Hayot kechirishi. Filloksera bir joydan ikkinchi joyga asosan ko‘chat bilan (ildizlarda qishlayotgan lichinkalari), shuningdek Amerika navlarining qalamchalari va shu navlar bilan chatishtirilgan duragay qalamchalar bilan (barg gallaridan chiqqan lichinka va qishlayotgan tuxum shaklida) o‘tishi mumkin. Tokning Amerika navlari yoki ular bilan chatishtirilgan duragay navlar bir-biridan uncha katta masofada bo‘lmasa (orasi 20-25 km gacha bo‘lsa), shu tokzorlarda barg gallaridan chiqqan filloksera lichinkalari va qanotli bitlar shamolda bir joydan ikkinchi joyga o‘tishi mumkin.
Tokzorni sug‘organda va fillokserali toklarni parvarish qilganda filloksera suv va qishloq xo‘jaligi asboblari bilan yaqin joylarga tarqalishi mumkin.
Uzumning Osiyo va Yevropa navlarida fillokseraning bargga zarar yetkazadigan formasi hosil bo‘lmaydi, ikkala formani o‘z ichiga oladigan to‘la siklli zararkunanda faqat Amerika navlarida va ular bilan chatishtirilgan duragay navlarda rivojlanadi.
Fillokseraning ildizga zarar yetkazadigan formasi partenogenez yo‘li bilan ko‘payadi. Bu hasharotning lichinkasi ilgari o‘zi oziqlangan yosh ildizchalardan kuzda yog‘ochlanib qolgan yo‘g‘on ildizlarga o‘tib oladi, shu ildizlarda birinchi, ba’zan esa ikkinchi yoshdagi lichinka holida qishlaydi. Lichinkalarning bir qismi yosh ildizchalarda qishlayveradi.
Lichinkalar yashayotgan joydagi tuproq 13°S gacha qizishi bilan ular qishki uyqudan uyg‘onadi. Chuqurroq qatlamlarda qishlagan lichinkalar yuzaroq qatlamdagi lichinkalardan kechroq uyg‘onadi. Lichinkalar yosh ildizlarni so‘rishi natijasida och sariq tusli kichkina gallar hosil bo‘ladi, ular keyinchalik qo‘ng‘ir tusga kiradi. Gallar tugunchalar shaklida bo‘lib, uchi o‘tkirlangan, odatda tumshuqqa o‘xshab qayrilgandir. Gallarning kavagi bo‘lmaydi va lichinkalar ularning sirtida turadi, bunday gallar nodozitetlar deb ataladi. 2-3 yillik ildizlarni filloksera so‘rishi natijasida do‘mboqchaga o‘xshash g‘udda shaklidagi gallar hosil bo‘ladi, ular tuberozitetlar deb ataladi. Nodozitetlar o‘simlik bitlarining so‘rishi natijasida keyinchalik chirimasdan, qurib qoladi. Tuberozitetlar esa, aksari, chiriydi va bu jarayon ildiz sistemasining tobora ichkarisiga tarqaladi. Nodozitetlarni ba’zan yangilishib, ildiz gall nematodasi (Netyerodyega magioni Sognu) ning ildizlarda hosil qiladigan gallari bilan aralashtirib yuboradilar, ammo bu gallar yirikroq ekanligi, «tumshuqqa» o‘xshab qayrilmaganligi va ichidagi kavakda zararkunanda borligi bilan nodozitetlardan farq qiladi.
Fillokseraning rivojlanish tezligi haroratga, tuproq namligiga va uzum naviga juda ham bog‘liq. Kavkaz sharoitida qishlayotgan lichinkalar ko‘klamda uyg‘ongandan keyin orada taxminan ikki hafta o‘tgach voyaga yetadi. Lichinka po‘st tashlab imagoga aylangan joyga urg‘ochi hasharot 40-100 ta (kuniga 17-20 tadan) tuxum qo‘yadi. Harorat 24°S dan past bo‘lsa, tuxum qo‘ymaydi. Tuxumdan 4-12 kunda lichinka chiqadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar bir necha soat o‘rmalab yuradi, keyin yana ildizlarga yopishib oladi. Yozfaslida filloksera turli sharoitda 17-30 kunda bir nasl beradi.
Kuzda, 6-7°S haroratda, lichinkalar harakatdan to‘xtaydi va oziqlanmaydi. Bu holat ko‘klamgacha davom etadi. Voyaga yetgan hasharotlar va katta yoshli lichinkalar esa nobud bo‘lib ketadi. Fillokseraning ildizga zarar yetkazadigan formasi o‘zi tarqalgan organning turli joylarida bir mavsumda 4-8 nasl beradi. Filloksera Markaziy Osiyoga eng yaqin bo‘lgan ko‘payish manbai - Ozarbayjonda yiliga 6-7 nasl beradi.
Strukturasiz lyoss tuproqlar va qumli tuproqlar fillokseraning yashashi uchun noqulaydir. Markaziy Osiyoning strukturasiz (kukunlanadigan) bo‘z tuproqlarida filloksera mutlaqo yashay olmaydi, degan taxmin bayon qilingan (A.K.Mordvilko). Fransuz mualliflarining (Mayet va boshqalarning) taxminiga qaraganda, tarkibida 60 % dan ko‘proq kvars qumi bo‘lgan tuproqlarda ham filloksera ko‘paya olmaydi, biroq Dnepr etaklaridagi sochma qumlarda filloksera baribir topilgan (Yegorov).
Strukturasiz tuproqlar filloksera uchun noqulay bo‘lsa ham, tok ekiladigan hamma joyda bu hasharot ko‘payib, zarar yetkaza oladi, degan taxmin ham bayon qilingan (Kazas).
Tok ildizlaridagi namlik 60 % dan kam bo‘lmaganda, qand miqdori esa 10-18 % dan oshmaganda ildizlarda fillokseraning ko‘payishi uchun qulay sharoit vujudga keladi (Larchenko). Shuningdek yuqori harorat ham fillokseraning rivojlanishiga yordam beradi.
Amerika navlarida va ular bilan chatishtirilgan duragay navlarda yoz o‘rtalariga kelib lichinkalardan bir qismi po‘st tashlaganda (to‘rtinchi yoshda) qanot boshlang‘ichlariga ega bo‘ladi, keyinchalik ulardan qanotli hasharotlar paydo bo‘ladi, bular esa tuproqdan yuzaga o‘rmalab chiqadi, qanotlari zaif bo‘lib, kam uchadi, ammo shamolda ba’zan talaygina joyga borib qoladi. Qanotli hasharotlar tok barglariga bittadan uchtagacha tuxum qo‘yadi. Bir necha kundan keyin bu tuxumlardan lichinkalar chiqadi. Ulardan erkak va urg‘ochi hasharotlar yetishadi.
Juftlashgandan keyin urg‘ochi hasharotlar ikki-uch yoshli ro‘daga bittadan tuxum qo‘yadi. Ana shu tuxumlar qishlaydi va ko‘klamda ulardan bargga zarar yetkazadigan formaning lichinkalari chiqadi, ular o‘rmalab, barglarning ustki tomoniga o‘tib oladi. Lichinka bargni so‘rishi natijasida unda qopsimon gall hosil bo‘ladi, bu gall lichinkani butunlay o‘rab oladi va bargning pastki tomoniga turtib chiqib turadi. Uning yuzasi tukli bo‘lib, rangi sarg‘ish-pushti yoki qizg‘ishdir. Lichinka 4 marta po‘st tashlagandan keyin gall ichida voyaga yetgan urg‘ochi hasharot paydo bo‘ladi. Bu urg‘ochi hasharot shu yerga 150 tadan 500 tagacha (kuniga 40-85 tadan) tuxum qo‘yadi. Tuxumdan lichinkalar chiqqach gallni tashlab, boshqa barglarga (asosan yosh barglarga) o‘rmalab o‘tadi va har biri yangi gallni hosil qiladi.
Fillokseraning Markaziy Osiyoga eng yaqin bo‘lgan manbalarida bargga zarar yetkazadigan formasi yozda o‘rta hisob bilan uch haftada bir nasl beradi. Bargga zarar yetkazadigan forma bir mavsumda 7-9 nasl beradi. Ikkinchi nasldan boshlab, navbatdagi har bir naslda bargga zarar yetkazadigan formaning tuxumlaridan ildizga zarar yetkazadigan formaning lichinkalari ham paydo bo‘la boshlaydi. Ular barglarga yopishmay, tuproqdagi yoriqlardan va ildiz bo‘yni atrofidagi kamgaklardan yosh ildizlarga kirib, nodozitetlar hosil qiladi va fillokseraning ildizga zarar yetkazadigan formasini vujudga keltiradi.
Bargga zarar yetkazadigan hasharot kech kuzda-qora sovuqlar boshlanishi bilan nobud bo‘ladi. Kelgusi yili u ikki jinsli naslning qishlayotgan tuxumlaridan yana paydo bo‘ladi. Amerika navlari fillokseradan Yevropa navlariga qaraganda kamroq zararlanadi.