IShSIZLIK— bir qism iqtisodiy faol aholining o‘ziga loyiq ish topa olmasdan qolishi va mehnat zaxirasiga aylanishi.
O‘zbekistonda ishsizlik tushunchasi rasman 1992 y. «Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida»gi Qonunining qabul qilinishi bilan meyoriy kuchga ega bo‘ldi (1998 y. 1 mayda ushbu qonunning yangi tahriri qabul qilindi).
Ishsizlik inson manfaatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan yirik ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan biri hisoblanadi. Ish joyini yo‘qotish ko‘p kishilar uchun oilaviy turmush darajasining pasayishini, shaxsiy hayotining notinchligini keltirib chiqaradi, kishiga jiddiy ruhiy ta’sir ko‘rsatadi.
Amaldagi iqtisodiy hayotda ishsizlik ish kuchi taklifining unga bo‘lgan talabdan oshib ketishi tarzida namoyon bo‘ladi.
Ishsizlik sababi turlicha: texnika rivojlanish bilan mehnat unumdorligi ortadi, ishlab chiqarish kam mehnat talab bo‘lib qoladi.
Iqtisodiyotda jami talab va taklif muvozanati buziladi, tovarlarga bozor talabining qisqarishi ish kuchiga talabni ham qisqartirib yuboradi, natijada ish kuchining bir qismi ortiqcha bo‘lib qoladi;
iktisodiyot rivojlanishi bilan malakali ish kuchiga talab oshib, malakasizlar kerak bo‘lmay qoladi;
aholi ishlab chiqarishga nisbatan tez o‘sgan kezlarda, uning bir qismi ortiqcha bo‘lib, ishsiz qoladi.
Ishsizlik sababi har xil bo‘lganidan uning shakllari ham turlicha. Ishsizlikning asosiy shakllari:
friksion ishsizlik — turli sabablarga ko‘ra (yangi yashash joyiga o‘tish, kasbni o‘zgartirish, bola boqish, yangi ish tanlash) vaqt-vaqti bilan ishsiz qolish. Bu ixtiyoriy ishsizlik hisoblanadi.
Tarkibiy ishsizlik —ishlab chiqarish tuzilmasi o‘zgartirilgan sharoitda eski tarmoqlarda ishlab kelgan kishilarning yangi tarmoqlarga kerak kasbni hali o‘zlashtirmagan kezlarida yuz beradi.
Siklli ishsizlik — iqtisodiy tangliklar bilan bog‘liq bo‘lib, ishlab chiqarishning pasayib ketishi natijasida yuzaga keladi. Bu majburan ishsiz qolishdir.
Mavsumiy ishsizlik — mavsumiy ishda band bo‘lganlarning mavsum tugagach, ishsiz qolishi.
Yashirin ishsizlik — rasman ish bilan band bo‘lganlarning faqat qisman ishlashi. Unga qisqartirilgan ish kuni yoki ish haftasiga o‘tganlar, ish yo‘qligidan haq berilmaydigan ta’tilga chiqqanlar kiradi.
Ishsizlar ishlayotganlar bilan bir qatorda mamlakat ish kuchini tashkil qiladi. Iqtisodiyotda Ishsizlik muammosini o‘rganishdan asosiy maqsad aholining ish bilan bandligini yaxshilash orqali mamlakat (korxonalar) i. ch. ni kengaytirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga aloqador tadbirlar ishlab chiqishdan iboratdir.
Ishsizlar safiga, odatda, nafaqat turli sabablarga ko‘ra ishdan bo‘shatilganlar, balki o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishdan ketganlar va yangi ish topishga harakat qilayotgan shaxslar ham kiritilishini qayd etish lozim.
Ishsizlik tarkibi uning sabablariga kura ish kuchining 4 asosiy toifasini o‘z ichiga oladi:
-ishdan bo‘shatilishi natijasida ish joyini yo‘qotganlar;
- ishdan ixtiyoriy ravishda bo‘shaganlar;
-tanaffusdan so‘ng ish qidirayotganlar;
- birinchi bora ish qidirayotganlar.
Bu toifalarning o‘zaro nisbatlari iqtisodiy rivojlanish bosqichlariga bog‘liq.
Mamlakat miqyosida 3—5% darajasidagi ishsizlik iqtisodiyot uchun normal holat (ishsizlikning tabiiy chegarasi) hisoblanadi.
Ishsizlik darajasini pasaytirish uchun aholi bandligini ta’minlash davlat dasturlari ishlab chiqiladi, korxonalar qurilib, yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi, xodimlarni yangi kasblarga o‘qitish, qayta tayyorlash ishlari amalga oshiriladi, bandlikka yordam jamg‘armasi tashkil qilinadi.
Mehnat qonunlariga ko‘ra, ishsizlarga mehnat birjalari orqali ishsizlik nafaqasi to‘lanadi.