Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan she’r, hikoyalar va maqolalar yozgan
Avloniy Hijron, Nabil, Indamas, Shuhrat, Tangriquli, Surayyo, Shapaloq, Chol, Ab, Chegaboy, Abdulhaq taxalluslari bilan she’r, hikoyalar va maqolalar yozgan. Shuni aytish kerakki, Avloniy ancha murakkab hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. U adabiyotga g‘oyaviy kurashlar g‘oyat keskinlashgan bir davrda kirib keldi. Hech ikkilanmasdan ma’rifat va taraqqiyot uchun kurashishini maslak etib qabul qildi. Shoir she’riyati bilan tanishar ekansiz, qiziq bir holga duch kelasiz. Unda birorta ishqiy she’r yo‘q. U ijtimoiy muammolarni, el-yurt g‘amini muhimroq biladi. Xalq va Vatan baxtsizligi oldida har qanday muhabbatni rad etadi. O‘z onadiyorini bamisoli “yor kabi sevadi”. Butun mehrini shunga bag‘ishlaydi. Asrimiz boshlari Turkiston taqdirida g‘oyat mas’uliyatli bo‘lgan, uning hayot mamot masalasi hal qilinayotgan bir payt edi. Buni Avloniy davrning peshqadam ziyolisi, yirik ma’rifatparvar, jadidlar ta’limotining faol tarafdori sifatida tezda ilg‘ab oldi.
Dastlabki poetik asarlari “Adabiyot yoxud milliy she’rlar” (I, II, III, GUjuzlar), “Maktab gulistoni” (1916), “Mardikorlar ashulasi” (1917) kitoblarida va “Sabzavor” tazkirasi (1914) hamda vaqtli matbuot sahifalarida chop etilgan asarlaridir. Ularda ilm-ma’rifat targ‘ib qilingan, jaholat va nodonlik, eski tuzumning ijtimoiy-axloqiy asoslari qoralangan, ozod va baxtiyor zamon haqida fikr yuritilgan. Shu jihatdan Avloniyning bu davrdagi she’rlari Hamza, Anbar otin poeziyasiga ohangdoshdir. Avloniy barmoq vaznini adabiyotda keng qo‘llagan. Milliy kuylarga moslab she’rlar yozgan va poeziyaning imkoniyatlarini boyitgan.
Avloniyning adabiyot oldidagi muhim xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, u mardikorlik she’riyati deb atalgan yangi adabiy hodisaning yaratuvchilaridan bo‘ldi. 1916 yilgi mardikorlik voqealarini ifodalovchi “Bir mardikorning otasi o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Onasining o‘g‘liga aytgan so‘zlari”, “Afsus” kabi she’rlar yozdi. Ona yurtdan uzoq shimolning qorli-muzli yerlariga, front orqasidagi qora xizmatga olib ketilgan mardikorlarning xayrlashuv manzaralarini, haqsizlikni yoritdi. Bu she’rlarning ohang va uslubi xalq qo‘shiqlariga g‘oyat yaqin bo‘lib, ular xalqimizning milliy uyg‘onishida muhim o‘rin tutdi.
Avloniy 1917 yil fevral inqilobini xursandchilik bilan kutib oldi (“Qutuldik”, “Yotma” she’rlari). Oktyabrga bag‘ishlab “Hurriyat marshi” (1919), “Ishchilar qulog‘iga” kabi she’rlar yozdi, yangi sotsialistik tuzumni ulug‘ladi. Lekin ko‘p o‘tmay, rus sovet tuzumi eski chor tuzumining oldingidan battarroq shakli ekanligini, sovet siyosati riyokorlik asosiga qurilganligini anglay boshladi. Jumladan, tantanavor va’da qilingan erkinlikning berilmaganligi shoir ijodida g‘amgin tushkun ohanglarning paydo bo‘lishiga olib keldi (“Haftalik soatda” 1919). Shularga qaramasdan Avloniy turli mavzularda she’rlar yozdi. 1919–20 yilgi Afg‘oniston safariga doir “Afg‘on sayohati” kundaliklari esa mamlakatimizning yon qo‘shnimiz bilan o‘zaro do‘stlik, totuvlik aloqalarining o‘rnatilishi tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Avloniy o‘zbek teatrining asoschilaridan edi. U 1913 yilda “Turkiston” teatr truppasini tuzdi. “Turkiston” o‘zining qatiy nizomini ham e’lon qilgan edi. Uning tashkilotchisi ham, g‘oyaviy-badiiy rahbari ham Avloniy edi. Truppa “Zaharli hayot” (Hamza), “Baxtsiz kuyov (A. Qodiriy) kabi XX asr boshlari o‘zbek dramaturgiyasining eng yaxshi namunalarini sahnalashtirgan, teatr ozarbayjon dramaturglari asarlari (“Badbaxt kelin”, “Xo‘r-xo‘r”, “Jaholat”, “Uliklar”, “Joy ijaraga olgan kishi”, “Man o‘lmisham”, “Layli va Majnun”, “Asli va Qaram”) ni o‘zbekchaga tarjima qilib sahnaga qo‘ygan. Avloniyning o‘zi Mallu (“Layli va Majnun”), Fayziboy (“Baxtsiz kuyov”), Aliboy (“To‘y”), Boy (“Padarkush”) rollarini ijro etgan.
Avloniy “Advokatlik osonmi?” (1914), “Pinak” (1915) komediyalari, 1914–17 yillarda yozgan “Biz va Siz”, “Portugaliya inkilobi”, “Ikki sevgi” kabi fojeaviy asarlari bilan o‘zbek dramaturgiyasining maydonga kelishi va teatrchilikning xalq orasiga tomir otishiga muhim hissa qo‘shdi. Advokat Davronbek orqali Turkistondagi huquqsizlik, dunyodan xabarsizlikni fosh etdi. “Advokatlik osonmi?” degan asarida bir qator ko‘knori va qimorbozlar obrazini yaratib, ma’naviy turmushning tuban bir holga kelib qolganlini ko‘rsatdi. Monarxiyaga qarshi kurash, bayrog‘i ostida kechgan 1910 yilgi Portugaliya inqilobi, 1909 yili Turkiyada yuz bergan “Yosh turklar” inqilobi (“Ikki sevgi”) haqida yozib, adabiyotimizda mavzu va g‘oyalar ko‘lamini kengaytirdi. “Biz va Siz”da esa XX asr boshidagi Turkistonning eskilik va yangilik borasidagi kurashini aniq taqdirlar misolida yoritib berdi.
Avloniy asosiy ijodiy faoliyatining eng sermahsul yillari 1917 yildagi Oktyabr to‘ntarishiga kadar bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi.
Avloniy ijodi 60-yillarning oxiridan o‘rganila boshlandi. Hozirda uning turli janrlardagi asarlaridan namunalar alohida kitoblar holida chop etilgan.