Poyaning birlamchi tuzilishi. Poyaning birlamchi tuzilishi, uning apikal meristemasi, o‘sish konusining initsial hujayralari faoliyati tufayli hosil bo‘ladi.O‘sish konusida poyaning shaklanishi to‘g‘risida turli nazariyalar mavjud. 18 asr o‘rtalarida Gofmeyster poyaning yagona initsial uchki hujayradan hosil bo‘lish nazariyasini ilgari surdi. Uning nazariyasi faqat moxsimonlar va paporotniksimonlarga tegishli edi xolos. CHunki ularning apeksida haqiqatan ham bitta initsial hujayra bo‘ladi. Undan keyingi izlanishlarning ko‘rsatishicha, ko‘pchilik poyalarning apeksida bitta emas, balki bir talay initsial hujayralarning bo‘lishligi aniqlandi. Natijada poyaning birlamchi tuzilishi bo‘yicha ikki xil nazariya paydo bo‘ldi. Birinchi nazariya-gistogenlar nazariyasi bo‘lib, uni 1868 yilda Ganshteyn olg‘a surdi. Bu nazariyaga asosan, gulli o‘simliklarning o‘sish nuqtasida bitta emas, initsial hujayralarining bir guruhi bir necha qavat bo‘lib joylashadi. Ganshteyning fikriga ko‘ra, o‘sish nuqtasining eng tashqi hujayralari qavatining ostidagi meristematik hujayralardan poyaning va umuman butun o‘simlikning rivojlanishi sodir bo‘ladi. Ana shu meristematik hujayralar yig‘indisini Ganshteyn 3 ta zonaga -gistogen (yunon. xistos-kiyim, gazlama), dermatogen (yunon. dermatos-po‘st, genos-tug‘ayotgan, tug‘ilgan, chiqib kelish), periblema (yunon.periblema-qoplam, po‘stloq), pleromaga (yunon.plerom-to‘ldirish) ajratadi.
O‘sish konusining eng tashqi qavat hujayralari dermatogen deb ataladi. Dermatogen ostida bir necha qavat periblema joylashadi. Dermatogendan poyaning va ildizning po‘sti shaklanadi. Periblemadan birlamchi po‘stloq hosil bo‘ladi. Pleroma o‘sish konusining markaziy qismini egallaydi va poyaning yoki ildizning markaziy silindrini hosil qiladi.
Poyaning shaklanishi to‘g‘risidagi ikkinchi nazariya - tunika va korpus nazariyasidir. Bu nazariyaning asosiy mualifi SHimdt (1920) bo‘lib, unga asosan o‘sish konusi ikki qismdan, eng tashqi qavat tunika va ichki qavat- korpusdan iborat. Bu nazariyaga asosan o‘sish konusining eng uchida initsial hujayralar guruhi bo‘ladi. Ular antiklinal (yunon. anti-qarshi, klino-egilish) yo‘nalishda bo‘linadi va tunikani hosil qiladi. Tunikaning ostidagi faol bo‘linuvchi meristema hujayralari korpusni shaklantiradi. Bu hujayralar barcha yo‘nalishda bo‘lina oladilar. Tunikadan qoplovchi to‘qima, qisman esa po‘stloq shaklansa, korpusdan markaziy silindr va qisman po‘stloq rivojlanadi.
O‘sish konusi apeksidagi birlamchi meristema faoliyati tufayli poya shaklanadi. Birlamchi tuzilishda poya hamisha epiderma ostida birlamchi po‘stloq shaklanadi, uning eng ichki qavati endoderma deb aytiladi. Endoderma hujayralari deyarli to‘rt burchak shaklda, yupqa po‘stli bo‘lib, kraxmal donalarini to‘plashi mumkin. Birlamchi po‘stloq aynan bir xil hujayralardan tashkil topgan emas. Epiderma ostida, poya qirg‘og‘i bo‘ylab, xloroplastga ega bo‘lgan parenxima joylashgan. Epiderma ostidagi hujayralar ko‘pincha po‘sti qalinlashib kollenximaga aylanishi ham mumkin. Ba’zan birlamchi po‘stloqda ajratuvchi to‘qimalar yoki ajratuvchi alohida -alohida hujayralar -idioblastlar (yunon, idios-o‘zgacha, o‘ziga xos; blatos-murtak, novda, maysa) bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, birlamchi po‘stloqning tashqi chegarani epiderma, ichki chegarasini endoderma tashkil qiladi, ularning orasida esa birlamchi po‘stloq parenximasi joylashadi.
Markaziy silindrning eng tashqi chegarasi peresikl hisoblanadi va u endoderma ostida joylashadi. Ko‘p hollarda peresikl bir qavat hujayralardan tashkil topadi, ba’zan bir necha qavat bo‘lishi ham mumkin. Peritsikl ham birlamchi meristemalarga kiradi. Poyada peresikldan mexanik tolalar hosil bo‘ladi. Ana shu tolalar peresikl bilan birgalikda markaziy silindrning tashqi chegarasini hosil qilishda ishtirok etadi.
Markaziy silinrda nay-tola bog‘lamlari va g‘ovak parenxima hujayralaridan iborat bo‘lgan o‘zak joylashadi. O‘zakning tashqi qismi perimedulya (yunon. “peri” - atrof, lot. “medulliya” - o‘zak) zona deyiladi. O‘simlikning yoshi katta bo‘lgan sari ko‘pchilik o‘zak hujayralari nobud bo‘ladi va uning ichi havo yoki suv bilan to‘ladi. Ba’zi o‘simliklar o‘zagida esa ajratib chiqarilgan moddalar yig‘ilishi ham mumkin.
Bir pallali o‘simliklarda peresikl unchalik muhim ahamiyat kasb etmaydi va ko‘p hollarda umuman bo‘lmaydi.
Bir pallali o‘simliklarda kambiy ularda poyaning birlamchi tuzilishi hayotining oxirigacha saqlanadi. Bir pallali daraxti va ko‘p yillik o‘tchil o‘simliklarda ikkilamchi o‘zgarishlar kambiyga bog‘liq bo‘ladi.