NIZOM 1-bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-noyabrdagi PF-5577-son Farmoniga muvofiq hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obyektlarini (rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash) moliyalashtirish bo‘yicha xulosalarni tayyorlash hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom har yili tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish (rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash) obyektlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Nizom talablari qurilish (rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash) obyektlari bo‘yicha (asosli ravishda loyiha yechimlarini yaxshilash, shuningdek, ishlab chiqilgan loyihada ilgari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida) kiritilgan o‘zgartirishlar natijasida narxi oshib ketadigan:
tenderlar yoki tanlovlar natijalari bo‘yicha aniqlangan shartnoma qiymatiga (yildan yilga o‘tuvchi obyektlarning qoldiq qiymatini qayta hisoblab chiqish holatlaridan tashqari, davlat ekspertiza organlarining tegishli xulosasi asosida obyektning fizik ish hajmlari, boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini aniqlashtirish, foydalaniladigan resurslarni o‘zgartirish hamda loyihani tuzatish bilan bog‘liq ishlar);
bosh pudratchi tashkilotning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining hujjatlariga ko‘ra belgilangan obyektlar bo‘yicha ekspertiza organlarining xulosasiga muvofiq smeta qiymatiga (yildan yilga o‘tuvchi obyektning qoldiq qiymatini belgilangan tartibda qayta hisoblab chiqish, shuningdek, davlat ekspertiza organlarining tegishli xulosasi asosida obyektning fizik ish hajmlarini, boshqa ishlab chiqarish xarajatlarini aniqlashtirish hamda loyihani tuzatish, foydalaniladigan resurslarni va ularning narxlarini o‘zgartirish bilan bog‘liq ishlar) tatbiq etiladi.