Kurash choralari. Arilarga qarshi asosiy kurash chorasi- ari inlarini lichinkalari, g‘umbaklari va eng muhimi urg‘ochilari bilan birga yo‘qotishdir.
Qovog‘ari va mayda ari inlari serouglerod, xlorpikrin yoki formalin bilan dorilanadi, bu dorilar qo‘yilgandan keyin inning og‘ziga loy chapib qo‘yiladi. Turkman arisining ochiq inlariga esa qaynoq suv quyiladi yoki o‘t yoqiladi. Inlarni dorilash, qaynoq suv bilan kuydirish va yoqib yuborish ishlari ertalab soat 5-6 larda, ya’ni hamma arilar inda turgan vaqtida bajariladi. Qovog‘ariga qarshi kurashishda go‘shtdan zaharli yemlar tayyorlanib, asalari xonalarga, tokzorlarga, meva quritiladigan joylar yaqiniga yoki ari inlari yaqiniga qo‘yiladi. Bir parcha go‘sht margimush tuzlari bilan changlanadi, go‘shtdan tayyorlangan zaharli yemning ustki qavatini arilar yeb ketgan sayin u yangidan changlab turiladi.
Tok barg o‘rovchisi Slusia atbigiyella Nb. Zarari. Markaziy Osiyoda, tok yog‘ochga olinmasa, unga zarar yetkazadigan barg o‘rovchining qurtlari kurtak sho‘ra (gul), meva (g‘o‘ra)lar bilan oziqlanadi, shuningdek sho‘ra bandini qirqib ketadi, ba’zan yosh novdalarning ichiga o‘yib kiradi. Natijada uzum donalari qurishib qoladi.
Qurt o‘zi zarar yetkazgan sho‘ralarni o‘rgimchak ipi bilan o‘raydi, ularga ko‘pincha tuproq donalarini ham yopishtiradi. Mirzacho‘lda kattagina maydondagi qora kishmish hosilining 40-50 % ini barg o‘rovchi nobud qilgan (Kojanchikov). Markaziy Osiyoda tok barg o‘rovchisi deyarli nuqul qora kishmishni zararlaydi.
Tarqalishi.Tok barg o‘rovchisi O‘zbekistonning shimoliy tumanlarida (Samarqandgacha, shu jumladan, Samarqand shahrining o‘zida ham), Janubiy Qozog‘iston, Qrim, Kavkaz, Uzoq Sharq, Gʻarbiy Yevropa, Hindiston va Kichik Osiyoda uchraydi.
Ta’rifi. Kapalagi qanotlarini yozib turganda 12-15 mm keladi. Oldingi qanotlari och sariq yoki och kul rang, yaltiroq bo‘lib, qanotining o‘rtasida keng ko‘ndalang qoramtir bog‘i va kumush rang jilosi bor. Orqa qanotlari kulsimon-qo‘ng‘ir rangda, erkagining shunday qanotlari esa och kul rangda bo‘ladi. Tuxumi oq, yassilangan bo‘lib, kattaligi 0,65-0,9 mm keladi.
Katta yoshdagi qurtining uzunligi 14 mm gacha boradi, rangi qizil yoki yashilroq pushti, boshi qora bo‘ladi. Gavdasida mayda qoramtir so‘galchalar bor. Yaqinda tuxumdan chiqqan qurt och kul rangda bo‘lib, o‘rtasida qizg‘ish hoshiyasi bor, bu hoshiya gavda bo‘ylab o‘tadi, qurtning boshi qora bo‘ladi.
Gʻumbagi jigar rangda, uzunligi 5-5,6 mm bo‘lib, gungurt oq pillaning ichida turadi.