Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sh. Shodmonov iqtisodiyot nazariyasi


-bob. BOZOR IQTISODIYOTINI TARTIBGA SOLISHDA



Yüklə 6,38 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə491/607
tarix07.01.2024
ölçüsü6,38 Mb.
#209829
1   ...   487   488   489   490   491   492   493   494   ...   607
IQTISODIYOT NAZARIYASI darslik

23-bob. BOZOR IQTISODIYOTINI TARTIBGA SOLISHDA 
DAVLATNING ROLI
Turli iqtisodiy tizimlarda davlat va iqtisodiyot tizimi o‘ziga xos ahamiyat kasb 
etib, ularning har biri mustaqil tizim sifatida amal qiladi. Shu bilan birga turli 
davrlarda va sharoitlarda, turldi mamlakatlarda iqtisodiyotni boshqarish va tartibga 
solishda davlat va bozor iqtisodiyoti mexanizmi rolining nisbati bo‘yicha bir-
biridan keskin farqlanadi. Masalan, bir mamlakat ko‘proq davlat tomonidan 
boshqarishga tayansa, boshqasi bozor mexanizmi orqali tartiblashga ustunlik 
beradi. Bunda albatta mavjud davr sharoitidan kelib chiqiladi. Mustaqil taraqqiyot 
davrida «mamlakatimizning uzoq va davomli manfaatlari taqozo etgan holatlarda 
va keskin vaziyatlardan chiqish, ular tug‘diradigan muammolarni hal etish zarur 
bo‘lganda iqtisodiyotda davlat tomonidan boshqaruv usullari qo‘llandi va bunday 
yondashuv oxir-oqibatda o‘zini to‘la oqladi»
1

Oldingi boblarda ko‘proq bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini joriy qilish 
haqida gap borgan bo‘lsa, bu bobda bozor iqtisodiyotini tartibga solishda 
davlatning rolini ochib berishga harakat qilinadi. Shuningdek, davlatning milliy 
iqtisodiyotdagi roli tahlil qilinib, keyin uning iqtisodiy vazifalari tavsifi beriladi. 
Davlatning iqtisodiyotga ta’sir qilish usul va vositalari bayon etiladi.
23.1. Davlatning milliy iqtisodiyotni tartibga solishdagi
roli toʻgʻrisidagi nazariy qarashlar 
Milliy iqtisodiyotning samarali amal qilishiga ko‘plab omillar ta’sir 
ko‘rsatadi. Ayniqsa, uning darajasi ko‘p jihatdan iqtisodiyotdagi davlat yoki bozor 
tizimining tutgan roliga bog‘liq. Chunki milliy iqtisodiyotning yuqori 
samaradorligiga asosan quyidagi yo‘llar orqali erishiladi:
1) iqtisodiyotni tartibga solishning bozor usullarini qo‘llash;
1
Karimov I.A. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbеkiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va 
choralari. – T.: O‘zbеkiston, 2009, 8-b. 


649 
2) iqtisodiyotni ko‘proq davlat tomonidan markazlashgan holda boshqarish;
3) iqtisodiyotni boshqarish va takror ishlab chiqarish jarayonida davlatning 
aralashuvi va bozor usullarini uyg‘unlashtirish. Hozirgi davrda O‘zbekistonning 
milliy iqtisodiyoti rivoji uchun ko‘proq uchinchi yo‘l xususiyatli hisoblanadi.
Davlatning iqtisodiyotga aralashuvini cheklash masalasi ilmiy asosda birinchi 
marta A.Smit tomonidan ko‘rib chiqilgan. Uning «Xalqlar boyligining tabiati va 
sabablarini tadqiq qilish haqida» (1776) nomli asarida iqtisodiyotning bozor 
usullari orqali o‘zini o‘zi tartibga solishining zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. 
A.Smitning fikricha, xususiy tovar ishlab chiqaruvchilar bozori davlat nazoratidan 
to‘liq ozod bo‘lishi zarur. Ana shundagina iste’molchilar talabiga mos ravishda 
ishlab chiqarishni tashkil qilish imkoni mavjud bo‘ladi. Bunda bozor vositasida 
tartibga solish, har qanday chetdan aralashuvsiz, ishlab chiqaruvchilarni butun 
jamiyat manfaatlari uchun harakat qilishga majbur qiladi.
A.Smit davlatning iqtisodiy jarayonlarga har qanday aralashuvi oxir- oqibatda 
faqat vaziyatni yomonlashtiradi deb hisoblaydi. Masalan, davlat tomonidan 
belgilangan tashqi savdo tartib-qoidalari milliy iste’molchilarga faqat zarar 
keltirishi mumkin. Haqiqatdan ham importga yuqori boj to‘lovi milliy ishlab 
chiqaruvchilarga ustunlik berib, ularning chet el sheriklariga nisbatan 
raqobatlashuv qobiliyatini oshiradi. Ammo bu oxir- oqibatda ishlab chiqarishning 
ancha yuqori xarajatlari va past sifatining saqlanib qolishiga olib keladi. Bundan 
past sifatli va narxi qimmat tovarlarni sotib olishga majbur bo‘lgan milliy 
iste’molchilar zarar ko‘radilar.
A.Smitning «Tinch qo‘yish» nazariyasi 1929-1933 yillarda bozor 
iqtisodiyotiga asoslangan deyarli barcha mamlakatlarni qamrab olgan jahon 
iqtisodiy inqirozi davrida tanqidga uchradi. Iqtisodiy tanazzul va ommaviy 
ishsizlik davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvini kuchaytirishni taqozo qildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi rolini oshirish masalasi J.M.Keynsning «Ish bilan 
bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936) nomli asarida o‘z aksini topdi. 
Unda muallif davlat fiskal (xazinaviy) va kreditli tartibga solish vositalaridan 
foydalanib, jamiyatning yalpi talabini rag‘batlantirishni va ishsizlarning bandligini 


650 
ta’minlashi zarurligini isbotlaydi. Amalda gap davlatning uzluksiz ravishda 
inqirozga qarshi siyosat o‘tkazishi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlarini 
tugatish va sanoat siklining o‘zgarishini bartaraf etish haqida ketadi. Keyns 
nazariyasi ancha tugal shaklda AQShda amalga oshirildi. Urushdan keyingi davrda 
Keyns nazariyasidagi ko‘rsatmalar u yoki bu darajada bozor iqtisodiyoti amalda 
ustun bo‘lgan barcha mamlakatlarda foydalanildi. Shu bilan birga davlatning 
iqtisodiyotdagi roli yanada ko‘proq oshib borishi ro‘y berdi. Hozirgi davrda davlat 
tomonidan tartibga solishning muhim maqsadi sifatida nafaqat siklga qarshi 
tartibga solish va ish bilan bandlikni ta’minlash, balki iqtisodiy o‘sishning yuqori 
darajasini va yaxlit takror ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirishni 
rag‘batlantirish tan olinadi.
Ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan tizimdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish 
sharoitida davlatning milliy iqtisodiyotga aralashuvi quyidagi holatlar orqali 
izohlanadi. Birinchidan, davlat milliy iqtisodiyotda o‘zini o‘zi bozor vositasida 
tartibga solish orqali bajarish mumkin bo‘lmagan yoki samarali ravishda amalga 
oshirib bo‘lmaydigan vazifalarni o‘ziga oladi. Bular qatoriga mudofaani 
ta’minlash, mamlakatda ichki tartibni saqlash va aholining kam ta’minlangan 
qismini ijtimoiy himoyalash kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Ikkinchidan, 
bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va iste’molning xususiy tavsifi bir 
qator ijobiy va salbiy oqibatlarni tug‘diradi. Bu oqibatlar bevosita uchinchi tomon 
manfaatida aks etib, kishilarning alohida guruhi va umuman jamiyat manfaatiga 
ta’sir qiladi. Masalan, chiqitli texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishlarda 
tozalash qurilmalariga xarajatlarni tejash xususiy ishlab chiqaruvchilar nuqtai 
nazaridan (u yoki bu kompaniya yoki individual ishlab chiqaruvchi uchun) foydali, 
atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelishi esa jamiyatning boshqa a’zolari uchun 
qo‘shimcha salbiy oqibatga ega. Davlat yakka tadbirkor yoki iste’molchidan farqli, 
jamiyat manfaatini ifodalab, qo‘shimcha ijobiy samarani rag‘batlantirishga va 
aksincha salbiy samara bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish va cheklashga 
harakat qilishi zarur. Uchinchidan, davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi shu 
sababli ro‘y beradiki, individual iste’molchilar hamma vaqt u yoki bu tovarni 


651 
iste’mol qilishning oqibatlarini obyektiv baholay olmaydilar. Shu nuqtai nazardan, 
davlat foydali iste’molni kengaytirish va aksincha sog‘liqqa salbiy ta’sir 
ko‘rsatuvchi tovarlar iste’molini cheklash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Masalan, 
davlat tamaki mahsulotlari uchun yuqori aksiz (egri) solig‘ini o‘rnatib, bir 
tomondan o‘zining daromadini oshirsa, boshqa tomondan shu mahsulotga bo‘lgan 
talabni cheklaydi. To‘rtinchidan, davlat bozorning tabiatidan kelib chiqadigan 
ayrim holatlarni qisman engillashtirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Bozor 
hamma uchun to‘lovga qobil talabni qondirishga teng imkoniyatni ta’minlaydi. 
Ammo bu bozor mexanizmining milliy boylikni ijtimoiy-adolatli taqsimlashini 
anglatmaydi. Bunday sharoitda davlat aholi kam ta’minlangan qatlamining 
turmush darajasi haqida g‘amxo‘rlik qilish, bepul (yoki imtiyozli) bilim berish, 
tibbiy xizmat ko‘rsatish va shu kabilarni o‘z zimmasiga oladi. Beshinchidan, 
hozirgi sharoitda barqaror, izchil iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish vazifasi ham 
davlatning zimmasiga tushadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ma’lum chegaralari ham 
mavjud bo‘lib, ular davlatning ishlab chiqarish samaradorligiga ta’siridan kelib 
chiqadi. Iqtisodiyotga davlatning har qanday aralashuvi ma’lum xarajatlarni taqozo 
etadi. Ularga eng avvalo tartibga solishni tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha 
xarajatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, tartibga solishning u yoki bu shakli 
bozor muvozanati, ishlab chiqarish hajmi, resurslarning qayta taqsimlanishiga 
ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirni ham hisobga olish lozim. Bunda tartibga 
solishni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlarning miqdori 
davlatning iqtisodiyotni tartibga solishi natijasida olinadigan samaradan kam 
bo‘lishi lozim. Ularning nisbati davlatning iqtisodiyotga aralashuvi chegaralarini 
belgilab beradi. 
XX asrning 80-yillarida rivojlangan mamlakatlarda yangi konservativ 
konsepsiyalar asosida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishni cheklash 
jarayonlari boshlandi. Bunda tartibga solishning an’anaviy shakllaridan voz 
kechildi, davlat mulkini xususiylashtirish yo‘li bilan davlat sektori ulushi 
qisqartirildi, xo‘jalik qarorlarini qabul qilishda nomarkazlashuv jarayonlari 


652 
kuchaytirildi, iqtisodiyotdagi bozor mexanizmlarining ahamiyati oshirildi. 
Jumladan, AQShda bu tadbirlar «Amerikaning yangi rivojlanish yo‘li: iqtisodiy 
jihatdan yangilanish dasturi» nomli yo‘nalish asosida amalga oshirilib, unda 
daromad solig‘i stavkalarining pasaytirilishi, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish 
maqsadida yirik korporatsiyalar investitsiyalari uchun soliq imtiyozlarini qo‘llash, 
federal hukumat xarajatlarini cheklash, xususiy biznes faoliyatining davlat 
tomonidan tartibga solinishini kamaytirish, inflyatsiyaga qarshi pul-kredit 
siyosatini o‘tkazish ko‘zda tutilgan edi. Biroq, olib borilgan tadbirlar kutilgan 
natijani bermadi. Bunday jarayonlar Angliya, Yaponiya, Avstriya, Italiya va 
boshqa mamlakatlarda ham ro‘y berdi.
2008 yilda boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozidan keyin 
iqtisodiyotni tartibga solishda keynscha tendensiyalar yangidan kuchaya boshladi. 
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tipi davlat va xususiy 
sektor o‘rtasidagi munosabatlarni ro‘yobga chiqarish, davlat tomonidan tartibga 
solishning moslashuvchanligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv shakllari va 
nazoratning kuchayishi bilan tavsiflanadi. Hozirgi vaqtda inqirozga qarshi chora-
tadbirlar asosan davlat dasturlari asosida olib borilmoqda. 

Yüklə 6,38 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   487   488   489   490   491   492   493   494   ...   607




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin