Dissertatsiya ishi mavzusining dolzarbligi. Jahonda rivojlanib borayotgan axborot texnologiyalari uchun signallarga raqamli ishlov berish masalalarini yechishda parallel algoritmlardan foydalanish va optimal yechimlarini topish uchun unumdorligi yuqori, samarali parallel hisoblash algoritmlarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadqiqotlar natijasida olingan signallarga raqamli ishlov berish masalalarida Xaar ortogonal bazis funktsiyalari keng qo‘llanilmoqda. Bazis funktsiyalarning afzalligi spektral koeffitsientlarni hisoblashning amallar soni kamligi, soddaligi va tezkor algoritmlarini mavjudligidir.
Respublikamizda ham geofizik signallariga raqamli ishlov berish masalalarini yechishda parallel algoritmlar ishlab chiqish va ishlov berish jarayonlarini koʻp yadroli protsessorlar asosida amalga oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. 2022-2026 yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida raqamli texnologiyalarni jamiyatning barcha sohalarida keng joriy etish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab berildi, jumladan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi 373-sonli qarorida «... raqamlashtirish texnologiyalarini iqtisodiyot, ijtimoiy soha va boshqaruv tizimlariga joriy etish...» vazifalari belgilangan. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda, jumladan, signallarni raqamli ishlashda Haar bazis funktsiyasidan foydalanish va Haar bo‘lak-polinomial bazislarida signallarni raqamli ishlash usulini ishlab chiqish, spektral koeffitsiyentlarni hisoblashning tezkor algoritmlarini yaratish, katta hajmdagi ma’lumotlarni parallel hisoblash algoritmlarini yaratish, hisoblash samaradorligini oshirish va bo‘lak-polinomial bazislarni tadqiq qilish, mavjud bazislar kamchiliklarini aniqlash va bartaraf etishga mo‘ljallangan usul, algoritm, apparat va dasturiy vositalarni ishlab chiqish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyundagi PQ–5159-son “Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2020 yil 26 maydagi PQ-4731-son “Olmaliq KMK” AJ konlarii negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida” qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 avgustdagi 498-son “Geologiya, kon–metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorlari hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu dissertatsiya tadqiqoti muayyan darajada xizmat qiladi.