Tok biti yoki filloksera Rhulloxera vastatrix P1ansh. Zarari. Filloksera tokni quvvatdan ketkazib, hosilini kamaytiradi. Fillokseraning ildizga tushadigan xili ildizlarni nobud qiladi. Shuning natijasida avval tokning yer ostidagi ayrim novdalari, so‘ngra, hasharot tushgandan 2-6 yil keyin, butun tupi nobud bo‘ladi. Yirik tokzorlarga filloksera tushganda avval «dog‘lar» paydo bo‘ladi. Bu «dog‘lar» nobud bo‘lgan tok tuplaridan iborat bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, bora-bora butun tokzor nobud bo‘ladi.
Tarqalishi.Fillokseraning vatani Shimoliy Amerikadir. 1860 yilda filloksera Yevropaga o‘tgan, taxminan 1872 yilda esa Rossiya hududiga- Qrimga o‘tgan, bu yerda birinchi marta taxminan 1880 yildagina, ya’ni jiddiy zararkunanda bo‘lib qolgandan keyingina topilgan. Hozirgi vaqtda filloksera Moldaviya, Ukraina, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston va Dog‘istonning bir necha tumanlarida bor. Filloksera Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya, Shveysariya, Avstriya, Gollandiya, Vengriya, Germaniya, Yugoslaviya, Gresiya, Bolgariya, Ruminiya, Turkiyaning ko‘p joylarida ham tarqalgandir
1880 yildan boshlab filloksera Avstraliyada paydo bo‘ldi, 1885-1886 yillardan boshlab Afrikada topildi (hozir Jazoirda va Janubiy Afrikada uchraydi), birmuncha keyin Hindiston bilan Xitoyga ham tarqaldi. 1895 yilda filloksera Shimoliy Amerikadan Janubiy Amerikaga o‘tib, ayniqsa Argentina bilan Chilida tarqalib ketdi.
Ta’rifi. Fillokseraning ikki xil-ildiz va bargga zarar yetkazadigan formasi bor. Ildizga zarar yetkazadigan formasining voyaga yetgan qanotsiz urg‘ochisining uzunligi 1 mm,oval shaklda, sal-pal yassilangan, sarg‘ish-yashil rangli bo‘lib, orqasi bo‘ylab qator-qator qoramtir so‘galchalari bor.
Tuxumi oval shaklda, uzunligi 0,3 mm va kengroq qismining eni 0,16 mm, yangi qo‘yilgan chog‘ida u och sariq tusli bo‘lib, keyin zaytunday yashil bo‘lib qoladi.
Lichinkasi avval sariq-yashil, so‘ngra och sariq rangli bo‘ladi, shakli voyaga yetgan urg‘ochisiga qaraganda cho‘ziqroqdir. Lichinka o‘sgan sayin oyoqlari gavdasining kattaligiga nisbatan qisqaradi, kattaroq yoshda gavdasida qora so‘galchalar paydo bo‘ladi.
Qishlayotgan lichinkalar qo‘ng‘irroq-yashil tusli. To‘rtinchi yoshdagi lichinkalardan qanotli bitlar paydo bo‘ladi. Ular qanotsiz bitlarning to‘rtinchi yoshdagi lichinkalaridan uzunchoq gavdasi va qanot boshlang‘ichlari bilan farq qiladi. Ularning asosiy rangi zarg‘aldoq, qanot boshlang‘ichlari qora bo‘ladi, gavdasi bo‘ylab qator-qator so‘galchalari bor. Qanot boshlang‘ichlari bo‘lgan lichinkalar odatda nimfa deb ataladi.
Birinchi yoshdagi lichinkalarning uzunligi 0,3-0,4 mm, so‘nggi (to‘rtinchi) yoshdagi lichinkalarning uzunligi esa 0,75 mm. Voyaga yetgan qanotli urg‘ochisining uzunligi 1 mm, ko‘kragi qora, qorni och sariq, ko‘zlari dastlab (po‘st tashlagandan keyin) qizil bo‘lib, keyin qorayadi. Hasharot tinch turganda qanotlari orqasiga taxlanib, qorin uchidan 1,0-1,25 mm chiqib turadi. Qanotli hasharotlarning gavdasida so‘galchalar bo‘lmaydi.
Bargga zarar yetkazadigan formasining voyaga yetgan, partenogenez yo‘li bilan ko‘payadigan qanotsiz urg‘ochisining uzunligi 1,2-1,5 mm, shakli noksimon, rangi och yashil-qo‘ng‘ir bo‘ladi. Unda ildizga zarar yetkazadigan forma uchun xarakterli bo‘lgan qoramtir so‘galchalar yo‘q.
Ikki jinsli naslning urg‘ochisi 0,37-0,45 mm uzunlikda, qanotsiz bo‘lib, og‘iz apparati rivojlanmagan, rangi sariq-yashil yoki sariq-qo‘ng‘ir bo‘ladi.
Erkagining uzunligi 0,25-0,28 mm bo‘lib, uning ham qanotlari va xartumi yo‘q, rangi sarg‘ish-yashil.
Tuxumi oval shaklda, och sariq yoki to‘q sariq, bo‘yi 0,36-0,40 mm keladi. Tuxumdan ikki jinsli naslning lichinkalari chiqadi. Erkak lichinkasi chiqadigan tuxum kichikroq bo‘lib, uzunligi 0,25-0,27 mm keladi. Qishlaydigan tuxumning bo‘yi 0,27 mm, rangi zaytundek yashil.
Bargga zarar yetkazadigan formasining lichinkalari ildizga zarar yetkazadigan formasining lichinkalaridan shu bilan farq qiladiki, ularning xartumi kaltaroq bo‘lib, orqadagi bir juft oyog‘ining asosidan nariga o‘tmaydi, mo‘ylovlari kaltaroq bo‘ladi, oyoqlarida yopishqoq uzun qillari bor.