Bolalar folklori va kitobxonligi.
Xalq og’zaki ijodi uning turmush tajribalari asosida yuzaga kelgan bo‘lib, mehnat jarayoni bilan chambarchas bog’liqdir. Xalq donoligi shu mehnat jarayonining turli va o‘ziga xos shart-sharoitlariga muvofiq ravishda bolalar uchun ham ajoyib ertaklar, qo‘shiqlar, topishmoqlar, maqollar yaratgan. Ularni bolalar juda sevib o‘qiydilar va tinglaydilar.
Qo‘shiqlar: Bolalar tarbiyasida qo‘shiqning roli juda katta. Qo‘shiq lirikaning eng qadimgi shakllaridan biri bo‘lib, kuylashga mo‘ljallangan bir necha bandli she’rlardan iboratdir. Qo‘shiqlar kuy, ohang bilan aytiladi. Qo‘shiq xalq og’zaki ijodining eng ko‘p tarqalgan janrlaridan biridir. Ayniqsa, alla qo‘shig’i etakchi o‘rinda turadi.
Maqollar:Xalq yaratgan g’oyat ixcham, chuqur va tugal ma’noni ifoda eta bilishi, ixcham va puxtaligi bilan xalq og’zaki ijodining boshqa janrlaridan farq qiladi.
Topishmoqlar:Topishmoqlar odatda xalqning urf-odatlari, ruhiyati hamda axloqiy-estetik qarashlarini o‘zida mujassamlashtirgan bo‘ladi.
Tez aytish. Tez aytish ham xalq og’zaki ijodining o‘ziga xos turi hisoblanadi. Tez aytish aqliy o‘tkirlikni tarbiyalaydi. Bolalarni biyron so‘zlashga o‘rgatib, ularga estetik zavq beradi, fikrlarini o‘stiradi.
Ertaklar.Xalq og’zaki ijodidagi eng boy va rang-barang janrlaridan biri ertakdir. Ertaklar sodda, tushunarli bo‘lgani uchun har qanday kitobxonga juda tez etib boradi. Ular orqali ham insonning ijtimoiy axloq normalari shakllanadi.
Bolalar adabiyoti so‘z san’ati va tarbiya vositasidir. Kichkintoylar uchun yoziladigan har qanday badiiy asar ularning yosh xususiyatlariga, saviyalariga mos, kitobxonlar qalbida o‘y-fikrlar uyg’otadigan, yorqin obrazlarga boy, yuksak g’oyalarga, buyuk ishlarga ilhomlantiradigan bo‘lishi zarur.
Bolalar adabiyoti yoshlarni iymon-e’tiqodli kishilar sifatida va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda mustaqil mamlakatimizning qudratli qurolidir. Faqat chinakam badiiy asarlargina bolalarga kuchli ta’sir ko‘rsatib, ana shu yuksak talablarga javob bera oladi. Bolalar kitobi bu vazifani bajarishda badiiy tilga suyanadi. Yaxshi, aniq, ravon, obrazli boy til bilan yozilgan asar yozuvchining maqsad va fikrlarini kitobxonlarga tez va oson yetkazadi.
Bugungi kunda qudratli qurol bo‘lgan adabiyotdan keng foydalanmay turib, yangi jamiyat quruvchisini har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalash mumkin emas.