga qaytib kelganlarida qo’shilgan qiymat solig’ini to’lamaydilar.
Frantsiyada standart soliq stavkalari mavjud bo’lib, 1998 yildan boshlab, ularning miqdori 20,6 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari qo’shilgan qiymat solig’ining pasaytirilgan va oshirilgan stavkalari ham mavjuddir. Qo’shilgan qiymat solig’ining pasaytirilgan stavkalari 5,5 foiz va 2,1 foizni tashkil etsa, oshirilgan stavka 25 foizni tashkil etadi38. Frantsiyada va Evropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan boshqa mamlakatlarda asosiy kapitalga investitsiya qilingan mablag’lardan qo’shilgan qiymat solig’i olinmaydi. Shuningdek, tijorat banklari, moliya muassasalari, o’quv yurtlari qo’shilgan qiymat solig’ini to’lamaydilar.
Buyuk Britaniyada qo’shilgan qiymat solig’i joriy etilgan dastlabki paytda uning stavkasi 10 foizni tashkil qilar edi, keyin esa soliq stavkasi 8 foiz qilib belgilandi. Hozirgi vaqtda asosan 3 xildagi qo’shilgan qiymat solig’i stavkasi mavjud bo’lib, nollik stavka, pasaytirilgan stavka (5%) va oshirilgan stavka (17,5%) lardan iborat39. Pasaytirilgan stavkada shaxsiy iste’mol uchun ishlatiladigan elektr toki hamda gaz qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. Nollik stavkada esa oziq-ovqat mahsulotlari, jamoat transporti xizmatlari nashriyot mahsulotlari, urug’chilik va chorvachilik mahsulotlari soliqqa tortiladi. Buyuk Britaniyada ta’lim, meditsina xizmatlari, sug’urta va brokerlik xizmatlari qo’shilgan qiymat solig’iga tortilmaydi. Shunisi e’tiborliki, Buyuk Britaniyada yillik oboroti 54 000 funt sterlingacha bo’lgan tadbirkorlar qo’shilgan qiymat solig’ini to’lashdan ozod qilinganlar (O’zbekiston Respublikasida qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha imtiyozlarni belgilashda tadbirkorlar yillik oborotining miqdori hisobga olinmaydi). Bizning fikrimizcha, mulk shaklidan va iqtisodiy maqomidan qat’iy nazar, barcha tadbirkorlarga qo’shilgan qiymat solig’iga tortilmaydigan yillik oborot miqdorini belgilab qo’yish maqsadga muvofiqdir. Chunki, ko’plab faoliyatini endi boshlagan tadbirkorlar ishlab-chiqarish va muomala xarajatlarining yuqori bo’lganligi sababli, ishlab chiqargan tovarlarning bahosini pasaytirish imkoniyatiga ega emaslar. Ularga nisbatan 20 foizli qo’shilgan qiymat solig’ini qo’llanilishi tovarlar bahosini sezilarli ravishda o’sishiga olib keladi. Natijada mazkur tadbirkorlar ishlab chiqargan tovarlarning raqobatbardoshligi yanada pasayadi.
Irlandiyada 2001 yildan boshlab, qo’shilgan qiymat solig’ining standart stavkasi 20 foiz qilib belgilandi. Mazkur stavka 2001 yilga qadar 21 foizni tashkil qilar edi. Standart stavkadan tashqari, nollik stavka va pasaytirilgan stavkalar (12.5 – 4.3 foiz) mavjud. Qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha imtiyozlar nollik stavkani qo’llash shaklida soliqqa tortilmaydigan yillik oborotni belgilab qo’yish shaklida qo’llaniladi.
Irlandiyaning eksport salohiyatini oshirish maqsadida eksportga nisbatan qo’shilgan qiymat solig’ining nollik stavkasi qo’llaniladi. Bundan tashqari agar tadbirkorning tovoroborotining umumiy hajmida eksport operatsiyalarining salmog’i 75 foizdan oshsa, u holda tadbirkor nollik stavkadan foydalanishga haqli hisoblanadi40.
Belgiyada mamlakat soliq qonunchiligiga muvofiq qo’shilgan qiymat solig’ining 2 ta pasaytirilgan stavkasi qo’llaniladi. 6 foizli pasaytirilgan stavkada asosan, oziq-ovqat mahsulotlari, suv ta’minoti, kinoteatrlar va mehmonxonalar xizmati qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. 12 foizli pasaytirilgan stavkada esa kommunal to’lovlar, qishloq xo’jalik mahsulotlari qo’shilgan qiymat solig’iga tortiladi. Pasaytirilgan stavkalardan tashqari, qo’shilgan qiymat solig’ining asosiy stavkasi ham mavjud bo’lib, uning miqdori 21 foizni tashkil qiladi.
Italiyada qo’shilgan qiymat solig’ining stavkalari 4, 10 va 20 foizni tashkil qiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari, eksportga tovar sotish va kompaniyalarning aktivlarini sotib olish xarajatlari qo’shilgan qiymat solig’iga tortilmaydi.
Gollandiyada 2001 yildan boshlab, qo’shilgan qiymat solig’ining standart stavkasi 19 foizni tashkil qiladi. Mazkur stavka 2001 yilga qadar 17 foizni tashkil qilar edi. 6 foizli pasaytirilgan stavka oziq-ovqat mahsulotlariga, jamoat transport xizmatlariga, qishloq xo’jalik mahsulotlarining ayrim turlariga nisbatan qo’llaniladi. Nollik stavkalar esa eksportga nisbatan qo’llaniladi. Sog’liqni saqlash sohasidagi xizmatlar va ayrim turdagi moliyaviy xizmatlar qo’shilgan qiymat solig’iga tortilmaydi.
Shvetsiyada qo’shilgan qiymat solig’ining asosiy stavkasi 25 foizni tashkil qiladi. 12 foizli pasaytirilgan stavkalar oziq-ovqat mahsulotlariga va mehmonxona xizmatlariga nisbatan qo’llaniladi. 6 foizli pasaytirilgan stavka esa ro’znomalarga va madaniy tadbirlarga nisbatan qo’llaniladi. 2001 yildan boshlab, yo’lovchi transporti xizmatlari bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’ining stavkasi amaldagi 12 foizdan 6 foizga tushirildi. Shunisi e’tiborliki, Shvetsiyada yillik oboroti 1 mln. Shvetsiya Kronidan oshmaydigan tadbirkorlar qo’shilgan qiymat solig’i to’lashdan ozod qilinganlar41.
XX asrning 80 yillaridan boshlab, qo’shilgan qiymat solig’i Amerika, Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo hududidagi mamlakatlarning soliq amaliyotiga joriy qilindi. Yaponiya, Turkiya Hindiston, Indoneziya, Braziliya, Kolumbiya, Misr kabi davlatlarda qo’shilgan qiymat solig’i mana shu davrda joriy qilingan.
Yaponiyada qo’shilgan qiymat solig’i 1984 yilda joriy qilingan. 1989 yilga qadar Yaponiyada qo’shilgan qiymat solig’ini joriy etilishi ishlab-chiqarilayotgan tovarlarning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir qildi. Bu ta’sir ayniqsa, qo’shilgan qiymat salmog’i sezilarli bo’lgan yuqori texnologiyali tarmoqlarga nisbatan kuchli bo’ladi, degan g’oya mavjud edi. Shuning uchun Yaponiyada Evropa davlatlariga nisbatan uzoq muddat mobaynida qo’shilgan qiymat solig’i joriy etilmadi.
Rossiya Federatsiyasida 1992 yilda qo’shilgan qiymat solig’i oborot solig’ining o’rniga joriy etildi. Bu soliq oborot solig’idan farqli ravishda faqat qo’shilgan qiymatdan undiriladi. Oborot solig’i esa bir marotaba umumiy oborotdan olinar edi. Qo’shilgan qiymat solig’i esa ishlab chiqarish va muomala jarayonining har bir bosqichidan olinadi42.
Ayni vaqtda, xorijiy mamlakatlar amaliyotida ham qo’shilgan qiymat solig’ini davlat byudjetiga jalb qilishda sezilarli muammolar mavjud. Ana shunday asosiy muammolardan biri, ishlab chiqarish va muomala jarayonlarining har bir bosqichida yaratilgan qo’shilgan qiymatni to’liq hisobga olish imkonining mavjud emasligi hisoblanadi. Soliq organlari soliq to’lovchilarning barcha schyot-fakturalarini tekshirish uchun jismoniy imkoniyatlarga ega emaslar. Shuning uchun schyot-fakturalar tanlanma tekshiruv asosida tekshiriladi. Bunda har bir bitim bo’yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning natijalari hisobotlarda o’z aksini topmaydi, hisobotlarda faqat qoldiq ko’rsatkichlar o’z aksini topadi. Bundan tashqari, soliq organlari bojxona organlaridan har doim ham ishonchli ma’lumotlarni to’liq hajmda ololmaydilar. Buning sababi shundaki, soliq to’lovchilar tomonidan bojxona hujjatlarini noto’g’ri to’ldirilganligi hisoblanadi. Masalan, Shvetsiyada hisobotlardagi taqqoslab bo’lmaydigan ma’lumotlarning 87 foizi hujjatlarni noto’g’ri to’ldirish natijasida yuzaga kelgan nomuvofiqlikga to’g’ri keladi, 10 foizi esa soliq davrlarining mos kelmasligiga to’g’ri keladi43.
Xorijiy mamlakatlarda qo’shilgan qiymat solig’ini daromad manbai sifatida qo’llash tajribasini o’rganish natijalari shuni ko’rsatdiki, birinchidan, qo’shilgan qiymat solig’i iqtisodiy kon’yunkturaning tebranishlariga bevosita bog’liq bo’lmagan barqaror daromad manbai hisoblanadi; ikkinchidan, qo’shilgan qiymat solig’i aholini nisbatan kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish imkonini beradi; uchinchidan, qo’shilgan qiymat solig’i mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga ijobiy ta’sir ko’rsatadi; to’rtinchidan, qo’shilgan qiymat solig’i faoliyatini yaqinda boshlagan va katta miqdordagi tovaroborotiga ega bo’lmagan tadbirkorlarni rag’batlantirishni moliyaviy vositasi hisoblanadi.


Yüklə 0,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   251




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin