6-Mavzu: Poyaning tuzilishi
Reja:
1.Poyaning asosiy vazifasi.
2.Poyaning ichki tuzilishi.
3.Poyaning birlamchi tuzilishi.
4.Poyaning ikkilamchi tuzilishi.
5.Kambiy hujayralarining faoliyati.
6.Daraxt poyasining tuzilishi va yillik o‘zgarishlar.
7.Stel nazariyasi.
Poya- novda o‘qi bo‘lib, bo‘g‘im va bo‘g‘im oralig‘idan iborat. Unda o‘simlikning barg va Shoxchalari hamda gullari joylashadi. Poya bir yillik va ko‘p yillik o‘tlarda, tana esa daraxt va bo‘talarda bo‘ladi. Poya orqali barg, ildiz bilan bog‘lanadi.
Poyaning asosiy vazifasi tanani tik yoki yotiq holda ushlab turish va ildiz orqali shimib olingan suv hamda unda erigan mineral moddalarni bundan tashqari, bargda assimilyasiya jarayonida hosil bo‘lgan organik moddalarni o‘tkazishdan iborat.
Poya oziq moddalar to‘planadigan joy va vegetativ ko‘payish organi bo‘lib xizmat qiladi. Poyada barglar ma’lum bir tartibda joylashib, quyosh nuridan unumli foydalanishga imkon yaratiladi. Sukkulent (lot.sukkus-shira, shirali) o‘simliklar (kam suv bug‘latadi, chunki quruq sharoitda o‘sadi)ning etli poyasi xlorofillga boy bo‘lib, assimilyasiya etuvchi organdir (masalan, kaktus, meksika agavalari).
Poyada gul va mevalar hosil bo‘ladi (masalan, shokolad daraxti, qovun daraxti).
Poyalarning shakli o‘simliklarning turiga va o‘sish sharoitiga qarab har xil bo‘ladi.Ko‘pincha ular slindrik, ba’zan uch qirrali (qiyoq o‘tlarda), to‘rt qirrali (labguldoshlarda), ko‘p qirrali (kaktuslarda), tropik o‘rmonlarda o‘suvchi braxixiton, baksalari degan daraxtlarda bochkaga o‘xshashdir.
Poyalar o‘sish yo‘nalishiga qarab ortotrop (tik) va plagiotrop (ko‘ndalang) bo‘ladi. Ortotrop poyalarga kungaboqar, g‘o‘za, makkajo‘xori misol bo‘ladi. Ularning orasida chirmashuvchi yoki tayanchga o‘ralib, Yuqoriga o‘sadigan o‘tchil o‘simliklar (pechakgul), lianalar deb ataladigan daraxtsimon rotang palmasini ko‘rsatish mumkin.
Plagiotrop poyalarning ba’zilari erda yoyilib qo‘shimcha ildizlari bilan erga o‘rnashib o‘sadi, bu xilda o‘suvchi o‘simliklarga sudralib yoki yoyilib o‘suvchi poyalar deyiladi (g‘ozpanja, temirtikan, toshyorar, maymunjon va boshqalar). Er bag‘irlab o‘suvchi poyalarga madaniy o‘simliklarning palaklarini ko‘rsatish mumkin (qovun, tarvuz, bodring, qovoq). Ayrim o‘simliklarning poyasida bo‘g‘im oralig‘i juda ham qisqa bo‘lib, barglari er bag‘irlab o‘sadi, o‘sha barglarning o‘rtasidagi poya o‘sib gul hosil qiladi. Bunday poyalarga gulpoya deb ataladi (masalan, primula, qoqio‘t, zupturum, kovrak va boshqalar).
Dostları ilə paylaş: |