3.5. O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish maqsadi, yo‘llari va usullari Bozor munosabatlariga o‘tishning asosiy sharti ko‘p ukladli iqtisodiyotni va raqobat muhitini shakllantirish uchun shart-sharoitni vujudga keltirishdan iborat. Bunda asosiysi mulkchilik masalasini hal qilishdir. Uzoq yillar mobaynida Sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan davlatlar qatori bizning respublikamiz iqtisodiyotida ham umumxalq mulki deb atalgan, aslida esa davlatlashtirilgan mulk to‘liq hukmronlik qilib keldi. Nazariya va amaliyotda umumxalq mulki deb hisoblangan mulk subyekti sifatida davlatning chiqishi jamiyat a’zolari o‘rtasida bu mulkka «hech kimniki», «davlatniki», «birovning mulki» deb qarashlarning shakllanishiga olib keldi. Bozor iqtisodiyotini vujudga keltirish vazifasi o‘tish davrida mulkchilikda davlat sektorining salmog‘i ancha yuqori bo‘lgan mamlakatlarda bu mulkning ma’lum qismini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni taqozo qiladi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda ham mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga muhim ahamiyat kasb etuvchi jarayon sifatida qaralib,
O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi Qonunida (1991 yil 19 noyabr, 425-XII-son) quyidagicha ta’rif beriladi:
Davlat tasarrufidan chiqarish – davlat korxonalarini va tashkilotlarini xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlariga, ommaviy mulk bo‘lmaydigan boshqa korxonalar va tashkilotlarga aylantirishdir. Xususiylashtirish – jismoniy shaxslarning va davlatga taalluqli bo‘lmagan yuridik shaxslarning ommaviy mulki obyektlarini yoki davlat aksiyali jamiyatlarining aksiyalarini davlatdan sotib olishidir1. Bundan ko‘rinadiki, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashtirishga qaraganda ancha keng tushuncha. Xususiylashtirish - davlat mulkiga egalik huquqining davlatdan xususiy shaxslarga o‘tishidir. Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish xususiylashtirishdan tashqari, bu mulk hisobidan boshqa nodavlat mulk shakllarini vujudga keltirishni ham ko‘zda tutadi. U bir qator yo‘llar bilan amalga oshiriladi: davlat korxonalarini aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish, davlat korxonasini sotib, uni jamoa mulkiga aylantirish; mulkni qiymatga qarab chiqarilgan cheklar (vaucher) bo‘yicha fuqarolarga bepul berish; mulkni ayrim tadbirkor va ish boshqaruvchilarga sotish; ayrim davlat korxonalarini chet el firma va fuqarolariga sotish yoki qarz hisobiga berish; davlat mol-mulkini auksionlarda kim oshdi savdosi orqali sotish va h.k.
Xususiylashtirishning usullari ham turli-tuman bo‘lib, ularni 3 guruhga ajratish mumkin: 1) davlat mulkini bepul bo‘lib berish orqali xususiylashtirish; 2) davlat mulkini sotish orqali xususiylashtirish; 3) davlat mulkini bepul bo‘lib berish hamda sotishni uyg‘unlashtirish orqali xususiylashtirish (3.3-rasm).
O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarning dastlabki pallasidayoq mulkchilikning hamma shakllari teng huquqli ekanligi konstitutsion tarzda e’tirof etildi va davlat mulki monopolizmini tugatish hamda bu mulkni xususiylashtirish hisobiga ko‘p ukladli iqtisodiyotni real shakllantirish vazifasi qo‘yildi. Avvalo mulkchilikning turli xil shakllari qaror topishi uchun teng huquqiy me’yorlar va amal qilish mexanizmlari yaratildi. O‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishga yondashuvning muhim xususiyati – uni maxsus dasturlar asosida bosqichmabosqich amalga oshirishdan iborat.
Respublikada xususiylashtirishning manzilli yo‘naltirilganligi uning navbatdagi xususiyatidir. Bu aholining barcha qatlamlariga mazkur jarayonda aniqroq va natijaliroq qatnashishi imkonini beradi. Xususiylashtirishning manzilli yo‘naltirilganligi uy-joylarning o‘z egalariga imtiyozli yoki bepul berilishida, aholining ko‘proq muhtoj va zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning turli xil dasturlari budjet mablag‘lari hisobiga qoplanishida, qishloq aholisi o‘z yordamchi xo‘jaligi uchun chek yerlar olishi kabilarda ifodalanadi.
O‘zbekistonda xususiylashtirishning to‘lovliligi uning navbatdagi muhim xususiyatidir. Pulni to‘lash orqali davlat tasarrufidagi korxona va obyektlarni xususiylashtirishda mulkni bepul taqsimlash bilan bog‘liq salbiy holatlar bartaraf etilishi bilan birga qator muammolarni hal qilish imkoniyati yaratiladi. Bulardan asosiysi avvalo tadbirkorlikni, xususiylashtirilgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning moliyaviy manbalari paydo bo‘ladi, bozor infratuzilmasini barpo etish uchun resurslar vujudga keladi va aholini ijtimoiy muhofazalash dasturini ro‘yobga chiqarish uchun mablag‘lar jamlanadi. Davlat mol-mulkini yangi mulkdorlarga sotish yo‘li orqali ularni mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirilishi bilan birga xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘lar shu korxonaning o‘zini qo‘llab-quvvatlashga, yangi raqobatlashuvchi korxonalar barpo etishga ham sarflanadi.
O‘zbekistonda mulkni davlat tassarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning birinchi bosqichini (1992-1993 yillar) o‘z ichiga olib, bu bosqichda xususiylashtirish jarayoni umumiy uy-joy fondini, savdo, mahalliy sanoat, xizmat ko‘rsatish korxonalarini hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash tizimini qamrab oldi (3.4-rasm).
bosqich Umumiy uy-joy fondini, savdo, mahalliy sanoat, xizmat (1992-1993 ko‘rsatish korxonalarini, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yillar) qayta ishlash tizimi korxonalarini xususiylashtirish
bosqich Ko‘plab o‘rta va yirik korxonalarni hissadorlik jamiyatlariga
(1994-1995 aylantirish hamda ularning aktsiyalarini rеspublika qimmatli yillar) qog‘ozlar bozorida sotish
bosqich Aktsiyalarining nazorat pakеti davlat mulkida bo‘lgan yirik
(1996-1998 korxona va tarmoqlarni xususiylashtirish yillar)
Xususiylashtirilgan korxonalarga xorijiy invеstitsiyalarni
bosqich jalb etish, boshqaruv samaradorligini oshirish va
(1998-2002 mulkchilikning yangi munosabatlarini to‘laqonli amal qilishi yillar) uchun sharoitlar yaratish
bosqich Xususiylashtirish jarayonlari samaradorligini oshirish va
(2003 yildan jadallashtirish, iqtisodiyotda xususiy sеktorning ishtirokini boshlab) faollashtirish va salmog‘ini oshirish