Oddiy takror ishlab chiqarish deb ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarining hajm va sifat jihatdan o‘zgarmagan holda takrorlanishiga aytiladi. Odatda bunday ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ko‘proq o‘z ichki
ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan natural xo‘jalik va oddiy tovar xo‘jaligi
davri uchun xos bo‘lgan.
Kengaytirilgan takror ishlab chiqarish deb ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish miqyoslarining muntazam ravishda oshib borgan holdagi takrorlanishiga aytiladi. Bu turdagi takror ishlab chiqarish hozirgi davrdagi
barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar iqtisodiyotiga xosdir.
Ijtimoiy takror ishlab chiqarish natijasida mamlakat miqyosida milliy
mahsulot yaratiladi.
Milliy mahsulot – mamlakat iqtisodiyotida yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy hajmidir. U barcha moddiy va nomoddiy
ne’matlar ishlab chiqarish hamda xizmatlarni o‘z ichiga olib, hozirgi bizning
mamlakatimiz qo‘llayotgan milliy hisoblar tizimida yalpi ichki mahsulot (YaIM)
deb yuritiladi. Milliy mahsulot ko‘rsatkichi oldingi davrlarda, masalan oldingi
sobiq Sovet ittifoqi iqtisodiyotida jami ijtimoiy mahsulot (JIM) deb, boshqa
ko‘pgina mamlakatlarda esa yalpi milliy mahsulot (YaMM) deb yuritilar edi.
Yalpi milliy mahsulot – bu o‘z mamlakati yoki xorijda joylashgan milliy korxonalar tomonidan yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy hajmining jami qiymatidir. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, milliy iqtisodiyot rivojlanish darajasini
aniqroq ifodalash va taqqoslash uchun yalpi ichki mahsulot (YaIM)
ko‘rsatkichi
qulayroqdir. Shuning uchun hozirgi davrda deyarli barcha mamlakatlarda,
jumladan mamlakatimizda ham bu ko‘rsatkichdan foydalaniladi.