Temiz davlat pedagogika instituti



Yüklə 0,53 Mb.
səhifə9/37
tarix14.12.2023
ölçüsü0,53 Mb.
#177244
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   37
Nutq o\'stirish UMK 2-OLIY TA\'LIM UCHUN

2. Muloqot vositalari. Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlan­tirish murakkab psixologik jarayon bo‘lib, u faqat bolaning eshitgan nutqiga taqlid qilishidan iborat emas. Bu jarayon bolalarda muloqot faoliyatini rivojlantirish va birinchi navbatda, muloqotga ehtiyoj mavjudligi bilan bog’liqdir.
Nutqni rivojlan­tirish nafaqat bolani atrof-muhit bilan tanishtirish, balki uni umumiy ruhiy rivojlantirish uchun ham zarur. Oilada bola nutqini o‘stirishdan maqsad og’zaki nutqni adabiy til me’yorlariga muvofiq holda egallashi, faol nutqqa kirishishini ta’minlashdan iborat. Farzand nutqini shakllantirish va rivojlantirishda ota-ona o‘zi oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ygani ma’qul:
- farzandida so‘zlashish odobini tarbiyalash;
- lug’at boyligini shakllantirish, boyitish, mustahkamlash va faollash­tirish;
- nutqni grammatik jihatdan shakllantirish va rivojlantirish;
- ravon nutqni takomillashtirish;
- badiiy asarlar bilan tanishtirish;
- savod o‘rganishga tayyorlash.
Go‘dak nutqini shakllantirishning asosiy genetik vazifasi – kichkintoylarda katta odam bilan muloqotga kirishish qobiliyati va vositalarini vujudga keltirishdan iboratdir. Emotsional - erkin muloqot ushbu yoshda yetakchi faoliyat turi hisoblanadi. Kichkintoy 2-2,5 oyligidan boshlab xatti-harakatlari bilan kattalardan o‘zi bilan muloqotga kirishishni “talab qila» boshlaydi.
Muloqotning birinchi shakli – hissiy-erkin bo‘lib, go‘dakning atrofidagilarga nisbatan qiziqishi uning his-tuyg’ularga boy munosabati orqali tavsiflanadi. Muloqotning bunday shakli bola hayotining birinchi yarim yilligiga xosdir.
Muloqotning yanada rivojlangan ikkinchi shakli – ya’ni, hissiy-vositali (vaziyatli-amaliy) shakli bola hayotining ikkinchi yarim yilligida ro‘y beradi. Bu muloqot predmetlar orqali vositali muloqotga aylantiriladi. Ushbu yoshda bolaning qiziqishlari atrof muhitga yo‘naltiriladi. Unda yangi taassurotlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bu yoshda nutqni shakllantirish va rivojlantirishning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:

  1. bolada kattalarga nisbatan emotsional bog’liqlik va ishonch hissini tarbiyalash;

  2. uning o‘ziga nisbatan atrofidagilarning ijobiy diqqat-e’tibor talab qilishini qondirish;

  3. kichkintoyning qiziqishlarini rivojlantirishga ko‘maklashish. Masalan: «Qo‘ling qani? Qo‘lingni ko‘rsat! Kim keldi? Akang keldimi? “ .

Ushbu davrda bola kattalar ko‘magida narsa-buyumlardan foydalanish usullarini o‘rganadi (qoshiq bilan ovqatlanish, piyoladan choy ichish, qalamda rasm chizish, stulchaga o‘tirish va boshqalar). Narsa-buyumlardan foydalanish ehtiyoji nutqiy muloqotni talab etadi. Ilk yoshda bola oldida turgan asosiy vazifa narsalardan foydalanish usullarini o‘zlashtirish asosida nutqni egallashdan iborat bo‘ladi.
Hayotining ikkinchi yiliga kelib bola narsa-buyumlarning xususiyatlarini (hajmi, shakli, rangi) va masofaviy munosabatlari (yaqin, uzoq), butun narsani qismlarga ajratish va qismlardan butun narsani yig’ishni (piramida, mashina kabi o‘yinchoqlarni qismlarga ajratadi va qayta yig’adi) o‘zi uchun kashf qiladi. Biroq, ularni amalda qo‘llashning jamoatchilik tomonidan ishlab chiqilgan usullarini (qoshiq bilan ovqat yeyiladi, sochiqqa qo‘l va yuz artiladi; qalam bilan rasm chiziladi va h.k.) o‘zicha mustaqil kashf qila olmaydi. Narsalarning vazifasi va ularni amalda qo‘llash usullarini bolaga kattalar o‘rgatishi zarur.
Muloqotga bo‘lgan ehiyoj, narsa-buyumlardan foydalanish boladan faol nutqqa ega bo‘lishni talab etadi.
To‘g’ri ta’lim berilgan taqdirda yetti yoshga kelib bola og’zaki nutqni egallaydi hamda katta yoshli yaqinlari va tengdoshlari bilan erkin muloqotga kirisha oladi; dialogda tashabbus ko‘rsatib fikr bildiradi, suhbatdoshi e’tiborini o‘ziga jalb qilish, unga so‘z, harakat va so‘zsiz usullar bilan javob bera olishni biladi; fikrlarini to‘liq va noto‘liq oddiy gaplar, qisqa matnlar shaklida ifodalay oladi;

    1. tanish ertaklarni hikoya qilib berish, multfil’mlar, kitoblar mazmunini aytib berish hamda biron-bir voqeani to‘qib chiqarishga qiziqa boshlaydilar;

    2. fikr bildirishlarda nutqning turli qismlarini, tashbehlar, qiyoslashlar va sinonimlarni qo‘llaydi;

    3. nutqqa tanqidiy munosabat bildira boshlaydi, grammatik jihatdan to‘g’ri so‘zlashga intiladi, shu tufayli so‘z to‘qish barham topadi, agrammatizmlar soni kamayadi; ona tilidagi barcha tovushlarni to‘g’ri talaffuz etadi.

Bolalardagi ko‘plab nutqiy muloqot va ko‘nikmalar mashg’ulotlardan tashqarida shakllanadi. Bolalar bog’chasida bolalarning kattalar (pedagoglar, tibbiyot hamshiralari, tarbiyachi yordamchisi va boshq.) bilan muloqoti har xil faoliyat turlarida ro‘y beradi.
Mehnat jarayonida – xo‘jalik-maishiy, qo‘l va qishloq xo‘jaligi mehnatida bolalarning lug’ati boyiydi, aniqlashadi va faollashadi.
O‘yin faoliyati mobaynida pedagog ularda mustaqil nutqiy faoliyatni shakllantiradi. Bolalarda lug’at, mashg’ulotlarda olingan bilim mustahkamlanadi va faollashadi. O‘yinlarda pedagogning ishtirok etishi lug’atning boyishiga, nutqiy muloqot madaniyatini tarbiyalashga yordam beradi.
Qurilishga oid o‘yinlarni tashkil etish jarayonida tarbiyachi bolalar uchun qiyin bo‘lgan so‘zlarning (sifatni, miqdorni, hajmni va narsalarning fazoda joylashuvini belgilash va boshq.) katta guruhini aniqlashtiradi, faollashtiradi.
Matnli, harakatchan musiqiy o‘yinlar, sahnalashtirish o‘yinlari bola nutqining ifodaliligini shakllantirish, to‘g’ri sur’at, nafas olish, yaxshi diksiyani mashq qilishda yordam beradi. Ko‘pgina o‘yinlar jarayonida bolalar badiiy matnlar bilan tanishadilar, esda saqlab qoladilar va ularni mustaqil ravishda qo‘llay boshlaydilar.
Didaktik o‘yinlar yordamida bolalarda atrof-olam haqidagi bilimlar mustahkamlanadi, lug’at mustahkamlanadi, aniqlashtiriladi va faollashtiriladi. Didaktik o‘yinlar nutqiy mahorat va ko‘nikmalarni mashq qilishda (ibora tuzish, so‘zni o‘zgartirish, hikoya to‘qish va h.q.) qo‘llaniladi.
Maishiy faoliyat bolaning kattalar bilan muloqoti uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi. Maishiy faoliyat nutqni rivojlantirish vositasi bo‘lib xizmat qilishi uchun pedagog uni boshqarishi lozim. To‘g’ri tashkil etilgan maishiy faoliyat jarayonida (ovqatlanish, kiyinish, gimnastika, sayohat va h.k.), ya’ni agarda pedagog, ayniqsa, kichik guruhlar pedagogi maishiy buyumlar nomlarini, ularning qismlari, sifati, xususiyati, qo‘llanish maqsadini batafsil tushuntirsa, ular bilan tegishli harakatlarni amalga oshirsa va buni sharhlab bersa, bolalarga savol bersa, ularga maishiy lug’atdan foydalanishni o‘rgatsa bolalarning lug’ati boyiydi. Agarda pedagog o‘z nutqida tashbeh, qiyoslash, sinonimlar, xalq og’zaki ijodi (maqollar, matallar, sanoq she’rlar)dan keng va mohirona foydalansa, uning nutqi bosiq va ifodali bo‘ladi.

Yüklə 0,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   37




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin