18.1-rasm. Iqtisodiy sikl fazalari Iqtisodiy siklning dastlabki fazasi inqirozdanboshlanib, u iqtisodiy ko‘rsatkichlarning, jumladan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning keskin pasayishida ifodalanadi. Inqiroz fazasining asosiy belgilari va o‘ziga xos xususiyatlarini mazkur bobning 3-bandida batafsil bayon etiladi.
Inqirozdan keyin turg‘unlik fazasi boshlanib, u nisbatan uzoqroq davom etadi. Bu fazada ishlab chiqarish darajasining barqarorligi ta’minlansada, u inqiroz boshlanishidan oldingi darajaga nisbatan ancha past bo‘ladi. Narxlarning pasayishi to‘xtab, ssuda foizlari pasayadi, tovar zaxiralari barqarorlashadi. Biroq ishsizlikning yuqori darajasi saqlanib qoladi. Turg‘unlik fazasi davomida iqtisodiy faollik jonlanishi uchun sharoitlar vujudga kelishi nihoyasiga etadi.
Jonlanish fazasidaishsizlik darajasi bir oz qisqarib, ishlab chiqarish darajasi sekin-asta o‘sib boradi. Narxlar ham asta ko‘tarilib, ssuda foizi o‘sa boshlaydi.
Iqtisodiyotning bandlik darajasining ortishi va foydahajmining tezlik bilan o‘sishi jonlanish fazasining yuksalish bosqichiga o‘sibo‘tishiga imkoniyat yaratadi. Yangi sikl yuksalishning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.
Yuksalish fazasida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning kengayishi ishsizlikning birmuncha kamayishiga hamda ish haqining o‘sishiga olib keladiki, buning oqibatida iste’mol tovarlariga to‘lovga qodir talab kengayadi. Pirovard talabning oshishi, o‘z navbatida, iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga, bozorni kengaytirishga jadal turtki beradi. Raqobat va foyda ketidan quvish oqibatida nomutanosibliklarning to‘planib borishidan iborat zanjirli reaksiya tezlashadi. Bu bilan yangi inqiroz muqarrar bo‘lib qoladi.
Alohida iqtisodiy sikllar bir-biridan davomiyligi va intensivligi bo‘yicha keskin farqlanadi. Shunga qaramay, ularning hammasi bir xil fazalarga ega bo‘ladi.
18.2. Iqtisodiy sikl nazariyalari. Sikllarning asosiy turlari Iqtisodiy sikllarning kelib chiqish sabablari va ularga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning chuqur va izchil ravishda tadqiq etilishi turli ko‘rinishdagi iqtisodiy sikl nazariyalarining vujudga kelishiga olib keldi.
Ko‘pchilik hozirgi zamon iqtisodchilari iqtisodiy sikllarning obyektiv tavsifini tan olib, bu hodisani unga ta’sir ko‘rsatuvchi ichki va tashqi omillarni tahlil qilish orqali o‘rganishni tavsiya qiladi. Iqtisodiy sikllarni tashqi omillarning mavjudligi bilan tushuntiruvchi nazariyani eksternal nazariya deb ataladi. Tashqi omillarga iqtisodiy tizimdan tashqarida yotuvchi va iqtisodiy hodisalarning davriy takrorlanishini keltirib chiqaradigan omillar kiritiladi. Bu tashqi omillar ichidan quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin:
urushlar, inqilobiy o‘zgarishlar va boshqa siyosiy larzalar;