Fan o’qituvchisi: A.Umarov
Mavzu: Ubaydulla Zavqiy hayoti va ijodi.
Reja:
Shoirning hayot yo’li.
Shoir lirikasi.
Zavqiy muxammaslari
”Ahli rasta”hajviyasining realistic xususiyatlari.
Tayanch tushuncha va iboralar: ,,Madrasayi chalpak” , ,,Madrasayi oliy”, ,,Hajvi ahli rasta”, ,,qarn” , ,,aqron” , ,, Sahob”, ,,oftob”, ,,hubob”, ,,niqob”, ,,hijob”
Ubaydulla Solih o’g’li Zavqiy 1853- yilda Qo’qon shahrining Shayxon dahasida mayda hunarmand oilasida dunyoga keldi. Otasi mahsido’zlik bilan shug’ullanar, oila moddiy qiyinchilikda hayot kechirardi. Lekin qobiliyatli Ubaydullani ma’rifatli qilib tarbiyalashga intilgan usta Solih og’lini avval maktabga o’qishga beradi. So’ng bo’lajak shoir 1870—1871- yillarda Qo’qondagi ,,Madrasayi oliy” va ,,Madrasayi chalpak”larda tahsil ko’radi. Turmush sharoitining og’irligi tufayli madrasani tark etishga majbur bo’lgan Ubaydulla ota kasbi kosibchilik bilan shug’ullanib, ro’zg’or tebratadi. Lekin u sharq she’riyatining o’zbek va fors tilidagi eng nodir namunalarini tinimsiz o’qib boradi. Badiiy ijodga qiziqish yosh shoirni Muqimiy, Furqat, Nusrat, Muhayyirlar bilan uchrashtiradi. Va ular ta’sirida Ubaydulla ham Zavqiy taxallusi bilan she’riy mashqlar qiladi.
Kosiblar orasida e’tibori balandligi hamda ishchanligini payqagan Qo’qon shahri poyafzal rastasining xo’jayini Mo’minboy Zavqiyni mirzolikka taklif qiladi. Bir necha yil Mo’minboy xizmatida bo’lgan Zavqiy ish yuzasidan Samarqand, Buxoro, Marg’ilon, O’sh, Andijon, Namangan, Xo’jand, Toshkent kabi shaharlarga boradi. Savdo sirlari bilan birga, u xalq hayoti bilan tanishadi. Xo’jayini Mo’minboy va uning ukalarini tanqid qiluvchi hajviy she’rlari tufayli ishidan ajralgan shoir faqat she’r yozish bilan mashg’ul bo’ladi.
90- yillarda Zavqiyning otasi, ikki ukasi vafot etadi. Umr yo’ldoshi Tojibibining ko’zlari ko’rmay qoladi. Ketma-ket zarbalardan bir oz bo’lsa-da, chalg’ish maqsadida shoir Muqimiyga hamrohlik qilib, vodiy qishloqlarini aylanadi. 1900- yilda Zavqiy tog’asi Muhammad Siddiq bilan haj safariga otlanadi va uch yil shu muqaddas farzni ado etadi. U 1903- yil kuzlarida Qo’qonga kirib kelganda, maslakdoshi Muqimiy dunyodan o’tgan, Furqat esa chet elga ketgan edi.
Ma’rifatchilik adabiyotining vakili sifatida mazlumlarni himoya qilish va adolatni tiklashga o’zini javobgar hisoblagan shoir hajdan qaytgach ham zamon zo’rlariga haq gapni aytishdan qaytmaydi. Zavqiy 1905- yilning avji yozida savdo bilan shug’ullanib, o’zgalarning haqiga xiyonat qiladigan qirq olti nafar baloxo’rni fosh etib bitilgan ,,Hajvi ahli rasta” she’rini maxsus qog’ozga katta harflar bilan yozib, Mo’ymarak ataluvchi saylgohning eng gavjum joyidagi terakka ilib qo’yadi. She’rda haromdan hazar qilmaydigan savdogar, boy va sudxo’rlar ochiqchasiga o’rinli tanqid qilingan va mahorat bilan kulgiga olingan edi. Zavqiy tomonidan butun Farg’ona vodiysiga sharmanda qilingan bu shaxslar, albatta, jimgina qarab turishmadi. Ular shahar hokimiga ustma-ust ariza berib, shoirning ustidan ish qo’zg’atishga erishdilar. Uzoq davom etgan tergovlardan so’ng Zavqiy yuz so’m janma to’lab, qamoqdan qutulib qoladi.
Shundan keyin ham Zavqiy juda ko’p qarshiliklarga, tazyiqlarga uchradi, azob-uqubatlar ko’radi. 1921- yilning may oyida Zavqiy vafot etadi. Zavqiydan juda boy she’riy asarlar meros qoldi. Uning lirikasi qanchalik mashhur bo’lsa, hajviy asarlari ham adabiyotimiz taraqqiyotida shunday o’rin tutadi.
Dostları ilə paylaş: |