Key words and expressions:
didactics, discussion, creative influence,
question-and-answer method, learning science and mastering a profession,
Turkestan life, father and mother, son's education, ancient and modern.
Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti she’riyati ijtimoiy mavzularga boy
ekanligi bilan ajralib turadi. Shu bilan birga bu davrda yaratilgan she’riy asarlarda
tarbiya, odob-ahloq masalasi ham ustuvor sanaladi.
Ma’lumki, ko‘hna Sharq adabiyotida ta’lim-tarbiya xarakteriga mansub lirik
asarlar ko‘proq masal janrida yozilgan. Ta’lim-tarbiya masalasi o‘tgan asr
boshlarida global muammoga aylanib borganligi bilan xarakterlanadi. Sababi, bu
davrda farzand tarbiyasidek nozik masala susayib borayotganligi, ota va o‘g‘il, ona
va qiz o‘rtasidagi sharqona munosabat unutilib i borayotganligayni haqiqat edi.
O‘zining lirik merosi bilan didaktik yo‘nalishni davom ettirgan shoir
Abdulla Avloniy ijodida masalga monand bo‘lgan bir qator didaktik g‘oya
tashuvchi poetik turkumlilik kuzatiladi. Shu o‘rinda adabiyotshunoslikka oid
lug‘atlarda “didaktika” atamasiga nisbatan berilgan izohlarga to‘xtalib o‘tish
lozim. “Adabiyotshunoslik lug‘ati”da “Didaktik adabiyot – (yun. didaktikos –
o‘rgatuvchi, ta’limiy) – muayyan ta’limiy, tarbiyaviy maqsadalarda yaratilgan
adabiy asarlarning umumiy nomi” [1, 92], deya ma’lumot berilsa,
“Adabiyotshunoslik atamalarining izohli so‘zligi”da (“...yunoncha didacticos –
ibratli) kitobxonning oson eslab qolishini nazarda tutib, ahloqiy va ilmiy qoidalarni
pedagogik fikr va nasihatlarni adabiy shaklda bayon etgan badiiy asarlar majmui”
[2, 64] kabi ta’rif beriladi.
Bizga ma’lumki, mumtoz adabiyoti vakillari ahloqiy-ta’limiy mazmunni
o‘zida tashuvchi didaktik adabiyot namoyandalari yozgan asarlari orqali yosh
avlodni to‘g‘ri tarbiyalash, komil insonni voyaga yetkazish kabi masalalarni
yoritishga harakat qilganlar.
O‘zining pandnoma yo‘nalishida bitilgan asarlari bilan tanilgan Abdulla
Avloniy ijodi ozarbayjon shoiri Aliakbar Sobir she’riyati bilan mushtaraklikka ega.
309
Shoirning bu yo‘nalishda yozilgan adabiy merosida Sobir ijodidan ta’sirlanish,
unga izdoshlik qilish an’anasi seziladi. Har ikki millat vakilining didaktik mavzuga
ega bo‘lgan asarlarida qoloqlik va tubanlikka botib borayotgan tug‘ilib o‘sgan
yurtiga achinish motivlari ko‘zga tashlanadi.Mazkur shoirlar pand-nasihat qilish
orqali kishilarni ma’rifatli bo‘lishga, ularni ilm-u urfon bilan tanishtirishga, savod
o‘rgatish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratgan.
Anglatgan mohiyatiga ko‘ra, Avloniy qalamiga mansub bo‘lgan “Adabiyot
yoxud milliy she’rlar” kitobining 3-juziga kiritilgan “Oila munozarasi” she’ri
ozarbayjon shoiri Sobirning “Bilmam ne ko‘ribdur bizning o‘g‘lon o‘qimoqdan?”
nomli lirik asari bilan g‘oyaviy mushtaraklikka ega. She’rlardagi asosiy g‘oya
oiladagi o‘g‘il farzandning kamol topishida ma’rifatli bo‘lishida bilim olishning
qanchalik ahamiyatga egaligini isbotlash sanaladi.
Avloniy she’ri ota va onaning o‘z o‘g‘li kelajagi hamda taqdiriga qayg‘urish
munozarasi asosiga qurilgan bo‘lib, dastlabki band ota nutqidan boshlanadi:
Ota
O‘g‘limizni o‘qitsamiz-chi, xotun?
Qizimiz ham o‘qusa, bo‘lg‘ay otun,
Ilmsizlar ko‘rar qaro kunlar,
Yoshlik vaqtidur kumush, oltun. [3,136]
Darhaqiqat, ilmsiz kishilarning ko‘rayotgan kunlari “qora” bo‘lib borayotgan
bir davrda yozilgan she’r mazmuni Sobir ijodida quyidagicha boshlanadi:
Bilmam ne ko‘ribdur bizning o‘g‘lon o‘qimoqdan?
Ding bo‘ldi qulog‘im!
Jurnal, gazeta, har neni hayron o‘qimoqdan
Qiynaldi ushog‘im! [4, 3]
Sobir ijodida didaktik maqsadni yuzaga chiqarish kishilarni ma’rifatga
chorlovchi detallar, ya’ni jurnal va gazeta nomini keltirish bilan amalga oshirilgan
bo‘lsa, Avloniy ijodida yoshlik pallasining zoye ketmasligi bilan bayon qilinadi.
Shu bilan birga Sobir jurnal va gazetaning jamiyat hayotiga mushkul ahvolda kirib
borayotganligini “qiynaldi ushog‘im”, deya o‘g‘lining ma’riftga o‘rgatuvchi
manbalarni o‘zlashtirishda qiynalayotganligiga ishora qiladi. Bu esa o‘lkada
yoshlar ongiga didaktik g‘oya tashuvchi manbalar, ya’ni ilm-fan, madaniyat
vositalarining osonlikcha kirib kelmaganligini anglatadi.
Kezi kelganda birinchilardan bo‘lib jadidchilik ilmi bo‘yicha ilmiy tadqiqot
ishlarini amalga oshirgan Begali Qosimovning Avloniyning ma’rifat haqidagi
qarashlari xususida bildirgan quyidagi fikrlari o‘rinlidir: “Avloniy erk va ozodlikni
har narsadan baland tutarkan, unga olib boradigan birdan-bir yo‘l deb ilm-
ma’rifatni bildi. Shu sabab Vatani, xalqi uchun zarracha manfaat yetkazishni
o‘ylagan kishini ma’rifatga da’vat etdi. Ilm-fanni egallashga ozgina bo‘lsin xalaqit
310
berishi mumkin bo‘lgan har qanday tartiblar, shu jumladan, eski o‘qitio‘sh usuli
keskin tanqid qilindi. Ilm-ma’rifat, ayniqsa, Yevropa madaniyati ilhom bilan
targ‘ib etildi”.[ 5, 52]
Olimning fikrlariga hamohang bo‘lgan Avloniyning savod o‘rgatishga
bag‘ishlangan she’rlari bugungi kunda ham yoshlarning ilm o‘zlashtirishlari, til
bilishi masalasida dasturulamal bo‘lib kelmoqda.
Avloniy ijodiga mansub ona timsolining nutqi orqali uning savodsizligi ayon
bo‘ladi.:
Ona
O‘g‘limiz o‘qubon eshon bo‘lmas,
Qiz o‘qusa uy ishlarini bilmas.
O‘qugonlar bo‘ladi mahmadona,
Sizu bizni nazar pisand qilmas.
Sobir ijodiga mansub she’rda lirik qahramon o‘z-o‘zi bilan so‘zlashadi va
o‘g‘lini o‘qitish oqibatini quyidagicha izohlashi Avloniy lirik qahramoni bo‘lgan –
ona obrazi fikrlari bilan hamohanglikka ega:
Puch aylading, iblis, bu go‘zal, sodda javonni!
Tilbilmas o‘g‘il, voy!
Rangi sarg‘aydi, qolmadi aslo yarim joni,
Bir kulmas o‘g‘il, voy!
Har ikki shoir ijodida ham o‘z davridagi ziyoli qatlam orasida ikki qutbga
ajralish, ya’ni qadimchilar va jadidlar – yangilik tarafdorlari dunyoqarashlarini
qiyoslanganligi ayon bo‘ladi. Quyida Sobir ijodida din bilan bog‘liq bo‘lgan
aqidalar o‘g‘il kamolotida qanchalik ahamiyatga egaligi Avloniy she’ridagi ona
siymosining nutqida davom ettiriladi.
Aliakbar Sobirda:
Ey, ikki ko‘zim nuri, o‘qimoqdan hazar etgin,
Solih valad bo‘l, kel!
Ot uni, hunar o‘rgan, sen meni baxtiyor etgin,
Ishda po‘lot bo‘l, kel!
Basdir, o‘qiding, oz qoldiki joning ado bo‘ldi,
Bu ishdan qo‘l tort!
Yozmoq, o‘qimoq boshinga badtar balo bo‘ldi,
Bu xasta zamonda.
Shoir zamonani xasta deb ayblaydi.Shu bilan birga yozib, o‘qishdan
charchagan yoshlarga kinoyali fikrlarini bildiradi.
Abdulla Avloniy she’ridagi otaga nisbatan aytilgan onaning raddiyasi ham o‘z
zamonasining nosozligiga nisbatan xarakterli jihatlardan. Ona o‘g‘lining eski bilim
311
olish tarafdori bo‘lib, u o‘z zamonasidagi hunar egasi bo‘lgan qizlar nomini
keltiradi. Shu bilan birga ilm olish uchun pul sarflash lozim ekanligini aytadi:
Ona
O‘qubon o‘g‘lingiz bo‘lurmi imom?
Mullodan qadrlik shu kunda avom.
Roziya, Marziya ilmsiz-ku,
Tikishu osh, ish biladi – tamom.
Bolalarni o‘qutmasak nima g‘am?
Ilm uchun qancha pul berub barham.
Hama birdek barobar insondur,
Mullodan ilmsizning qay yeri kam?
Savol-javob asosiga qurilgan ota va ona o‘rtasidagi munozarada yoshlikdan
ilm olish va hunar egallash kabi masalalar o‘rtaga tashlanadi. Onaning fikricha,
kishi hunar egallab ham o‘z oilasini bekamu ko‘st qilishi mumkin. Lekin ota
yangilik tarafdori. U o‘g‘lini kamol topishida ilm-fanning tutgan o‘rnini yuqori
darajada baholaydi.
Avloniy ijodida munozaraga sayqal berish ustuvor bo‘lib, bu an’ana “Shoir
ila to‘ti” she’rida ham o‘z ifodasini topgan. Mazkur she’rda aks ettirilgan g‘oya
Sobirning “Yashamoq istar esak” nomli lirik merosi bilan mushtaraklikka ega.
Avloniy ijodida shoir to‘tiga murojaat qilish orqali o‘z hasratlarini ochadi. Shoir
to‘tining millat holidan boxabarligini sezgani holda undan o‘zga yurt va millatlarda
bo‘layotgan yangiliklar haqida aytib berishini so‘raydi. U o‘zga yurtning turmush
tarzi, boyliklari bilan qiziqadi:
Shoir
Kel, ey to‘ti, ikovlon so‘zlashayluk holi millatdan,
Eshitdimki, emishsan boxabar ahvoli millatdan.
Ko‘rub Makka, Madina, Misr, Istanbulu Eronni,
Nalar ko‘rdung, eshitding, so‘yla, jonim, molu sarvatdan. [6,148]
Shoir bergan savollariga to‘ti achinish va afsus bilan javob qaytaradi. U
butun islom olami g‘aflatda qolganligini, Turkiston aholisi faqat o‘z shaxsiy
manfaatini o‘ylab yashayotganligini aytgani holda bir kuni saodat asri kelishi
haqida xayol qilmayotganlaridan qayg‘uradi:
To‘ti
Savol aylab so‘rarsan bandadan ahvoli millatni,
Eshit, ey shoiri shirinsuxan, mandan nadomatni.
Butun islomiyon g‘aflatda, shaxsiylik ila mag‘rur.
Xayoliga keturmaydur sira asri saodatni.
312
Iste’dodli tarjimon Tohir Qahhor tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan
mazkur she’rda o‘lkani boshqa millat madaniyati, ular yaratayotgan yangiliklar
bilan qiyoslash g‘oyasi mujassam. Shu bilan birga she’rda dunyo tamadduni qo‘lga
kiritayotgan yangiliklardan o‘z yurti mosuvo ekanligiga achinish masalasi ham
ustuvor:
Qo‘y, ular kashf etaversin neki bor, san’at ila,
Etib ijod paraxo‘d yoki vago‘n zahmat ila,
Biz esak, pulni to‘lab. Yo‘l yuramiz rohat ila,
Ne kerak bizga raqobat har ulug‘ millat ila,
Og‘alik qilsa, o‘shal elga g‘ulom biz bo‘lamiz,
Yashamoq istar esak, g‘ij-g‘ij avom biz bo‘lamiz![ 7, 6]
Sobir she’rida ifodalangan o‘zga yurtlarning turmush tarziga o‘zi tug‘ilib
voyaga yetgan diyorni solishtirish an’anasi Avloniyning she’rida davom ettiriladi.
She’rdagi shoir obrazi to‘tiga murojaat qilgani holda Yevropa aholisi mashg‘ul
bo‘layotgan ishlar bilan ham qiziqadi:
Shoir
Ko‘rubsan Yovruponi, holini bir-bir bayon ayla,
Maorifdan, funundan, ilmdan, bobi hukumatdan.
Arablar, forsilar, turklar, totaru hindiylar,
Taraqqiy qildilarmi, yo‘qmi, so‘yla kori ummatdan.
To‘ti
Arabdur, turkdur, totor, hindidur, musulmondur,
Xurus har yerda birdek qichqiribdur, olg‘il ibratni.
Hunar yo‘q, ilm yo‘q, fan yo‘q, taraqqiydan nishon yo‘qdur.
Musulmon kissasidan yel esadur ishda sarvatni.
To‘tining fikriga ko‘ra, o‘z davrida “musulmonlar cho‘ntagidan shamol
esayotgan”ligining sababi ular jahonda yuz berayotgan yangiliklarga
qiziqmayotganligi va aholining juda ko‘p qatlami savodsizligi, shuning oqibatida
boylikdan ham bebahra ekanligi bilan izohlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Abdulla Avloniy va ozarbayjon shoiri Aliakbar
Sobirning didaktik mazmunni tashuvchi she’rlarida jamiyatning rivojlanishida ilm-
ma’rifat tushunchasi yuksak darajada ekanligi ilgari surilgan. Ularning didaktik
mazmunni tashigan lirik merosi orqali o‘z davrida qoloqlik botqog‘iga botib
borayotgan jamiyatda ilm-ma’rifat o‘ziga xos mayoq ekanligi ifoda etilgan.
Avloniy she’riyatida Sobir ijodidan ta’sirlanish va unga izdoshlik qilish an’anasi
yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ikki millat shoiri ijodida oilada farzand tarbiyasi, uning
kamolga yetishida ilm-fanning ahamiyati yuksak ekanligi ulug‘lanadi.
|