Kurash choralari. Madaniy-xo‘jalik choralaridan biri tokni yerda qoldirmasdan yog‘ochga yoki ishkomga olishdir.Tok barg o‘rovchisiga qarshi qanday kimyoviy choralar ko‘rilgan bo‘lsa, uzum barg o‘rovchisiga qarshi ham shunday choralar ko‘riladi. Uzum barg o‘rovchisiga qarshi tokka uch marta: birinchi marta-tok gullashiga ikki hafta qolganda, ikkinchi marta-besh kun qolganda va uchinchi marta-gullagandan bir oy keyin kalsiy arsenat purkaladi yoki changlanadi, shu bilan birga dorilash ishlari uzum uzishdan kamida 20 kun ilgari to‘xtatilishi shart. Uchinchi dorilashda DDT ishlatilmasligi kerak.
Brajniklar Sphingidae Markaziy Osiyoda uzumga uch xil brajnik: o‘rta vino brajnigi (Rergesa yelrenog L.), Alekto brajnigi (Thyeryetra alyesto L.) va lineykasimon brajnik (Selyerio livornica Yesr.) zarar yetkazadi. Ular bir xil zarar yetkazadi, hayot kechirishi, asosan bir-birinikiga o‘xshaydi, kurash choralari ham bir xil.
Zarari. Brajniklar ikkinchi darajali zararkunandalar bo‘lib, ayrim yillarda ba’zi joylarda ko‘payib ketadi, xiyla katta zarar yetkaza oladi.
Brajniklarning qurtlari tok barglarini, ayniqsa novdaning uchidagi barglarni yeb qo‘yadi. Buxoro viloyatining Shofirkon va Vobkent tumanlarida ayrim toklarning deyarli hamma barglarini lineykasimon brajnik yeb qo‘yganligi (V.V. Yaxontov) va Mirzacho‘lda o‘rta vino brajnigi tokning deyarli hamma barglarini yeb qo‘yganligi (Kojanchikov) qayd qilingan. Brajniklardan qattiq zararlangan toklarda uzum hosili ancha kamayib ketadi.
Tarqalishi.O‘rta vino brajnigi butun Palearktikada tarqalgan (shimoliy mintaqalar bundan mustasnodir), Alekto brajnigi Markaziy Osiyo, Qozog‘iston, Kavkazda va O‘rta dengizning sharqiy sohilida, lineykasimon brajnik Markaziy Osiyo, Yettisuv, Kavkaz, Qrim, O‘rta va Janubiy Yevropa, Janubiy Osiyo, Afrika va Avstraliyada uchraydi.
Ta’rifi. O‘rta vino brajnigi qanotlarini yozganda 6-7 sm keladi. Oldingi qanotlari zaytunday yashil, ularning tashqi chekkasi gunafsha rangli bo‘lib, pushti tusda tovlanadi. Qanotining uchidan orqa chekkasiga qarab qiyshiq holda ikkita kambar gunafsha yo‘l ketadi. Orqa qanotlari pushti, asosi esa qora. Kapalakning tanasi zalvarli, ikki yoni qizil, usti zaytunday yashil, uzunasiga ketgan pushti yo‘llari bor, mo‘ylovlari oq bo‘ladi.
Qurtining uzunligi 10 sm gacha boradi. Rangi yashildan tortib qoragacha bo‘lishi mumkin, ko‘pincha esa yashil yoki qo‘ng‘ir bo‘ladi. 4 va 5 segmentlarining yonida bittadan yirik dog‘i va bu dog‘larning qora hoshiyasi bo‘ladi. Dog‘larning o‘rtasida yarim oy shaklidagi yorug‘ yadro bor. Qurt gavdasining orqa uchida kalta, keng qora o‘siq bo‘ladi. Gʻumbagining uzunligi 3-3,5 sm keladi, rangi och qo‘ng‘ir, qora nuqtalari bor.
Alekto brajnigi kattalik jihatdan o‘rta vino brajnigiday keladi. Oldingi qanotlari och qo‘ng‘ir bo‘lib, pushti tusda tovlanadi, qanotining uchidan orqa chekkasiga qarab qiyshiq holda ravshan qoramtir chiziq va unga parallel ravishda turlicha qoramtir xira yo‘l o‘tadi. Orqa qanotlari qizil, asosi qora, tashqi va oldingi chekkalari qoramtir, ichki burchagi oqimtir bo‘ladi.
Qurtining uzunligi, shakli va rangi o‘rta vino brajnigi qurtinikiga o‘xshaydi, ammo ko‘pincha to‘q qo‘ng‘ir rangli bo‘ladi. 4-5 segmentlaridagi dog‘larning o‘rtasi yorug‘, ammo yarim oy shaklida emas, balki oval shakldadir.
Lineykasimon brajnik qanotlarini yozganda taxminan 7 sm keladi. Oldingi qanotlari zaytunday yashil, ularning uchidan ichki burchagiga qarab qiyshiq holda kenggina oqimtir hoshiya o‘tadi, qanot tomirlari oq bo‘lib, zaytun rangidan yaqqol ajralib turadi. Orqa qanotlari pushti, asosi qoramtir, orqa chekkasida keng qoramtir hoshiyasi bor. Tanasi yo‘g‘on, zaytunday yashil, oq hoshiyalari, segmentlari orqa chekkalarida esa oq va qora dog‘lari bor.
Qurtining uzunligi 9 smgacha boradi, yashil, ba’zan jigar rangda. Orqasi bo‘ylab pushti hoshiya o‘tadi, gavdasining ikki yonida yirik pushti ko‘zchalari bor. Gavdasining uchida pushti rangli muguzsimon uzun (5 mm va undan ortiq) o‘sig‘i bor. Orqaga qaragan bu o‘siqning uchi qoramtir bo‘ladi. Gʻumbagi sariq-qo‘ng‘ir tusli bo‘lib, uzunligi taxminan 3,5 sm keladi.