Qiymat qonuni tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash uning qiymati asosida amalga oshishini, qiymatning o‘zi esa ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari orqali o‘lchanishini ifodalaydi. Qiymat qonuni individual mehnat sarfi ijtimoiy zarur mehnat sarfidan kamroq
bo‘lgan ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantiradi. Bu bilan ishlab chiqaruvchilarning
mehnat unumdorligini oshirishga undaydi. Aks holda ular bozordan siqib
chiqarilishlari yoki xonavayron bo‘lishlari mumkin.
Qiymat qonuni tovar ishlab chiqaruvchilarni tabaqalashtiradi, mehnat va
moddiy sarflarni kamaytirishni rag‘batlantiradi va mehnatning ishlab chiqarish
sohalari bo‘yicha taqsimlanishini tartibga solib turadi. Masalan, eng yuksak
mehnat unumdorligiga erishgan ishlab chiqaruvchilar o‘z tovarlarini ijtimoiy zarur
sarflaridan kamroq sarflashga erishib bozor narxlarida sotishlari va yuqori foyda
olishlari mumkin. Lekin ular ish faoliyatining muvaffaqiyati kafolatlangan deb
bo‘lmaydi. Chunki ular ishlab chiqarishga fan-texnika yangiliklarini, samarali
ishlab chiqarish usullarini o‘z vaqtida qo‘llab turmasalar, ma’lum vaqtdan so‘ng
o‘z ustunliklaridan ajralib qolishlari mumkin.
Qiymat qonunining tartibga solib turuvchi mexanizmi raqobat kurashi
natijasida bozor narxlarining stixiyali ravishda tebranib turishidan, ularning
ijtimoiy qiymatdan farq qilib turishidan iborat. Tovar narxining ijtimoiy
qiymatidan chetga chiqish shart-sharoitlari quyidagilardan iborat deb hisoblanadi:
Talab = taklif bo‘lgan holda narx = qiymat.
Talab > taklif bo‘lgan holda narx > qiymat.
Talab < taklif bo‘lgan holda narx < qiymat.
142
Shunday qilib, tovarlar narxining ular qiymatidan farq qilishi tovar ishlab
chiqaruvchilarning xohishi bilan sodir bo‘lmay, balki obyektiv qiymat qonunining
kuchi ta’siri ostida bo‘ladi.