Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sh. Shodmonov iqtisodiyot nazariyasi


-bob. MILLIY IQTISODIYOTNING MUVOZANATLI VA MUTANOSIBLI RIVOJLANISHI



Yüklə 3,83 Mb.
səhifə276/400
tarix25.09.2023
ölçüsü3,83 Mb.
#148372
1   ...   272   273   274   275   276   277   278   279   ...   400
IQTISODIYOT NAZARIYASI darslik

19-bob. MILLIY IQTISODIYOTNING MUVOZANATLI VA MUTANOSIBLI RIVOJLANISHI
Biz oldingi bobda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi siklli tavsifga ega bo‘lib, to‘lqinsimon harakatda bo‘lishini, inqirozlar vaqti-vaqti bilan takrorlanib turishini aytib o‘tdik. Bu bobda inqirozlarning oldini olish, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi mumkinligini o‘quvchi-talabalarimizga tushuntirishni maqsad qilib qo‘ydik.
Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishida uning muvozanatini va mutanosibligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Muvozanatlik iqtisodiyot nazariyasining muhim tadqiqot kategoriyalaridan biri bo‘lib, u orqali makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, ya’ni milliy daromad, iste’mol va jamg‘arma, investitsiyalar, ishsizlik va bandlik kabilarni tahlil qilishda keng foydalaniladi. Milliy iqtisodiyot miqyosida jamiyatning daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi muvozanat asosiy o‘rin tutib, bu yalpi taklif va yalpi talab o‘rtasidagi muvozanatning o‘ziga xos namoyon bo‘lishidir.
Ushbu bobda iqtisodiy muvozanat tushunchasi, uning mazmuniga turlicha yondashuvlar, ijtimoiy takror ishlab chiqarishning turli tomonlari, soha va tarmoqlari o‘rtasidagi mutanosibliklar tizimi, ularning ta’minlanish darajasi hamda iqtisodiyotdagi balanslarning mazmuni muvozanatlikning ko‘rinishi, amaliyotdagi ifodasi sifatida bayon qilinadi. Shuningdek, iqtisodiy muvozanatga erishishning davlat va bozor mexanizmlarini yoritib beriladi, eng muhimi iqtisodiyotda muvozanatlik va mutanosiblikni ta’minlash iqtisodiy inqirozlarning oldini olishning muhim vositasi ekanligiga alohida e’tibor qaratiladi.
19.1. Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni va namoyon bo‘lish shakllari
Iqtisodiyotning inqirozlarsiz, barqaror va samarali rivojlanishi uchun uning turli tomonlari, sohalari, tarmoqlari va bo‘laklari o‘rtasida ma’lum muvozanat bo‘lishi taqozo etiladi.
Iqtisodiyot bir-biri bilan chambarchas bog‘liqlikda amal qiladigan xilma-xil faoliyatlarni, turli sohalar, tarmoqlar, bo‘linmalar, majmualar, birlashmalarni, moliya, bank, soliq, sug‘urta, tashqi iqtisodiy aloqalar va boshqalarni o‘z ichiga oluvchi o‘ta murakkab tizim bo‘lib hisoblanadi. Iqtisodiyotning yaxlit tizim sifatida samarali amal qilishi ko‘p jihatdan uning tarkibiy qismlari o‘rtasidagi muvozanatlik va mutanosiblikka bog‘liq bo‘ladi.
Iqtisodiyotning muvozanatligini ta’minlash, eng avvalo, iqtisodiy maqsadlar – aholining o‘sib boruvchi talabini qondirish, iqtisodiy o‘sish, to‘la bandlik, iqtisodiy samaradorlik, narxlarning barqaror darajasi, iqtisodiy erkinlik, daromadlarning adolatli taqsimlanishi, ijtimoiy himoya, ijobiy savdo balansiga erishish bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi sababli ham ahamiyatlidir.
Iqtisodiy muvozanatlik va uning amal qilishi bilan bog‘liq hodisa va jarayonlarning mohiyatini chuqurroq tushunish, uni ta’minlashning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash, usullar va vositalaridan samarali foydalanish muvozanatlikning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunini bilishni taqozo etadi.
«Muvozanat» tushunchasi keng va umumiy holda qo‘llanilib, bu boradagi dastlabki taassurot va aniqliklarni hosil qilishda qo‘l keladi. Chunki, muvozanat tushunchasi nafaqat iqtisodiy, balki tabiiy-ijtimoiy hodisa va jarayonlarga ham tegishli bo‘lib, unga tabiat va jamiyatning har qanday jabha va sohasi nuqtai nazaridan yondashish mumkin. Masalan, kishilik jamiyati tarkib topib, taraqqiy etgunga qadar ham tabiatdagi muvozanatliklar – galaktikadagi koinot jismlarining joylashuvi, ularning bir-biriga nisbatan o‘zaro harakatlanish doiralari, shu jumladan Quyosh tizimi va uning ichida joylashgan sayyoralarning o‘zaro harakati, sayyoramizdagi ichki tabiat hodisalari – bularning barchasi muvozanatlikka asoslangan. Ya’ni, tabiat hodisalarini yuzaga keltiruvchi turli kuch va harakatlar
o‘rtasida tenglik, muvofiqlik holati mavjud bo‘ladi. Bu borada prof. D.Moskvinning muvozanatga bergan ta’rifi o‘rinli hisoblanadi: «Muvozanat – qarama-qarshi yo‘naltirilgan kuchlarning baravarlashishi holati»1.
Iqtisodiy muvozanat tushunchasi esa muvozanatning yanada aniqlashtirilgan, alohida, ya’ni bu o‘rinda iqtisodiyot sohasiga nisbatan olingan qismi hisoblanadi. Ayni paytda, bu tushuncha ham iqtisodiy hodisa va jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning umumiy holdagi tavsifini ifodalashda qo‘llaniladi.
Iqtisodiy muvozanat deb bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqlikda va ta’sirda amal qiladigan iqtisodiy jarayonlar, hodisalarning bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki yoki bir necha tomonining teng kelgan holatiga aytiladi. Shuning uchun ham butun iqtisodiyotning muvozanati to‘g‘risida gap borganda, eng avvalo uning bozor iqtisodiyoti davridagi asosiy ko‘rsatkichi sifatida yalpi talab va yalpi taklif o‘rtasidagi tenglik e’tiborga olinadi.
Makroiqtisodiyotda iqtisodiy muvozanatning shakllanishi, uni ta’minlash ancha murakkab va ziddiyatli jarayondir. Chunki u xususiy va umumiy tavsifdagi bir qator muvozanatlar tizimini o‘z ichiga oladi.
Iqtisodiy muvozanat kategoriyasining mazmunini to‘g‘ri tushuntirish uchun unga ikki tomonlama ya’ni qiymat va naflilik jihatdan yondashuv usulini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Iqtisodiy muvozanatlikning ikki tomoni – qiymat va naflilik jihatidan taxlili E.Shodmonovning tadqiqot ishlarida ancha batafsil berilgan. Bunda muvozanatlikning turli darajalari mazmunan farqlanilib, umumiy
muvozanatlikning qiymat va naflilik jihatidan tarkibi alohida tasvirlangan (19.2rasm).
Rasmdan ko‘rinadiki, milliy iqtisodiyot darajasidagi umumiy muvozanatning asosiy ko‘rinishi jamiyat barcha ehtiyojlari va milliy ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi tenglik bo‘lib, uning bozor iqtisodiyoti sharoitidagi aniq shakli – yalpi talab va yalpi taklif tengligi sifatida namoyon bo‘ladi. Biroq, hozirgacha aksariyat hollarda bu tenglik faqat qiymat miqdori jihatdan ta’minlanishi lozim, deb qaralmoqda. Fikrimizcha, bu o‘rinda miqdoriy tenglik faqat qiymat jihatidan emas, balki naflilik jihatidan ham ta’minlanishi lozim.

Chunki, yalpi talab va yalpi taklifning qiymat jihatidan tengligi har doim ham iqtisodiyotda muvozanatga erishilganligini anglatavermaydi. Chunki, ma’lum qiymatni namoyon etuvchi yalpi talabni faqat shuncha qiymatga teng tovar va xizmatlar ishlab chiqarish orqali qondirish u qadar mushkullik tug‘dirmaydi (biz ma’muriy-buyruqbozlik tizimi sharoitida buning yaqqol guvohi bo‘ldik).
Masalaning muhim va e’tiborli tomoni shundaki, haqiqiy ma’nodagi umumiy

1 Shodmonov E. Mamlakatni modеrnizatsiyalash jarayonida iqtisodiyotni muvozanatli va mutanosibli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari. Monografiya. Toshkеnt: Iqtisod-moliya, 2010. 13 b.
iqtisodiy muvozanat ta’minlanishi uchun yalpi talab va yalpi taklif nafaqat qiymat, balki naflilik jihatidan ham o‘zaro tenglashgan bo‘lishi lozim.
Naflilik – bu ne’matlarning inson ehtiyojini qondira olish xususiyati, iste’mol qiymatining namoyon bo‘lishi shaklidir. Yalpi talab va yalpi taklifning naflilik jihatidan tarkibi – bu jamiyatdagi mavjud talablarga turi, miqdori va sifati bo‘yicha mos keluvchi tovar va xizmatlar majmui hisoblanadi. Agar iqtisodiyotda A, V, S va boshqa turdagi tovarlardan talabga yetarli qiymatda yaratilgan bo‘lsa, biroq ularning har biri bo‘yicha miqdor va sifat jihatidan alohida talab qondirilmasa, u holda umumiy muvozanat ta’minlangan deb bo‘lmaydi.
Lekin milliy iqtisodiyot darajasidagi tovar va xizmatlarning yalpi talab yoki yalpi taklif sifatidagi yaxlit miqdorini natural ko‘rsatkichlar (tonna, kilometr, kubometr, litr va h.k.) orqali ifodalab bo‘lmaydi. Mazkur ko‘rsatkichlarning naflilik miqdorini faqat bir xil ko‘rsatkichga keltirib, pul ko‘rinishida umumlashtirish va o‘zaro tengligini taqqoslash hozirgi davrda bu boradagi to‘g‘ri va yagona yo‘ldir. Faqat bunda naflilik hamma tovar va xizmatlar turlari bo‘yicha o‘zgarmas, ya’ni taqqoslama narxlarda hisoblanishi lozim. Chunki o‘zgarmas narxlarda hisoblanib, pulda ifodalangan ko‘rsatkichlar naflilikning o‘zgarishini, ya’ni o‘sishini yoki kamayishini ko‘rsatadi.
Fikrimizcha, iqtisodiy muvozanatlikning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmunini ochib berishda uning amal qilishining asosiy tamoyillarini ma’lum tizimga keltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi (19.3-rasm).
Iqtisodiy muvozanatning iqtisodiy jarayon va hodisalar ikki yoki bir necha tomonining bir-biriga tengligi sifatida qaralishini ham uning asosiy tamoyillaridan biri sifatida baholash mumkin. Muvozanatlik holati ham iqtisodiyotdagi boshqa voqea, hodisa va jarayonlar kabi doimo harakatda, o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘ladi.
Shuning uchun muvozanatlikning vaqti-vaqti bilan izdan chiqib va yana qayta tiklanib turishi ham uning muhim tamoyillaridan biri deb hisoblanadi. Boshqacha aytganda, qandaydir holatda muvozanatlik mavjud deb faraz qilish mumkin bo‘lsa, u tez-tez o‘zgarib turadi hamda yana shunday tezlik bilan qayta tiklanadi. Bu jarayonni muvozanatlik nuqtasi atrofidagi tebranish sifatida tasavvur etish mumkin.

Iqtisodiy adabiyotlarda bildirilgan fikr-mulohazalarga asoslangan holda iqtisodiy muvozanatlik namoyon bo‘lishining quyidagi shakllarini keltirish mumkin (19.4-rasm).
Rasmdan ko‘rinib turibdiki, iqtisodiy muvozanatlik real hayotda shartsharoitga qarab turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin ekan. Bundan tashqari, iqtisodiyotning ko‘plab qismlari va sohalari o‘rtasidagi muvozanatlik balanslar ko‘rinishida ham namoyon bo‘ladi. Ayni chog‘da, iqtisodiyotning turli darajalardagi muvozanatligini ta’minlashda balans usulidan keng foydalaniladi.
Balans usuli – muayyan maqsadlarga erishishda mavjud resurslar va ulardan foydalanish miqdorlari o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash asosida muvozanatlikni o‘rnatishga qaratilgan usullar majmui. Bunda balanslar tizimidan foydalanilib, u o‘z ichiga moddiy (natural), qiymat (pul) va ishchi kuchi balanslarini oladi. Balans

1 Muallif tomonidan tuzilgan.
usulini qullash orqali umumiqtisodiy, hududiy, tarmoqlararo va ishlab chiqarish ichidagi muvozanatliklarning o‘rnatilishi va miqdoriy jihatdan ifodalanishi ta’minlanadi.

Tarmoqlararo balans – kengaytirilgan takror ishlab chiqarish, ya’ni mahsulotni ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol qilish jarayonlarini tavsiflovchi iqtisodiymatematik model bo‘lib, uning yordamida tarmoq va tarmoqlararo kesimda asosiy takror ishlab chiqarish nisbatlarining batafsil detallashtirilishi ta’minlanadi.
To‘lov balansi – ma’lum davr davomida muayyan mamlakatdagi pul tushumlari bilan chet mamlakatlarga barcha pul to‘lovlari o‘rtasidagi tenglikni ifodalovchi ko‘rsatkichlar tizimi. To‘lov balansida mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning turli ko‘rinishlari – tashqi savdo, kapital migratsiyasi, litsenziyalar savdosi, transport, turizm, xususiy shaxslar pul o‘tkazmalari va h.k. bo‘yicha hisob-kitoblar o‘z ifodasini topadi.
Ishchi kuchi resurslari balansi – mavjud ishchi kuchi resurslari va ulardan foydalanishning tengligini tavsiflovchi ko‘rsatkichlar tizimi. Mazkur balans iqtisodiyotning mutanosib rivojlanishini ta’minlashda ishchi kuchiga bo‘lgan talab hamda uni qondirish manbalarini o‘zaro taqqoslash imkonini beradi.
Aholi pul daromadlari va xarajatlari balansi – zaruriy mahsulotni pul ko‘rinishini olgan asosiy qismining xarakatini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlar tizimi. Balansning mazkur turi to‘lovga qodir talab va tovarlar taklifi, chakana tovar aylanmasi, puli xizmatlar hajmi va aholi omonatlari o‘rtasidagi tenglikni ta’minlashning asosiy usullaridan biri hisoblanadi.
Ushbu chora-tadbirlar soliq va kredit imtiyozlari bilan bir qatorda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay biznes muhitini yaratish maqsadida institutsional islohotlarni yanada chuqurlashtirishni ham o‘z ichiga oladi. Jumladan, O‘zbekistonda so‘nggi besh yil mobaynida investitsiyalarning yillik o‘sish sur’ati 9 foizdan ziyodni tashkil etmoqda.
Iqtisodiy muvozanatlikning mazmuni iqtisodiyotning turli sohalari, tarmoqlari va tomonlari o‘rtasidagi mutanosiblikni ko‘rib chiqqanimizda yanada oydinlashadi.

Yüklə 3,83 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   272   273   274   275   276   277   278   279   ...   400




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin