Muqaddasiy va uning “Ahsan at-taqosim” asarida berilgan toponomik ma’lumotlar Yirik arab geografi va sayyoh olim Muqaddasiy to`liq ismi sharifi Abu Abdulloh Muhammad Ibn Ahmad Ibn Abu bakr al-Muqaddasiydir. Olim 947 yili Quddusi sharifda tug`ilgan, butun dunyo musulmon mamlakatlari bo`ylab sayohat qilgan va 1000 yilda vafot etgan9.
Al-Muqaddasiy sayohat vaqtida to`plagan hamda boshqa manbalardan olingan aniq ma`lumotlar asosida 985 yili “Ahsan at taqosim fi ma`rifat al-aqolim” (“Iqlimlarni o`rganish uchun eng yaxshi qo`llanma”) asarini yozgan. Kitobning ikkita tahriri mavjud: birinchi tahriri 986 yili amalgam oshirilgan bo`lib Somoniylarga, 989 yilgi ikkinchisi esa Fotimiylarga bag`ishlangan.
Asar muqaddima va ikki qismdan iborat. Muqaddimada muallif asarning yozilish tartibini bayon etgan va o`zidan avval o`tgan geograf olimlarning asarlariga to`xtalib o`tgan. 14 ta bobida esa Arab xalifaligiga kiruvchi viloyatlarning geografik holati, tabiiy sharoitlari, yirik shaharlari, me’moriy yodgorliklari, aholisi, xo`jaligi, karvon yo`llari, urf-odatlari, soliq va jarima turlari, har bir mamlakatning mashxur kishilariga doir aniq ma`lumotlar berilgan.
Asarning keyingi boblarida ajam mamlakatlari (Xuroson, Seiston, Movaraunnahr) tavsiflangan. Birinchi qismda arab mamlakatlari, Arabiston yarim orolida joylashgan mamlakatlar Iroq, Mesopatamiya, Suriya, Misr, Mag`rib hamda kichik Osiyoning geografik holati, mashxur shaharlari osor-atiqlari har bir mamlakat va viloyatning ma`muriy tuzilishi haqida ma`lumotlar keltirilgan.
“Ahsan at-taqosim” ijtimoiy-iqtisodiy tarixiy hamda madaniy hayotga oid qimmatli ma`lumotlari bilan boshqa geografik asarlardan ajralib turadi va arab mamlakatlari, shuningdek O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy tarixini o`rganishda muhim manba bo`ladi.
Asarning arabcha matni de Gue tomonidan 1877-yili chop etilgan edi. U yana 1906-1967-yillari nashr etildi.
Bu asarda ko`plab toponomik ma`lumotlar rivoyat va afsonalar keltirilgan. Jumladan Xorazm toponimi haqida shunday rivoyat keltirilgan. Podsho g`azabnok bo`lib o`zining bebosh fuqarolarini kimsasiz uzoq joyga badarg`a qilinishini buyuradi. Lekin bu yerda o`tin va go`sht (ya`ni Amudaryoda baliq) ko`p bo`lganligidan ular omon qoladilar. Musofirlar bu o`lkani obod qilib, Xorazm deb atadilar(xovar-go`sht, azim-o`tin).
Farg’ona so’zi haqida ham rivoyatlar bor. Masalan, Farg’onani Nushirvon (Anushirvon) bunyod qilgan va podsho bu yerga har bir joydan bittadan qabila olib kelgan ekan. Shunday qilib, turli joylardan kelgan kishilar imoratlar qurib, ekinlar ekkan. Kishilar ularni turli joylardan kelganligidan Az, har, xona “turli xonadonlardan kelganlar” deb atay boshlaganlar. So’ngra az qo’shimchasi tushib qolib, Harxona bo’lib ketgan , bu esa bora-bora Farg’ona shaklini olgan emish.
Bundan tashqari Muqaddasiy ma`lumotlariga ko`ra, Chag`aniyonda 1600 ga yaqin qishloq bo`lgan. Sayyoh Farg`onada Axsikat, O`zgand, O`sh, Qubo, Marg`inon, Rishton, Koson, Bob,(Pop) Asht, Avval, Andukon,(Andijon), Xuqand(Qo`qon) kabi 40 ta shahar hamda jomiy masjidli qishloqni sanab o`tadi. Muqaddasiy va arab geograflarining asarlarida nomlari hozirgacha saqlanib qolgan toponimlar tilga olingan: Zomin, Jizzax, Sobot, Xovos, Kurkat, Samg`ar, Xo`jand va boshqalar10.
Bu kabi ma`lumotlar Vatanimiz toponimiyasini qamidiy ekanligini ko`rsatadi.
Ibn Havqal va uning “ Kitob ul-masolik va-l-mamolik” asarida berilgan toponomik ma’lumotlar O’z davrining ko’zga ko’ringan yirik geograf olimi va sayyohi bo’lgan Ibn Havqalning to’liq ismi Abulqosim ibn Havqal an-Nisibiy bo’lib, nasabiga ko’ra olim Shimoliy Mesopotamiyada joylashgan Nasibin shahridan chiqqan.
Ibn Havqal 943-yildan boshlab savdogar sifatida turli mamlakatlar Markaziy Afrika, Ispaniya, Italiya, Eron Hindiston bo’ylab sayohat qilgan. U Istaxriy bilab shaxsan uchrashgan. Uchrashuv vaqtida Istaxriy go’yoki undan o’z asaridagi xato va chalkashliklarni xalos qilish va qaytadan ushlashni iltimos qilgan.
“Men,- deb yozadi Ibn Havqal, - uning kitobidagi bir emas, bir necha xaritalarni tuzatdim, so’ngra ushbu o’z kitobimni yozishga qaror qildim. Istaxriy kitobida uchragan xatolarni tuzatdim, kitobimga bir nechta xaritalarni ilova qildim va ularni izohlab berdim”.
Ibn Havqalning asari “Kitob ul-masolik va-l-mamolik” (“Yo’llar va mamlakatlar haqida kitob”) yoki qisqacha “ Kitob surat al-ard” (“Yerning surati”) nomi bilan mashhur bo’lib, Hamadoniylardan Sayfulla Ali I (945-967) ga bag’ishlangan11. Uni yozishda muallif sayohatlari vaqtida to’plagan, savdogarlardan so’rab-surishtirib yiqqan materiallardan hamda Ibn Xurdodbeh, al-Jayhoniy, Qudama asarlaridan foydalangan. Kitobda tavsiflangan har bir mamlakat va viloyatning xaritasi ham berilgab. Masalan, Movarounnahr qismiga ilova qilingan xaritada Jayhun (Amudaryo), Buxoro, Samarqand, Usrushana (O’ratepa), Ispijob (Sayram) , Shosh va Xorazm shaharlari va viloyatlari tasvirlangan. Asarda turk va g’uzzlar, ularning mashg’uloti,shuningdek, Movarounnahr shaharlari, xalqlari xususida keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda qimmatlidir.
“Kitob ul-masolik va-l-mamolik” asarining arabcha matni ikki marta M.Ya. de Guye (1878) hamda Kramers tomonidan (1938-1939) chop etilgan. Kramers nashri (u 1086-yili ko’chirilgan va hozir Istanbul kutubxonalaridan birida saqlanayotgan mo’tabar qo’lyozmaga asoslangan ) birmuncha noyob nashr sifatida qadrlanadi.
Istaxriy, Ibn Havqal, Muqaddasiy kabi arabinavis olimlarning asarlari Toshkent shahri toponimlarini o’rganish bo’yicha muhim manba hisoblanadi. Jumladan, olimlar o’z asarlarida Shosh viloyatining markazi Binkat shahri deb ko’rsatganlar. Binkat hozirgi Eskijo’va va Chorsu oralig’ida bo’lgan. Binkat nomi forscha –tojikcha bo’lib, “ko’rimli shahar demakdir” . Istaxriy o’z asarida Shosh viloyatidagi 27 ta shahar va qishloqni nomini tilga olgan. Ohangaron vodiysida qayd qilingan 14 ta shahar-qishloqning 7 tasi kat qo’shimchali nomlardir.
Jumladan, Muqaddasiy o’z asarida Zarankent qishlog’ini tilga olgan. V.V.Bartold bu qishloqni hozirgi Zarkent bo’lishi mumkin degan. Bu qishloq hozirda Toshkent viloyati Parkent tumaniga to’g’ri keladi. Shuningdek, Namangan viloyati Yangiqo’rg’on viloyatida ham shu nomli qishloq bor.
Ko’hisim – o’rta asrlarda Shosh viloyatida qayd qilingan kon va qishloq. Arab geograflari asarlarida Ko’hi sim “kumush tog’i” tarzida keltirilgan. Konning arabcha nomi Ma’dani Shosh.
Parak- Chirchiq daryosi nomlaridan biri. Arab geograflari bu daryoni Nahri Turk deb atashgan. Istaxriy bu daryoni Nahri Turkiston deb aniq yozgan.
Piskent- Piskent tumani markazi. Arab geograflari dastlab o’z asarlarida Biskat Shaklida tilga olishgan. Piskom arab manbalarida Biskom shaklida tilga olingan.
Xotunkat- O’rta asrlarda Toshkentdan 2 farsax narida ,bo’lgan shahar. Arab geograflari asarlarida tilga olingan. Xotun qadimiy turk tilida “oyim, xonim” ma’nosida bo’lgan.
Chinoz- arab geograflari o’z asarlarida Jinanjkat shaklida keltirishgan.Bu shahar hozirda Chinoz tumani markazi hisoblanadi. Manbalarda turli nomlarda uchraydi. Jumladan, chinos degan urug’ nomidan olingan. Chinos mog’ulchada chin – bo’ri, -s esa ko’plik affiksi12 ya’ni bo’rilar yashaydigan joy degan ma’noda ham ishlatilgan.