Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi. Tadqiqot natijalari 2 ta xalqaro va 4 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokamadan o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinishi. Dissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 32 ta ilmiy ish e’lon qilingan bo‘lib, jumladan, OAK tasarrufidagi jurnallarda 5 ta, shundan 3 tasi respublika jurnallarida, 2 tasi maqola xorijiy jurnalda nashr ettirilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi.Dissertatsiya ishi kirish, 3 bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati hamda ilovalardan iborat bo‘lib, 121 sahifani tashkil etadi.
Dissertatsiyaning asosiy mazmuni. Kirish qismida mavzuning dolzarbligi va zarurati asoslangan, muammoning o‘rganilganlik darajasi bayon etilgan, tadqiqotning maqsadi, vazifalari, obyekti, predmeti va tadqiqot usullari aniqlangan, respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mosligi ko‘rsatilgan hamda tadqiqotning ilmiy yangiligi, amaliy natijalarining ishonchliligi, nazariy va amaliy ahamiyati, natijalarning amaliyotga joriy etilishi, e’lon qilinganligi, ishning tuzilishi borasidagi ma’lumotlar keltirilgan.
Dissertatsiyaning Dissertatsiyaning “O‘qituvchilarning virtual texnologiyalari sohasidagi informatsion kompetentliligini rivojlantirishning nazariy asoslari”deb nomlangan birinchi bobida o‘qituvchining virtual texnologiyalar sohasidagi informatsion kompetentliligi tushunchasining tavsifiy aspektlari, masofaviy ta’lim imkoniyatlari, didaktik shartlari qarab chiqilgan. Axborot kommunikatsion texnologiyalarini tezkorlik bilan rivojlanishi va ularning ta’lim jarayonidagi ahamiyatining o‘sishi ta’lim tizimiga yondashuvni yaxlit tarzda qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Bugungi kunda eng dolzarb vazifa yangi shart-sharoitda ta’limda didaktik nazariyani tatbiq etilishini rivojlantirish hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda ta’limda kompetentli yondashuv konsepsiyasini amalga oshirish asosiy ahamiyat kasb etmoqda. U ta’lim va axborotlashgan jamiyat hamda global ommaviy kommunikatsiya talablariga mos ravishda ta’lim maqsadlarini va ta’lim mazmunini o‘zgartirish uchun asos bo‘ladi. Mazkur yondashuv an’anaviy ta’lim maqsad va mazmuni haqidagi tasavvurlarni jiddiy ravishda o‘zgartiradi. Ko‘pgina tadqiqotchilar fikrlariga ko‘ra kompetentli yondashuvning asosiy g‘oyasi – rasmiy ta’lim tizimida o‘zlashtirilgan bilimlar va ko‘nikmalar bilan chegaralanmaslik kerak. Ta’lim tizimida samaradorlikka erishish uchun mazkur bilimlar inson tomonidan rasmiy ta’lim tizimidan tashqarida keng spektrdagi o‘zlashtirilgan bilimlar bilan bog‘lagan bo‘lishi lozim.
“Kompetensiya” va “kompetentlik” tushunchalari “bilim, ko‘nikma, malaka” tushunchalariga nisbatan keng bo‘lib, ular o‘zida shaxsga yo‘naltirilganlikni (motivatsiya, qadriyatlarga mo‘ljalni olish va shu kabilarni), stereotiplarni bartaraf etishni, muammolarni sezish, qayishqoq tafakkurga, ma’lum bir harakterga (mustaqil, mehnatsevar, maqsad sari intilish, irodaviy sifatlar va shu kabilarga) ega bo‘lishni namoyon etadi.
Hozirgi vaqtda kompetentlilik va kompetensiyalarga tegishli atamalar shakllanib bo‘lgani yo‘q, ko‘pchilik tadqiqotchilar kompetensiyalarning muhim tavsiflarini, aynan ularning aniq faoliyatdagi aniq holatlarda namoyon bo‘lishini ajratib ko‘rsatishadi. Kompetensiya uni aniq amalga oshirish shartlaridan ayri holda mavjud bo‘lishi mumkin emas. U bilim va ko‘nikmalarni bir vaqtda safarbar qilish hamda aniq faoliyat sharoitida muomala usullari bilan uzviy bog‘langandir.
Pedagogik ta’limni modernizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlaridan biri – o‘qituvchilarni pedagogika faoliyatida virtual texnologiyalardan foydalanish sohasida uzluksiz tayyorlash tizimini rivojlantirishdan iboratdir. Virtual texnologiyalar rivojlanishining jadal sur’atlari o‘qituvchining virtual texnologiyalaridan xabardorligini yaxshilash uchun yangi yondashuvlarni izlashni talab qiladi. Shunday qilib, pedagogik ta’limni modernizatsiya qilish dasturida o‘qituvchilarning turli toifalari uchun yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malaka oshirish dasturlarini yaratish zarurligiga e’tibor qaratiladi. Virtual texnologiyalar sohasida o‘qituvchilarning malakasini oshirish nafaqat kompyuter bilan ishlashga, balki umumiy o‘rta ta’lim maktablari sharoitida fanlardan dars berishda yangi ish uslublarini o‘zlashtirishga o‘qitishni ham o‘z ichiga oladi.
Malaka oshirish kurslari o‘rtasidagi o‘qituvchilarni doimiy ravishda metodik qo‘llab-quvvatlash va maslahatlar berishning amalda yo‘qligi ham virtual texnologiyalari sohasida o‘qituvchilar malakasini oshirish samaradorligini pasaytiradigan jiddiy muammo hisoblanadi.
Masofaviy ta’lim, birinchi navbatda, ta’lim muassasalarida mashg‘ulotlarga borish imkoniga ega bo‘lmagan, ammo amaliyot, motivatsiyasi bor va malaka oshirishga muhtoj bo‘lgan katta yoshlilarga qaratilgan.
Masofaviy o‘qitish maxsus ta’lim usuli bo‘lib, ta’limning muayyan metod, vosita va shakllaridan foydalanish bilan tavsiflanadi, shuning uchun masofaviy ta’limni zamonaviy ta’lim tizimida qo‘llashning muhim sharti o‘qituvchilarning axborot va virtual texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan bo‘lishligidir.
Malaka oshirishning to‘liq shakllaridan farqli o‘laroq, masofaviy ta’lim qo‘shimcha pedagogik ta’lim muassasalari mutaxassislarining ham alohida tayyorgarligini talab qiladi. O‘qituvchining virtual texnologiyalar sohasidagi bilimlarini shakllantirish va rivojlantirish muammolarini nazariy o‘rganish natijalari asosida, tadqiqotimiz doirasida virtual texnologiyalar sohasidagi bilimlarini oshirishga yordam beradigan bir necha pedagogik shartlarni nazariy asoslashni maqsad qilib qo‘ydik.
Hozirgi vaqtda pedagogika nazariyasida o‘quv jarayoni uning tarkibiy elementlari, obyektiv va subyektiv omillari ta’sir qiladigan murakkab tizim sifatida qaraladi. Har qanday didaktik tizimning samaradorlik omillarini to‘rtta shartli guruhga bo‘lish mumkin: 1. Tahsil oluvchilarning shaxsiy fazilatlari bilan belgilanadigan shartlar; 2. O‘qituvchining shaxsiy fazilatlari bilan belgilanadigan shartlar; 3. O‘qituvchi va tahsil oluvchilarning o‘zaro muloqoti hamda aloqalari bilan bog‘liq shartlar; 4. Pedagogik jarayonni tashkil etishning moddiy-texnik shartlari.
Umuman olganda, o‘qituvchilarning informatsion kompetentliligini rivojlantirish – virtual texnologiyalardan foydalanish sohasida pedagoglarni muntazam metodik qo‘llab-quvvatlash tizimini, shu jumladan, o‘qituvchilarning innovatsion faoliyati va tahsil oluvchilarning o‘quv faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tarmoqli infratuzilmasini o‘zida ifoda etadi.
O‘qituvchilarning virtual texnologiyalar sohasidagi informatsion kompetentliligini rivojlantirish, pedagoglar malakasini uzluksiz oshirish muammosini hal etish masofaviy ta’limdan foydalanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, u ishlab chiqarishdan uzilmagan holda maksimal darajada ko‘p pedagog xodimlarni virtual texnologiyalar sohasida malaka oshirishga jalb qilish, malaka oshirish kurslarini o‘tash vaqtida o‘qituvchilarni o‘rin almashtirish muammosini hal etish, o‘qituvchining kasbiy ehtiyojlar va vaqtinchalik imkoniyatlarini hisobga olgan holda ularning individual ta’lim olish yo‘lini yaratish, masofaviy ta’lim jarayonida har bir pedagogga o‘z pedagogik faoliyatida virtual texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini tushunishiga ko‘maklashishga imkon beradi.
Dissertatsiyaning “O‘qituvchilarda virtual texnologiyalar sohasidagi informatsion kompetentliligini rivojlantirishning didaktik xususiyatlari”deb nomlangan ikkinchi bobida virtual-integratsiyalashgan ta’lim muhitida o‘qituvchilar kasbiy malakasini oshirishning didaktik modeli, didaktik-texnologik shartlari va iSpring dastrining imkoniyatlari haqida alohida paragraflar ustida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan.
O‘qituvchilarning informatsion kompetentliligini rivojlantirish uchun kasbiy malakasini oshirishning metodologik tizimini o‘zaro bog‘liq bo‘lgan besh komponentli to‘plam sifatida: maqsad, mazmun, metod, tashkiliy shakl va ta’lim vositalari ko‘rib chiqilgan. Uni amalga oshirish jarayoni bosqichlar to‘plami sifatida tushunilib, ular mantiqiy to‘liqlik, maqsadli sozlash, predmetning aniq mazmuni, tashkiliy-metodik ta’minot va natijalarni baholash tartiblari bilan tavsiflangan (1-rasm).
Metodik tizimning maqsad komponenti ta’limni faol axborotlashtirish sharoitida o‘qituvchilarning malakasini oshirish talablarini aks ettiradigan maqsadlarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.
O‘qituvchilarning informatsion kompetentligini rivojlantirishdagi ijodiy yutuqlari elektron axborot resurslarini ishlab chiqishni, elektron ta’lim texnologiyasi va masofaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanishni, tarmoq ta’lim tashabbuslarini amalga oshirishni, web-portfolioni rasmiylashtirish va uni qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi.