Toshkent davlat sharqshunoslik instituti markaziy osiyo xalqlari tarixi va manbashunosligi kafedrasi markaziy osiyo tarixiy geografiyasi


-mavzu Sug‘d va Ustrushana viloyatlarining tarixiy geografiyasi



Yüklə 1,35 Mb.
səhifə8/40
tarix26.12.2023
ölçüsü1,35 Mb.
#197337
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   40
Исхоков Тарихий география

5-mavzu Sug‘d va Ustrushana viloyatlarining tarixiy geografiyasi


Reja:
1) Mavzuning o’rganilganlik darajasi.
2) Tarixiy geografiya uchun ahamiyati
3) Hududning tarixiy chegaralari, manbalarda keltirilgan ma’lumotlar


Tayanch so‘z va iboralar: Tarixiy geografiya, qadimgi xaritalar, oronimlar, topo­nimlar, gidronimlar, Oks, Yaksart, Politiment, Girkan, Aria, Gabaza, “Surat al-ard”, “Hudu ul-olam”, Kotib Chalabiy, miqyos, saodat orollari, rel’f, qadimgi tarixiy viloyatlar.


Ilk temir davri O‘rta Osiyo ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotida muhim o‘rin egallagan Sug‘diyona o‘lkasi turli qadimgi manbalarda Sug‘da, Sug‘uda, Sug‘diyona nomlari ostida eslatib o‘tiladi. Bu nomlarning kelib chiqishi va ularning ma’nosi haqida hozirchi aniq fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V.Tomashek) bu nomni eroncha “SUS” – “yonmoq, yaltiramoq, nur taratmoq” so‘zidan olingan desa, ayrimlari (O.Smirnova) bu “Gava sug‘uda” atamasi “hosildor vohalar o‘lkasi” degan ma’noni beradi deb hisoblaydilar. Avestoning Yasht kitobida tilga olingan “Sug‘d makoni Gava”-Sug‘diyonaning eng qadimgi viloyati bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra (A.Sagdullaev), Gava (Gau) – “buqa”, “poda”, Qashqadaryo vohasi bilan bog‘lanadi. Bu so‘z viloyatning juda ko‘p geografik nomlarida takrorlanib saqlangan (Gavdara, Gauxona, Gaumurda, tog‘lar Gau, cho‘qqi Gau va boshqalar).

5.1-rasm. Sug’diylar saroyi
Hozirgi Qashqadaryo va Zarafshon vohalarini (Buxoro, Navoiy, Samar­qand, Qashqardaryo viloyatlari, Toji­kistonning Panjikent atroflari) o‘z ichiga oluvchi Qadimgi Sug‘diyona va Sug‘diylar haqida ilk yozma manba­larda ma’lumotlar deyarli kam. Avestoda viloyatlarning nomi ikki xilda ko‘rsatilgan – Gava Sug‘da va alohida Sug‘da. Gerodot esa Sug‘diy
­larni ikki marotaba – Ahamoniylar davlatining XVI satrap o‘lkasidagi xalqlarni sanab o‘tganda va forslarning qo‘shinlari safida jangchi – sug‘diylarning o‘rnini ko‘rsatib berganda tilgan olgan. Ammo tarixchi Sug‘d shaharlari, daryolari, tog‘lari, hududiy chegaralari haqida bizga hech qanday ma’lumotlar qoldirmagan. Ahamoniylar mixxatlari Sug‘diyona haqida asosan rasmiy darajada e’lon qiladilar va turli xil tarixiy muammolarni o‘rganishda ulardan foydalanish og‘ir kechadi. Gekatey, Ktesiy va Ksenofont asarlarida Sug‘diylar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Aleksandr Makedonskiy davri va so‘nggi yunon-rim tarixshunoslari asarlarida tarixiy-geografik ma’lumotlar ancha keng berilgan. Sug‘diyonadagi alohida joylarda, viloyatlar, qal’alar – Nautaka, Ksenippa, Maroqanda, Bagi, Basileya – “podsho shahri”, Politemet-Zarafshon, “Oksiart, Sug‘d qoyasi” va boshqa xabarlar shular jumlasidandir.
Bu ma’lumotlar asosida turli fikrlarga ega bo‘lish mumkin. Dastavval, mill. avv. IV asrga kelib, sug‘diylarning hududiy joylashuvi, ularning yashash uchun foydalangan asosiy yerlarining chegaralari, daryo vohalari va viloyatlari aniqroq ko‘rinadi. Ammo, bu jarayonning tarixiy an’analari – sug‘diylarning yoyilishi, o‘troq vohalarining paydo bo‘lishi va shu joylarda yirik shahar markazlariga asos solinishi yanada qadimgi davrlarga borib taqaladi.


5.2-rasm. Qaimda Markaziy Osiyo

Qadimgi viloyatlarning joylashuv hududlari anchagina muammoli masala bo‘lib, tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlariga (jumladan, Sug‘diyonaga ham) ko‘chmanchilarning hujumi-bu hududlarda davlat uyushmalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin edi.


Arxeologik topilmalarning ma’lumot berishicha, Qashqadaryo havzasi, Surxon vohasi va Shimoliy Afg‘oniston hududlarida mil. avv. X-VIII asrlarga oid uncha katta bo‘lmagan va mustahkamlangan o‘troq dehqonchilik manzilgohlari haqiqatdan ham ko‘chmanchilarning otliq kamonchilari hujumlariga dosh berolmas edilar. Ammo, bunday manzilgohlardan kuchli harbiy to‘qnashuvlar va siyosiy qarama-qarshiliklardan dalolat beruvchi yong‘in hamda vayrongarchilik izlari aniqlanmagan. Undan tashqari, bu hududlarda yangi yerlar jadallik bilan o‘zlashtirilgan va o‘troq aholi bilan chorvador ko‘chmanchi aholi qo‘shnichilikda yashashgan (Zarafshon va Qashqadaryo quyi oqimlari).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, aholi soni va zichligining o‘sib borishi, hosildor yer maydonlarining o‘zlashtirilishi va o‘troq manzilgohlar sonining oshib borishi natijasida yaylovlar qisqarib, chorva yemishiga talab ortib boradi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning jadallik bilan rivojlanishi aholi joylashuvining hayotiy zarur hududlarga bo‘linib ketishiga olib keladi. Bunday sharoitda chorvador aholining ma’lum qismi xo‘jalikning yarim o‘troq va haydama chorvachilik shakliga o‘tishga majbur bo‘ladilar. Shuning uchun ham O‘rta Osiyodagi mill. avv. VI-IV asrlarga oid ko‘chmanchilar yodgorliklari o‘troq aholi hududlari chegaralarida (Orolbo‘yi, shimoliy Turkmaniston, Zarfshonning quyi oqimi, Pomir va boshqa) joylashganligi tasodifiy hol emas. A.Sagdullaevning fikricha, nisbatan yirik siyosiy uyushmalarning paydo bo‘lishiga O‘rta Osiyo o‘troq va ko‘chmanchi aholisi o‘rtasidagi doimiy siyosiy qarama-qarshiliklar sabab bo‘ladi.
Aholi aralash joylashuvi hududlarida o‘troq viloyatlar siyosiy uyushmalarining shakllanishiga turtki bo‘lgan omillardan biri, O‘zbekiston janubidagi dasht hududlarda joylashgan ko‘chmanchi qabilalar hujumi xavfi edi. Mil. avv. VII-VI asrlarga kelib bunday hujumlar tez-tez bo‘lishi muqarrar edi. Chunki, O‘rta Osiyoning ko‘pgina tog‘ va dasht hududlarida yilqichilik va chorvachilik keng tarqalib, ko‘chmanchilarning o‘zlari esa jangovar qurollanishda katta muvaffa­qiyat­larga erishib, jiddiy harbiy xavf tug‘dira boshlaydilar.
O‘rta Osiyodagi eng qadimgi davlat uyushmalari haqida so‘z borar ekan, eng qadimgi shaharlarni ifodalovchi mustahkamlangan markazlarga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Chunki, eng qadimgi shaharlar dastlabki davlatlarning markazlari sifatida shakllanadi va bu masala ko‘pgina tadqiqotchilar tomonidan maxsus ko‘rib chiqilgan, hamda rivojlanish taraqqiyotining turli davrlari bilan belgilangan.
Hozirgi kunga kelib olingan yangi ma’lumotlar asosida bu masalaga birmuncha aniqliklar kiritildi. Hususan, shuni alohida ta’kidlash lozimki, Qadimgi Baqtiriya va Sug‘diyona hududlarida I ming yillikning boshlariga oid eng qadimgi rivojlangan shahar harobalari uchramaydi, ilk temir davri shaharlarining rivojlanishi esa mil. avv. VII-II asrlarga oiddir.
Mil. avv. VIII asrning oxiri – VII asrga kelib qadimgi O‘zbekiston hududidagi manzilgohlar rivojlanishida jadallik bilan o‘zgarishlar boshlanib, Baqtriya, Marg‘iyona va Sug‘diyona hududlarida o‘zida shaharsozlik belgilarini (mustahkam devorlar, saroylar, burjlar, xandaqlar, devorlardagi o‘q otish yo‘laklari va boshqa) aks ettiruvchi manzilgohlarning soni 20 tadan ziyodroq. Asosiy manzilgohlar esa (maydoni 5 gektardan kam) qishloq qo‘rg‘onlari, uncha katta bo‘lmagan alohida qal’alar va dehqonchilik qishloqlaridan iborat. Shaharlar turiga kiritish mumkin bo‘lgan, kattagina qo‘rg‘onli mustahkamlangan manzilgohlar ayrim qadimgi dehqonchilik vohalarida (Surhon, Qashqadaryo, Zarafshon havzalari va boshqa) bitta yoki ikktadan ko‘p bo‘lmagan.
Ilk temir davri Sug‘diyonada, alohida hududiy tartib guruhida bo‘lib markaz vazifasini bajargan bir necha manzilgohlar turlari mavjud edi. Bular maydoni 5 gektardan 15 gektargacha bo‘lib, tuman – voha markazi vazifasini bajaruvchi markazlar – Daratepa, Konimex, Chordara; maydoni 20 gektardan 80 gektargacha bo‘lgan viloyat markazlari vazifasini bajarishi mumkin bo‘lgan shaharlar – O‘zunqir, Yerqurg‘on, Xo‘ja Bo‘ston; bir necha viloyatlar markazi vazifasini bajaruvchi shaharlar – Afrosiyob (Maroqanda) va Buxoro kabilardir.
Arxeologik ma’lumotlarga qaraganda, hunarmandchilik muassasalari yirik manzilgohlar ichida markazlashib boradi. Bu manzarani Afrosiyob topilmalari tasdiqlaydi. Bunday manzilgohlar asta – sekinlik bilan hunarmandchilik, savdo va madaniy markazlarga aylanib boradi. Bu jarayonda qadimgi yo‘llar nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lganligini ta’kidlab o‘tishimiz joizdir. Afrosiyob, O‘zunqir, Yerqurg‘on kabi ko‘hna shaharlar O‘rta Osiyo shimoliy dasht hududlardan keluvchi yo‘llar ustida joylashgan.



5.3-rasm. Oks xavzasi
Tadqiqotchi Sh.Odilov Sug‘diyo­nada, xususan Buxoro va Zarafshon vohalarida topib tekshirilgan ilk temir davriga oid arxeologik ma’lumotlarni boshqa hududlar bilan solishtirib chuqur tahlili etadi. Buxoro hududlaridan topilgan “ahamoniylar davri” yodgorliklari uncha katta bo‘lmagan hududlarda joylashgan bo‘lib, bu yerlarning keng hududlarga yoyilgan etno-madaniy viloyat tarkibiga kiritish lozimki, ilk temir davrida bu hududlarda tashqi ko‘rinishi bir xil bo‘lgan dehqonchilik madaniyati shakllanadi. Bu etno-madaniy viloyat dastavval Amudaryo vohasi (Xorazm, Marg‘iyona, Baqtriya), Janubiy Sug‘d, markaziy Sug‘dning bir qismi, Buxoro Sug‘dining shimoli – g‘arbiy va shimoliy – sharqiy hududlari, shuningdek, Ustru­shona kabi tarixiy viloyatlarini o‘z ichiga olgan.
Qadimgi Baqtriya hududlaridan ko‘chib borish bevosita Amudaryo, Surxon, Qashqadaryo suv havzalari va ularning irmoqlari orqali bo‘lib o‘tgan. So‘nggi bronza davridayoq Qashqadaryo yuqori oqimlarida mavjud bo‘lgan madaniyat sohiblari tog‘lar orqali Markaziy Sug‘d (Samarqand) hududlariga yetib keladilar. Zarafshon vohasiga kelsak, Sh.Odilovning fikricha, Markaziy Sug‘dning kattagina, qismi (bir tomondan Afrosiyob qo‘hna shahri atroflari va Ko‘ktepa, ikkinchi tomondan, Sarmishsoy va Konimex yodgorliklarigacha) so‘nggi bronza va “ahamoniylar davri”da (mil. avv. IV asrning boshlarigacha) umuman o‘zlashtirilmagan edi. Ammo, bizning fikrimizcha, aynan mana shu davrda Janubiy Sug‘dning kattagina qismi o‘troq dehqonchilik aholisi tomonidan egallanib, daryo vohalari va tekisliklar xaydama dehqonchilik aholisi tomonidan o‘zlashtirilib, bu hududlar haydama dehqonchilikka ixtisoslashgan edi. Qo‘shni Qadimgi Baqtriyaning kattagina hududlarida ham aynan mana shu jarayonni ko‘zatishimiz mumkin.
Samarqandning ko‘pasrlik tarixida qulay geografik o‘rni, tabiati, xo‘jalik rivoji uchun shart-sharoiti muhim o‘rin egallagan va bu o‘z navbatida, uning shahar bo‘lib shakllanishi, siyosiy, hunarmandchilik va savdo markaziga aylanishi uchun zarur omil bo‘lib xizmat qilgan.
Temuriylar davrida Samarqand Markaziy Osiyoning eng mashhur shahri, yirik siyosiy-ma’muriy, iqtisodiy-madaniy markazi, Amir Temur davlatining poytaxti bo‘lgan. Shu sababdan, o‘sha davr yozma manbalarida ham Samarqand, jumladan, uning tabiati va xo‘jaligi haqida bir muncha kengroq ma’lumot aks etgan.
Ma’lumki o‘rta asrlar sharoitida odatda shaharlar qo‘rg‘on bilan o‘rab olingan, shu jumladan, Samarqand ham. Temuriylar davri tarixchisi Hofizi Abru “Geografiya” asarida har doim Movarounnahrning katta shahri Samarqand ekanligi, Afrosiyob o‘rnidagi qadimgi Samarqand shahrining ulug‘vor qo‘rg‘oni, ustma-ust qurilgan bir nechta borusi, chuqur xandaqi bo‘lgani, ular barchasi Chingizxonning xuruji chog‘ida vayron etilgani va hozir, ya’ni Amir Temur davrida, mazkur qurilishlardan qala xarobalari muallif davrida Bolo-Hisor nomi bilan mavjudligini yozadi.
Amir Temur o‘z saltanatining dastlabki paytidayoq qisqa muddatda Afrosiyobdan janubi-g‘arbroqda yangi shahar devorini (shahrband) va arkning qal’asini barpo etadi. Rui Gonsales de Klavixo “Samarqandga sayohat kundaligi”da butun Movarounnahr hududini Samarqand podshohligi (Imperio de Samarkande) deb ataydi, shaharning tashqi va ichki tuzilishi, paxsa devor va chuqur xandaq bilan o‘ralganligini ta’kidlagan. Zahiriddin Muhammad Bobur ham Samarqand shahri qo‘rg‘oni Movarounnahrdagi eng katta qo‘rg‘on ekanligini va uning uzunligini o‘lchatganda o‘n ming olti yuz qadam (taxm.7,5 km) chiqqanini aytadi. Demak o‘sha davr manbalarida ham qadimgi poytaxt ham XV asrda yaratilgan yangi qo‘rg‘on haqida yozilgan.
Temuriylar davri manbalarida Samarqand viloyatining tabiati - tog‘u tekisliklari, iqlimi va suv tarmoqlari xususida ham ma’lumotlar bor. Hofizi Abru Samarqand yonidan o‘tgan tog‘lar (Turkiston tizmasi)ning Kesh bilan Samarqand oralig‘idagi qismi Olaqasroq atalib, shu yerda tugashini va tizmaning Samarqand yaqinidagi qismi shahar nomi bilan Samarqand G‘archistoni deb atalishini qayd etgan. Zahiriddin Bobur esa, uni Samarqand viloyatida shu tomonda joylashgan tuman nomi bilan Shovdor tog‘lari degan (106). Shu bilan birga Samarqandda kuchsizroq zilzila bo‘lib turishi va shu sababdan, aholi uylarni sinchli qilib qurishlarini ham yozadi.
Samarqand yaqinidagi tepalik - Pushtai Ko‘hak ham mashhur joy sanalgan va o‘sha davr manbalarida ko‘p eslatilgan.
Samarqandning iqlimi xususida esa, Zahiriddin Bobur qish anchagina sovuq kelishini aytadi. Samarqand viloyatida, shaharning yaqin-atroflaridan boshlab talaygina o‘langlar – maysalar bilan qoplangan yalangliklar (dashtlar) bo‘lgan va “Boburnoma”da beshta o‘langning tavsifi berilgan.
Birinchi navbatda Konigil o‘langi qayd etiladi va u Samarqand shahridan shimoli-sharq tomonda, bir shar’iy farsang (6-7 km) masofada joylashgan, deyilgan. “Ba’zi derlarkim, bu o‘langning asli oti Koni obgir ekandur, vale tarixlarda tamom Konigil bitirlar, xeyle yaxshi o‘langdur”,-deb yozadi Bobur. Konigil o‘langi Afrosiyob tepaligining shimoli-sharqiy tomonida, Siyob (Obirahmat) arig‘ining ikkala qismi bo‘ylab yastangan edi. Amir Temur yetti yillik yurishdan qaytgach, Konigil o‘langida katta to‘y beradi va bu haqda o‘sha davr manbalarida batafsil yozilgan. “U joyning havosi mushkdan ham sof, suvi qanddan ham shirin bo‘lib, go‘yo bu [joylar] jannat bo‘stonidan bir qit’a... qushlarining [yoqimli] sayrashlari torga jo‘r bo‘lgan nay sadosidan ham quloqqa yoqimliroq”,-deb yozgan edi o‘z vaqtida arab tarixchisi Ibn Arabshoh . Zahiriddin Bobur ham Samarqand sultonlari har yili Konigil o‘langiga kelib bir-ikki oy dam olishlarini aytadi.
Konigildan yuqoriroqda, Samarqanddan bir yig‘och yo‘l (taxm. 6-7 km) janubi - sharqda Xon yurti o‘langi joylashgan bo‘lib, Siyob arig‘i uni kesib o‘tib, so‘ngra Konigilga borgan. Dilkusho bog‘i bilan Samarqand shahri oralig‘ida esa Bo‘dana qo‘rug‘i o‘langi, Samarqand shahridan ikki farsang (taxminan 12-13 km) shimoli-g‘arbda Ko‘li Mag‘ok o‘langi joylashgandi. ”Bir yonida bir ulug‘ ko‘l voqe bo‘lubtur, bu jihattin Ko‘li Mag‘ok o‘langi derlar”,-deb yozadi Bobur. Qulba o‘langi, nisbatan kichikroq, shimolda Qulba kenti va Ko‘hak daryosi, janubda Bog‘i Maydon va sharqda Pushtai Ko‘hak bilan chegaralangan edi.
Oqar suvlar Samarqand shahri va viloyatining xo‘jalik taraqqiyotida eng muhim o‘rinda turadi . Asosiy suv tarmog‘i Zarafshon daryosi bo‘lib, Hofizi Abru “Geografiya”sida Obi Ko‘hak (Ko‘hak suvi) nomi bilan qayd etilgan, uning o‘rta va quyi oqimi, ya’ni Samarqand shahridan to quyilishigacha bo‘lgan qismi haqida ma’lumot berilgan; suvi sug‘orishda keng foydalanishi va toshib oqqan yillarda Jayhun (Amudaryo) gacha borib yetishi ta’kidlab o‘tilgan. Samarqand shahrida esa, oqar suv bemalol ekanligi, mahallalar, bozorlar, ko‘chalar va aksar xonadonlarda oqar suvlar borligi, hovlilarning birortasi hovuzsiz emasligini yozadi . Viloyat doirasida esa, uning shaharga yaqin qismida beshta ariq - Bozor arig‘i, Mazdoxin arig‘i, Obi Rahmat arig‘i, Karand arig‘i, Anhori jadid arig‘i (Yangi ariq) va yetmish ikki qarya (qishloq) qayd etilgan.

5.4-rasm. O’rta asr davlatlari hududi

“Boburnoma”da Darg‘om arig‘i haqida ham yozilgan: “Bu suvdin (Ko‘hak daryosi –Zarafshon) bir ulug‘ rud ayribturlar, balki daryochadur, Darg‘am suyi derlar. Samarqandning janubidan oqar, Samarqanddin bir shar’iy (taxm. 6-7 km) bo‘lg‘oy va mahalloti va yana necha tumonoti bu su bila ma’murdur”. Klavixo ham :”shahar va bog‘lar orqali juda ko‘p ariqlar o‘tkazilgan”, - deb yozgan.


Zahiriddin Bobur Ko‘hak tepaligi etagidan oqib o‘tgan Siyob arig‘i nomini turkiyga o‘girib “Qorasuv” (“Konigilning Qorasuyi”) deb yozgan va uning yana bir nomi Obirahmat ekanligini ham ta’kidlab o‘tadi.
Tabiiyki oqar suvlarning ko‘pligi qishloq xo‘jaligi rivoji uchun keng imkoniyat yaratardi. Temuriylar davri manbalarida Samarqand shahri va viloyatining qishloq xo‘jaligiga oid ma’dlumotlar nisbatan oz bo‘lsa-da, biroq ayrim ma’lumotlar uchraydi. Avvalo ta’kidlash joizki, Samarqand viloyatining iqlim sharoiti ham qishloq xo‘jaligi, ayniqsa bog‘dorchilik uchun ancha qulay bo‘lgan. “Uzum va qovuni va olmasi va anori, balki jami’ mevasi xo‘b bo‘lur. Vale ikki meva Samarqanddin mashhurdur: sebi Samarqand va sohibiyi Samarqand”, –deb yozilgan “Boburnoma”da bu xususda.
Amir Temur obodonchilik ishlariga katta e’tibor bergan, yangi ariqlar qazdirgan, bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan, ekin maydonlarini kengaytirgan. O‘sha davr manbalarida birinchi o‘rinda bog‘larning ko‘pligi ta’kidlangan. “Shahar atrofida bog‘lar va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, u yerga yetib kelgan kishi go‘yoki o‘rtasida shahar joylashgan baland daraxtlar o‘sib yotgan bir o‘rmonga yaqinlashganday bo‘ladi”,- deb yozadi Klavixo). Ispan sayyohi yana Amir Temur katta maydonlarda maxsus uzumzorlar barpo etganini alohida ham qayd etgan.
Klavixo dehqonchilikda paxta, bug‘doy, sholi va ayniqsa katta maydonlarda qovun ko‘p ekilishini aytadi: “Ularning yurtida qovun va uzum shunchalik ko‘p bo‘ladiki, kishi hayratda qoladi; har kuni qovun ortilgan tuyalar shu darajada ko‘p keladiki, ular qanday qilib sotilarkan, deb ajablanasan. Qishloqlarda [qovun] juda ko‘p va uni har yili xuddi anjirdek quritib saqlaydilar. Ularni saqlash usuli quyidagicha: [qovunni] ko‘ndalangiga katta-katta bo‘laklar shaklida kesadilar, so‘ngra po‘stini olib, quyoshga qo‘yadilar; qurigach, yig‘ib olib qoplarga joylaydilar va shu yo‘sinda yillar davomida saqlaydilar. Bug‘doy juda arzon, sholi juda ko‘p”.
Chorvachilik sohasida qo‘ychilik birinchi o‘rinda turgan. “U yerning qo‘ylari juda yirik, dumbasi katta; shundaylari borki, dumbasi yigirma funt keladi (bir funt 409,5 grammga teng), ya’ni bir odam qo‘lida ko‘tara oladigan miqdorda. Qo‘ylar juda ko‘p va arzon, boshqa mollar ham arzon”. Yilqichilik ham rivojlangan edi.
Temuriylar davri manbalarida Samarqand shahri va viloyati xo‘jaligi tavsifida Temuriylar davrida keng ko‘lamda olib borilgan qurilish ishlariga alohida e’tibor berilgan. Hofizi Abruning yozishicha sohibqiron Amir Temur Samarqandda qurdirgan imoratlar ichida eng muhtasham bino Jome masjid (hozirgi Bibixonim masjidi) hisoblangan; uning asosi, ya’ni poydevori xoro toshi (granit)dan, mehrobi po‘latdan, devorlariga latif kitobalar, naqshlar bitilgan, to‘rt ruknida to‘rtta minora, har biri o‘n gaz (olti metr) keladigan to‘rt yuzta marmar ustun o‘rnatilgan, sahni va tomi hammasi toshdan ekan. Bundan tashqari Amir Temur yana hozirgacha saqlangan Go‘ri Amir va Shohi Zinda majmualarini, Dor uz-zarb (tanga-pul chiqaradigan joy), hamda madrasalar, xonaqohlar, ma’muriy binolar, uy-joylar barpo etib, ularga vaqflar belgilagan.
“Samarqand arkida Temurbek bir ulug‘ ko‘shk solibtur, to‘rt oshyonlik, Ko‘ksaroyga mavsum va mashhur va bisyor oliy imorattur”, - degan edi Bobur
Mazkur imoratlar ul tabarruk shahardagi iste’dod sohiblari va xizmat ko‘rsatgan kishilar uchundir, deb qayd etadi Hofizi Abru.
Amir Temur Samarqand viloyatida ko‘plab yangi qo‘rg‘onlar va qishloqlar barpo etgan. Klavixoning yozishicha shaharning devordan tashqari qismi mavzelardan iborat bo‘lib, u yerlarda juda ko‘plab uy-joylar qurilgan va aholi ham ancha zich yashagan ekan. Hofizi Abru Samarqand viloyatida yettita tumanni tavsiflaydi: Shovdor; O‘ratepa va Shtixan; Yorkat; Korand; Yor-Yayloq, Mutafarriqa, Dizaq va Sheroz .
“Boburnoma”da tarixiy voqealar bayonida bir qancha qo‘rg‘onlar nomlari eslatiladi: Sheroz. Urgut, Xoja Diydor, Yor-yayloq, Vasmand . Yangi yaratilgan qishloqlarning ba’zilariga zabt etilgan shaharlar nomlari berilgan. “ Temur Samarqandning atroflari va etaklarida bir necha qasabalar bunyod qilib, ularni shaharlar kelinchaklari bo‘lgan Misr (Qohira), Damashq, Bag‘dod, Sultoniya, Sheroz kabi azim va poytaxt shaharlar nomi bilan atadi”, - deb yozgan edi Ibn Arabshoh.
Amir Temurning bunyodkorlik faoliyatini nevarasi Mirzo Ulug‘bek davom ettirdi. Samarqand shahri qal’asi ichida madrasa (Ulug‘bek madrasasi), xonaqoh, yog‘och o‘ymakorligi va naqshinkor qilib qurilgan masjid (Muqatta’ masjidi), o‘ziga xos uslubda bunyod etilgan hammom (Mirzo hammomi nomi bilan mashhur bo‘lgan) va Pushtai Ko‘hakda rasadxona, katta-kichik bog‘lar, ko‘shklar, turli imoratlarni o‘z ichiga olgan ilmiy majmua ham Ulug‘bek tashabbusi bilan yaratilgan edi.
Hofizi Abruning yozishicha Sohibqironning bunyodkorlik faoliyatiga ergashib boshqalar ham bu ishga o‘z hissalarini qo‘shganlar: “Kundalik ehtiyojdan kelib chiqib, o‘z din va podshohlarining hurmati yuzasidan amirlar, arkoni davlat, oqolar va farzandlar on Hazratga ergashib har biri ul diyorda madrasalar, masjidlar va xonaqohlardan iborat o‘z binolarini qurdilar hamda ular uchun obod yerlar va ko‘chmas mulklarni vaqf qilib, olimlar, zohidlar va obidlarga maosh belgiladilar”.
Temuriylar davrida imoratlar, ayniqsa ko‘shklar, aksari ikki (ba’zan uch) qavatli bo‘lgani sababli, mavjud sinchli qilib loydan qurish an’anasidan farqli o‘laroq, pishiq g‘ishtdan qurilganini Hofizi Abru alohida ta’kidlaydi.
Bunyodkorlik ishlari shahar atrofi va butun viloyatni qamrab olgan edi. “Samarqand atrofida hazrat Amir (Sohibqiron) va ulug‘ amirzoda (mirzo Ulug‘bek)ning obodonchilik ishlari tufayli qaysi tomondan yurilmasin, bir oylik yoki ikki oylik [yo‘lda] musofirlar tunda cho‘lda tunashga to‘g‘ri keladigan biror joy qolmagan. [Hatto] ular otliq bo‘lsalar ham hammalari uchun to‘rt fasl davomida boshpana va suv tayyor turadi”,- deb yozadi Hofizi Abru.
Temuriylar davri obodonchiligi borasida Samarqand shahri yaqin-atrofida Amir Temur va uning avlodlari barpo etgan o‘ndan ortiq ko‘rkam bog‘lar haqida o‘sha davr manbalarining aksariyatida qayd etilgan. “Boshqa oliy imoratlar jumlasidan shahar atrofida barpo etilgan bir nechta katta bog‘lardurkim, har bir bog‘da shohona ko‘shklar qurilgan”, -deb yozadi Hofizi Abru va to‘qqizta bog‘ning nomini ham keltiradi: Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Chinor. Bog‘i Behisht, Bog‘i Buldo, Bog‘i Amirzoda Shohrux, Bog‘i Zog‘on, Bog‘i Baland, Bog‘i Amirzoda Ulug‘bek, Bog‘i Maydon.
Bu holat sayyoh Klavixoning ham e’tiborini tortgan edi . Klavixo jami 8 ta bog‘ haqida so‘z yuritadi va shundan to‘rttasining nomini eslatadi: Talisiya yoki Kalbet – Gulbog‘ (Bog‘i Davlatobod); Dilikaxa – Bog‘i Dilkusho; Bayginar – Bog‘i Chinor; Bagino – Bog‘i Nav. Quyidagi to‘rt bog‘ – Bog‘i Dilkusho, Bog‘i Behisht, Bog‘i Nav, Bog‘i Chinorda ispan elchilari rasmiy mehmon bo‘lganlar va bular Amir Temur yaratgan bog‘lar ichida eng hashamatlilari sanalgan. Klavixo mazkur bog‘lar xususida jumladan, shunday yozgan:
“Davlatobod bog‘i-Paxsa devor bilan o‘ralgan, uzunligi bir liga (5572 m). Unda turli mevali daraxtlar, jumladan, sitronlar va limonlar o‘sardi; oltita katta hovuz bor edi; o‘rtada bog‘ning boshidan oxirigacha sharqirab ariq oqib turardi. Hovuzlar orasidan keng xiyobonlar qilingan, ularning ikki tomonida viqor bilan qad ko‘tarib turgan ulkan daraxtlar soya solib turardi.
[Bog‘ o‘rtasida] tuproq to‘kib hosil qilingan usti yassi tepalik o‘rtasiga ko‘rkam ko‘shk barpo etilgan. Ko‘shk joylashgan tepalik aylanasiga suv to‘ldirilgan xandaq bilan o‘ralgan, unga maxsus ariqdan uzluksiz suv quyilib turadi. Ko‘shk joylashgan tepalikka o‘tish uchun (xandaq ustiga) qarama-qarshi tomonlardan ikkita ko‘prik qurilgan. Ko‘priklardan darvozalarga boriladi, so‘ngra zinalar orqali tepalikka chiqiladi; ya’ni ko‘shk yaxshigina himoyalangan edi. Bog‘da ohular va ko‘plab tovuslar sayr qilardi, ularni bu yerga senor (Temurbek) buyrug‘iga ko‘ra keltirganlar. Bog‘dan maydoni [ana shu] bog‘ maydoniga teng keladigan uzumzorga o‘tilardi, u ham paxsa devor bilan o‘ralgan. Devor bo‘ylab ekilgan daraxtlar baland qad ko‘targan, juda ko‘rkam.

Yüklə 1,35 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   40




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin