Ключевые слова:
Низами, Навои, эпос, новелла, литография.
Annotation:
The article contains information about the Uzbek story “Kissai
farhod va Shirin” based on the plot by the lower ones “Khisrav and Shirin”. The
structure, content and history of the research are revealed.
Key words:
Nizami, Navoi, epos, short story, lithography.
O‘zbek xalqi qadimdan fors-tojik tilidagi asarlarni tarjimasiz asliyatdan
mutolaa qilgani yaxshi ma’lum. Xalq orasidagi azaliy qardoshlik rishtalari bilan
bog‘langan ikki tillilik imkoniyati sabab ham Alisher Navoiy dostonlari qatorida
ustoz salaflari Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy dostonlari forsiy
tilda birdek sevib o‘qilgan, xattotlar tomonidan qayta-qayta ko‘chirilgan. O‘zR FA
ShI qo‘lyozmalar fondidagi Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon
Jomiy, shuningdek, Fuzuliy asarlarining ko‘plab qo‘lyozma nusxalari ham ko‘p
sonli kitobxonlar ehtiyoji uchun ko‘chirilgani ayon.
Ma’lumki, Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni keyingi davr
o‘zbek adabiyotida ishq-muhabbat mavzusidagi asarlar qatorida ijodiy qayta
ishlandi, qissa, xalq dostoni shaklida omma orasida tarqaldi. Mazkur asar daho
shoirlar o‘zlari ta’kidlab o‘tganidek xalq orasida mashhur sevgi qissasi syujetiga
asoslangan bo‘lsa-da, keyingi davr adabiyotida ham yozma adabiyotdan keyin xalq
547
og‘zaki ijodida o‘z davrini yashab o‘tdi. Ozarbayjonlik sharqshunos olim Gazanfar
Aliyev “Sharq xalqlari adabiyotida Nizomiy syujeti va mavzulari” (1985) kitobida
qariyb 700 yillik davr mobaynida ijod etilgan “Xamsa” syujetlaridagi asarlarni
tavsiflab chiqadi [6]. Tibetdan to Kichik Osiyogacha bo‘lgan hududdagi 287 ta
muallif hayoti va ijodi haqida ma’lumot berib, “Xisrav va Shirin” nomidagi 98,
“Layli va Majnun” – 123, “Haft paykar” – 55, “Iskandarnoma” – 34, “Maxzan ul-
asror” mavzusi va syujetidagi 99 ta asarni tavsiflaydi. Mazkur asardan Sharq
xalqlari adabiyotida Nizomiy dostonlari syujetlari naqadar ko‘p va keng miqyosda
ijod etilganini bilish mumkin. Turkiy tilli kitobxonlar davrasida albatta Alisher
Navoiyning turkiy tilda bitilgan “Xamsa” dostonlari mashhur bo‘lgani yaxshi
ma’lum. Dostonlarni xalqona talqin qilishda ham Navoiy dostonlari syujeti asos
qilib olingan. Qiziqarlisi, o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy dostonlari asosidagi
qissalar ko‘p bo‘lishi bilan bir qatorda har uch xamsanavis dostoni, nisbatan
ko‘proq Nizomiy dostoni asosidagi qorishiq syujetli o‘zbek tilidagi qissa ham
mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy
nomidagi Sharqshunoslik instituti Hamid Sulaymon fondida 683 inventar raqamda
“Qissai Farhod va Shirin” nomli toshbosma kitob saqlanadi. Kitob hajmi 15x25
sm., 118 sahifa. Qissaning asosiy mazmuni 114-varaqda tugaydi va oxirida
“Qur’oni karim”dan bir sura keltirilgan. Kitob haqida ma’lumot beruvchi titul
varaq yirtilgani bois xattot, noshir, kitob nashri uchun rag‘bat ko‘rsatgan
homiylarni aniklash mushkul. Saqlanib qolgan kismidan ma’lum bo‘lishicha,
kitobning nomi “Qissai Farhod va Shirin” [2]. Toshkentda G‘ulomiya matbaasida
chop etilgan. Qissa oxirida 1325 sanasi qayd etilgan. Demak, kitob 1907-yilda
ko‘chirilib, toshbosmada nashr etilgan.
Asar haqida ilk ma’lumotni bergan Abdurauf Fitrat uning Mahzun qalamiga
mansub ekanligini aytadi: “Asarning kim, qachon va qayda yozilg‘ani ma’lum
emas. Biroq she’rlardagi Mahzun taxallusi bu asarning shu taxallusda bo‘lg‘an bir
shoir tomonidan yozilg‘anini ko‘rsatadir. Biroq, bu Mahzunning kim ekanini tayin
qilish qiyin. ... Har she’rning har misra’si buzilib yozilg‘an! Shuning uchun
shoirning uslubi bilan yaxshi tanishib, uning, masalan, Umarxon zamonidagi
Mahzun bo‘lib qolmaganini aniqlash ham mumkin bo‘lmaydir” [4, 129]. Yana
olim Mahzun qissani yozishda Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy dostonlari
syujetidan ham foydalanganini ta’kidlaydi. Aynan Fitrat ta’rifiga ko‘ra qissa
Mahzun qalamiga mansub deb aytiladi, chunki kitob toshbosmada nashr etilgan
yillari olimning e’tiborini tortgan. Qolaversa, bu kitob bilan bir paytda chop
etilgan Umar Boqiy, Mir Maxdum nasriy bayonlaridan ham yaxshi xabardor
bo‘lgan. Biroq Mahzun hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar yetarlicha mavjud
emas. Po‘lotjon domullo Qayyumiyning “Tazkirayi Qayyumiy” asarida o‘sha
548
davrda Mahzun taxallusi bilan ijod qilgan to‘rtta shoir borligi aytiladi. Ma’lumotga
ko‘ra Fazliy bilan zamondosh shoir Mahzun I Fitrat ishora qilgan Mahzunga to‘g‘ri
keladi. Har holda biz Fitrat bildirgan fikrga tayangan holda Mahzun qissasi deb,
baholaymiz.
“Farhod va Shirin” mavzusini ilk bora qiyosiy jihatdan Fitrat o‘rgangan
bo‘lsa, yozma va xalq og‘zaki ijodida tarqalish shakllarini adabiyotshunos
S.Erkinov o‘z tadqiqotlarida ancha batafsil yoritgan [5]. Aynan Nizomiy dostoniga
yaqin syujetlar o‘zbek xalqi orasida mavjud bo‘lganini misollar asosida isbotlagan.
Qissa nazm va nasr usulida yozilgan, asarning salmoqli qismini qahramonlar
tilidan berilgan g‘azallar tashkil etadi. Mahzun nasriy bayon jarayonida boshqa
qissalar singari voqealarni ma’lum boblarga bo‘lmaydi, yaxlit, izchillikda bayon
qiladi. Asosiy voqealar Chin xoqonining farzandga zorligi va Farhodning
tug‘ilishidan boshlanadi. Farhod o‘sib ulg‘ayadi, otasining qarshiligiga qaramay
toshkesar ustaga shogird tushadi. Otasi yig‘lab, uni bu ishdan olib qaytadi: “Ey
voy, sizga ne holdurki, mundog‘ mehnat va mashaqqat birla giriftor bo‘lursiz, na
azobdur. Ey, nuri chamanim, yuring man sizni xazinaga olib kiray, tomosha kiling”
[2, 3]. Aynan Farhodning tosh yo‘nishini otasi istamasligini Fitrat “Farhodning
toshchiliqni o‘rgangani uchun otasining juda yomon qayg‘urgani Xusravi
Dehlaviydan oling‘an”, deydi [4, 130].
Asar nihoyatda xalqona - so‘zlashuv uslubida yozilgan. Farhod xazinaga
kiradi. Qirqinchi qutidan Oinai Iskandarni oladi, unda behisob xazina va bir tog‘ni
ko‘radi. Otasi va lashkarlari hamrohligida o‘sha toqqa borib, hakim bilan
uchrashadi, hakim unga olovda kuymaydigan yog‘ beradi va Farhod ajdarni
yengadi. Yana bir hakim uni ming yildan beri kutib o‘tirganligini aytadi va jon
beradi. Farhod behisob boyliklarni atrofdagilarga taqsimlab berib, saroyga kaytadi,
darhol oynaga qarab, unda taxtda o‘tirgan Shirinni ko‘radi va hushini yo‘qotadi.
Muallif tomonidan Shirin tasviri ham juda sodda va ta’sirchan ifodalangan: “Ul
taxt ustida bir juvon nozanin o‘lturubdur. Ul nozaninni husn va latofatda shu’lasi
shul bustonga urub turubdur. Ul qizni agar ta’rifini qilsa, hech vajh birla anga bir
odam barobar kelmas [2, 96].
Qissada har bir qahramon tilidan g‘azal berilgan, so‘ng voqealar davom
ettiriladi. Olingan she’rlar ba’zida Mahzun qalamiga mansub bo‘lsa, ayrim
o‘rinlarda boshqa shoirlarning she’rlaridan ham foydalanadi. Aynan ushbu holat
Fitrat e’tiroziga sabab bo‘lgan. Oynadagi manzaralarni ko‘rib, otasi qarshi bo‘lsa
ham barchasi noiloj yo‘lga chiqadi: “Bir kecha shamol bo‘ldi, olam qorong‘u va
zulumot bo‘ldi. Kemalar bir-biriga urdi, buzuldi. Yuz ming lashkarlar har tarafga
ketti. Podshohi Chin bir tarafga ketti, hammalari vayron bo‘ldi” [2, 116]. Qissaning
shu joyigacha Navoiydan ayrim epizodlar olingan bo‘lsa, keyingi voqealar
umuman o‘zga tarzda davom etgan. Qissa mazmun, mohiyatini o‘zlashtirish
549
natijasida ma’lum bo‘ladiki, Mahzun keng kitobxonlarga Navoiy dostoni
mohiyatini yetkazib berishni maqsad qilib olmagan, qo‘shimcha epizodlar
qo‘shgani holda qorishiq turkum syujetli mustaqil xalq variantini yaratadi.
Shopur va Farhod Shirin yurtiga borib mardikorlik qiladi. Mahzun qissasida
Mihimbonu, Shirin va Farhod, Shofurlarning uchrashish sahnasi mardikor
bozoridan – Farhod va Shofurning saroyga ariq qazish uchun olib kelinganidan
boshlanadi. Saroyda Shirinning husnini ko‘rgan Farhod hushidan ketadi.
Mihimbonuning bu holatdan jahli chiqib, xizmatkorlarni koyiydi, so‘ng Farhod
tog‘ qaziydi, Shofur ot boqadi. Shirin suv uchun emas, shakar, novvot solingan sut
ariq qazdirishni e’lon qiladi. Bu o‘rinda adiblar Shirin ismining ma’nosini ham
e’tiborda tutgan ko‘rinadi. Sut arig‘i Nizomiy va Dehlaviyda ham mavjud,
Navoiyda bu lavha suv arig‘i sifatida real hayotga yaqinlashtirilgan. Farhod va
Shopur saroyga keladilar. Farhod ariq qaziydi, Shopur ot boqadi. Keyingi
o‘rinlarda Xisrav Parvez birinchi planga chiqadi. Mehribon, sodiq do‘st timsoli
bo‘lgan Shopur mazkur qissada aksincha vazifani bajaradi. Shopur qochib, Xisrav
yurtiga boradi va Shirin vasfini bayon qiladi: “Sizni o‘z munosib va loyiqingiz
shuldurki, Eram shahrini podshohi bordur - Mihimbonu otlig‘ va ani bir singlisi
bordur – Shirin nomlik. Andoq dilbar nozaninki, jahonki andoq nozanin aslo
kelmas, sizga o‘shal loyiqdur, dedi” [2, 27]. Muallif tilidan “Shopur ul vaqtlar
haromzoda ishlarni ko‘p qilar edi”, deyiladi. Xisrav Shopurni Shirinning oldiga
yuboradi. Shopur Xisravning suratini Shiringa ko‘rsatadi, Shirin suratdagi yigitga
oshiqi beqaror bo‘lib, uni izlab yo‘lga tushadi. Havo issiqligidan Shirin yo‘lda bir
buloqda cho‘miladi. Shopurning orqasidan yo‘lga chiqqan Xisrav Parvez buloqda
cho‘milayotgan Shirinni ko‘radi. Shirin ko‘radiki, suratdagi yigit, so‘zlashga
tortinadi. Har ikkisi bir-biriga o‘zlarini tanitmay ikki tarafga ravona bo‘ladi. Shirin
Xisravga yetisholmay so‘ng mehnatkash va olijanob Farhodga ko‘ngil qo‘yadi.
Mahzun qissadagi lavhalarni shakllantirish jarayonida an’anaviy bayon usullaridan
ham foydalanib, asar tilini sodda, o‘qimishli qilishga erishadi. Farhodning oldiga
jodugar kampir kelishi ham juda oddiy tasvirlangan: “Bir kampir peshonasi
burushgan, Xudo birlan urushgan bor erdi. Aydiki: Farhodni ishini man kilurman,
dedi. Aning birla ishlaring bo‘lmasun, deb va’da qildi. Ul zamon qaro liboslar
kiydi, boshiga qarolarini chulg‘adi, qo‘liga bir asoni oldi” [2, 93]. Matndagi
“peshonasi burushgan”, “urushgan” so‘zlari xalq og‘zaki ijodida ishlatiladi.
Mahzun qissa jarayonida xalq og‘zaki ijodidan ham keng foydalanish bilan
birgalikda o‘z davridagi nasriy bayonlardan ham unumli foydalangan.
Alisher Navoiy nomidagi Davlat Adabiyot muzeyida 23 inventar raqamli
XIX asrda Qo‘qonda Mulla Ro‘zi kotib tomonidan ko‘chirilgan nusxada ayrim
o‘ziga xosliklar mavjud. Qo‘lyozma nusxaga ishlangan miniatyuralarni tahlil
qilgan olim H.Sulaymon [3, 16] an’anadan chekinganlik holatlarini ko‘rsatadi.
550
Undagi Shirinning qasrdagi holati, Shirin Xisrav suratini ko‘rishi, Xisravning
buloqdagi Shirinni ko‘rishi kabi manzaralar Navoiy asariga xos emasligini
ta’kidlaydi. Musavvir Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni qatorida salaflari
dostonlaridagi mashhur lavhalarga ham surat ishlab ketishni afzal ko‘radi. E’tibor
berilsa, bu uch epizod Mahzun asarida ham uchraydi. Maxzun hayoti va ijodiga
doir ma’lumotlardan uning Umarxon saroyida xizmat qilgan shoir ekanligi
haqidagi ma’lumotlar oydinlashsa, Umarxon saroyida Alisher Navoiy asarlari
qatorida Nizomiy dostonlarini o‘rganish, ko‘chirish ham keng miqyosda olib
borilganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, Mahzunning “Qissai Farhod va Shirin” nomli asarini
qiyosiy tekshirish o‘zbek adabiyotida Nizomiy, Dehlaviy dostonlarining ta’siri
keng bo‘lganini namoyon etadi. Umuman olganda, adib garchi qorishiq syujetga
ega xalqona qissa ijod etishi bilan birgalikda fors-tojik tilidagi asarlar syujeti bilan
ham o‘zbek kitobxonini tanishtirib o‘tgan.
Dostları ilə paylaş: |