10.2. Tadbirkorlik faoliyati shakllari, ularni tashkil etish va boshqarishning bozor tizimi Hozirgi davrda ishlab chiqarish vositalarining ijtimoiy, umumdavlat maqsadlarida foydalanadigan va nihoyat, jamoa, guruh, xususiy va shaxsiy maqsadlarda ishlatiladigan turlari mavjud. Shunga mos ravishda tadbirkorlikning turli-tuman: davlat, jamoa, xususiy, aralash va boshqa hosila shakllari rivojlanadi.
Turli mamlakatlarda davlat korxonalarining huquqiy maqomi turli-tumanligi bilan ancha farqlanadi. Hatto biron-bir mamlakatda barcha davlat korxonalari faoliyatini tartibga soluvchi yagona qonuniy hujjat mavjud emas. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan sharoitlar asosida davlat korxonalarini uchta guruhga bo‘lish mumkin:
davlat ishlab chiqarish korxonalari; - aralash kompaniyalar.
Budjet korxonalari – davlatning vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda faoliyat ko‘rsatuvchi hamda davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriluvchi xo‘jalik mustaqilligiga ega bo‘lmagan korxonalar. Ular o‘zlarining holati bo‘yicha davlatning ma’muriy-boshqarish tizimiga kiradi va biron-bir vazirlik, mahkama yoki mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga bevosita bo‘ysunadi yoki ularning tarkibiy qismi hisoblanadi. Barcha daromad va xarajatlari davlat budjeti orqali o‘tib, olingan foydasidan soliq to‘lamaydi.
Davlat ishlab chiqarish korxonalari – xo‘jalik faoliyati bilan birga davlat tomonidan belgilangan doirada boshqarish va tartibga solish vazifalarini ham bajaruvchi, alohidalashgan mol-mulkka ega bo‘lgan korxonalar. Bundan
ko‘rinadiki, davlat ishlab chiqarish korxonalari yoki korporatsiyalari o‘zida tijorat korxonalari va davlat organlari belgilarini mujassamlashtirib, korxonalarning ancha keng tarqalgan tashkiliy, huquqiy shakli hisoblanadi.
Aralash kompaniyalar – davlat va xususiy mulk egalarining aksiyalarini birlashtirish asosida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari va majburiyatlari cheklangan shirkatlar shaklidagi korxonalar.Aralash kompaniyalar
aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonun asosida ish yuritadi va yuridik shaxs hisoblanadi, xo‘jalik faoliyatida xususiy firmalar bilan barobar tijorat asosida qatnashadi. Shu bilan birga, ular xususiy firmalarga nisbatan ma’lum imtiyozlardan foydalanadi. Bu imtiyozlarga davlat tomonidan moliyaviy yordam va dotatsiyalar berish, chet el litsenziyalarini engil shartlar bilan olish, boshqa davlat korxonalaridan xomashyo va yarim fabrikatlarni qat’iy belgilangan narxlarda olish, ishlab chiqargan mahsulotni sotish uchun bozor bilan ta’minlanganlik va shu kabilar.
Kooperativ tadbirkorlik – jamoa mulkiga asoslanib, kooperatsiya a’zolarining o‘z mehnati bilan korxona faoliyatida ishtirok etishini taqozo etuvchi jamoa tadbirkorligining alohida shakli. Kooperativ mulkchilikka asoslangan tadbirkorlikning asosiy belgilari quyidagilardan iborat: ishlovchilarning ishlab chiqarish vositalari bilan bevosita qo‘shilishi (xususiy mulkchilikda bunday qo‘shilishda mulkdor, davlat mulkchiligida esa davlat vositachi hisoblanadi); kooperatsiya a’zolarining ishlab chiqarish vositalaridan keng foydalana olishi; ularning iqtisodiy jihatdan teng huquqqa egaligi; jamoaning o‘zini o‘zi boshqarishni amalga oshirishi; jamoa va shaxsiy manfaatlar uyg‘unligining yuzaga kelishi va h.k.