Soliqlar va soliqqa tortish


Soliq to‘lovchilar tarkibi, soliq ob‘ekti va soliq stavkalari



Yüklə 0,94 Mb.
səhifə33/251
tarix16.02.2023
ölçüsü0,94 Mb.
#84509
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   251
Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort

2.Soliq to‘lovchilar tarkibi, soliq ob‘ekti va soliq stavkalari. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘lovchilari bo‘lib, amaldagi qonun xujjatlariga asosan ushbu soliqni budjet oldida hisob-kitobini amalga oshiruvchi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tushuniladi. Jumladan:
1) soliq solinadigan oborotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxslar;
2) O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliq solinadigan oborotlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lash bo‘yicha majburiyat yuklatiladigan yuridik shaxslar;
3) tovarlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar (o‘z ehtiyojlari uchun bojsiz olib kirish normalari doirasida tovarlar olib kiruvchi jismoniy shaxslar bundan mustasno);
4) oddiy shirkat soliq solinadigan oborotlarni amalga oshirayotganda zimmasiga uning ishlarini yuritish yuklatilgan (ishonchli shaxs) oddiy shirkat shartnomasining sherigi (ishtirokchisi).
Notijorat tashkilotlar (tadbirkorlik faoliyati doirasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oborotlari mustasno) hamda soliq solishning soddatlashtirilgan tartibi bo‘yicha soliq to‘lovchilar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilari bo‘lib hisoblanishmaydi.
Soliq qonunchiligida nazarda tutilgan holda yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga yilning navbatdagi choragi boshlanguniga qadar bir oydan kechiktirmasdan, yangi tashkil etilayotgan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar bo‘lgan yuridik shaxslar esa faoliyat boshlanguniga qadar taqdim etiladigan yozma bildirishga asosan ixtiyoriy asosda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashi mumkin.
Amaldagi soliq kodeksining 198-moddasiga ko‘ra qo‘shilgan qiymat solig‘ining ob‘ekti bo‘lib, tovar (ish, xizmat)larni realizatsiya qilish oboroti hamda tovarlarning importi hisoblanadi.
Tovarlarni (ish va xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deganda – yuklab jo‘natilgan tovarlar (ish va xizmatlar) qiymati tushuniladi, ya‘ni yuklab jo‘natilgan tovarlar (ish va xizmatlar) uchun mablag‘i kelib tushishi davridan qat‘iy nazar korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha budjet oldida hisob-kitoblarni amalga oshirishi shart.
Soliq solinadigan import deganda esa – O‘zbekiston Respublikasining bojxona xududiga olib kirilayotgan tovarlar hisoblanadi (qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilgan import tovarlardan tashqari).
Tovarlar natural haq tarzida berilganda yoki kassa orqali o‘z xodimlariga tannarx bahosidan past qilib sotilganda soliqqa tortiladigan oborot tovarlar (ish va xizmatlar)ni ishlab chiqarishning haqiqiy xarajatidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Soliq kodeksiga ko‘ra quyidagilar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti hisoblanmaydi:
1) soliq to‘lovchining xarajatlari sifatida qaraladigan uning o‘z ehtiyojlari uchun tovar berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish (yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirilmaydigan xarajatlar bundan mustasno);
2) bitta yuridik shaxsning bir tarkibiy bo‘linmasi tomonidan boshqa tarkibiy bo‘linmasiga ishlab chiqarish ehtiyojlari (zavod ichki oboroti) uchun, agar tarkibiy bo‘linmalar soliq kodeksiga muvofiq mustaqil soliq to‘lovchilar bo‘lmasa, mol-mulk berilishi, ishlar bajarilishi, xizmatlar ko‘rsatilishi;
3) soliq to‘lovchining o‘z ehtiyojlari uchun o‘z kuchi bilan qurilish, montaj, qurilish-montaj ishlarini bajarishi;
4) garov qiymatiga ega bo‘lgan qaytariladigan tarani, shu jumladan shisha idishni jo‘natish. Qaytariladigan tara mahsulot solib jo‘natilgan, qiymati ushbu mahsulot qiymatiga kiritilmaydigan hamda shu mahsulotni etkazib berish uchun tuzilgan shartnomada (kontraktda) belgilangan shartlarda va muddatlarda mahsulot etkazib beruvchiga qaytarilishi lozim bo‘lgan taradir. Agar tara belgilangan muddatda qaytarilmasa, bunday tarani berish soliq solinadigan oborotga kiritiladi;
5) yuridik shaxsning ishtirokchisi (muassisi) muassislar (ishtirokchilar) tarkibidan chiqqanda (chiqib ketganda), shu jumladan tugatilganlik (bankrotlik) yoki qayta tashkil etilganlik munosabati bilan chiqqanda (chiqib ketganda) unga dastlabki hissa doirasida mol-mulkni berish, shuningdek oddiy shirkat shartnomasi bo‘yicha sherikka (ishtirokchiga) uning mazkur shartnoma bo‘yicha sheriklari (ishtirokchilari) umumiy mulkida bo‘lgan ulushi qaytarilayotganda yoki bunday mol-mulk taqsimlanganda mol-mulkni berish;
6) tugallanmagan qurilishning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari va ob‘ektlarini bepul asosda berish;
7) banklarning mol-mulkni o‘z filiallariga berishi;
8) oddiy shirkat shartnomasi bo‘yicha sherikning (ishtirokchining) ulushi sifatida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni), boshqa mol-mulk va mulkiy huquqlarni berish;
9) tovarlarni va boshqa mol-mulkni qayta ishlash asosida berish;
10) ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida mol-mulkni mulkdordan ishonchli boshqaruvchiga berish;
11) ishonchli boshqaruv shartnomasi tugatilgan taqdirda, mol-mulkni mulkdorga berish;
12) ob‘ekt qiymatini ijaraga beruvchi (lizingga beruvchi) oladigan ijara (lizing) to‘lovining bir qismi tarzida qoplash.
Soliq kodeksiga ko‘ra quyidagilar tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotish oboroti hisoblanmaydi:

  • soliq to‘lovchining xarajatlari sifatida qaraladigan uning o‘z ehtiyojlari uchun tovar berish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish (yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda chegirilmaydigan xarajatlar bundan mustasno);

  • bitta yuridik shaxsning bir tarkibiy bo‘linmasi tomonidan boshqa tarkibiy bo‘linmasiga ishlab chiqarish ehtiyojlari (zavod ichki oboroti) uchun mol-mulk berilishi, ishlar bajarilishi, xizmatlar ko‘rsatilishi;

  • soliq to‘lovchining o‘z ehtiyojlari uchun o‘z kuchi bilan qurilish, montaj, qurilish-montaj ishlarini bajarishi;

  • garov qiymatiga ega bo‘lgan qaytariladigan tarani, shu jumladan shisha idishni jo‘natish. Qaytariladigan tara mahsulot solib jo‘natilgan, qiymati ushbu mahsulot qiymatiga kiritilmaydigan hamda shu mahsulotni etkazib berish uchun tuzilgan shartnomada (kontraktda) belgilangan shartlarda va muddatlarda mahsulot etkazib beruvchiga qaytarilishi lozim bo‘lgan taradir. Agar tara belgilangan muddatda qaytarilmasa, bunday tarani berish soliq solinadigan oborotga kiritiladi;

  • tugallanmagan qurilishning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari va ob‘ektlarini bepul asosda berish;

  • banklarning mol-mulkni o‘z filiallariga berishi;

  • va boshqa qonunchilikda ko‘zda tutilgan oborotlar.

O‘zbekiston Respublikasida qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 1992 yilda 30 foizni tashkil qilgani holda, bugunga qadar bir-necha marta o‘zgartirildi. Jumladan, 1996 yilda 17 foizni, 1997 yilda 18 foizni, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari turlariga (un, non, go‘sht, sut va sut mahsulotlari) esa kamaytirilgan 10 foizli stavka belgilandi. 1999 yilda respublikada qo‘shilgan qiymat solig‘ining 3 xil stavkasi (20%, 15%, va 0%) amalda qo‘llanildi. Faqat 3 ta band, ya‘ni eksport, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik korxonalariga beriladigan mineral o‘g‘it va yoqilg‘i moylash materiallari hamda diplomatik vakolatxonalar va unga tenglashtirilgan vakolotxonalarga realizatsiya qilinadigan tovar (ish va xizmat)lar “0” stavkasi bo‘yicha soliqqa tortildi. 15%li qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi esa un, non, go‘sht, sut va sut mahsulotlari hamda import qilinadigan tirik mol va bug‘doy kabi mahsulotlarga nisbatan belgilandi.
2000 yildan hozirgi kungacha soliq Kodeksiga ko‘ra respublikamizda 20 foizli va “0” foizli stavka qo‘llanilib kelinmoqda. Umuman olganda “0” stavka deganda korxona ishlab chiqarayotgan tovarlarning (bajarilgan ish, xizmatlarning) qiymatiga qo‘shilgan qiymat solig‘i qo‘llanilmaydi, ya‘ni “nol” ga teng degani.
Quyidagilarga “0” darajali stavka bo‘yicha soliq solinadi:
1. Tovarlarni chet el valyutasida eksportga realizatsiya qilish (qimmatbaho metallar bundan mustasno) oborotiga nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
Tovarlarni O’zbekiston Respublikasining bojxona hududidan bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq olib chiqish tovarlar eksportidir.
Soliq Kodeksning 213-moddasiga muvofiq tovarlarning eksport qilinganligi tasdiqlanmagan taqdirda, mazkur tovarlarni realizatsiya qilish oborotiga belgilangan stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
Tovarlarning eksport qilinganligini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardir:
- kontrakt (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan ko’chirma nusxasi);
- tovarlarni eksport qilish rejimiga chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgi qo’yilgan bojxona yuk deklaratsiyasi;
- O’zbekiston Respublikasining bojxona hududidan o’tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar tayin etilgan mamlakatga jo’natilganligini tasdiqlovchi qayd belgisi qo’yilgan tovarga ilova qilinadigan hujjatlar.
Tovarlar eksportga vositachi (ishonchli vakil) orqali vositachilik (topshiriq) shartnomasi bo’yicha realizatsiya qilinganda eksportni tasdiqlash uchun komitent (topshiriq beruvchi) tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- soliq to’lovchi bilan vositachi yoki ishonchli vakil o’rtasidagi vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasi (shartnomaning ko’chirma nusxasi);
- soliq to’lovchining topshirig’iga ko’ra (vositachilik shartnomasi yoki topshiriq shartnomasiga muvofiq) eksportga tovarlar etkazib berishni amalga oshirayotgan shaxsning tovarlarni O’zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga etkazib berish uchun chet ellik shaxs bilan tuzilgan kontrakti (kontraktning belgilangan tartibda tasdiqlangan ko’chirma nusxasi);
- tovarlarni eksport rejimiga chiqarishni amalga oshiruvchi bojxona organining belgisi qo’yilgan bojxona yuk deklaratsiyasining ko’chirma nusxasi.
Yuqorida ko’rsatilgan hujjatlar belgilangan tartibda tekshiruv o’tkazilayotganda nazorat qiluvchi organlarga ularning talabiga binoan taqdim etiladi.
2. Chet el tarafi o’zarolik printsipiga amal qilgan taqdirda, chet el diplomatik vakolatxonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek bu vakolatxonalar diplomatik va ma’muriy-texnik xodimlarining, shu jumladan ular bilan birga yashayotgan oila a’zolarining, agar ular O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lmasalar hamda O’zbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan bo’lmasalar, shaxsiy foydalanishi uchun realizatsiya qilinayotgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati tomonidan keyinchalik chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga realizatsiya qilish uchun olinayotgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda nol darajali stavka qo’llanilishi tatbiq etiladigan O’zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalarining va diplomatik vakolatxonalariga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlarning ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, «bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash bo’yicha bajarilgan ishlarga (ko’rsatilgan xizmatlarga), agar qayta ishlash mahsulotlari O’zbekiston Respublikasining bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan bo’lsa, nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
«Bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni qayta ishlash bo’yicha bajarilgan ishlarga (ko’rsatilgan xizmatlarga), agar keyinchalik qayta ishlash mahsulotlari bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq «erkin muomalaga chiqarish» rejimiga joylashtiriladigan bo’lsa, belgilangan stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
4. Xalqaro yo’nalishda tashishlar bo’yicha ko’rsatiladigan quyidagi xizmatlarni realizatsiya qilish oborotiga nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi:
- tranzit yuklarni O’zbekiston Respublikasi hududi bo’ylab tashish. Tranzit yuklarni tashish jumlasiga yukning tranzitini amalga oshirish uchun chet ellik shaxslar bilan to’g’ridan-to’g’ri tuzilgan shartnomalar yoki xalqaro (idoralararo) transport bitimlari hamda bojxona organlarining mazkur tranzit yuklar haqiqatda olib kirilganligi va olib chiqilganligi to’g’risida belgilari mavjud bo’lgan taqdirda, O’zbekiston Respublikasi hududi orqali chet el tranzit yuklarini tashish va ularga xizmat ko’rsatishga doir xizmatlar kiradi;
- yo’lovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yo’nalishda tashish. Agar jo’natish punkti yoki tayin etilgan punkt O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan bo’lsa, tashishlar yagona xalqaro tashish hujjatlari asosida rasmiylashtirilgan taqdirda, xalqaro yo’nalishlarda tashish hisoblanadi.
5. Suv ta’minoti, kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik ta’minoti bo’yicha aholiga ko’rsatiladigan xizmatlarga, shu jumladan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari aholi nomidan oladigan, shuningdek idoraviy uy-joy fondi uylarida yashayotgan aholi uchun O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bo’linmalari tomonidan olinadigan ana shunday xizmatlarga nol darajali stavka bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’i solinadi.
2006 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik korxonalariga etkazib beriladigan mineral o‘g‘itlar va yonilg‘i-moylash materiallariga “0” stavka bekor qilindi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod bo‘lgan (imtiyozli) oborotlardan farqli “0” stavka qo‘llanilganda qo‘shilgan qiymat solig‘i tovarlarning tannarxiga olib borilmasdan, hisobga kiritiladi.
Agarda hisobot davrida hisobga kiritilishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasidan “0” stavkada hisoblanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘ining summasi qiymati jihatidan ko‘p bo‘lsa, u holda oshiqcha summa soliq to‘lovchining boshqa soliq va to‘lovlar bo‘yicha qarzi bo‘lmagan taqdirda, unga belgilangan tartibda qaytariladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qoplash (ya‘ni qaytarish) tartibi 2003 yil 13 maydagi hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga undiriladigan to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan (30-sonli bayonnoma) “Xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha yuzaga kelgan manfiy farqni qoplash to‘g‘risida”gi Nizom asosida olib boriladi. Ushbu Nizom adliya vazirligi tomonidan 2003 yil 6 iyunda 1246-son bilan tasdiqlangan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha salbiy qoldiqni paydo bo‘lishi muammosi asosan mahsulotini eksport qiluvchi yirik korxonalarda kuzatiladi. Masalan: Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatining – 1 oylik ortiqcha to‘lovi 100 mln. so‘m, Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatida – 200 mln.so‘m, Qabul Tekstaylz – O‘zbek qo‘shma korxonasida – 30 mln. so‘m (bu korxonada eksport jami sotilgan tovarlarning 90 foizni tashkil qiladi). Bu muammo “0” stavkada soliqqa tortish natijasida ortilgan mahsulotga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligini va olingan materiallarga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisobga olinishi oqibatida yuzaga keladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ining vatani hisoblangan Fransiyada qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha to‘rtta stavka amal qiladi, ya‘ni standart stavka, qisqartirilgan stavka, oraliq stavka va oshirilgan stavka.
Standart soliq stavkasi 19,6 foiz qilib belgilangan. Bu stavka o‘zgacha stavkalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan operatsiyalardan tashqari barcha operatsiyalarga nisbatan qo‘llaniladi. Pasaytirilgan stavka (2,2; 5,5%) oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘pchiligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun, kitoblar va dori-darmonlar uchun amal qiladi. Shunday pasaytirilgan stavka ayrim xizmat turlariga: turizm va mehmonxona xizmatlari, yuk va yo‘lovchi tashish, tomosha tadbirlari, korxonalarning xodimlariga beriladigan ovqatlarga tegishlidir. Oraliq stavka gaz, elektr, issiqsuv, ko‘mir, neft mahsulotlari, spirt, kofe kabi tovarlarni soliqqa tortish uchun qo‘llaniladi. Oshirilgan stavka (22,0%) ayrim mahsulot turlariga, jumladan, avtomobillar, kino-foto tovarlar, tamaki mahsulotlari, parfyumeriya, qimmatbaho mo‘ynalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Buyuk Britaniyada qo‘shilgan qiymat solig‘ining uchta stavkasi amal qiladi: 0, 8,0 va 17,5 foiz. Nol darajasidagi soliq stavkasi tovarlarning 17 ta guruhiga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, suv ta‘minoti va kanalizatsiya, ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan kitoblar va qo‘llanmalar, yoqilg‘i va isitish, transport vositalari, xalqaro xizmatlar, kiyim-kechak va poyafzal, xayr-ehsonlarga nisbatan qo‘llaniladi. 8 foizli stavka ta‘minotning kommunal turlari borasidagi xizmatlarga nisbatan qo‘llaniladi. 17,5 foizli stavka tovarlar (ish va xizmatlar)ning barcha boshqa turlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Ispaniya Qirolligi mamlakatida qo‘shilgan qiymat solig‘ining standart stavkasi 16 foizni tashkil etadi. Pasaytirilgan stavkalar, ya‘ni 0 foizli stavka – eksport bilan bog‘liq tovar va xizmatlar uchun; 4 foizli stavka – birinchi navbatdagi zarur tovarlar uchun (non, g‘alla, sut, tuxum, mevalar, sabzavotlar, kitoblar, gazetalar, dori-darmonlar, munitsipial uylar, nogironlar uchun mashinalar va h.k.); 7 foizli stavka – oziq-ovqat mahsulotlari, uy-joy qurilishi, transport, turizm uchun, 28 foizli stavka esa zeb-ziynat buyumlari va avtomobillar bo‘yicha belgilangan.
Rossiya Federasiyasida qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foiz, 10 foiz va 0 foizli qilib belgilangan. 0 foizli stavka tovarlar (ish va xizmatlarning) ayrim turlariga, 10 foizli stavka – oziq–ovqat va bolalar tovarlariga, 20 foizli stavka esa tovarlar (ish va xizmatlar)ning boshqa turlariga nisbatan qo‘llaniladi.35

Yüklə 0,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   251




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin