Mehnat vositalari, materiallar, texnologiya, energiya, axborotlar va ishlab chiqarishni tashkil etish bilan birgalikda ishlab chiqarishning texnologik usuli deyiladi
Mehnat vositalari, materiallar, texnologiya, energiya, axborotlar va ishlab chiqarishni tashkil etish bilan birgalikda ishlab chiqarishning texnologik usuli deyiladi. Ular o‘rtasidagi chegaralarni jamiyat taraqqiyoti tarixining yirik bosqichlari ajratib turadi. Bir texnologik ishlab chiqarish usulidan boshqasiga o‘tish asosan, mehnat vositalarining tavsifidagi o‘zgarishlar, fan va texnika taraqqiyoti bilan belgilanadi. Ishlab chiqarish texnologik usullarining dastlabki uchta bosqichlari alohida farqlanadi. Bular oddiy kooperatsiya, manufaktura va mashinalashgan ishlab chiqarish. Oddiy kooperatsiya – bu bir xil tovarni ishlab chiqarish yoki xizmat vazifasini bajaruvchi xodimlarning eng oddiy shaklidagi uyushishi, birgalashib ma’lum tartib va reja asosida ishlaydigan kishilar guruhidir. Kooperatsiyaning yakka tartibdagi hunarmandchilik ishlab chiqarishiga nisbatan afzalliklari quyidagilar orqali namoyon bo‘ladi:
ko‘plab ishchilarning birgalikdagi mehnati ishchi kuchidagi alohida tafovutlarning yo‘qolishiga, ularning sifat jihatidan bir xillashuviga olib keldi;
bino va inshootlardan birgalikda foydalanish natijasida yoqilg‘i, yoritish va boshqa shu kabi xarajatlarning kam sarflanishi mahsulot birligiga to‘g‘ri keluvchi ishlab chiqarish vositalarining tejalishiga olib keldi;
birgalikdagi mehnat bellashuvni keltirib chiqarib, mehnat unumdorligini oshirdi.
Manufaktura – bu mehnat taqsimotiga asoslangan, lekin mashina hali mavjud bo‘lmagan sharoitdagi kooperatsiyadir. Manufaktura davrida ishlab chiqarishning umumlashuv jarayoni davom etadi. Yalpi ishchi kuchi tarkib topadi, har bir ayrim xodim esa yalpi ishchi kuchining tarkibiy qismiga aylanadi. Bunda oddiy kooperatsiyadagidek qo‘l mehnatiga va shunga mos qurolga tayanadi. Manufaktura ixtisoslashtirilgan qurol va asboblar vujudga keltirib hamda ishchini tor operatsiyalarni bajarishga bog‘lab, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishga o‘tish uchun zarur shart-sharoit tayyorlaydi. Bu davrda ishlab chiqarishni tashkil etish, mehnatning mazmuni va tavsifida, ishlab chiqarishning butun texnologik usulida, iqtisodiy munosabatlarda va butun ijtimoiy hayotda ham tub o‘zgarishlar ro‘y beradi. Mehnat unumdorligi ancha o‘sadi. XVIII asrning so‘nggi 30 yili ichida boshlangan sanoat revolyusiyasi natijasida yirik mashinalashgan ishlab chiqarish vujudga keldi.