Asosiy tayanch tushunchalar Agrar munosabatlar – yerga egalik qilish, tasarruf etish, undan foydalanish va ishlab chiqarish natijalarini o‘zlashtirish jarayonida vujudga keladigan munosabatlardir.
Renta munosabatlari – erdan foydalanish natijasida vujudga keladigan sof daromadni taqsimlash va o‘zlashtirish jarayonida vujudga keladigan munosabatlar.
Differensial renta – yer uchastkalarining unumdorligidagi va joylashgan joyidagi farqlar natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha sof daromad.
Differensial renta I – yerlarning tabiiy unumdorligi farqlar natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha sof daromad.
Differensial renta II – yerlarning iqtisodiy unumdorligini oshirish natijasida vujudga keladigan qo‘shimcha sof daromad.
Absolyut renta – qishloq xo‘jaligida yerga bo‘lgan mulkchilik monopoliyasi natijasida vujudga kelib, barcha turdagi – yaxshi, o‘rtacha va yomon yerlardan olinadigan renta.
Monopol renta– alohida tabiiy sharoitga ega bo‘lgan, noyob qishloq xo‘jalik mahsulotlari etishtiriladigan yerlardan olinadigan renta.
Undirma sanoatda renta – foydali qazilma konlarining yuza yoki chuqur joylashishi va ularning boyligi jihatdan farqlar natijasida vujudga keladi.
Agrosanoat majmuasi– qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etishtirish, uni saqlash, qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish bilan bog‘liq xo‘jalik tarmoqlarining birligi.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish infratuzilmasi – bevosita qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga xizmat ko‘rsatuvchi sohalar.
Ijtimoiy infratuzilma – odamlar yashash va turmush faoliyatining umumiy sharoitlarini ta’minlaydigan sohalar.
Agrosanoat integratsiyasi– qishloq xo‘jaligi bilan unga xizmat qiluvchi va mahsulotni iste’molchiga yetkazib beruvchi tutash tarmoqlar o‘rtasida ishlab chiqarish aloqalarining rivojlanishi hamda ularning uzviy birikish jarayoni.
Agrobiznes – tadbirkorlik faoliyatining qishloq xo‘jaligi va u bilan bog‘liq sohalardagi namoyon bo‘lish shakli.
Klaster — bir majmua doirasida bir jamoa bo‘lib yerlarni shudgorlash, chigit ekish, paxtani parvarishlash, hosilini yig‘ib-terib olish, xom ashyoni chuqur qayta ishlash bilan bog‘liq korxonalarni birlashtiruvchi ishlab chiqarish majmuasidir.