O‘simliklar ontogenezida mineral moddalarni o‘zlashtirish ularning biologik hususiyatlariga bog‘liq. O‘simliklarning ko‘pchiligida asosiy elementlar gullashgacha bo‘lgan davrda o‘zlashtiriladi. Bahorgi g‘allalar ontogenezining dastlabki 1,5 oyi mobaynida azot, fosfor va kaliyni eng faol o‘zlashtiradi. Shu vaqt ichida suli umumiy kaliyning 70 foizi va kalsiyning 58 foizini to‘playdi. Ayrim o‘simliklar mineral elementlarning asosiy qismini ontogenezning ikkinchi yarmida, ya’ni gullash, urug‘ hosil bo‘lish davrida qabul qiladi. Umuman, ekinlarni qisqa va uzoq muddat davomida oziqlanadigan ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin. G‘o‘za uzoq muddat davomida oziqlanadigan ekinlar qatoriga kiradi. U yerdan unib chiqishidan tortib to vegetatsiya davrining ohirigacha tuproqdan oziq moddalar olib turdi. Lekin ontogenezida mineral moddalarning turlariga bo‘lgan talab ham o‘zgarib turadi. Masalan, P.V. Protasovning ko‘rsatishicha, g‘o‘zaning yerdan chiqishidan tortib to dastlabki chinbarg chiqadigan davrigacha bo‘lgan vaqtda fosforni ko‘proq talab qilishi aniqlangan. Azotga bo‘lgan talab esa kechroq, taxminan dastlabki chinbarg paydo bo‘lganidan so‘ng boshlanadi va gullash fazasigacha oshib boradi. SHuning uchun ham azotli o‘g‘itlarni gullash va hosil tugishning boshlanishigacha solib bo‘lish tavsiya qilinadi azot bilan kech oziklantirish esa o‘suvchi organlarning faollashishiga olib keladi. Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jalik ekinlarida o‘g‘itlarni qo‘llash hisobiga hosildorlikni bir necha baravar oshirish mumkinligi tajribadan ma’lum. Chunki ekinlar har yili o‘zining hosili hisobiga tuproqdan ancha eng zarur mineral elementlarni olib ketadi. Shu sababdan ayrim oziqa elementlarining miqdori kamaya boradi. Tuproqdan xar yili olib chiqilgan moddalarning miqdori o‘simlik turlariga, hosilning miqdoriga, tabiiy iqlim sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi. Sabzavot, kartoshka, ko‘p yillik o‘tsimon o‘simliklar oziqa elementlarini g‘allalarga nisbatan ko‘proq olib chiqadi. Masalan, bir tonna hosildan g‘allalar 10 kg, kartoshka va lavlagi 30-40 kg va karam 60 kg kalsiyni tuproqdan olib chiqadi. Bu jarayon yildan-yilga takrorlanaversa, tuproq unumdorligi keskin kamayadi. Uni yuqori darajada saqlash va ekinlardan mumkin qadar ko‘p hosil olish uchun tuproqqa o‘g‘it solish tavsiya etiladi. Unumdorlikni pasaytirmasdan doimiy yuqori hosil olish uchun qishlok ho‘jaligini yalpi kimyolashtirish tavsiya etiladi. Buning uchun o‘g‘itlash tizimini ishlab chiqish katta ahamiyatga ega. O‘g‘itlash tizimi — bu almashlab ekishni, tuproq unumdorligini, iqlimni, o‘simliklarning biologik hususiyatlarini, navlarini, o‘g‘itlarning tarkibi va xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan o‘g‘itlash dasturidir. O‘g‘itlardan unumli foydalanish uchun eng avval o‘simliklar ontogenezida mineral oziqa elementlarga bo‘lgan talabni ham hisobga olish muhim. O‘simlik erga solingan o‘g‘itning 1/3 yoki 1/2 qismini o‘zlashtiradi, halos. Qolgan qismi tuproqda qolib, suvda erimaydigan minerallarga aylanadi yoki yuvilib ketadi, ayniqsa, tez eriydigan azot o‘g‘itlari. Shuning, uchun ham o‘g‘itlarni ekish oldidan va o‘simlikning vegetatsiyasi davomida ularning talabiga muvofiq tuproqqa solib, hosildorlikni rejali ravishda oshirish mumkin. Ayrim hollarda qo‘shimcha usul sifatida ekinlarni barglaridan oziqlantirish ham qo‘llaniladi. Bunda o‘g‘itlarning past konsentratsiyali eritmasi tayyorlanib, o‘sib turgan o‘simliklarga samolyot yoki traktorlar yordamida purkaladi. Natijada o‘g‘it tuproqqa emas, asosan o‘simlik barglariga tushadi va barglar uni o‘zlashtirib, o‘simlikning boshqa organlariga o‘tkazadi. Bunday usulning qulayligi shundaki, o‘g‘itlar kam sarf etiladi, shuning uchun ham kam solinishi zarur bo‘lgan mikroelementlar uchun aloxida ahamiyatga egadir. O‘simliklarni barglaridan oziqlantirishni zararkunandalarga va kasalliklarga qarshi kurash bilan birga olib borish mumkin. Barcha o‘g‘itlar mineral va organik turlarga bo‘linadi. Mineral o‘g‘itlarga: azotli, fosforli, kaliyli va mikroo‘g‘itlar; organik o‘g‘itlarga: go‘nglar, xayvon qoldiqlari, torf va boshqalar kiradi. O‘g‘itlar oddiy va murakkab bo‘lishi mumkin. Tarkibida o‘simliklarning oziqlanishi uchun zarur bitta element bo‘lgan o‘g‘it oddiy o‘g‘it deyiladi. Masalan, azotli, fosforli, kaliyli va boshqa o‘g‘itlar. Tarkibida ikkita va undan ko‘p oziqa elementi bo‘lgan o‘g‘itlar murakkab yoki kompleks o‘g‘itlar deyiladi. Masalan, kaliy natriy tuzi KNO3, ammofos NH4 H2PO4 va boshqalar. o‘g‘it sifatida ishlatiladigan tuzlar tuproq eritmasidagi reaksiya hususiyatlari asosida uch guruhga bo‘linadi: 1) fiziologik nordon; 2) fiziologik ishqoriy; Z) fiziologik neytral.Har xil tuzlar, ularning anion va kationlari o‘simliklarga birxil tezlikda so‘rilmaydi. Ayrim tuzlarning kationlari, boshqa tuzlarning esa anionlari tez so‘rilishi natijasida qolgan ion eritmada to‘planadi va ma’lum reaksiyani hosil qilishga sabab bo‘ladi. Masalan, ammoniy sulfat (NH4)2 SO4 tuzining kationi (NH4) tez o‘zlashtiriladi, anioni esa (SO4) tuproqda to‘planib, eritma reaksiyasini kislotalik tomonga o‘zgartiradi. SHuning uchun ham bunday tuzlar fiziologik nordon tuzlar deyiladi. Natriy NaNO3 tuzining anioni (NO3) tez o‘zlashtiriladi, kationi (Na) esa tuproqda to‘planib, eritmaning reaksiyasini ishqoriy tomonga o‘zgartiradi. Shuning uchun ham bunday tuzlarga fiziologik ishqoriy tuzlar deyiladi. Ammoniy – NH4NO3 tuzining kationi (NH4) va anioni NO3 deyarli bir xil o‘zlashtiriladi. Bunday tuzlar fiziologik neytral tuzlar deyiladi. O‘g‘itlarning samaradorligini oshirish maqsadida tuzlarning reaksiyalarini va tuproqning rN darajasini, ekinlarning rN darajasiga munosabatlarini hisobga olish katta ahamiyatga ega bo‘ladi.