Surunkali limfoleykoz Surunkali limfoleykoz limfoid to’qimalarning beozor kechadigan o’sma kasalligidir. Surunkali limfoleykoz o’rta va keksa yoshli (35—70 yosh) kishilarda ko’p, yoshlarda kam uchraydigan kasallik.
Klinikasi. Surunkali limfoleykozning 3 turi qayd qilinadi:
leykemik, subleykemik va aleykemik. Bundan tashqari, kasallikning quyidagi atipik kechish turlari ham kuzatiladi:
O’smali — limfatik tugunlarning katta xaltalari va taloqning juda kattalashuvi bilan o’tadi.
Tomoq va burun atrofida diffuz limfatik o’suvchi surunkali limfoleykoz.
Qorin bo’shlig’ida katta limfatik tugunlar bilan kechuvchi turi.
Suyak ko’migida kechuvchi turi. Limfatik tugunlar va taloq kattalashmay, o’zgarishlar, asosan, suyak ko’migida joylashgan bo’ladi.
Oshqozon-ichak variantida limfomotoz o’sishlar oshqozon va ichakning shilliq qavatida bo’lib, dispeptik o’zgarishlar bilan kechadi.
Terining zararlanishi bilan kechuvchi turi ko’p tarqalgan eritrodermiya bilan o’tadi.
Kasallikning kechishi. Surunkali limfoleykoz kechishining 3- bosqichi qayd qilinadi. Birinchi — boshlang’ich davri nisbatan uzoq (2—3 yil) bo’lib, bemor ahvoli qoniqarli bo’ladi, limfatik tugunlar, taloq va jigarning kattalashganligi, qondagi va ko’mikdagi kasallikka xos o’zgarishlar tasodifan aniqlanadi. Ikkinchi — kasallikning zo’rayish davrida limfatik tugunlar, jigar va taloq yana ham kattalashib, qondagi o’zgarishlar kuchayib, anemiya va trombotsitopeniya rivojlanadi, quvvatsizlik, tez-tez terlash, haroratning ko’tarilishi qayd qilinib, gemorragik o’zgarishlar kuzatiladi. Uchinchi terminal bosqichda, infeksiyaga chidamsizlik rivojlanadi. Kasallikning og’ir turlari kuchli anemiya bilan kechib, bemorni 1—2 yil ichida o’limga olib kelishi mumkin.
Qondagi o’zgarishlar: leykotsitoz—200000—300000 gacha, ularning 80—90%ini yetilgan limfotsitlar, prolimfotsitlar 3— 4%, 1—2% limfoblastlar tashkil qiladi. Neytrofillar esa 4—5% ni tashkil qiladi. Oqibat-natijasi—inson hayoti o’lim bilan tugaydi.
Davolash. Kimyoterapiya vositalari — xlorbutin (leykeram) kuniga 10—15mg dan 4—6 hafta davomida, siklofosfan kuniga yoki kunora 200—600 mg dan venaga yuboriladi. Gormonlar gemolitik kamqonlik va trombotsitopeniya paydo bo’lganda tayinlanadi. Kasallikning terminal bosqichlarida, yomon sifatli kechganda polikimyoterapiya o’tkaziladi. Kattalashgan limfatik tugunlar, taloq nur bilan davolanadi.
Parvarishi. Kasallar juda yaxshi parvarishga muhtoj bo’lishadi. Ularni mutloq o’rnidan turg’izmay yotqizib qo’yish, ichki kiyimlarini vaqtida alishtirib turish zarur. Ovqatni kam kamdan, bot-bot berib turish, ovqat yaxshi pishirilgan, vitaminlar, oqsillarga boy bo’lishi kerak. Hamshira bemorni yedirib-ichiradi, og’iz bo’shlig’ini tozalab qo’yadi. Ichiladigan suyuqlikni cheklab qo’yish yaramaydi. Hamshira bemorning vaqtida shifokorga ko’rinib turishini nazorat qiladi. Oftobda turish kasallikning qo’zib qolishiga sabab bo’lishi mumkin, hamshira bemorni shu to’g’rida ogohlantirib qo’yishi shart.
Tibbiyot hamshirasi bu bemorlar bilan muloqatda bo’lganida tibbiyor etikasi va deontologiya qonun-qoidalariga rioya qilishi zarur.