II-BOB. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI SAVDO SIYOSATI VA UNING IQTISODIY ISLOHOTLARDAGI O’RNI
2.1. Tashqi savdo siyosatining iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishdagi o’rni va uni tashkil qilishning huquqiy asoslari
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan keyin o’z tashqi faoliyatini olib bora boshladi. Respublikamiz o’zi uchun tashqi savdo siyosatini tanlab oldi va uni faol amalga oshirish maqsadida tashqi faoliyatni boshqarishning huquqiy asoslarini yaratdi. Bu huquqiy asoslar haqida to’xtalishdan oldin O’zbekiston tanlab olgan tashqi savdo siyosatining qisqacha mazmuni va uni iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishdagi o’rni haqida to’xtalib o’tamiz.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimiz tashqi savdo siyosatida quyidagi ustuvor yo’nalishlarni o’zi uchun belgilab oldi
Eksportga yo’naltirilgan tashqi savdo siyosatini olib borish, eksport sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalarga keng imkoniyatlar yaratib berish
Mahsulot turini diversifikatsiya qilish, eksport qilinayotgan mahsulotlar turini ko’paytirish, sifatini oshirish, shuningdek eksport tarkibida xom ashyo o’rnini kamaytirish
Shuningdek mamlakat eksport salohiyatini butun dunyoga namoyish qilish, bu bilan mamlakatga investitsiyalar oqimini kuchaytirish, mamlakatdan eksport qilish imkoniyatlarini sekinlik bilan osonlashtirish
Albatta bu islohotlarning iqtisodiyotimizni rivojlantirishdagi o’rni beqiyos, eksport salohiyatini rivojlantirish mamlakatimiz uchun quyidagi keng imkoniyatlarni taqdim etadi:
Birinchidan, eksportni rivojlantirish va eksport tovarlari turini diversifikatsiya qilish savdo balansini mustahkamlashga, bu bilan esa milliy valyuta hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi;
Ikkinchidan, ichki ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorlarida raqobatlashuvi ularni o’z mahsulotlari tannarxini tushirishga hamda sifatini oshirishga rag’batlantiradi, bu o’z navbatida ichki bozorda ham o’z aksini topib iste’molchilarning forovonligi oshadi;