Bozor munosabatlari sharoitida davlat va korxonalar o‘rtasidagi munosabat
5.Davlat va korxona huquq va manfaatlari. Korxonalarning davlat bilan moliyaviy munosabatlari ularning byudjet va byudjetdan tashqari turli darajadagi davlat jamg'armalari, shuningdek, bojlar, soliqlar va majburiy to'lovlarni to'lashda hokimiyat organlari bilan o'zaro munosabatlari sohasida eng aniq namoyon bo'ladi
Korxonalar huquqlari va manfaatlarining kafolatlari; 1. Davlat korxona huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga kafolat beradi. Korxona xo‘jalik faoliyatini va o‘zga faoliyatni amalga oshirish chog‘ida o‘z tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga zid kelmaydigan har qanday qarorlarni qabul qilishga haqlidir. Korxonaning xo‘jalik faoliyati va o‘zga faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan hollardan tashqari davlat, jamoat va kooperativ idoralarining aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2. Respublika va mahalliy davlat, jamoat hamda kooperativ idoralari va ularning mansabdor shaxslari korxonaga daxldor qarorlar qabul qilish chog‘ida va o‘zlarining shu korxona bilan munosabatlarida ushbu Qonunning qoidalariga rioya etilishi uchun javobgardirlar.
Davlat idoralari va o‘zga idoralar va mansabdor shaxslar o‘zlarining qonunlarda belgilab qo‘yilgan vakolatlariga muvofiq tarzdagina korxonaga ko‘rsatma berishlari mumkin. Davlat idoralari yoki o‘zga idoralar o‘z vakolatlariga yoki qonun talablariga mos kelmaydigan hujjatni qabul qilgan taqdirda korxona bunday hujjatni haqiqiy emas, deb e’tirof etish to‘g‘risida ariza bilan sud yoki xo‘jalik sudiga murojaat qilishga haqlidir.
Korxona huquqni buzgan davlat idorasi yoki o‘zga idora yoxud ularning mansabdor shaxslari ko‘rsatmalarini bajarish natijasida, shuningdek bunday idoralar yoki ularning mansabdor shaxslari korxonaga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan burchlarini tegishlicha amalga oshirmaganliklari oqibatida korxonaga yetkazilgan zarar ana shu idoralar tomonidan to‘lanishi kerak. Zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolarni xo‘jalik sudi o‘z vakolatlariga muvofiq holda hal qiladi
Korxona xo‘jalik faoliyatining huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlari
1. Davlat korxonalarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yuritishning teng huquqiy va iqtisodiy sharoitlarini ta’minlaydi.
2. Davlat bozorni rivojlantirishga ko‘maklashadi, monopoliyaga qarshi tadbirlarni amalga oshiradi, barcha mehnatkashlarning ijtimoiy kafolatlarini ta’minlaydi.
Raqobatchining obro‘sini tushirishga qaratilgan xatti-harakatlarga, ishlab chiqarish kvotalari, sotish va ta’minot bozorlarini bo‘lib olish, erkin raqobatni cheklash maqsadida korxonalar o‘rtasida monopol narx-navoni ushlab turish haqidagi har qanday til biriktirishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda korxona monopoliyaga qarshi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Davlat qonun asosida, huquqni himoya qiluvchi va moliya organlari orqali raqobat qilish erkinligini ta’minlaydi, iste’molchilarni ularning huquqlari kamsitilishidan, xo‘jalik faoliyatining har qanday sohasida monopolizm ko‘rinishlaridan muhofaza qiladi.
3. Korxona xo‘jalik oborotiga kiritayotgan buyumlar firma belgisini yoki buyumning ramzini, buyumni ta’riflaydigan boshqa ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda markirovka qilinishi shart. O‘zga firma va tovar belgilarini, shuningdek, bir ishlab chiqaruvchining buyumlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarning buyumlari bilan chalkashtirib yuborishga (o‘xshatishga) imkon beradigan har qanday ma’lumotlarni o‘zlashtirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu masalalarda chiqqan nizolar sud tartibida hal qilinadi.
Hisob va hisobot; 1. Korxona o‘z ishi natijalarining operativ va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika hisoboti olib boradi. Davlat statistika hisobotining shakllarini davlat statistika idoralari, bunday hisobotlarni taqdim etish tartibini esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi. 2. Korxonaning mansabdor shaxslari davlat hisobotini buzib ko‘rsatganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yilgan intizomiy, ma’muriy, moddiy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladilar.
Korxonaning tijorat siri; 1. Korxonaning tijorat siri deganda korxonaning ishlab chiqarishi, texnologiya axboroti, boshqaruvi, rejalashtirishi, moliyasi va boshqa faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan hamda e’lon qilish (topshirish, ochilib qolishi) uning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan davlat siri bo‘lmagan ma’lumotlar tushuniladi. 2. Tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar tarkibi va hajmi, ularni himoya qilish tartibi korxona rahbari tomonidan belgilanadi. Korxona faoliyatining turlarini (agar ular haqidagi ma’lumot tijorat siri bo‘la olmasa) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi korxonalar atrof-muhitni ifloslantirayotganligi yoki jamiyatga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa salbiy faoliyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yashirishning oldini olish maqsadida belgilab qo‘yadi. 3. Korxonaning tijorat siri bo‘lgan ma’lumotlarni e’lon qilganlik, bunday ma’lumotlarni saqlash tartibini buzganlik uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Korxonaning mas’uliyati; 1. Shartnoma majburiyatlarini, kredit hisob-kitob va soliq intizomini, mahsulot sifatiga qo‘yiladigan talablarni, xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishning boshqa qoidalarini buzganlik uchun korxona O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilganidek to‘la mulkiy javobgar bo‘ladi. 2. Korxona yer va boshqa tabiat resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza etish talablariga amal qilmaslik, uni ifloslantirish va boshqa zararli ta’sirlar oqibatida ishlab chiqarish xavfsizligi qoidalari, sanitariya-gigiyena normalarini hamda korxona xodimlarini, aholining va mahsulot iste’mol qiluvchilarning salomatligini himoya qilish talablarini buzganlik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan miqdorda jarima to‘lashi shart. Tabiatdan foydalanish rejimini buzayotgan korxona faoliyati yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tugatilguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Korxona faoliyatini nazorat qilish
1. Korxonaning moliya-xo‘jalik faoliyati korxona mol-mulki egasining tashabbusiga binoan taftish qilinishi mumkin.
2. Korxonalar faoliyatini rejali tarzda tekshirishlar O‘zbekiston Respublikasi Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashining qaroriga binoan soliq va boshqa nazorat qiluvchi organlar tomonidan yiliga ko‘pi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida hamda to‘la hajmda to‘lovchi, boshqa norma va qoidalarga rioya qiluvchi, auditorlarning har yilgi tegishli xulosalariga ega bo‘lgan korxonalar faoliyatini tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan, qoida tariqasida, ikki yilda ko‘pi bilan bir marta amalga oshiriladi. Korxonalar faoliyatini tekshirishdan o‘tkazish muddatlari o‘ttiz kalendar kunidan oshmasligi lozim.
Korxonaning davlat hokimiyati mahalliy idoralari bilan munosabatlar.1. Korxonaning davlat boshqaruvi idoralari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish idoralari bilan o‘zaro munosabatlari ushbu Qonunga hamda ana shu idoralarining vakolatlarini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi. 2. Korxona davlat hokimiyati mahalliy idorasining hududni kompleks iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish bo‘yicha mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiradigan ishlarda ixtiyoriy ravishda shartnoma asosida qatnashadi. Korxona davlat hokimiyati mahalliy idorasining yoki boshqa vakolatli davlat idoralarining qarori bilan shu idoralar mablag‘lari hisobidan mehnat qobiliyati cheklangan shaxslar uchun maxsus ish joylarini barpo etishi shart. 3. Davlat hokimiyatining mahalliy idoralari korxonaga qarashli uy-joy va ishlab chiqarish maydonini ayrim obyektlarini tortib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.