Bo‘g‘in. Bir nafas bilan aytiladigan so‘z yoki so‘zning bo‘lagi – bo‘g‘indir. So‘zlar talaffuz qilinganda, chiqarilayotgan havo oqimi turli – tuman ohang kasb etib, bo‘g‘inlarni hosil qiladi. Bo‘g‘inni hosil qiluvchi narsa – nutq tovushidir. Nutq tovushlari unli va undoshga bo‘linganidek, undan hosil bo‘luvchi bo‘g‘inlar ikki xil bo‘ladi. Agar bo‘g‘inlarning oxiri unli bilan tugasa (bo-la, ka-ri-ma kabi) ochiq bo‘g‘in, undosh bilan tugagan bo‘lsa (mak-tab, non kabi)yopiq bo‘g‘in sanaladi.
Bo‘g‘in – ritmni hosil qiluvchi eng kichik o‘lchov birligi sanaladi. U ritm yaratish uchun guruhlanadi, ayni paytda, ritm qaysi misrada bo‘g‘in soni ko‘p yoki kam ekanligini aniqlaydi. U ritm yaratish vazifasini yaratish uchun turoqlarga (aruzda ruknlarga ) uyushadi.
Turoq. Bo‘g‘inlarning misralarda qat’iy tartibda guruhlanishi – turoqdir.
Darvoqe, agar she’rlarning ritmiga e’tibor qilsak, bo‘g‘inlarning soni jihatdan bir turkumga kirgan she’rlarning ritmida bir-biridan farq borligini sezamiz.
O – dam zo – ti / dun – yo – da – ki bor 4+5=9
U – ning bi – lan / mu – hab – bat – dir yor 4+5=9
(h.Olimjon)
Na ko‘k-ning / fo-na-ri / o‘ch-mas-dan 3+3+3=9
Na yul-duz / sayr e-tib / ko‘ch-mas-dan 3+3+3=9
(Uyg‘un)
Bir turkumga mansub ikki parchaning ritmik holatidan ikki xil ohangni yuzaga kelishi – bo‘g‘inlarning ikki xil tartibda (4+5=9; 3+3+3=9) guruhlanib kelishidir. Hamid Olimjon she’rini Uyg‘un she’ridagi turoqlanishga yoki Uyg‘un she’rini H.Olimjon she’ridagi turoqlanish tartibiga solib o‘qisangiz, she’rdagi mazmun yo‘qoladi, ohangdorlik yasama va beso‘naqay shovqinga aylanadi.
Ko‘rinadiki, turoqlanish she’rdagi his va fikrning uyg‘unligidan, mazmundan kelib chiqadi, she’r birdaniga (mazmun va shakli bilan) yaxlit tug‘iladi, vazni – o‘zligi bilan dunyoga keladi. har bir turoqdan so‘ng tabiiy ravishda kelib chiquvchi izchil pauza (bilinar darajadagi sukut) ohangdorlikni, she’rga mos ritmikani voqe qiladi.
Misradagi turoqlarning ikki katta guruhga bo‘luvchi turoq Bosh turoq deb aytiladi:
Daryo to‘lqin / suvlar toshqin // o‘tolmayman
Otim oriq / manzilimga // yetolmayman.
(G‘. G‘ulom)
Bu baytda turoqlanish tartibi 4+4+4=12 tarzidadir. Agar uning turoqlanish tartibi 8+4=12 tarzida bo‘lganida ham “o‘tolmayman”, “etolmayman” turoqlari – Bosh turoq sanaladi, chunki u misralardagi fikrning nisbiy tugal bo‘lgan xulosasini qayd etadi.
Lekin ikkinchi xil turoqlanishda she’r ritmi (ohangi) birinchisi (sokin ohang)ga nisbatan ancha tezlashadi, to‘g‘rirog‘i yangicha ohangni (ritmikani) vujudga keltiradi.
Vazn. Misralardagi bo‘g‘inlarning, turoqlanish tartibining muayyan o‘lchovga solinishi – vazndir. “Vazn nutqni o‘lchaydi, guruhlaydi va unga muayyan tartib kiritadi. V.V. Kojinov uni karkas (sinch), she’r tanasining skeleti deb atagan edi. Skeletsiz odam bo‘lmagani singari vaznsiz poyeziya yo‘q. Vazn sxema, u passivdir; vazn har yili yaratilavermaydi. Mahmudali Yunusov “tez-tez o‘zgarib turadigan hodisa ... Emas, degan edi. Xondamir: “Vaznli va qofiyali so‘z toza va porloq gavhardir” degan edi” (“O‘zbek poyeziyasida aruz sistemasi”, 224-b).
Demak, vazn o‘z holicha, alohida yashamaydi. U ham g‘oyaviy – estetik mazmunni yuzaga chiqarish uchun ishlaganda, ya’ni so‘zlarni, bo‘g‘in va turoqlarni o‘lchovga solgandagina “tiriladi”, zarur vositaga aylanadi, she’riyatning qonuniyatini yuzaga chiqaradi.
Novdalarni bezab / g‘unchalar,
Tongda aytadi / hayot otini.
Va shabboda / qurg‘ur ilk sahar,
Olib ketdi / gulning totini.
(H. Olimjon)
Bu bandning birinchi misrasidagi 4+5 turoq tartibi she’rning oxirigacha qonuniyat tarzida takrorlanadi. Shu sabab bu she’rning vazni 4+5=9 bo‘g‘inli barmoq vaznidir. Ayni chog‘da she’r bir turkumga kiruvchi bo‘g‘inlar (4+5) guruhidan iborat bo‘lgani uchun sodda vazn deb yuritiladi.
Agar vazn ikki turkumga kiruvchi bo‘g‘inlar sonini bir she’rda uyushtirish asosida yuzaga kelsa, bunday vazn – qo‘shma vazn deb aytiladi:
Baland shoxda qizil olma =8
Pishgan ekan. = 4
Uzib olib qarasam, qurt = 8
Tushgan ekan. = 4
She’rning turli misralarida musiqiylik turlicha tovlanib, o‘zgarib tursa-da, lekin birbutunligini saqlasa, yakka va betakror namuna ekanligini namoyish etsa – ana shu qonuniyat bo‘y ko‘rsatsa – erkin vazn dunyoga keladi va u ham hayajonli holat (“xos hol” va “xos ma’no”) ni bunyod etgani, saqlagani, ta’sirdorlikka erishtirgani uchun (sodda, qo‘shma vazn singari) mo‘jizador bo‘laveradi:
Dunyo omon bo‘lsin 6
Siz omon bo‘ling 6
Omadli bo‘ling siz 6
Baxtli bo‘ling siz 5
Lekin 2
Bilib qo‘ying, 4
Bilib qo‘ying, hamon 6
Sizni unutolmas Muhammadingizh 11
(Muhammad Yusuf)
“Pauza jahondagi hamma xalqlar va millatlarning she’r sistemalari uchun xos bo‘lgani umumiy odatdir. Chunki ritmsiz she’r bo‘lishi mumkin emas. Demak, pauzasiz ham she’r yo‘q. Buning sababi shundaki, nutq bo‘laklarining muayyan o‘lchovda takrorlanishigina ritmni yuzaga keltiradi, takrorlanish tartibli to‘xtamlarsiz, ya’ni pauzasiz yuz bermaydi ...
har bir tinish belgisidan so‘ng ham pauza bor. Bu – oddiy pauzadir. Ammo misra, band, turoq, rukn oxiridagi pauza o‘zgachadir. Bu pauzani ham mazmun, kechinma, sintaksis-intonasion tuzilish belgilaydi. U prozada yo‘q, chunki u o‘lchangan, bir-biriga teng va paralel bo‘lgan she’riy nutq xodisadir. Shuning uchun uni ritmik pauza deb atash lozim” (“O‘zbek poyeziyasida aruz sistemasi”, 236- b).
Nega menga / qaraydi debsan,
Va qilibsan / boqishimga g‘ash.
Bilmasmiding / qalbimga o‘zing,
Solib qo‘ygan / eding-ku otash.
(Yusuf Rajab)
Bu to‘rtlik 4+5=9 bo‘g‘inli barmoqda yozilgan bo‘lib, har bir turoqning oxirida ritmik pauza bor. Birinchi turoqdan (4) keyingi pauza – kichik, ikkinchi turoqdan (5) keyingi pauza – katta pauza (misraning oxiri bo‘lgani sababli)dir.
Shuni unutmaslik lozimki ritmik pauza – shakl bo‘lishi bilan bir qatorda u o‘zini mazmun bilan alohida voqe qiladi. Ritmik pauzani she’rdagi mazmun belgilaydi. Chunki har bir so‘z, har bir holat muayyan ohang orqali aniqlanar ekan, ana shu ohangni yuzaga keltirishda ritmik pauza ish beradi.
Turkum. Muayyan misraga kirgan va boshqa misralarda (she’r oxirigacha) ham takrorlanib, ritmni yuzaga keltirgan bo‘g‘inlar soniga asoslangan o‘lchov – turkumdir.
1 2 3 4 5 6 7 8 9
Men dunyoga kelgan kundanoq,
Vatanim deb seni uyg‘ondim.
Odam baxti birgina senda,
Bo‘luriga mukammal qondim.
(H. Olimjon)
1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11
Bir tutam sochlaring mening qo‘limda,
G‘ijimlab o‘paymi, yo tarab yechay.
Sir deb saqlaganing mening qo‘ynimda,
Sir deb saqlayinmi yo elga sochay.
(Cho‘lpon)
Hamid Olimjon she’ri “to‘qqizlik”, Cho‘lponning she’ri “o‘n birlik” turkumga kiradi. I.O. Sultonov ta’kidlaganidek, o‘zbek poyeziyasida 13 xil turkum – beshlik turkumdan o‘n yettilik turkumgacha bor. har bir turkum doirasidan bir necha vazn ro‘yobga kelishi mumkin. Masalan, “to‘qqizlik” turkumdan 4+5 ; 5+4; 3+3+3; 6+3; 3+6 kabi vaznlar yaralishi mumkin. Ikkitasiga misol:
A) Sodda vazn (4+5=9)
O‘xshashi yo‘q / bu go‘zal bo‘ston, 9
Dostonlarda / bitgan guliston. 9
O‘zbekiston / deya atalur, 9
Uni sevib / el tilga olur. 9
(h. Olimjon)
b) Qo‘shma vazn (3+6 / 3+5)
Ozmuncha / janglar qilmadim men, 9
Ozmuncha / qonlar chekmadim. 8
Ozmuncha / tog‘lar oshmadim men, 9
Ozmuncha / suvlar ichmadim 8
(Shuhrat)
.
She’rshunos Ummat To‘ychiyevning uqtirishicha, “Qofiyadosh so‘zlarda ohangdoshlik yaratish uchun eshitilishda bir-biriga mos kelgan tovushlar tirgak” deyiladi. Tirgak qofiyani tovush jihatidan tashkil etuvchi asosiy negizdir. (“O‘zbek sovet poyeziyasida barmoq sistemasi, T, “Fan”, 1996, 115-b).
Savol va vazifalar
Shoir va she’rni qanday tushunasiz?
She’r ritmi va uni yuzaga keltiruvchi vositalar: bo‘g‘in, turoq, vazn, ritmik pauza, turkum kabilarni o‘rganib, yaxshi ko‘rgan she’ringiz misolida tahlil qiling.
Qofiya nima? Raviy-chi? Qofiyaning qaysi xillarini bilasiz?
Band nima?
Barmoq tizimida nimalarni o‘rganish zarur?
Aruz va barmoq tiziminig jihatlarini yoriting.
Dostları ilə paylaş: |