Hozirgi vaqtda ishchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘plab qoida, norma, yo‘riqnomalar ishlab chiqilgan. Ammo, shunga qaramasdan, ishlab chiqarish korxonalarida baxtsiz hodisalar uchramoqda.
Shu sababli sanoat korxonalarida ishlab chiqarishning xilma-xilligini hisobga olib, o‘zi uchun mos keladigan mehnat xavfsizligini ta’minlash yo‘riqnomalari tizimi (MXST) tashkil qilingan. Bu tizimlar ishchilarning xavfsizligini ta’minlovchi ish usullarini o‘rgatish bilan ishchining mehnat xavfsizligini saqlash chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
Ishlab chiqarishda ishchilar mehnat xavfsizligiga quyidagi yo‘riqnomalar asosida o‘qitiladi:
Kirish yo‘riqnomasi. Bunda ishga kirayotgan yangi ishchilar kirish yo‘riqnomasidan o‘tkaziladi. Bu yo‘riqnomaning asosiy maqsadi ishga kirayotgan ishchiga mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi va sanoat sanitariyasi to‘g‘risida ma’lumotlar berish, uni ishlab chiqarish maydoni va sexlardagi tartib-qoidalarga o‘rgatishdan iborat.