4.4. Tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq.
1.Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni soliqqa tortish tartibi. Yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar qat‘iy belgilangan soliq to‘lovchilar hisoblanadilar. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi qat‘iy belgilangan soliqni to‘lovchi jismoniy shaxslar soliq qonunchiligiga ko‘ra ijtimoiy sug‘urta badallarini, eksport-import operatsiyalarini bajarganda yagona bojxona to‘lovi, savdo qilish huquqi uchun yig‘imni, agarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda suv resurslaridan foydalanilsa, unda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni, bozorlarda faoliyatini amalga oshirishda savdo joyi uchun to‘lov (patta)ni, davlat bojlarini to‘laydilar.
Yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun qat‘iy belgilangan soliq stavkalarining aniq miqdorlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tadbirkorlik faoliyatining turi va faoliyat joyiga (viloyatlardagi shaharlar, tumanlar, shu jumladan qishloq joylarga) bog‘liq ravishda belgilaydi.
Bunda faoliyatning turli xillari uchun tabaqalashtirilgan yondashuvni ta‘minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan mahalliy sharoitlar va boshqa mezonlarni hisobga olgan holda qat‘iy belgilangan miqdorlarda daromad solig‘i stavkalari belgilanishi mumkin.
Qat‘iy belgilangan soliqning bazaviy stavkalari va yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar daromadidan olinadigan qat‘iy belgilangan soliq summasining hisob-kitobi uchun tuzatuvchi koeffitsientlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi.
Qat‘iy belgilangan miqdorlardagi daromad solig‘ini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar har oyda, mustaqil ravishda faoliyat amalga oshiriladigan oyning 25-kunigacha to‘laydilar.
Masalan, jismoniy shaxslar daromadidan qat‘iy belgilangan soliq:
2017 yil yanvari uchun 2017 yilning 25 yanvariga qadar;
2017 yil fevrali uchun 2017 yilning 25 fevraliga qadar belgilab qo‘yilgan.
Qat‘iy belgilangan soliq yuridik shaxsni tashkil etmagan tadbirkor tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joyda, agar O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘lanadi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan endi shug‘ullana boshlagan jismoniy shaxslar qat‘iy belgilangan stavkalar bo‘yicha daromad solig‘ini belgilangan tartibda, ro‘yxatga olish paytida mustaqil to‘laydilar. Qat‘iy belgilangan soliq faoliyat boshlangan kundan qat‘i-nazar bir oy uchun to‘lanadi. Misol uchun, oyning boshida emas, balki ikkinchi yarmida boshlasa ham to‘liq oy uchun to‘lanadi. 2017 yil 1 yanvardan yuridik shaxs maqomini olmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar to‘laydigan qat‘iy belgilangan soliq stavkasi quyidagicha:
4.4-jadval Yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan hug’ullanadigan jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkorlar)dan olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkalari29