8.To‘lov balansi va biznes To‘lov balansi – ma’lum bir vaqt mobaynida (chorak, yarim yil, bir yil va h.k.) bir mamlakat va unda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralarining boshqa mamlakatlardagi korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralari bilan amalga oshirgan barcha iqtisodiy operatsiyalarini o‘zida aks ettiruvchi statistik hisobotdir.
Masalan, tovar va xizmatlarni eksport yoki import qilish, boshqa bir davlatga kredit berish yoki jalb etish, kredit bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro savdolar va boshqalar shular jumlasidandir.
Ushbu hisobot mamlakat tashqi iqtisodiy holatini tahlil qilish va unga oid pul-kredit, valyuta siyosati kabi makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim statistik asos vazifasini o‘taydi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining tasnifiga binoan, to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi, kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobi, moliyaviy operatsiyalar hisobi hamda sof xatolar va yo‘qotishlar kabi tarkibiy qismlardan iborat.
Tovarlar va xizmatlar eksporti va importi, bir mamlakatning xorijda ishlovchi hamda o‘sha davlatda ishlovchi chet ellik ishchilarning daromadlari va xarajatlari, bir mamlakatning tashqi aktivlari va majburiyatlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan yoki to‘lab berishi lozim bo‘lgan daromadlari, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari, grantlar va insonparvarlik yordamlari va boshqa operatsiyalar to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobida aks etadi.
Bundan tashqari, bir mamlakatdagi korxonaning boshqa bir mamlakat korxonasiga katta miqdorda bag‘araz moliyaviy resurs taqdim etishi yoki ixtiyoriy ravishda qarzidan voz kechishi kabi kapital transfertlari hamda yer, tabiiy resurslar, shartnomalar, marketing ishlanmalari kabi ishlab chiqarilmagan nomoliyaviy aktivlar savdolari to‘lov balansining kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobida jamlanadi.
Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi aktivlar va majburiyatlar bilan bog‘liq operatsiyalar to‘lov balansining moliyaviy operatsiyalar hisobida yuritiladi.
Moliyaviy hisob to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar, portfel investitsiyalar, moliyaviy derivativlar (svop, opsion va h.k.), boshqa investitsiyalar (valyuta va depozitlar, savdo kreditlari hamda avanslari va boshqalar) va rezerv aktivlaridan iborat.
Nazariy jihatdan, joriy hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblari saldosi yig‘indisi moliyaviy hisobning saldosiga teng bo‘lishi lozim. Ammo, amaliyotda hisobot shakllanishida foydalaniladigan ma’lumotlar turli manbalardan olinishi, aktiv va majburiyatlar qiymatining o‘zgarishi va boshqa o‘zgarishlar to‘lov balansi qismlarining nomutanosibligiga olib keladi. Ushbu nomutanosibliklar to‘lov balansida sof xatolar va yo‘qotishlar sifatida ko‘rsatiladi.
Markaziy bank taqdim etgan “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi” nashriga ko‘ra, 2019 yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha joriy operatsiyalar hisobining defitsiti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli ikki martaga qisqargan bo‘lib, 1,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Defitsitning qisqarishi eksportning o‘sish sur’atlari importnikiga nisbatan yuqoriroq bo‘lgani bilan izohlanadi. Joriy operatsiyalar hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblaridagi defitsitlar moliyaviy operatsiyalar hisobi evaziga moliyalashtiriladi.
Masalan, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan savdo balansi defitsiti (import hajmining eksport hajmidan ortiqligi) asosan moliyaviy operatsiyalar hisobidagi investitsiyalar va qarzlar evaziga qoplanadi.
Jahon tajribasida to‘lov balansi hisoboti asosan Markaziy bank yoki Statistika qo‘mitasi (Statistik idora) tomonidan shakllantiriladi va har chorakda foydalanuvchilarga taqdim qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yildan boshlab to‘lov balansi bo‘yicha statistik hisobotni Xalqaro valyuta fondining to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya bo‘yicha qo‘llanmasining oltinchi nashriga asosan shakllantiradi va kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimida o‘rnatilgan muddatlarda tahliliy ko‘rinishdagi nashr bilan birgalikda jamoatchilik uchun taqdim qiladi.
Monetar siyosat
“Pul kredit siyosati – Markaziy bank tomonidan pul massasi va pullar qiymatini boshqarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar bo‘lib, mamlakatda baholar, milliy valyutaning barqarorligini ta’minlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida amalga oshiriladi”
Hozirgi vaqtda, xalqaro amaliyotda, monetar siyosatning taktik maqsadlari sifatida pul massasining o‘sish sur’ati, milliy valyutaning nominal almashuv kursi, nominal foiz stavkasi va inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichidan foydalanilmoqda.
Milliy valyutaning nominal almashuv kursidan monetar siyosatning taktik maqsadi sifatida foydalanish holati ko‘proq milliy valyutasining barqarorligini ta’minlashda muammolar mavjud bo‘lgan mamlakatlarda kuzatiladi.
Shu sababli, mazkur mamlakatlarda hukumat va Markaziy bank o‘zaro kelishgan holda, milliy valyutaning devalvatsiya bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik yoki devalvatsiya sur’atini pasaytirishga qaratilgan siyosatni olib boradilar.
Mamlakatda to‘lov balansining joriy operatsiyalar bo‘limi bo‘yicha milliy valyutani xorijiy valyutalarga erkin konvertirlashni joriy etilishi milliy valyutaning nominal almashuv kursidan monetar siyosatning taktik maqsadi sifatida foydalanishni murakkablashtiradi.
Buning sababi shundaki, XVF Nizomi VIII-moddasi bo‘yicha majburiyatlar qabul qilingandan so‘ng hukumat joriy valyuta operatsiyalari bo‘yicha cheklovlarni joriy etish huquqiga ega bo‘lmaydi.
Fiskal siyosat - davlat faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, davlat daromadlari va xarajatlarini muayyan iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlar uchun tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimini o‘z ichiga oluvchi moliyaviy siyosatning ajralmas qismi. Hukumatning soliqlarni belgilash va mablag sarflash huquqlaridan foydalanishiga asoslanadi.