Toshkent davlat sharqshunoslik instituti markaziy osiyo xalqlari tarixi va manbashunosligi kafedrasi markaziy osiyo tarixiy geografiyasi



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə9/40
tarix26.12.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#197337
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   40
Исхоков Тарихий география

Bog‘i Behisht. Bu bog‘ juda katta. Unda ko‘plab mevali va salqin soya beradigan daraxtlar o‘sadi. Uning o‘rtasida hashamatli, chiroyli bino qad ko‘tarib turardi, xochga o‘xshatib qurilgan va ko‘rkam ziynatlangan. Binoning o‘zida uchta ayvon bor, eng kattasi arksimon qilib qurilgan va unda senor (Temurbek) o‘tiradi; [bino] sahni va devorlar koshinkori qilingan.
Bog‘i Nav. Samarqand shahri yaqin – atrofida Sohibqiron qurdirgan bog‘lar ichida eng hashamatlisi, oxirgi barpo etilgani Bog‘i Nav edi. Undagi ko‘shk boshqa bog‘lardagi ko‘shklardan o‘zining kattaligi bilan ajralib turishini Klavixo ham Sharafiddin Ali Yazdiy ham ta’kidlaydilar. Bog‘i Nav tavsifi Yazdiy “Zafarnoma”sida batafsilroq berilgan. Uning yozishicha mazkur bog‘ Bog‘i Shimolning janubida joylashgan va to‘rt tomondagi devorlarining har biri uzunligi 1500 shar’iy gaz (taxm. 1 km) bo‘lib, o‘rtasida hashamatli shohona qasr qad rostlab turgan. Bu ko‘shk xorijiy ustalar tomonidan marmar toshlar, favvoralar, koshikorilar bilan o‘ta chiroyli tarzda ziynatlangan edi .
Amir Temur barpo etgan bu bog‘larning hashamati haqida tarixchi Ibn Arabshoh ham eslatib o‘tgan.
“Boburnoma”da Amir Temur saltanatida yaratilgan bog‘lar sanab o‘tilganda, ularning joylashgan o‘rni ham qayd etilgan: Bog‘i Bo‘ldu va Bog‘i Dilkusho - sharq tomonda; Bog‘i Chinor – janubda, qal’aga yaqin yerda; Bog‘i Shimol va Bog‘i Behisht – g‘arb tomonda; Naqshi jahon bog‘i – Pushtai Ko‘hakning etagida, Obirahmat arig‘i bo‘yida. Bobur Samarqandda bo‘lgan kezlarda, ya’ni XVI asr boshida bu bog‘ tugab, uning nomi ham saqlanmagan ekan.

Mazkur davrda qishloq xo‘jaligi bilan bir qatorda hunarmandchilik va savdo ham rivojlangan. Amir Temur o‘z tasarrufiga kiritgan joylardan ko‘plab hunarmandlarni Movarounnahrga, xususan Samarqand shahri va viloyatiga ko‘chirib keltirgandi. Mazkur davrda hunarmandchilik nihoyatda o‘sdi. Klavixo Samarqand shahri Amir Temur saltanatida hunarmandchilik va xalqaro savdo markazi bo‘lganini alohida ta’kidlagan:
“ Bu shaharda turli mollar juda ko‘p va ular har xil mamlakatlardan oqib keladi...Bu o‘lkada ipak mato, atlas, kimxob, sandal, tafta, tersenal (jun mato) ham ishlab chiqariladi... Har yili Samarkante shahrida ko‘plab Katay (Xitoy), Hind (Hindiston), Tartaliya (Oltin O‘rda) va boshqa turli joylardan hamda [Samarqand] yeri – (podsholigi) ning o‘zidan keltirilgan mollar savdo qilinadi. Shaharda bemalol savdo-sotiq ishlari olib borish uchun maxsus maydon bo‘lmagani sababli, senor (Temurbek) butun shaharni kesib o‘tuvchi yo‘l o‘tkazishni va uning ikkala tomoniga savdo do‘konlari qurishni buyurdi”.
Temuriylar davri yozma manbalarida Samarqand shahri va viloyatining tabiati va xo‘jaligi haqidagi ma’dumotlar tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, o‘z davri nuqtai nazaridan mavjud tabiiy sharoit imkoniyatlaridan bog‘dorchilik, dehqonchilik va chorvachilik sohalarida keng foydalanilgan va shu asosda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Sohibqiron Amir Temur Samarqand shahrini o‘zining ulkan davlati uchun poytaxt qilib belgilaganda ham birinchi navbatda mazkur imkonichtlardan kelib chiqqan.
Shahrisabz qadimiyligi va O‘rta Osiyo tarixida muhim o‘rin egallagani tufayli, bu shahar haqida ma’lumotlarni turli davrlarda yozilgan manbalarda uchratish mumkin. Keyingi ming yillikda yozilgan tarixiy, geografik va boshqa asarlarga nazar tashlaganda, ulardan ba’zilaridagina bu shahar haqida bir muncha tafsilotlar berilganini, ayrim manbalarda esa, qisqa eslatmalargina o‘rin olganini ko‘rish mumkin. Quyida Shahrisabz tarixi aks etgan ayrim yozma manbalardagi (XV asr oxirigacha) ma’lumotlarni keltirdik.
Tarixi Tabariy-Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy (224/839 – 310/923) “Tarix ar-rusul va-l-muluk”, umumiy tarixga oid asar, qadimdan to 303/915 yilgacha bo‘lgan tarixiy voqealar bayonini, jumladan, O‘rta Osiyoning VII-IX asrlar tarixini o‘z ichiga oladi (138) .
Mazkur manbada Kesh (Shahrisabz) arab qo‘shinlarining uzoq muddat ikki yillik (hijriy 80-82/milodiy 669-702 yillar) qamaliga matonat bilan qarshilik ko‘rsatgani va arablar to‘lov olish bilan kifoyalanib qaytib ketganlari qayd etilgan. 85 /704 yil voqealari bayonida esa, Kesh va Samarqand hukmdorlari birgalikda arablarga qarshi jang qilib g‘alaba qozonganlari, so‘ngra arablarga qarshi Kesh, Nasaf va Buxoro qo‘shinlari birlashganlari haqida yozilgan. 91 /709-710 yili arablar Keshni bosib oladilar. Lekin Kesh arablarga qarshi ozodlik kurashida keyingi yillarda ham Movarounnahrdagi asosiy shaharlardan bo‘lgan. Chunonchi, Abu Muslim (taxm. 727-755) harakati (747-750) yillarida Kesh muhim o‘rin egallagan. Kesh dehqoni – hukmdori Ixrid 134/746-747 yili Abu Muslimga qarshi chiqadi, jang qiladi va halok bo‘ladi. 161/777-778 yili Muqanna qo‘zg‘oloni chog‘ida Kesh qo‘zg‘olon markazi bo‘lgani va Muqanna bu shaharni o‘ziga qarorgoh qilib, 163/779-780 yili shu yerda (mag‘lubiyati aniq bilingach) zahar ichib o‘lgani tafsilotlari ham ushbu manbada berilgan.
“Kitob al-masolik va-l-mamolik” – Abu Zayd Balxiy, Istaxriy va Ibn Havqal ijodi mahsulidan iborat geografik asar. Unda yozilishicha, IX-X asrlarda Kesh qal’a (kuhandiz), shahar qo‘rg‘oni (hisn) va shahar atrofi (rabaz) qismlardan iborat bo‘lgan. Qal’a arablar istilosi davrida xarob etilganicha, hali tiklanmagan edi. Shaharning kattaligi eniga va bo‘yiga 2 km dan ortiqroq masofani tashkil etgan va 4 ta darvozasi (tashqi devorda 2 ta darvoza) bo‘lgan. Shahar yonidan daryo oqib o‘tishi, iqlimi issiqligi, mevalar mo‘l-ko‘lligi ta’kidlangan (139).
Hudud ul-olam, muallifi noma’lum, X-asrda forsiy tilda yozilgan geografik asar (140). Mazkur asarning Movarounnahr tavsifi qismida Kesh haqida ham ma’lumot bor. Unda shaharning shahriston, kuhandiz va rabazi borligi, uning yonidan oqib o‘tuvchi daryo suvidan dehqonchilikda foydalanishi, yaqinidagi tog‘lardan tuz va boshqa qazilma boyliklar qazib olinishi yozilgan.
Abubakr Muhammad b. Ja’far Narshaxiy (899-959) “Buxoro tarixi” (943-944 yillarda yozilgan) nomli asarda, asosan, Buxoroning o‘rta asrlardagi tarixi, haqida hikoya qilinsa-da, ayni paytda, Movarounnahrda kechgan tarixiy kechinmalarga ham o‘rin berilgan. Shu munosabat bilan Kesh shahri va viloyati ham bir necha marta eslatib o‘tiladi. Chunonchi, Sug‘d, Kesh va Naxshabdan 120000 kishilik qo‘shin yig‘ilib arablarga qarshi jangga shaylangani, Kesh va Naxshabdan katta lashkar to‘planib Qutaybaga qarshi chiqqani, Muqanna qo‘zg‘oloni va uning Kesh viloyatida qo‘llab-quvvatlangani, qattiq janglar bo‘lgani xususida ancha batafsil yozilgan (141).
Qonuni Mas’udiy. Abu Rayhon Beruniy asari. Undagi shaharlar jadvali qismida Kesh beshinchi iqlimdagi shaharlar tarkibida berilgan va koordinatalari –geografik uzunligi 88 0101, geografik kengligi 390501 ko‘rsatilgan (142).
Abu Sa’d Abdulkarim b. Muhammad as-Sam’oniy (1113-1167) “Kitob al-ansob”, XII-asrda yozilgan qomusiy asar: unda O‘rta Osiyo tabiati, xo‘jaligi, shaharlari, olim va fuzalolari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan, Kesh alohida viloyat sifatida tavsiflangan ; Kesh shahri Naxshabga nisbatan kichikroq va mahalliy aholi shahar nomini «Kishsh» shaklida talaffuz qiladi, deyiladi. Kesh viloyatida esa o‘nta qishloqning nomi va o‘rni qayd etilgan. Qur’on, hadis va fiqh sohalarining yetuk olimlaridan Abulmuhammad Abdulhamid b. Humayd al-Keshiy (vaf. 863 y.) ismi ham eslatilgan (143).
Yoqut al-Hamaviy (1179-1229) “Mu’jam al-buldon”. Sharq mamlakatlari, jumladan, O‘rta Osiyo haqida geografik va tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan muhim qomusiy manba (144). Mazkur asarda Kesh shahrining nomi arabcha talaffuzda “Kis” shaklida yozilgani aytilgan: Kesh shahri va viloyatidagi qishloqlar haqida qisqa geografik ma’lumotlar berilgan.
Mo‘g‘ullar istilosi davrida manbalarda Kesh haqida ma’lumot kam uchraydi. Ushbu davrda yozilgan Juvayniy “Tarixi jahongushoy”, Ibn al-Asir “Tarix al-komil”, Rashidaddin Fazlulloh “Jome’ at-tavorix”, Ibn Battuta “Tuhfat an-nuzor” asarlaridan shahar tarixi haqida ayrim ma’lumotlar olish mumkin. Ularga asoslangan holda, mo‘g‘ullar bosqini chog‘ida Naxshab (Nasaf) xarob etilgan va XIII-asr hamda XIV-asr boshlarida vohada Kesh yuqori mavqega ega bo‘lgan, degan xulosa chiqadi. Mazkur manbalar ichida Rashiddaddin asarida bevosita Keshga daxldor xabarlar berilgan.
Rashidaddin Fazlulloh (1247-1318 yillar) “Jome’ at-tavorix”, turkiy xalqlar tarixi va mo‘g‘ullar istilosi voqealariga oid asar: 1300-1311 yillarda yozilgan: to‘rt jilddan iborat (to‘rtinchi jild geografiyaga oid bo‘lib bizgacha yetib kelmagan) (145). Rashidaddin yozishicha, 1253 yili mo‘g‘ullar davlatining oliy hukmdori Mengu-qoon (1251-1260) Hulogu To‘li o‘g‘lini Eronzamin va unga yondosh o‘lkalarga hukmdor etib tayinlaydi. Ushbu farmon asosida, Hulogu 1254 yili Mo‘g‘ullar davlatining poytaxti Qoraqurumdan yo‘lga chiqib, 1255 yil kuzida Samarqandga yetib keladi, undan so‘ng Keshga o‘tadi va bir oy muddat shu shaharda bo‘ladi. Hulogu Keshda turganida g‘arbiy tobe joylardan (Rum, Fors, Iroq, Xuroson, Ozarbayjon, Arron, Shirvon, Gurjiston, Tus, Hirot) hukmdorlar uning huzuriga ta’zimga keladilar.
Chig‘atoy ulusining hukmdori Buroqxon (1265-1269) o‘g‘li Bek-Temurni Kesh va Naxshabga hokim etib tayinlagani, o‘zi esa 1269 yili Eronga muvaffaqiyatsiz yurish qilgani, shuningdek, 1272 yili Abaqaxon qo‘shinlari Eronzamindan Movarounnahrga, jumladan, Kesh va Naxshabga ham chopqin yasaganlari haqida ham mazkur asarda xabar berilgan.
Kesh (Shahrisabz) tarixi temuriylar davri tarixiga oid manbalarda ancha keng yoritilgan va buning asosida Amir Temurning davlatchilik faoliyati yotadi. Ana shu davr manbalarida «Kesh» toponimi bilan bir qatorda “Shahrisabz” degan nom ham muomalaga kiritilgan. Shahrisabz Amir Temurning vatani bo‘lgani sababli, tug‘ilganidan to hokimiyatni egallab, davlati poytaxtini Samarqandga ko‘chirgunga qadar, uning hayoti bevosita shu shaharda o‘tgan. Undan keyingi yillarda ham Amir Temur Shahrisabz obodonchiligiga katta e’tibor berdi.
Shahrisabzning Amir Temur va temuriylar davri tarixi Nizomiddin Shomiy, Muiniddin Natanziy, Rui Gonales de-Klavixo, Ibn Arabshoh, Hofizi Abru, Sharafiddin Ali Yazdiy, Fasih Ahmad Xavofiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Zahiriddin Bobur, Mirzo Haydar qalamlariga mansub asarlarda o‘z aksini topgan. Quyida ulardan ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz.
Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma», bevosita Amir Temurning topshirig‘i asosida 1402-1404 yillar davomida yozilgan va Amir Temur saltanati tarixi aks etgan dastlabki mukammal asar.”Zafarnoma”da Shahrisabz haqida XIV-asr 60-yillaridan boshlab tarixiy ma’lumotlar uchraydi. Unda Tug‘luq Temurxon farmoni bilan Shahrisabz va unga yondosh hududlar to Jayhun (Amudaryo)gacha Amir Temurga mulk qilib berilganligi, keyinchalik, uning mo‘g‘ullarga qarshi harakatlari, Amir Husayn bilan jang-jadallari bir qismi Kesh va o‘sha atrof hududlarda kechganligi haqida yozilgan: shuningdek, Amir Temurning Shahrisabzda ulkan qurilishlar qilgani ham ta’kidlab o‘tilgan .
Rui Gonsales de Klavixo. “Samarqandga Temur saroyiga qilingan sayohat kundaligi”. Klavixoning 1403-1406 yillarda Ispaniya qirolining elchisi sifatida Samarqandga tashrifi chog‘ida yozilgan safarnoma. “Kundalik”da Kesh (Shahrisabz)da Amir Temur davrida barpo etilgan qo‘rg‘on, saroy, ko‘shk, madrasa, xonaqoh, bog‘lar haqida qimmatli ma’lumotlar yozilgan va bu tafsilotlarning bir qismi boshqa manbalarda uchramaydi.
Ibn Arabshoh (1389-1450) “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” («Temur tarixida taqdir ajoyibotlari»), 1436 yili yozib tugallangan. Ibn Arabshoh asarining o‘ziga xos tomoni, unda Amir Temur davlatida, xususan, Movarounnahrda iqtisodiy yuksalish va madaniy hayot bobida, shu jumladan, Shahrisabz to‘g‘risida muhim ma’lumotlar aks etgan: Amir Temurning aniq tug‘ilgan joyi, ya’ni Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘i ekanligi faqat shu manbada qayd etilgan (148).
Hofizi Abru (vaf. 1430 y.) “Geografiya” (1414-1420 yillarda yozilgan) va “Zubdat at-tavorixi Boysung‘uriy” (1423-1427 yillarda yozilgan).
Ushbu asarlarda Kesh (Shahrisabz) haqida tarixiy va geografik ma’lumotlar bilan bir qatorda, Amir Temur hukmdorligi yillarida ushbu shaharda qurilgan hashamatli binolar - Oqsaroy ko‘shki, Dorussaodat, ko‘plab madrasa, xonaqoh, rabot, hovuzlar, bog‘-rog‘lar bunyod etilganligi ham yozilgan. “Zubdat at-tavorix” asarining yana bir qimmatli tomoni, unda Amir Temurning shajarasi haqida, ayniqsa Kesh (Shahrisabz)da yashagan Qarochor nuyonning farzandlari va ularning keyingi avlodlari xususida muhim tafsilotlar mavjud. Mazkur manbada Amir Temur vafotidan so‘ng Samarqand taxtini egallagan Xalil Sulton bilan Mirzo Sulton Husayn o‘rtasida 1405 yili Kesh viloyatida sodir bo‘lgan muhoraba haqida ham hikoya qilingan.
Sharafiddin Ali Yazdiy (vaf.1454 y.) “Zafarnoma”. Mirzo Shohruxning o‘g‘li Ibrohim Sulton buyrug‘i va bevosita nazorati ostida 1420-1425 yillar davomida yozilgan asar; “Muqaddima” va asosiy qism (“Zafarnoma”) dan iborat. “Muqaddima” Amir Temur nasabi bilan bog‘liq turkiy sultonlar va Chig‘atoy ulusida hukmronlik qilgan xonlar haqidagi tarixni, asosiy qism esa, Amir Temurning davlatdorlik tarixi bayonidan iborat.
“Zafarnoma” aniq ma’lumotlarga boyligi va yuksak badiiy mahorat bilan yozilganligi bilan ushbu mavzuda bitilgan boshqa manbalardan farq qiladi. Asarning asosiy qismi XVI asrda Ko‘chkunchixon (1510-1530) buyrug‘i bilan Muhammadali ibn Darvishali Buxoriy tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilgan va bu tarjima 1997 yili kirill alifbosida chop bo‘ldi.
“Zafarnoma”da Shaxrisabzga oid tarixiy ma’lumotlar ham ancha batafsil berilgan. Chunonchi, Amir Temurning shu shahar yaqinida tug‘ilib, o‘sib-ulg‘ayganligi, so‘ngra mo‘g‘ullar istilosiga qarshi kurashlari, Amir Husayn bilan munosabatlari va shahar obodonchiligi bobidagi bunyodkorlik faoliyati bu asarda ancha aniq o‘z ifodasini topgan.
Fasih Ahmad Xavofiy (1375-1442) “Mujmali Fasihiy”, 1441 yili yozilgan, tarixiy voqealarning solnoma uslubidagi bayonidan iborat. Asarda Shahrisabz bilan bog‘liq voqealarda Amir Temurning tug‘ilishi va Keshga hokim etib tayinlangani, shahar qo‘rg‘oni va Oqsaroy ko‘shkini bunyod qilgani kabilar yillar tartibida izohlab o‘tilgan.
Abdurazzoq Samarqandiy (1413-1482) “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”. Temuriylar saltanati tarixini o‘z ichiga olgan asosiy manbalardan biri, 1467-1470 yillarda yozilgan: ikki jilddan iborat; birinchi jild – O‘rta Sharq mamlakatlarining XIV-asrdagi tarixi, ikkinchi jild – Temuriylar saltanati (XV asr) tarixi. Asarning ayrim qismlari o‘zbek tiliga o‘girilib chop etilgan (154).
“Matlai sa’dayn”da Kesh (Shahrisabz)ga oid ma’lumotlar ham o‘rin olgan. Jumladan, Amir Temur vafotidan so‘ng, Xalil Sultonning Samarqandda hokimiyatni egallagani sababli, jiddiy nizolar kelib chiqqanligi va to 1411 yilgacha, ya’ni Movarounnahr uzil-kesil Mirzo Shohrux ixtiyoriga o‘tgunga qadar, bu o‘lkada jang-jadallarning asosiy qismi Kesh va uning yaqin atroflarida yuz berganligi voqealari mufassal bayon qilingan.
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) “Boburnoma”. Temuriylar saltanati tarixining XV asr oxirgi choragi va XVI asr boshlariga oid, shuningdek, Boburiylar hukmdorligining XVI asr birinchi choragi tarixidan hamda Markaziy Osiyo va Hindiston tarixiy geografiyasidan hikoya qiluvchi memuar asar. “Boburnoma”ning uncha to‘la bo‘lmagan nusxasigina bizgacha yetib kelgan; qo‘lyozmalari Angliya (London) va Hindiston (Haydarobod) kutubxonalarida saqlanadi: ko‘plab nashrlari mavjud.
Zahiriddin Bobur mazkur asarida Kesh (Shahrisabz)ning geografik tavsifini beradi va Amir Temur tomonidan barpo etilgan ulkan imoratlar, devonxonalar, madrasa, xonaqoh va maqbaralar haqida yozarkan, Kesh shahri butun Movarounnahrda Samarqanddan keyingi o‘rindagi eng katta qo‘rg‘ondir, deb ta’kidlab o‘tadi. Shuningdek, “Boburnoma”da 1497-1500 yillar siyosiy voqealarida Kesh shahri va viloyati temuriylarning shayboniylarga qarshi kurashida asosiy tayanchi bo‘lganligi ham qayd etilgan.
Mirzo Muhammad Haydar (1499-1551) “Tarixi Rashidiy”. Tarixiy asar, unda O‘rta Osiyo va unga yondosh hududlar tarixi, asosan, Mo‘g‘uliston xonlarining XIV-XVI asr birinchi yarmi oralig‘idagi hukmdorligi tarixi xususida so‘z boradi. Muallifning o‘z davriga oid tarixiy ma’lumotlar sarguzasht (memuar) uslubida yozilgan va aniq tarixiy voqealarni o‘z ichiga oladi. Mazkur manba ingliz va rus tillariga o‘girilib chop etilgan.
“Tarixi Rashidiy”da XVI asr boshlari tarixiy voqealari bayonida Shahrisabz ham tilga olingan. Mazkur asarda shahar nomi «Shahrisabz» shaklida qayd etilgan. Ushbu manbada yozilishicha, Shayboniyxon 914 (1508-1509) yili Shahrisabzni iqto tarzida Mirzo Haydarning otasiga beradi va u oilasi bilan bu shaharga ko‘chib kelib ma’lum muddat shu yerda yashaydi.
Yozma manbalarda Qarshi shahrining tarixiy-geografiyasi
O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan bo‘lmish Naxshab (Nasaf), keyinchalik Qarshi deb nomlangan shahar tarixi qadimgi va o‘rta asrlar yozma manbalarida ham aks etgan. Quyida biz Qarshi shahrining o‘rta asrlar (XV asr oxirigacha) manbalarida qayd etilgan tarixi haqida to‘xtalamiz.
Tarixi Tabariy” da keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, arablarning Movarounnahrga yurishlari chog‘ida Qarshi vohasida Nasaf shahri aholisi qattiq qarshilik ko‘rsatgani aytilgan. Arab lashkarboshisi Qutayba ibn Muslim uch yil (hijriy 89-91/milodiy 708-710 yillar) davomida Nasafga yurishlarqilib, g‘alabaga erishaolmay, dastlab sulh tuzish bilan cheklangan va hijriy 91 (milodiy 709-710) yilga kelibgina shaharni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Abu Muslim (taxm. 727-755) harakati (747-750) yillarida Nasaf Movaroun­nahrdagi asosiy shaharlardan bo‘lgan .
Kitob al-masolik va-l-mamolik” - Abu Zayd Balxiy, Istaxriy va Ibn Havqal ijodi mahsulidan iborat geografik asar. Unda yozilgan tavsifga ko‘ra Nasaf shahri uch qism - kuhandiz (qal’a), madina (shahriston), rabad (shahar atrofi) qismlardan iborat bo‘lgan va devor bilan o‘ralgan, unga shahardan chiqadigan asosiy yo‘llar yo‘nalishida Buxoro, Samarqand, Kesh, Gubdin nomlaridagi to‘rtta darvoza o‘rnatilgan. Asarning Ibn Havqal tahriridagi nusxasida Nasaf shahrining topografiyasiga oid tafsilotlar beriladi hamda unda hokimning saroyi, bozor va shahar devori bilan rabad oralig‘ida musallo (namozgoh) joylashganligi qayd etilgan.
Hudud-ul-olam” – muallifi noma’lum, X asrda forsiy tilda yozilgan geografik asar (3). Ushbu asarning Movarounnahr qismida quyidagi tavsif o‘rin olgan: “Naxshab – bu to‘kin-sochin va obod shahardir, ekinzorlari ko‘p; uning shahar o‘rtasidan oqib o‘tuvchi bitta daryosi (rud) bor.
Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (899 – 959) “Buxoro tarixi” (943 – 944 yillarda yozilgan) nomli asrda ko‘proq Buxoro shahri va viloyati haqida so‘z borsa-da, lekin Movarounnahrga tegishli tarixiy kechinmalar to‘g‘risida ham umumiy ma’lumot berilgan. Shu munosabat bilan Nasaf shahri ham tilga olingan. Chunonchi Sug‘d, Kesh va Naxshabdan 120000 kishilik lashkar yig‘ilib arablarga qarshi jangga shaylangani, Kesh va Naxshabdan katta lashkar to‘planib Qutaybaga qarshi chiqqani, Muqanna qo‘zg‘oloni va uning bu yerlarda qo‘llab-quvvatlangani, qattiq janglar bo‘lgani xususida ancha batafsil yozilgan.
Qonuni Mas’udiy” – Abu Rayhon Beruniy asari. Undagi shaharlar jadvali qismida Nasaf shahrini Sug‘dning chegarasida joylashgan, deb yozilgan va uning geografik koordinatalari, boshlang‘ich meridianni “Al-jazoir as-Sa’da“ (“Saodat orollari”) dan hisoblaganda, geografik uzunligi – 88° 0' va geografik kengligi ekvatordan shimolda – 39° 40' deb ko‘rsatilgan .
Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy (1113 – 1167) “Kitob al-ansob”, X11 asrda yozilgan qomusiy asar: unda O‘rta Osiyo tabiati, xo‘jaligi, shaharlari, olim va fuzalolari haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Naxshab shahri ushbu viloyatdagi eng katta shahar sifatida tavsiflangan. Asarda shahar nomi Nasaf shaklida qayd etilgan va unda uchta mahalla (Boyon, Al- Vassof, Jo‘ybor), to‘rtta asosiy ko‘cha, ikkita masjid, jumladan jome’ masjid joylashgan, deyiladi. Shahar devoriga o‘rnatilgan darvozalarning nomlari: Samarqand, Buxoro, Kesh, Gubdin, Al-Maqsura. Nasaf viloyatida esa, qirqdan oshiq aholi maskani nomlari sanab o‘tilgan .
Yoqut Hamaviy (1179–1229) “Mu’jam al-buldon”. Sharq mamlakatlari, jumladan, O‘rta Osiyo haqida geografik va tarixiy ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan muhim qomusiy manba. Mazkur asarda shahar nomi ikki xil – Nasaf va Naxshab shakllarda berilgan hamda uning yaqin – atrof hududlarida joylashgan aholi maskanlari haqida ba’zi ma’lumotlar bor.
Mo‘g‘ullar istilosi davrida yozilgan manbalarda ham Naxshab (Nasaf) to‘g‘risida ozmi-ko‘pmi xabarlar aks etgan.Bunday ma’lumotlarni o‘sha asrlarda yozilgan Juvayniy “Tarixi jahongushoy”, Ibn al-Asir “Tarix al-komil”, Rashidaddin Fazlulloh “Jome’ at-tavorix”, Ibn Battuta “Tuhfat an-nuzor” kabi manbalardan olish mumkin.
Rashidaddin Fazlulloh (1247-1318 yillar) “Jome’ at-tavorix”, turkiy xalqlar tarixi va mo‘g‘ullar istilosi voqealariga oid asar: 1300 – 1311 yillarda yozilgan, to‘rt jilddan iborat; to‘rtinchi jild geografiyaga oid bo‘lib, bizgacha yetib kelmagan.
Bu manbada Chingizxon Buxoroni zabt etgach, Samarqandga o‘tgani, uni 618/1221 yil yozida egallab, ma’lum vaqtdan so‘ng Xuroson tomon yurish boshlagani, undan Termiz va Balx tomon yurib, Naxshab o‘tloqlarida bir muddat to‘xtagani yozilgan. Chingizxon Naxshabda qolib, Xurosonga shu yerdan lashkar jo‘natadi. U 1221 yil qishida Naxshabda, so‘ngra Termizda qishlagan. Naxshab shahri va qo‘rg‘onining mo‘g‘ullar tomonidan xarob etilganligi ham 1221 yil kuz faslining oxiri qishning avvaliga to‘g‘ri keladi. Arxeologik tadqiqotlarda ham Qashqadaryo quyi havzasidagi yirik shaharlar, jumladan, Naxshabning mo‘g‘ullar bosqinida vayron etilgani qayd etilgan. Ushbu xarobalikdan so‘ng, Naxshab o‘zining ilgarigi yirik shahar maqomida qayta tiklanmadi.
Rashidaddinning yozishicha,Chig‘atoy ulusining hukmdori Buroqxon (1265-1269) o‘g‘li Bek-Temurni Kesh va Naxshabga hokim etib tayinlagani, o‘zi esa, 1269 yili Eronzaminga muvaffaqiyatsiz yurish qilgani, shuningdek, 1272 yili Abaqaxon qo‘shinlari Eronzamindan yurish qilib Movarounnahrga, jumladan, Kesh va Naxshabga ham chopqin yasaganlari haqida mazkur asarda xabar berilgan.
Ibn Battuta. “Tuhfat an-nuzzor fi g‘aroyib al-amsor va ajoyib al-afsar” (“Turli shahar va safarlardagi ajoyibotlar shohidi bo‘lganlar uchun tuhfa). Mashhur arab sayyohi Shamsiddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh al-Lavatiy at-Tanjiy (1304-1369) asari. U ko‘proq Ibn Battuta nomi bilan mashhur bo‘lgan va o‘zining yigirma sakkiz yillik safarlari davomida g‘arbda Shimoliy Afrikadan boshlab sharqda Xitoygacha oraliqdagi mamlakatlarda, jumladan Movarounnahrda ham safar qilgan va o‘z taassurotlarini sayohatnoma tarzida yozib qoldirgan. Ibn Battuta Naxshab va o‘sha kezlarda yangi barpo etilgan Qarshi qo‘rg‘oni haqida ham muhim tafsilotlar aytgan. U jumladan shunday yozadi:
So‘ngra biz Buxorodan chiqib ulug‘ xudojo‘y sulton Alouddin Tarmashirin qarorgohi tomon yo‘l oldik... Naxshab mavzeidan o‘tib bordik. Naxshab bog‘lar va ariqlar ila qurshalgan mo‘’jaz shahardir. Biz uning amirining shahardan tashqaridagi uyiga qo‘ndik...
Men Naxshabda qoldim. (Ertasi yo‘lga otlanib), kun botarda biz ismi sharifi tilga olingan sultonning o‘rdasiga yetib keldik... Bozorga yaqin joyda to‘xtadik... Sulton shikor (ov) da ekan. Men sultonning noibi amir Toq-Bug‘o bilan uchrashdim, u meni o‘z masjidiga yaqin bir yerda joylashtirib, menga xobgoh berdi. Bu...chodirga o‘xshash bir narsadir... U (sulton Tarmashirin) kishi yubordi va men uning huzuriga keldim. Sulton chodirda edi... Sulton bomdod namozini ham, xufton namozini ham albatta jamoa bilan birga o‘qir edi... Mazkur sultonning yurtida ellik to‘rt kun bo‘ldim”.
Ibn Battuta yozganlariga ko‘ra, XIV -asr boshlarida Naxshab kichik shahar bo‘lgan va uni amir boshqargan; sultonning o‘rdasi esa Qarshi shahrida joylashgan edi. Demak, Kepekxon hukmronligi zamonida, undan so‘ng Tarmashirinxon (vafoti 1328 yil) saltanatida Qarshi Chig‘atoy ulusining siyosiy-ma’muriy markazi bo‘lganligi ko‘rinadi.
Naxshab va Qarshi borasida temuriylar davrida yozilgan manbalarda ham ma’lumotlar anchagina va ular orasida tarixiy hamda geografik mazmundagi asarlarda tafsilotlar ko‘proqdir. Quyida ulardan ba’zilariga to‘xtalib o‘tamiz.
Nizomiddin Shomiy. “Zafarnoma”. Bu asarda Qarshi shahri to‘g‘risida XIV- asr 60-yillaridan boshlab ma’lumotlar uchraydi. Unda Tug‘luq Temurxon farmoni bilan hozirgi Qarshi vohasi to Jayhun (Amudaryo) gacha Amir Temurga mulk qilib berilganligi, keyinchalik, uning mo‘g‘ullarga qarshi harakatlari, Amir Husayn bilan bo‘lgan jang- jadallar bir qismi Qarshi va o‘sha atrof hududlarda kechganligi haqida yozilgan.
Hofizi Abru (vafoti 1430 y.) “Geografiya”, 1414-1420 yillarda yozilgan va “Zubdat at-tavorixi Boysung‘uriy”, 1423–1427 yillarda yozilgan. Uning “Geografiya” asarida: “Turkiy tilda podshohning qasrini “qarshi” deydilar. Podshoh (Kepek) u yerda bir ko‘shk qurdi va u ushbu nom bilan mashhur bo‘lib qoldi”, - deb qayd etilgan.
Sharafiddin Ali Yazdiy. “Zafarnoma”. Ushbu asarda Qarshi shahri tarixiga oid anchagina keng ma’lumot berilgan. Unda Qarshi shahrining etimologiyasi, Amir Temurning shahar qo‘rg‘onini qayta tiklagani va mustahkamlagani, shahar ma’lum vaqt Amir Husayn tasarrufida ekanligi chog‘ida Amir Temur yuksak harbiy mahorat va shaxsiy jasorat ko‘rsatib uni egallagani (172), XIV-asrning oxirgi o‘n yilliklarida, aniqrog‘i 1388 yilning qishida Qarshi shahri To‘xtamishxon qo‘shinlari tomonidan chopqin qilinganligi va o‘sha kezlarda Sohibqiron besh yillik yurishda Eronzaminda yurgani hamda zudlikda Movarounnahrga qaytgani va bu xabardan g‘anim qochib qolgani (173) kabi tarixlar tafsilotlari o‘rin olgan.
Qarshi shahri va viloyati XV-asr tarixiy voqealarida ham tilga olingan. Chunonchi Hofizi Abruning “Zubdat at-tavorix” va Abdurazzoq Samarqandiyning (1413-1482) «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» asarlari”da Qarshi shahri tarixiga oid ma’lumot mavjud.
Abdurazzoq Samarqandiy (1413-1482) “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Temuriylar saltanati tarixini o‘z ichiga olgan asosiy manbalardan biri, 1467-1470 yillarda yozilgan: ikki jilddan iborat; birinchi jild – O‘rta Sharq mamlakatlarining XIV-asrdagi tarixi, ikkinchi jild – Temuriylar saltanati (XV asr) tarixi. Asarning ayrim qismlari o‘zbek tiliga o‘girilib chop etilgan.
Jumladan, Amir Temur vafotidan so‘ng, Xalil Sultonning Samarqandda hokimiyatni egallagani sababli, jiddiy nizolar kelib chiqqanligi va to 1411 yilgacha, ya’ni Movarounnahr uzil-kesil Mirzo Shohrux ixtiyoriga o‘tgunga qadar, bu o‘lkada jang-jadallarning asosiy qismi Nasaf (Qarshi) viloyatida yuz berganligi voqealari mufassal bayon qilingan.
Ibn Arabshoh (1389-1450) “Ajoyib al-maqdur fi tarixi Taymur” (“Temur tarixida taqdir ajoyibotlari“), Amir Temur tarixiga oid arab tilida yozilgan asar. Mazkur asarda shahar “Naxshab” va “Qarshi” nomlari bilan tilga olingan. Unda 767/1365-1366 yil voqealaridan lavha, ya’ni Amir Temurning Qarshi shahrini Amir Husayn tarafdori bo‘lmish Amir Muso tasarrufidan jang qilib egallagani hamda keyingi voqealardan Xalil Sultonning Samarqand taxtini egallab, hukmdorlikni saqlab qolish maqsadida olib borgan jang-jadallari, jumladan, Qarshi atrofida Pirmuhammad qo‘shinlari bilan urushlari haqida so‘z boradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) “Boburnoma”. Ushbu manbada 1497-1498 yil voqealari bayonida Qarshi shahrining geografik tavsfi va 1500-1501 yil tarixi qismida esa, shayboniylar bilan temuriylar o‘rtasida kechgan jang-jadallar bayon qilingan.
Mirzo Muhammad Haydar (1499-1551) “Tarixi Rashidiy”. Asarda shahar nomi “Qarshi” shaklida yozilgan va dastlabki ma’lumotlar – Amir Temur davri tarixi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sidan olingan. XVI asr boshiga oid tarixiy kechinmalar Zahiriddin Boburning Movarounnahr taxti uchun kurashi voqealarini o‘z ichiga oladi va ulardan ba’zilari Qarshi shahriga ham daxldor. Chunonchi, Bobur Samarqand taxtini egallagach, so‘ngra Hisor tomon yurish qilganda shayboniy sultonlar Qarshida yig‘ilgani, Bobur Qarshiga yetib kelganda shayboniy Ubaydullaxon Qarshi qo‘rg‘oniga bekinib olgani, keyinchalik, Bobur qizilboshlar yordamida Qarshini egallagani kabilar ana shular jumlasidandir.



Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   40




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin