1.2.Konfliktning sub’yekt, ob’yekt va ishtirokchilari
Konfliktning sub’yekti hamda ishtirokchisi kabi tushunchalar mavjud.
Sub’yekt– bu faol tomon bo‘lib, u konfliktli holatni yuzaga keltirishga qodir va o‘z qiziqishlaridan kelib chiqqan holda konfliktning borishiga ta’sir ko‘rsata oladi.
Konfliktning ishtirokchisi esa qarama-qarshi ko`rashning maqsad va vazifasini anglagan holda yoki ongsiz ravishda ziddiyatda ishtirok etishi mumkin.
Konfliktning rivojlanib borishi bilan ishtirokchi va sub’yektlarning statusi o‘zgarishi mumkin.
Konfliktning ishtirokchilari bevosita yoki bilvosita bo‘lishi mumkin.
Bilvosita ishtirokchilar:
a) konfliktni qo‘zg‘ashi va uning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
b) konfliktning intensivligini pasaytirishga yoki uni to‘liq to‘xtashiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin;
v) u yoki bu tomonni, yo bo‘lmasa ikkala tomonni ham bir vaqtning o‘zida qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Konfliktning tomoni degan tushuncha mavjud. Bunday holatda konfliktning bilvosita hamda bevosita ishtirokchilari mavjud bo‘ladi.
Konfliktning sub’yekt va ishtirokchilari har xil rang yoki mansab, status va ma’lum kuchga ega bo‘lishi mumkin.
Rang nemischa so‘zdan olingan bo‘lib, unvon, amal, razryad yoki toifa degan ma’nolarni bildiradi.
Ijtimoiy konfliktologiyada rangni oliy-past prinsipi bo‘yicha belgilanadi.
Ijtimoiy status – bu shaxs yoki ijtimoiy guruhlarning jamiyatdagi huquq va majburiyatlarining aniq to‘plami bilan bog‘langan umumiy holatidir.
Status real konfliktdagi u yoki bu sub’yekt va ishtirokchining holatiga yoki pozisiyasiga yetarlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ijtimoiy konfliktdagi kuch– bu konflikt tomonlarining raqib yoki opponent- ning qarshiligiga qaramay o‘z maqsadlarini amalga oshirish imkoniyati va qodirligidir. Konflikt endi yuzaga kelayotgan pog‘onada uning potenial sub’yektlari qarama-qarshi tomonning real kuchlari haqida hamda atrof-muhitning ko‘zda tutilayotgan konfliktga mumkin bo‘lgan reaksiyasi haqida taxminiy tasavvurga ega bo‘ladilar. Konflikt boshlanishi bilan va uning rivojlanib borishi davomida tomonlarning kuchi haqidagi axborot yanada to‘liqlashadi.