14-MAVZU: O‘SIMLIKLARNING O‘SISH VA RIVOJLANISH FIZIOLOGIYASI
Reja:
1.O‘sish va rivojlanishning tavsifi.
2.O‘simliklarni o‘sishi va o‘sish xillari.
3. O‘simliklarni o‘sishiga tashqi sharoit omillarining ta’siri.
4. O‘simliklarni rivojlanish bosqichlari.
5. O‘simlikning o‘sishiga ta’sir etuvchi fiziologik moddalar.
Tayanch iboralar: O‘sish, rivojlanish, urug‘, murtak, mitoz, interfaza, profaza, metofaza, telofaza, embrional, cho‘zilish, differensiyalanish, qarish, poya, novda, ildiz, floema, ksilema, suv miqdori, ontogenez, zigota, reproduktiv organ, vegetativ organ, embrional, yuvinil, qarilik, ekzena, intina, sitokinin, murtak, endosperm, epikotil, yarovizatsiya, uzun kunli, qisqa kunli o‘simliklar, biologik qarish, yoshartirish.
O‘simliklar ontogenezini tavsiflovchi eng muhim jarayonlar o‘sish va rivojlanishdir. Ular o‘simlik tanasidagi barcha hayotiy reaksiyalarning natijasi hisoblanadi, bu jarayonlar bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lib, faqat o‘sish asosida rivojlanish va rivojlanish asosida o‘sish tavsiflanadi. Natijada ikkalasi o‘simlikning hayotiy siklini belgilaydi. Biroq ayni vaqtda o‘sish va rivojlanish bir-biridan farq ham qiladi. O‘sish — bu o‘simliklar bo‘yi va eni tobora ortib, umumiy massaning oshishidir. Bunday o‘sish orqasiga qaytmaydi. Chunki yangidan-yangi hujayralar, to‘qimalar va organlar vujudga kelib, protoplazma va undagi organoidlar .(xloroplastlar, mitoxondriyalar va boshqalar) to‘xtovsiz shakllanib turadi.Rivojlanish — o‘simlikning hayotiy siklini (ontogenezini) tavsiflovchi yoshlik, voyaga etish ko‘payish, qarish va o‘lish arafalaridagi sifatiy morfologik va fiziologik o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Bu jarayonlarning o‘zaro nisbati o‘zgarib turishi mumkin. Masalan, ayrim o‘simliklarda o‘sish ancha faol, rivojlanish esa juda sekin borishi, boshqalarida aksincha bo‘lishi mumkin. O‘sish juda faol kechadigan o‘simliklar tanasi odatda yirik, o‘sish sekin va rivojlanish faol bo‘lgan o‘simliklar, aksincha karlik (kichik) bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlar o‘simlik turlariga, navlarning hususiyatlariga, ichki va tashqi omillarning ta’siriga bog‘liq. O‘sish va rivojlanish umumiy bir yaxlitlikni tashkil etib, o‘simlik tanasida kechadigan fiziologik va biokimyoviy jarayonlarga, o‘simlikning ildiz orqali va havodan oziqlanishiga, energiya bilan ta’minlanishiga, umuman, assimilyasiya va dissimilyasiyada ishtirok etuvchi barcha jarayonlar yig‘indisiga bog‘liq bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |