Nazorat savollari: Tarif va savdo bo'yicha bosh bitimni (GATT) tashkil etish zaruriyati nimada?
GATT/JST doirasida amalga oshirilgan muzokaralarda asosiy e'tibor nimaga qaratilgan?
GATT/JST doirasida amalga oshirilgan muzokaralar bosqichlarini sanab o’ting.
GATT/JST doirasida amalga oshirilgan muzokaralarning qaysi bosqichida muhim qarorlar qabul qilingan?
7-Mavzu. TASHQI SAVDO VA UNI BOSHQARISH 7.1. Tashqi savdoning mohiyati, rivojlanish bosqichlari va uning modellari 7.2. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning iqtisodiy usullari
7.3. Tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning ma'muriy (tarifsiz) chora-tadbirlari
Tayanch iboralar: notarif usullar, kvotalash, lisenziyalash, eksportni ixtiyoriy cheklash, subsidiyalar.
7.1. Tashqi savdoning mohiyati, rivojlanish bosqichlari va uning modellari Ma’lumki, XVI-XIX asrlar davomida buyuk geografik kashfiyotlar, sanoat to‘ntarilishi va yaxlit milliy davlatlarning vujudga kelishi tashqi savdo operatsiyalari hajmi va nomenklaturasini sezilarli kengayishiga sabab bo‘ldi. Shu sababli ham xalqaro savdo nazariyalariyalarini o‘rganishga katta e’tibor qaratildi. Klassik siyosiy iqtisodning asoschilaridan biri shodland professori A. Smit o‘zining “Xalq boyligining tabiyati va sabablari to‘g‘risida tadqiqotlar” deb nomlangan mashhur kitobida mamlakatlar o‘rtasidagi savdoning nazariy modelini yaratishga katta e’tibor qaratadi, mamlakatlar geografik joylashuvining har xilligi natijasida u yoki bu tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlari bir xil bo‘lmasligi tufayli yuzaga keladigan xalqaro mehnat taqsimoti bu modelning asosini tashkil etadi.
Buyuk iqtisodchi ilgari surgan tamoyilda ratsional fikrga tayanuvchi xo‘jalik sub’ektining maqsadga muvofiq muomala prinsiplari tashqi savdo sohasiga ko‘chiriladi: tadbirkor o‘z mamlakatidagi nisbatan, xorijdan past narxda tovar sotib olar ekan, o‘z mamlakatida ma’lum ustunliklar natijasida ishlab chiqarish arzon tushadigan tovar tayyorlashni maqsad qiladi. Bunday vaziyatda davlatning xalqaro savdodagi roli eng kam darajaga pasaydi, tovarlar oqimini esa, bozordagi “ko‘rinmas qo‘l”, ya’ni raqobat belgilaydi.
Shunday qilib, mehnat taqsimoti va mamlakatlarning o‘zlari mutlaq ustunlikka ega bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi, keyinchalik, esa, ya’ni ichki ehtiyojlari qondirilgandan so‘ng, bu tovarlarni boshqa mamlakatlarda kam sarf harajatlarga ega bo‘lgan tovarlarga ayirboshlash o‘zaro savdo qiluvchi mamlakatlarga resurslarni tejash hisobiga xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi. Demak, mamlakatlarni kamroq xarajatlar bilan biror bir mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi shu mamlakat uchun qo’shimcha foyda keltiradi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning an’anaviy va eng ivojlangan ko‘rinishi tashqi savdo hisoblanadi. Xalqaro iqtisodiy munosabatlar umumiy hajmining 80 %i savdoga to‘g‘ri keladi.
Har qanday mamlakat uchun tashqi savdoning roli nihoyatda muhimdir. J. Saksning fikricha, “Dunyodagi har qanday davlatning iqtisodiy muvaffaqiyati tashqi savdoda ko’rinadi. Hozirgi davrgacha hech bir mamlakat jahon iqtisodiy tizimidan ajragan holda, sog‘lom iqtisodiyot hosil qila olgani yo‘q”4 26.
Tashqi savdo xalqaro mehnat taqsimoti asosida paydo bo‘ladigan turli davlatlar tovar ishlab chiqaruvchilari o‘rtasidagi aloqalarning bir shakli bo‘lib, u mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy bog‘liqlikni namoyon qiladi.
Mamlakatlar iqtisodiyotidagi informatsion texnologiyalar inqilobi ta’siri ostida ro‘y berayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, sanoat ishlab chiqarishining ixtisoslashuvi va birlashuvi (kooperatsiya) milliy xo‘jaliklarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirmoqda. Bu esa, xalqaro savdoning faollashuviga imkon yaratmoqda. Shu bilan birga xalqaro savdo ishlab chiqarishga nisbatan, tezroq o‘smoqda. Tashqi savdo aylanmasini taxlil qilish shuni ko‘rsatadiki, jahonda ishlab chiqarish 10 %ga ko‘payganda jahon savdosi 25-30 %ga o‘sib borayotganini kuzatish mumkin527.
“Tashqi savdo” deganda bir mamlakatning boshqa mamlakat bilan haq to‘lanadigan olib kirish, ya’ni, import va haq to‘lanadigan olib chiqish, ya’ni, eksportdan iborat savdosi nazarda tutiladi.
Tashqi savdo faoliyati tovar ixtisoslashuviga ko‘ra tayyor mahsulotlar savdosi, mashina va uskunalar savdosi, xom-ashyo savdosi va xizmatlar savdosiga bo‘linadi.
Dunyodagi barcha mamlakatlarning haq to‘lanadigan tovar aylanmasining yig‘indisi xalqaro savdo deb ataladi.
Tashqi savdo tushunchasining tor doiradagi ma’nosi ham mavjud bo’lib, masalan, sanoati rivojlangan mamlakatlarning tovar aylanmasi yig’indisi, rivojlanayotgan va qoloq mamlakatlar tovar aylanmasi yig’indisi va x.k.
Barcha davlatlar oldida tashqi savdo bo’yicha o’z milliy siyosatini tanlash muammosi yuzaga keladi va bu mavzudagi tortishuvlar ikki asr mobaynida davom etib kelmoqda.
Jahon xo‘jalik tizimida globallashuv jarayonlarining chuqurlashuvi natijasida milliy iqtisodiyotlarning bir-biriga bog‘liqligi ortib, tashqi iqtisodiy faoliyat barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omiliga aylanib bormoqda. Bunday sharoitda alohida olingan mamlakat faqat o‘z ichki imkoniyatlariga tayanib ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda biror bir jiddiy natijalarga erishishi mushkul hisoblanadi.
Garchi so‘nggi yillarda xalqaro iqtisodiy aloqalarda tovar eksportiga nisbatan investisiyalarni bevosita xorijga chiqarish yuqori sur’atlarda o‘sayotgan bo‘lsa-da, jami jahon xo‘jalik aloqalarining 4/5 qismi xalqaro savdo hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu, eng avvalo, xalqaro savdoning milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati va xalqaro iqtisodiy aloqalardagi o‘rni bilan izohlanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy iqtisodiyot rivojlanishiga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sir ko‘rsatadi:
- milliy iqtisodiyotning resurslar bazasi kengayadi va ichki bozor torligiga barham beriladi;
- milliy xo‘jaliklarda takror ishlab chiqarish jarayonlari intensivlashadi: ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun imkoniyat yuzaga keladi, uskunalarning yuklanganlik darajasi oshadi, yangi texnika va texnologiyalarni joriy etish samaradorligi o‘sadi;
- jamg‘arish va sanoatlashuv imkoniyatlari kengayadi, iqtisodiy o‘sish sur’atlari jadallashadi, tabiiy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligi oshadi, pirovard natijada mehnat unumdorligining o‘sishi yuz berib, kishilar daromadlari ko‘payadi;
- eksport hajmining o‘sishi yangi ish o‘rinlarining barpo etilishiga olib keladi;
mamlakatning xalqaro ixtisoslashuv darajasi ortadi va h.k.
Xalqaro savdoning xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimida tutgan o‘rni esa quyidagilar bilan belgilanadi:
Birinchidan, jahon xo‘jalik aloqalarining barcha shakllari – chetga kapital chiqarish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, ilmiy-texnika hamkorligi xalqaro savdo orqali amalga oshadi.
Ikkinchidan, tovarlar xalqaro savdosining rivojlanishi pirovard natijada xalqaro xizmatlar almashinuvi darajasini belgilab beradi.
Uchinchidan, xalqaro savdoning rivojlanishi mintaqaviy integratsiya jarayonlari jadallashuvining muhim sharti hisoblanadi va xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuviga olib keladi.
To‘rtinchidan, xalqaro savdoning jadal rivojlanishi xorijiy investisiyalar va xalqaro hisob-kitoblarni rag‘batlantiradi.
Xalqaro savdoning mohiyati, uning sabablari ko‘plab iqtisodchilar e’tiborini o‘ziga jalb etib kelgan. Xalqaro savdoning mohiyati, undan kutiladigan moddiy farovonlik masalalarini dastlab merkantilistlar28 izohlab berishga harakat qilganlar. Merkantilistlar mamlakat boyligining asosini oltin (pul) tashkil etadi deb hisoblaganlar va ularning tashqi savdo nazariyalari shu g‘oyaga asoslangan.
Merkantilistlar fikricha, tashqi savdo mamlakatdagi oltin miqdorini saqlab qolish va ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Shu sababli mamlakat aholisi turmush farovonligini yaxshilash uchun imkon qadar mahsulotlarni ko‘proq eksport qilishi va kamroq import qilishi zarur, eksport va import o‘rtasidagi tafovut esa milliy boylikning o‘sishi hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda davlat eksportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va importni cheklashi lozim. Ayni vaqtda “ilk” merkantilistlar va “kech” merkantilistlar qarashlarida biroz tafovut mavjudligini ta’kidlab o‘tish lozim.
Ushbu maktab vakillarining tashqi savdo nazariyasini rivojlantirishdagi xizmatlari shundaki, ular birinchilardan bo‘lib tashqi savdo muammolariga e’tibor qaratdilar, uning mamlakat iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyatini ta’kidladilar, eksport va importga sarflanadigan xarajatlarning muayyan nisbatini asoslab berdilar.
Mumtoz siyosiy iqtisod asoschilaridan biri shotland professori A. Smit o‘zining “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqotlar” deb nomlangan mashhur kitobida mamlakatlar o‘rtasidagi savdoning nazariy modelini yaratishga katta e’tibor beradi.
Mamlakatlar geografik joylashishining har xilligi natijasida u yoki bu tovarlarni ishlab chiqarish xarajatlari bir xil bo‘lmasligi tufayli yuzaga keladigan xalqaro mehnat taqsimoti bu modelning asosini tashkil etadi. Buyuk iqtisodchi ilgari surgan konsepsiyada “sog‘lom fikr”ga tayanuvchi xo‘jalik sub’ektining maqsadga muvofiq muomala tamoyillari tashqi savdo sohasiga ko‘chiriladi: tadbirkor o‘z mamlakatiga nisbatan xorijdan past narxda tovar sotib olar ekan, o‘z mamlakatida ma’lum ustunliklar natijasida ishlab chiqarish arzon tushadigan tovar tayyorlashni maqsad qiladi. Bunday vaziyatda mamlakatning xalqaro savdodagi roli eng kam darajaga kamaytiriladi. Tovarlar oqimini esa bozordagi “ko‘rinmas qo‘l”, ya’ni raqobat belgilaydi.
Shunday qilib, mehnat taqsimoti va mamlakatlarning o‘zlari mutlaq ustunlikka ega bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi, keyinchalik, ya’ni ichki ehtiyojlar qondirilganidan so‘ng bu tovarlarni boshqa mamlakatlarda kam sarf-xarajatlarga ega bo‘lgan tovarlarga ayirboshlash o‘zaro savdo qiluvchi mamlakatlarga resurslarni tejash hisobiga xarajatlarni qisqartirish imkonini beradi.
Ingliz iqtisodchisi D. Rikardo “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortishning boshlanishi”29 asarida A. Smit konsepsiyasini rivojlantirar ekan, mutlaq ustunlik yanada umumiyroq modelning xususiy holi ekanligini ko‘rsatib berdi. Bu model “nisbiy ustunlik” nazariyasi nomini oldi.
A. Smit mumtoz yo‘lining davomchisining g‘oyalariga ko‘ra, alohida olingan mamlakatda hamisha shunday bir tovar topiladiki, uni ishlab chiqarish, jahondagi o‘rtacha xarajatlar darajasida boshqa barcha tovarlarni ishlab chiqarishga nisbatan samaraliroqdir, ya’ni nisbiy ustunlik ana shu tovarni ishlab chiqarishda eng kam xarajatlarga ega bo‘linganda yuzaga chiqadi.
Tovar ayirboshlashning konkret hollarini nazariy ifodalashda aniqlikka erishish uchun D. Rikardo bir qator shartlarga rioya qilish kerak deb hisoblaydi. Bu shartlarning eng muhimlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatadi: ishchi kuchining xalqaro harakatchan emasligi, qo‘shimcha chiqimlar (transport va boshqalar) va texnik yangiliklar kiritish natijasida xarajatlarning o‘zgarishini e’tiborga olmaslik. U iqtisodiy adabiyotlarda klassik bo‘lib qolgan Angliyada mato va Portugaliyada vino ishlab chiqarishni misol qilib keltiradi.
Rikardo keltirgan misolga ko‘ra, Angliyada mato ishlab chiqarish bir yilda 100 kishi mehnatini talab qiladi. Bu matoni Portugaliyaga sotib, Angliya undan vino sotib oladi. Vinoni mamlakat ichkarisida ishlab chiqarish esa qo‘shimcha 120 kishini ishlab chiqarishga jalb etishni talab etar edi. Shunday qilib, Angliyaga vinoni sotib olish foydali hisoblanadi. Ayni vaqtda Portugaliyada shuncha miqdordagi mato va vinoni ishlab chiqarish uchun muvofiq ravishda 90 va 80 kishi talab etiladi. Portugaliyada mato ishlab chiqarish Angliyaga nisbatan arzon, ammo vino ishlab chiqarishga nisbatan qimmat. Shu sababli Portugaliya uchun vino ishlab chiqarish va uni Angliya matosiga almashtirish foydali hisoblanadi. Agar bir xil miqdordagi mato va vinoni har bir mamlakat o‘zi uchun va eksport uchun ishlab chiqaradi, deb faraz qilsak va ularni o‘zaro taqqoslasak, tashqi savdoning afzalligini oson isbotlash mumkin.
Keltirilgan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, ishlab chiqarish Portugaliyada samarali bo‘lib, mutlaq afzallik nazariyasidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Angliyada ishlab chiqarishni to‘xtatish va barcha mahsulotlarni Portugaliyadan sotib olish lozim. Ayni vaqtda mamlakatda barcha ishlab chiqarishni yopish mumkin emas. Shu sababli Angliya xorijda eng arzon
bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Mazkur misolda bunday mahsulot vino bo‘lib, Portugaliyada vino ishlab chiqarish uchun Angliyadagi xarajatlarning 67 %i sarflanadi, xolos. Vino ishlab chiqarishdan ozod bo‘lgan kishilar mato ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshlaydilar hamda uni ichki ehtiyojlarni qondirish va vino sotib olish uchun yetarli miqdorda ishlab chiqara boshlaydilar.
Mato ishlab chiqarish ham Angliyaga nisbatan arzon, ammo Portugaliya vino ishlab chiqarishga ixtisoslashishni afzal biladi. “Uning (Portugaliya) uchun o‘z kapitalidan vino ishlab chiqarishda foydalanish afzalroq, chunki Portugaliya o‘z kapitalining bir qismini vinochilikdan mato ishlab chiqarishga o‘tkazish evaziga ishlab chiqaradigan matoga nisbatan Angliyadan ko‘proq mato sotib olishga erishadi”30.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, tashqi savdo har ikkala mamlakat uchun ham foydali hisoblanadi. Agar mamlakatlar tashqi bozorga chiqmasalar Portugaliyada vino va mato ishlab chiqarishga sarflanadigan jami xarajatlar 170 birlikni, Angliyada 220 birlikni tashkil etadi. Ixtisoslashuv va tashqi bozorga chiqqandan so‘ng Portugaliyada ishlab chiqarish xarajatlari 160 birlikka, Angliyada 200 birlikka teng bo‘ladi. Ikkala mamlakatda ilgari ehtiyojlarni qondirish uchun 390 mehnat birligi talab qilingan bo‘lsa, ixtisoslashuvdan so‘ng 360 mehnat birligi kerak bo‘ladi, xolos. Shunday qilib, tashqi bozor iste’mol qilinayotgan tovarlarga sarflanayotgan xarajatlarni minimallashtiradi.
Nisbiy afzallik nazariyasi mehnatning qiymat nazariyasiga asoslanadi. Hozirgi kunda nisbiy afzallik muqobil xarajatlar orqali aniqlanadi.
D. Rikardoning konsepsiyasiga ingliz faylasufi, sotsiologi va iqtisodchisi Dj. Styuart Mill tomonidan katta hissa qo‘shildi. U XIX asrning o‘rtalarida o‘zining “Siyosiy iqtisod asoslari” asarida ayirboshlash bahosi talab va taklif qonuni bo‘yicha belgilanishini, bunda mamlakat o‘zining umumiy eksporti qiymatiga teng miqdorda umumiy importga haq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lishini isbotladi.