MONOPOLIYa (yun. mono — tanho, poleo — sotaman) — iqtisodiyotning bir sohasida tanho hukmronlik; bozorni tashkil etish shakli.
Bunday bozorlarda yagona sotuvchi o‘z tovari bilan faoliyat ko‘rsatadi, boshqa tarmoqlarda bunday tovarning o‘rinbosari bo‘lmaydi.
Monopoliya ishlab chiqarish vositalari, ish kuchi va yaratilgan mahsulotlar asosiy qismining ozchilik korxonalar, sohibkor shaxslar yoki davlat qo‘lida to‘planishi natijasida paydo bo‘ladi. Monopoliya ko‘rinishlari qadimdan mavjud.
Noyob maxsulot yetishtiriladigan yerlar, konlar, suv havzalari, o‘rmonlar va boshqa tabiiy manbalar ozchilik qo‘lida to‘planib, egalariga monopol mavqe bergan, ular ma’lum mahsulotni bozorga tanho yetkazib beruvchilarga aylanib, u yerda hukmron bo‘lganlar.
Monopoliya o‘z tabiatiga ko‘ra ishlab chiqarishda turg‘unlik paydo qiladi, chunki monopol mavqega tayanib, sarflarni kamaytirmay foyda ko‘rish, raqobatning yo‘qligi yoki zaifligidan foydalanib bozorga o‘z izmini o‘tkazish mumkin.
Monopoliya bozormunosabatlarini cheklaydi, shu sababli hatto bozor iqtisodiyoti hukmron davlatlar monopoliyaga qarshi chora tadbirlarni ko‘radilar.
Monopoliyaning asosiy shakllari — kartel, sindikat, trest, konsernlar hisoblanadi.
Oligopoliya— tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi.
Oligopoliya (oligo... va yun. poleo — sotaman) — bozorni tashkil etish shakllaridan biri.
Guruh monopoliyasi, oz sonli yirik korxona (firma)larning bozorda yoki biron bir xo‘jalik soxasida hukmronligi.
Oligopoliya uchun bozorda bir necha sotuvchining boo‘lishi xos, ammo umumiy bozor savdosi hajmida ulardan har birining hissasi juda katta bo‘lganidan, har bir sotuvchi o‘zi taklif etadigan mahsulotlar miqdorini o‘zgartirishi bilan narxlarda ham o‘zgarishlar yuz beradi.
Firmalarning uncha ko‘p bo‘lmasligi yashirincha kelishishlarga qulaylik tug‘diradi. Bu esa, o‘z navbatida, ularga narxlarni belgilash, bozorni bo‘lish yoki taqsimlash va boshqacha yo‘llar bilan o‘zaro raqobatni cheklashda qo‘l keladi.
Yashirincha kelishishning bir qator shakllari (kartel bitimi va boshqalar) bor.
Monopoliya kabi Oligopoliya. ham nomukammal raqobat ko‘rinishi hisoblanadi.[1]