3-mavzu. Markaziy Osiyoning tarixiy va tabiiy-geografik nomlari.
Al-Xorazmiy, Beruniy, Ahmad al-Farg’oniy va klassik arab geograflarining ilmiy merosi
Reja:
1) Mavzuning o’rganilganlik darajasi.
2) Tarixiy geografiya uchun ahamiyati
3) Hududning tarixiy chegaralari, manbalarda keltirilgan ma’lumotlar
Tayanch so‘z va iboralar: Tarixiy geografiya, qadimgi xaritalar, oronimlar, toponimlar, gidronimlar, Oks, Yaksart, Politiment, Girkan, Aria, Gabaza, “Surat al-ard”, “Hudu ul-olam”, Kotib Chalabiy, miqyos, saodat orollari, rel’f, qadimgi tarixiy viloyatlar.
Muhammad Muso Xorazmiy VIII-IX asrlarda Sharqning yirik ilmiy markazi sanalmish Bag‘dodda yashab ijod etgan, matematika, astronomiya, tarix va geografiya sohalari bo‘yicha asarlar yozib qoldirgan taniqli olim.
Ma’mun podshoh hukmronligida Bag‘dod va yana bir qancha shaharlarda keng ko‘lamda ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Geografik izlanishlar sirasiga osmon va yer yuzining batafsil kartalarini tuzish ishlarini ko‘rsatish mumkin. Bu aslida “Jahon kartalari” majmuasidan iborat dunyo atlasi edi . Atlas tuzishda yetmishtacha olim shug‘ullangan, shu jumladan, al-Xorazmiy ham ishtirok etgan. Bu kartalar yig‘indisi «Ma’mun dunyo kartasi» nomi bilan ham yuritilgan. Undan ba’zi kartalar, shuningdek, dunyo kartasi ham bizgacha yetib kelgan. Al-Xorazmiy 828 yili Bag‘dod observatoriyasining yer yuzi aylanasidagi bir gradus miqdorini o‘lchash ekspedisiyasida qatnashgani ham ma’lum. Uning asarlarida Yer yuzasidagi quruqlikning kattaligi to‘g‘risida ham mulohazalar aytilgan.
Eng muhimi, al-Xorazmiy kartalar va ularga berilgan izohnomalardan iborat “Kitob surat al-arz” (“Er surati kitobi”) deb nomlangan geografiyaga oid asar yozib qoldirgan. Hozirgi vaqtda ushbu kitobning faqat bitta qo‘lyozmasi bor, 1878 yilda Qohirada topildi. Qohira kutubxona boshlig‘i nemis arabshunos olimi V.Spitta qo‘lyozmani shu yilning o‘zida Yevropaga olib o‘tdi va Strasburg kutubxonasiga (Fransiya) topshirdi.
3.1-rasm. Al-Xorazmiy xaritasi
Qo‘lyozma hijriy 428 yil ramazon oyi (milodiy 1037 yil iyun-iyul) da ko‘chirilgan bo‘lib, jami 48 varaq (96 sahifa)dan iborat. Asar matni arabcha, nasx xatida bitilgan va unda kitobning to‘la nomi “Abu Ja’far Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning Klavdiy Ptolemey “Geografiya” kitobi asosida tuzgan shaharlar, tog‘lar, daryolar, orollar va dengizlardan (iborat) Yer surati kitobi” shaklida qayd etilgan.
“Surat al-arz” da avvalo shaharlar birma-bir sanab o‘tilgan, so‘ngra tog‘lar, dengiz va orollarning nomlari, eng oxirida daryolar yozilgan va ularning koordinatalari ko‘rsatilgan; nomsiz shahar, tog‘, daryolar ham anchagina. Demak, kitob karta asosida tuzilgan. Hozirgi vaqtda asar o‘zbek tiliga o‘girilib chop bo‘lgan (1983) va bitta risola ham nashr etilgan.
Al-Xorazmiy “Surat al-arz” asarini yozishda Ptolemeyning «Geografiya»sidan tanqidiy yondashib foydalangan, o‘z davri ilm-fan yutuqlariga tayanib juda ko‘p yangi ma’lumotlar kiritgan. Natijada o‘ziga xos yangi bir asar vujudga kelgan. Ptolemey oykumena – yer yuzasining obod qismini uch bo‘lakka – Yevropa, Liviya (Afrika), Osiyoga bo‘lib tasvirlagan va geografik ob’ektlarni (shaharlar, tog‘lar, daryolar va h. k.) ana shu qit’alar tartibida izohlagan. Yerni zkvatordan shimolga 21 zonaga bo‘lgan. Al-Xorazmiy Yerni yetti iqlimga taqsimlab, shaharlar, tog‘lar, daryolarni iqlimlar tartibida joylashtirgan.
Ptolemey Yer yuzasini qit’alar tartibida 94 yeparxiya (oblast) ga bo‘lgan. Al-Xorazmiy “Surat al-arz”da ma’mura – yer yuzining odamlar yashaydigan obod qismini 56 bilod (o‘lka)ga bo‘lgan. Bu o‘lkalar iqlimlar tartibida g‘arbdan sharqqa yo‘nalishda yozilgan va ularning soni har bir iqlimda har xil: ekvatordan janubda bitta, birinchi iqlimda sakkizta, ikkinchi iqlimda o‘n bitta, uchinchi iqlimda beshta, to‘rtinchi iqlimda o‘n to‘rtta, beshinchi iqlimda beshta, oltinchi iqlimda beshta, yettinchi iqlimda yettita bilod (viloyat yoki o‘lka) bor.
Al-Xorazmiy viloyatlar ro‘yxatini tuzishda Ptolemey asaridan ko‘ra, ko‘proq undagi kartalardan foydalangan. Viloyatlar uchun ko‘rsatgan geografik koordinatalar Ptolemey ma’lumotlaridan farq qiladi.
3.2-rasm. Arab xaritasi
Ptolemey «Geografiya»si bilan al-Xorazmiyniig «Surat al-arz» asari o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri, al-Xorazmiyda joy nomlarining Ptolemeydagidek yunoncha emas, balki Sharq an’anasida berilishidir: Makka, Madina, Bag‘dod, Shom, Ozarbayjon, Tabariston, Kobul, Samarqand, Buxoro, Usrushana, Shosh, Turk, Tug‘uzg‘uz, Sarandib va h.k.
Muhammad Muso al-Xorazmiyning Markaziy Osiyo haqida yozgan geografik ma’lumotlari ham o‘ziga xos tomonlarga ega. Ptolemeyning «Geografiyadan qo‘llanma» asaridagi jadval (karta) lardan birida Markaziy Osiyo territoriyasi va unga yondosh yerlar aks etgan bo‘lib, unda bir necha yeparxiya (oblast) va o‘ttizdan ortiq shahar ko‘rsatilgan. Shu bilan birga tog‘lar, daryolar, ba’zi qabila (toxarlar, massagetlar, skiflar) nomlari ham yozilgan. Lekin deyarli hamma nomlar yunonchaga moslab berilgan ligidan har bir nomniig mazmuni hozir qaysi joyga to‘g‘ri kelishini aniqlash ancha mushkul. Kartada ko‘rsatilgan nomlar: Marakanda – Samarqand, Chekka Aleksandriya –Xo‘jand, Oksus daryosi –Amudaryo, Yaksart daryosi– Sirdaryo, Politimet daryosi– Zarafshon daryosi, Marg daryosi – Murg‘ob daryosi, Ox daryosi – Tajan daryosi, Antioxiya–Margiana–Marv, Oks tog‘i – Ustyurt platosi, Komed – Pomir tog‘lari, Avzakiy – Tyanshan, Askatan – Shimoli-G‘arbiy Tyanshan yoki Qoratov, Sogd–Zarafshon havzasidagi tog‘larga to‘g‘ri keladi.
Biroq xaritada geografik ob’ektlarning bir qismi noaniq tasvirlangan. Lekin shunga qaramasdan, Ptolemeyning Markaziy Osiyo territoriyasi tasvirlangan kartasini butunlay xato deb bo‘lmaydi. Uni o‘z davri nuqtai nazaridan baholaganda, u avvalo, Markaziy Osiyoning bizgacha yetib kelgan nisbatan birmuncha aniq eng qadimgi kartasidir. Chunki Gerodotdan keyin Ptolemey zamonigacha yashagan yunon olimlari Kaspiy dengizini Shimoliy okean (ya’ni Shimoliy Muz okeani) qo‘ltiqlaridan biri deb hisoblaganlar. Ptolemey kartasida bo‘lsa, Kaspiy dengizi hozirgidek hamma tomondan quruqlik bilan o‘ralgan yopiq dengiz shaklida tasvirlangan.
Al-Xorazmiyning “Kitob surat al-arz” asarida ham Markaziy Osiyoga oid geografik ob’ektlar – shahar, o‘lka, tog‘ va daryo nomlari bor. Biroq ular Ptolemey «Geografiya”sida keltirilgan ma’lumotlardan farq qiladi.
Kaspiy dengizi. Ptolemey kartasida faqat ikkita nom (Kaspiy, Girkan) bilan atalgan bo‘lsa, al-Xorazmiyda to‘rt xil shaklda yozilib, “Bahri Xorazm, Bahri Jurjon, Tabariston va Daylam bitta (dengizdir)”, deb izohlangan. O‘lchami g‘arbdan sharqqa Ptolemey kartasida 23°, al-Xorazmiyda –15°30/, aslida –8°; al-Xorazmiy o‘z navbatida Kaspiyning konturini Ptolemeyga nisbatan aniqroq tasavvur etgan, bu dengizga quyiladigan eng katta daryolarni va uning atrofidagi o‘lka, shahar, tog‘larni ancha aniq bilgan.
O rol dengizi-Ptolemeyning Markaziy Osiyo kartasida ko‘rsatilmagan. Yunonlarda Orol dengizi haqida umuman tasavvur bo‘lmagan, chunki ularning sharqiy territoriyalar to‘g‘risidagi bilimlari, asosan, Aleksandr Makedonskiy yurishi bilan bog‘liq joylar doirasida cheklangan va Markaziy Osiyoning shimoliy qismi haqidagi tasavvurlari, turli farazlarga tayangan edi. Shu sababdan Amudaryo va Sirdaryo Ptolemey kartasida Kaspiy dengizigacha cho‘zib olib borilgan.
3.3-rasm. Ilk o’rta asrlar xaritasi
Orol dengizi haqidagi dastlabki kartografik ma’lumotlar al-Xorazmiyning “Surat al-arz” asarida berilganlar bilan boshlanadi. Al-Xorazmiyning yozishicha, Balx daryosi (Amudaryo) kattagina bir ko‘lga quyiladi. Bu ko‘lning nomi aytilmagan bo‘lsa ham uning Orol dengizi ekanligi aniq. Chunki al-Xorazmiy ko‘lning chekka nuqtalari koordinatalarini ham ko‘rsattan: 86°30'–90° uzunlikda va 39° 10'–42° kenglikda, ya’ni bu ko‘l g‘arbdan sharqqa 3,5° va shimoldan janubga 2°50' oraliqda. Bu raqamlarning to‘g‘riligini albatta nisbiy deb tushunish kerak. Koordinatalar ko‘rsatkichida ayrim farqlar bo‘lishidan qat’iy nazar, bu yerda eng muhimi, Orol dengizi geografik o‘rnining al-Xorazmiy tomonidan kenglik va uzunlik birliklarida ifodalanishidir. Al-Xorazmiy Kaspiy va Orol dengizlarining kattalik nisbatini ham to‘g‘ri ko‘rsatgan.
Amudaryo-Ptolemey kartasida Oksus (bu nom aslida qadimgi turkiy so‘z bo‘lib, «o‘kuz»–»daryo» ma’nosini anglatadi) deb atalgan va Kaspiy dengiziga qo‘yiladi. Al-Xorazmiy bo‘lsa Amudaryoni Balx daryosi deydi. Balx shahri o‘rta asrlarda Amudaryo yaqinidagi zng mashhur shaharlardan bo‘lganligi uchun daryo shu shahar nomi bilan atalgan; daryoning yo‘nalishini ham to‘g‘ri tasavvur ettan: Balx shahri yaqinidan, so‘ngra Xorazmning poytaxti (ya’ni Xorazmning qadimgi poytaxti Kot shahri) yonidan, davomi esa, ko‘l (Orol .dengizi)ga quyilgan joygacha Eli Xorazm (ya’ni Xorazm mamlakati) hududidan oqib boradi.
Sirdaryo- Al-Xorazmiy yozgan Sirdaryo Ptolemeydagi Yaksart (Sirdaryo)dan farq qiladi. Ptolemeyda Yaksart Komed (Pomir) tog‘laridagi bir-biriga yaqin joylashgan uchta irmoqdan boshlanib, Kaspiy dengiziga quyiladi va 97°–124° uzunliklar oralig‘ida.
Al-Xorazmiy bu daryoning nomini yozmagan bo‘lsa ham juda uzun daryo (90°–129° uzunliklar oralig‘ida), deb ta’kidlaydi. Daryo avvalida Ptolemeydagidek uchta irmoqdan suv olsa-da biroq, ularning yo‘nalishi boshqacha. Al-Xorazmiy tasvirlagan irmoqlar Sirdaryoning boshlanish qismini eslatadi. Ya’ni dastlab ko‘rsatilgan ikkita irmoqdan biri hozirgi Norin daryosi va ikkinchisi Qoradaryo, uchinchi irmoqcha bo‘lsa, Sirdaryoning chap irmoqlaridan biri. Al-Xorazmiy daryo uzun tog‘ni kesib o‘tishini ham yozgan. Haqiqatda ham shunday, Sirdaryo Xo‘jand va Usrushana (O‘ratepa) oralig‘ida Turkiston va Qurama tog‘ tizmalari tutashgan joydan kesib o‘tadi. Nihoyat, Sirdaryoning Orol dengiziga quyilganligi haqida ham yozilgan. Ya’ni Sirdaryo Xazar shahriga yetgandan so‘ng (Kaspiy) dengizi bilan Xorazm Eli oralig‘idan oqib o‘tib, ko‘lga (Orol dengiziga) quyiladi.
3.4-rasm. Qadimgi grek xaritasi
Murg‘ob daryosi. “Surat al-arz” da Murg‘ob daryosining nomi yozilmagan bo‘lsa ham yo‘nalishi aniq berilgan. U Marv va Marvirud shaharlari yonidan oqib o‘tadi va xuddi hozirgidek qumlarga shimilib tugaydi. Bu daryo Ptolemey kartasida Marg nomi bilan ma’lum bo‘lib, dastlab tog‘dan ikkita irmoq shaklida boshlanadi, so‘ngra birlashib Oksus (Amudaryo)ga quyiladi.
Shaharlar va viloyatlar - Markaziy Osiyoning o‘sha paytdagi asosiy shaharlaridan hisoblangan Buxoro, Samarqand, Amuya, Usrushana, Xo‘jand, Axsikatning geografik joylashishi al-Xorazmiy asarida to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Joylarning koordinatalari Ptolemeydagidan farq qiladi. Masalan, Samarqand (Marakanda) Ptolemeyda 112° geografik uzunlikda berilgan bo‘lsa, al-Xorazmiyda - 89°30' uzunlikda ko‘rsatilgan, aslida Grinvichdan 67° sharqda joylashgan. Ptolemey va al-Xorazmiy asoslangan bosh meridian Grinvich meridianidan taxminan 18° g‘arbdan o‘tadi. Bundan 67°+18°=85°. Demak, Al-Xorazmiy ma’lumotlari haqiqiysiga ancha yaqindir.
“Surat al-arz”da sanab o‘tilgan shaharlarni kartaga joylashtirilsa, al-Xorazmiy ko‘proq savdo yo‘llarida joylashgan shaharlarni tasvirlagani ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, nisbatan ancha mashhur bo‘lgan geografik ob’ektlarni tasvirlab yozgan. Chunki asosiy karvon yo‘llaridan chekkada joylashgan punktlar haqida o‘sha davr shart-sharoiti nuqtai nazaridan yetarlicha ma’lumot olish juda mushkul edi. Shu sababdan al-Xorazmiy asarida Markaziy Osiyo shaharlari asosan qadimda va o‘rta asrlarda Markaziy Osiyodan Xitoyga boradigan savdo yo‘llari – Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab ko‘rsatilgan. Bu yo‘llardan biri Farg‘ona vodiysi, ikkinchisi Yettisuv, ya’ni Qozog‘istonning janubi-sharqiy qismi orqali o‘tgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, al-Xorazmiy o‘z asarini tuzganda, kartografik ma’lumotlar bilan bir qatorda, yozma manba, og‘zaki xabarlardan ham foydalangan.
Markaziy Osiyo shaharlari orasidagi masofalar mutanosibligini al-Xorazmiy deyarli to‘g‘ri tasavvur etgan va hozirgisiga ancha yaqin. Ptolemey ma’lumotlaridan yana bir farqli tomoni, al-Xorazmiy Markaziy Osiyo shaharlarini o‘sha paytda Sharqda mashhur bo‘lgan o‘z nomlari bilan ataganligidadir.
Viloyatlar ham har ikkala avtorda ikki xil yozilgan. Ptolemey kartasida Markaziy Osiyo va unga yondosh yerlarda Girkaniya, Margiana, Sogdiana, Baktriana viloyatlari ko‘rsatilgan. Al-Xorazmiy asarida bo‘lsa Shosh va Torband, Xorazm eli, Turkiy xalqlar mamlakati kabi viloyatlar sanab o‘tilgan.
T og‘lar. «Surat al-arz»da Markaziy Osiyo tog‘lari haqida ham ma’lumotlar bor. Jumladan, Elburs (Tabariston), Turkman- Xuroson va Kopetdog‘ tog‘larining yo‘nalishi aniq berilgan. Samarqand va Usrushana yaqinidagi tog‘ deb ta’kidlangani, bu Turkiston tizmasi, Taroz shahri janubida esa Talos Olatovi tizmasi ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, al-Xorazmiy asarida Ptolemey kartasida tasvirlangan ba’zi tog‘ tizmalari ham tavsiflangan.
3.5-rasm. Qadimgi grek jahon xaritasi
Geografik koordinatalar. Al-Xorazmiy asarida Markaziy Osiyo hududidagi geografik ob’ektlar –dengiz, ko‘l, daryo, tog‘ va shaharlar uchun berilgan geografik koordinatalar Ptolemeyning shu ob’ektlar uchun bergan geografik koordinatalaridan farq qiladi va bu farq turli ob’ektlar uchun turlicha. Masalan, geografik uzunliklardagi farq har ikkala avtor ma’lumotlarida Kaspiy dengizi uchun 8° bo‘lsa, Samarqand shahri uchun 22°.
Ayni vaqtda “Surat al-arz”dagi ma’lumotlarda ham ba’zi bir xususiyatlar ko‘zga tashlanadi. Masalan, shaharlar hammasi bitta manbadan olingan va ularning geografik o‘rni aniqroq belgilangan. Tog‘lar ham nisbatan to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Biroq gidrografik ob’ektlar, ayniqsa daryolar uchun berilgan koordinatalar chigal. Bunda turli manbalarning, jumladan, Ptolemey asarining, shuningdek, asarning keyingi davrlarda ko‘chirilgan nusxalarida xattotlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolarning ham ta’siri bo‘lgan albatta. Masalan. “Surat al-arz”dagi koordinatalar asosida Amudaryoning sxemasi chizilsa, u daryoning hozirgi shakliga o‘xshagan bo‘ladi, lekin geografik o‘rni butun Markaziy Osiyo konturida nomutanosib joylashadi. Balx shahrini kartaga tushirilsa, u Samarqand va Buxorodan shimolroqda bo‘ladi. Aslida bo‘lsa, u ancha janubda.
Umuman olganda al-Xorazmiy Markaziy Osiyoni nisbatan ancha aniq ko‘rsatgan. Elburs tog‘i, Turkman- Xuroson tog‘lari, Kopetdog‘, Pomir, Turkiston tizmasi, G‘arbiy Tyanshan, Orol va Kaspiy dengizlari, Amudaryo va Sirdaryo, Xorazm mamlakati, Shosh va Torband viloyati, Markaziy Osiyodagi shaharlar al-Xorazmiy ma’lumotlari asosida tiklangan kartada yaqqol ko‘rinib turibdi.
Al-Xorazmiy geografik ob’ektlarni tasvirlashda unga ma’lum bo‘lgan yangi ma’lumotlarni hisobga olishga, shu bilan birga, Ptolemey ma’lumotlarini ham iloji boricha haqiqatga yaqinlashtirib yozishga harakat qilgan. Shu sababdan, al-Xorazmiy ma’lumotlari asosida chizilgan Markaziy Osiyo kartasida ikkala muallifning ma’lumotlari aks etganini ko‘ramiz. Yana shuni ham ta’kidlab o‘tish zarurki, Ptolemeynint Sharq fanida obro‘si juda kuchli bo‘lib, ko‘pchilik ilm ahli uning yozganlarini asliday qoldiraverganlar. Al-Xorazmiyda bu qoidadan chekinish holatini ko‘ramiz va u o‘z asarida Ptolemey ma’lumotlarini yangi faktlar asosida tuzatish, to‘ldirish va izohlashni zarur, deb bilgan.
“Kitob surat al-arz” al-Xorazmiy tomonidan yozilgan yangi geografik asar bo‘lib, muallif Sharq geografiya fanining asoschisi sifatida tan olingan.
Abu Rayhon Beruniy asarlaridagi geografik ma’lumotlar. Movarounnahr va Xurosonda Somoniylar davlati tashkil topgach, Xorazm ham unga tobe edi va ushbu davlatdagi iqtisod, fan va madaniyat sohalaridagi umumiy rivojlanish Xorazmni ham qamrab olgan. Bu davrda Xorazm siyosiy – ma’muriy jihatdan ikkita birlikni tashkil etardi: birinchisi – Janubiy Xorazm, poytaxti Kat shahri; ikkinchisi – Shimoliy Xorazm, poytaxti Gurganj shahri. Janubiy Xorazmni xorazmshoh, Shimoliy Xorazmni amir boshqargan.
Dastlabki paytlarda Janubiy Xorazm rivojlanish jihatdan yetakchi o‘rinda bo‘lgan. Uning poytaxti Kat shahri hunarmandchilik, xalqaro savdo va ilm – fan rivojlangan shahar sanalardi. “ Juda yaxshi shahar, unda ulamolar va bilimdon adiblar juda ko‘p”, - deb yozadi arab geografi al-Muqaddasiy. Xuddi shu asrda hozirgi Afg‘onistonning shimoliy qismida joylashgan Guzgon (yoki Juzjon) viloyatida yozilgan forsiy asar “Hudud ul –olam”da esa Katning quyidagi geografik tavsifi berilgan:
“Koj (Kot) – Xorazmning qasabasi, Go‘r (G‘uz) Turkistoniga boriladigan joyda; turklar, Turkiston va Xazarning borgohi hisoblanadi; savdogarlar [gavjum] joy. Uning podshosi muxtoriyat [huquqiga ega] podshohlardan va uni Xorazmshoh deydilar. Ul joyning odamlari botir va jangovar. E’tiborli tomonlari ko‘p. Unda yostiq jildi, karokand, bo‘z, kigiz, kamar va raxbin tayyorlanadi”.
Keyinchalik Jayhun (Amudaryo) bu shaharning ko‘p qismini o‘pirib, yuvib ketgani ham ma’lum.
G urganj shahri to‘g‘risida esa “Hudud ul- olam”da shunday so‘zlar yozilgan: “Gurgonj – shahar, qadimda u Xorazmshohning mulki bo‘lgan, hozir esa alohida podshosi bor. Uning podshosini Gurgonj amiri deydilar. E’tiborli, boy shahar; Turkistonning eshigi va savdogarlar [gavjum] joydir. U ikki shahar ikki [qism] dan iborat: ichki shahar va tashqi shahar. Odamlari jangovarlik va merganlik bilan mashhurdirlar”.
3.6-rasm. Qadimgi xitoy xaritasi
Ma’mun – Xorazmshohlar saltanatida Gurganjning mavqei yanada ortdi. Sababi,
Shimoliy Xorazmning hukmdori bo‘lmish Ma’mun ibn Muhammad (995 – 997) - mamlakatni birlashtirib, o‘zini xorazmshoh deb e’lon qildi, poytaxt Gurganj shahri (Gurganj, Jurjoniya – Turkmanistondagi hozirgi Ko‘hna Urganch) bo‘lib qoldi.
Undan so‘ng taxtga kelgan xorazmshohlar Ali ibn Ma’mun (997-1009) va Ma’mun ibn Ma’mun (1009-1017) hukmdorliklari davrida nafaqat Gurganj, balki butun Xorazmning mavqei siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan kuchaydi, ilm – fan ravnaqi, jumladan, Xorazm Ma’mun akademiyasining faoliyati ham aynan shu davrga to‘g‘ri keladi. Lekin bu akademiyaning dastlabki faoliyatini bir muncha ilgariroq, ya’ni Janubiy Xorazmning poytaxti Kat shahrining ilmiy yuksalishidan boshlash to‘g‘riroqdir. Zero ilm – fan dastlab Kat shahrida rivoj topdi. Xorazm hududi Ma’mun ibn Muhammad tomonidan birlashtirilib Gurganj shahri asosiy poytaxt qilingandan keyin ham Kat shahri ma’lum vaqt o‘zining ilmiy mavqeini saqlab qolgan.
Abu Rayhon Beruniy 973 yili 4 sentyabrda Xorazmda, Jayhun (Amudaryo)ning o‘ng sohilidagi Kat shahri chekkasida tug‘ilgan va yoshlik yillaridagi ilmiy faoliyati ham shu shahar bilan bog‘liq. Muhammad Xorazmshoh 995 yili Kat shahrini egallagach, Beruniy Xorazmdan ketadi.
Shunday qilib Beruniy 995 yilda Katdan Eronning Ray shahriga boradi (Ray o‘sha davrda Tehrondan shimolroqda bo‘lgan; hozir esa u shahar chekkasi bo‘lib qolgan) va u yerdagi observatoriyada faoliyat olib boradi, mashhur astronom, astronomik asboblar tayyorlaydigan olim Xo‘jandiy bilan tanishadi (U ikki yil (995- 997) Rayda yashab yana Xorazmga qaytgan, degan fikr ham mavjud). So‘ngra u Gurgon (Jurjon)ga ketadi va olti yil (998-1004) o‘sha yerda yashab ijod qiladi. Jurjon shahri Kaspiy dengizining janubi-sharqiy burchagida joylashgan bo‘lib, viloyat markazi edi.
Abu Rayhon Jurjonda istiqomat qilgan vaqtida taxminan 1000 yilda–27 yoshida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli birinchi yirik asarini yozib tamomlagan. O‘z saroyidan boshpana berib, ilmiy ishlar olib borishiga imkon tug‘dirgani uchun, Abu Rayhon bu asarini hokim Shams al-Maoliy Qobus ibn Vashmgirga bag‘ishlagan. Qobusning o‘zi ham shoir va fan-san’at muxlisi bo‘lgan. Xorazmda siyosiy vaziyat yana o‘zgarib, taxtni yangi hukmdor Ali ibn Ma’mun egallaydi va Abu Rayhonning ulug‘ sifatlarini eshitgan Xorazmshoh uni darhol Xorazmga chaqiradi. Beruniy 2004 yili Jurjondan yana Xorazmga qaytadi.
Bu yillarda Xorazmda poytaxt Gurganjning siyosiy, iqtisodiy va ilmiy mavqei ortib bordi va bu yerga turli joylardan, jumladan, Kat shahridan ham olimlar kelaboshladilar. Gurganj o‘ziga xos yirik ilmiy markazga aylanib, unda turli fan sohalari olimlari - Abu Sahl Masihiy, Abu Nasr ibn Iroq, Abulxayr ibn Miskavayx, Abubakr Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino (1005 – 1011 yillarda), Abu Said Shabibiy, Abulhasan Ma’mun va boshqalar ijod qilganlar. Xorazmning poytaxti Gurganjda Ali ibn Ma’mun homiyligida yaratilgan ilmiy markaz keyinchalik fanda Xorazm Ma’mun akademiyasi deb nomlandi.
Beruniy 13 yil (to 1017 yili Mahmud G‘aznaviy Xorazmni egallagunga qadar) Gurganjda ilmiy tadqiqot olib boradi. Xorazm Ma’mun akademiyasidagi ilm – fan rivojining sermahsul davri ham shu yillarga to‘g‘ri keladi.
G‘aznaviylar davlatining hukmdori Mahmud G‘aznaviy (998 – 1030) Xorazmdagi ichki notinchliklardan foydalanib, 1017 yili bu hududni ham o‘z davlati tarkibiga kiritdi. Mahmud G‘aznaviy nafaqat Xorazm boyliklarini, balki u yerdagi ko‘plab ilm ahlini ham o‘z poytaxti G‘aznaga olib ketdi. Olimlar orasida eng mashhuri Abu Rayhon Beruniy edi. Xorazm 17 yil G‘aznaviylar davlatiga tobe bo‘ldi. G‘azna shahri mazkur davlatning poytaxti edi. Beruniy umrining oxiriga qadar shu shaharda yashadi.
3.7-rasm. Beruniy merosi
B eruniy G‘aznaga salmoqli ilmiy zaxira, ya’ni Xorazmda qo‘lga kiritgan ko‘p yillik kuzatishlari natijalari, yozgan asarlari, bir qism astronomik asboblari bilan bordi va shu asosda u yerda qator ilmiy asarlar yaratdi. Shu sababdan, Beruniy ilmiy merosini Xorazmdagi ilm –fan rivojiga bevosita va bilvosita daxldor qismlarga ajratish mumkin. Sababi, olim o‘z asarlarining bir qismini Xorazmda yashab ijod qilgan yillarda yozgan bo‘lsa, qolganlarini Xorazmda hosil qilgan ilmiy iqtidor va ma’lum darajada musavvada holidagi materiallari yordamida Ray, Gurgon va G‘aznada yozgan. Chunki uning 16 yoshidan mustaqil ilmiy faoliyat olib borganini hisobga oladigan bo‘lsak, u holda uning Xorazmdagi ilmiy faoliyati, Kat va Gurganjdagi izlanishlarini qo‘shib hisoblaganda, jami 25 yildan ortiqroq davrni tashkil qiladi va hayotining dastlabki 34 yiliga to‘g‘ri keladi. Bu davrda u juda katta qamrovdagi bilimga ega bo‘lgan edi. Chunonchi, uning o‘zi 1025-yili G‘aznada yozib tugatgan “Geodeziya” kitobida Quyosh va boshqa yoritqichlar balandliklarini o‘lchash usullari haqida so‘z yuritarkan, bu tadqiqotlarni Gurganjda bajarganini ta’kidlaydi. Shuningdek, Xorazmda joylarning geografik koordinatalarini aniqlash bo‘yicha izlanishlarini ham G‘aznada davom ettirgan: geografik kengliklarni yoritqichlarning holatiga qarab, geografik uzunliklarni esa Oy tutilishini bir vaqtning o‘zida Yer yuzasining ikkita joyidan kuzatish yo‘li bilan aniqlash.
Abu Rayhon G‘aznada observatoriya ochib, unda diametri 4,5 m keladigan kvadrant o‘rnatgan, dars bergan, shogirdlar tayyorlagan, ijod qilgan, ayni vaqtda davlat ishlarida ham qatnashgan. Mahmud G‘aznaviy Hindistonni egallagandan so‘ng Abu Rayhon Beruniy bir necha marta Hindistonga borgan, hindlarning tarixi, fani, tili va madaniyatini o‘rgangan.
3.8-rasm. Beruniy merosi
Sulton Mahmud G‘aznaviy 1030 yil aprelda vafot etadi va o‘rniga uning kichik o‘g‘li Muhammad yarim yilcha podshohlik qiladi, keyin katta o‘g‘li Mas’ud sulton bo‘ladi. Mas’ud o‘z hukmdorligi chog‘ida ilm-fanga homiylik qildi va o‘zi ham matematika va astronomiya kitoblarini mutolaa qilib turardi, me’morchilikdan ham xabari bor edi. Beruniy undan bag‘oyat rozi bo‘lgan: “Hayotimning qolgan kunlarida fanga xizmat qilishim
uchun imkoniyat tug‘dirdi; menga g‘amxo‘rlik qilib, meni o‘z panohiga oldi”, deb yozadi u bu haqda “Qonuni Mas’udiy”asarida. Beruniy 1048 yili hijriy yil hisobida 77 yoshida (milodiy yil hisobida 75 yoshida) vafot etgan.
Beruniy asarlarida geografik ma’lumotlar. XIII asr geografi Yoqut Hamaviyning yozishicha, u Marv shahridagi Jome masjidining vaqfnomasida Beruniy asarlarining 60 sahifaga mayda qilib yozilgan ro‘yxatini ko‘rgan ekan. Beruniy tuzgan ro‘yxatdan ko‘rinishicha, u “Zijga oid” (jadval va kalendarlar to‘g‘risida) 18 asar, “Shaharlarning bo‘yi, eni hamda bir-birining qay tarafda ekanligi haqida” 15 ta asar, “Hisob faniga oid” 8 ta, “Quyosh harakati haqida” 4 ta, “Zij asboblari va ularni ishlatish haqida” 5 ta, “Zamon va vaqtlar haqida” 5 ta, “Dumlik yulduzlar haqida 5 ta, “Oy manzillarini tekshirish haqida” 12 ta, “Yulduz hukmlari haqida” 7 ta asar yozgan. Abu Rayhon yuqorida aytib o‘tilgan ro‘yxatni tuzganidan keyin yana 13 yilcha yashab, 50 ga yaqin asar yozgan. Sharqshunoslarning taxminicha, Beruniy 150 tacha asarning muallifidir, asarlarining to‘la ro‘yxati chop bo‘lgan. Afsuski, shuncha kitobdan atigi 30 tasi saqlanib qolgan xolos .
Beruniy ijodida tabiiy fanlar, jumladan, geografik bilimlar salmoqli o‘rin egallaydi, uning asarlari orasida geografiyaga doir maxsus kitoblar anchagina; uning astronomiya va boshqa sohalarga bag‘ishlangan kitoblarida ham geografik ma’lumotlar ko‘p. Beruniyning uzunliklar va kengliklar, Yer yuzidagi odamzod yashaydigan mamlakatlarning chegaralarini aniqlash, suratga (xaritaga) tushirish, havoning sovishi va isishi sabablari (siklon va atmosfera frontlari) to‘g‘risidagi asarlari ham bo‘lgan; u Ptolemey “Geografiyasi”ga qisqacha sharh ham yozgan ekan. Beruniy asarlarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi bo‘yicha ham qimmatli ma’lumotlar mavjud. Quyida olimning geografiya nuqtai nazaridan eng muhim asarlariga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
“Osor ul- boqiya” (“Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya”–“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”). Abu Rayhon Beruniy tomonidan taxminan 1000 yilda, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Jurjonda yashaganida yozib tamomlangan yirik asar. Bu asar 1879 yilda ingliz tiliga, 1943 yilda fors tiliga, 1957 yilda rus tiliga, 1968 yilda o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etildi (2). Unda turli xalqlarning kalendar sistemasi, oy va muchal nomlari, bayramlari, Oy manzillari, juda ko‘p meteorologik, fenologik va tarixiy ma’lumotlar, kabilalar va joylarning nomlari yozilgan. Asarda Markaziy Osiyo tarixi va tarixiy geografiyasiga oid ma’lumotlar ham talaygina. Yevropalik sharqshunoslar bu asarni qisqacha “Xronologiya” deb ataydilar.
“Tastih as-suvar va tabtih al-quvar” (“Kartografiya”) 10 varaqdan iborat risola bo‘lib, xorazmshoh Abul Abbos Ma’munga bag‘ishlangan. Risolaning kirish so‘zida astronomiya, kartografiya va geografiyaning amaliy ahamiyati tushuntirilgan.
”Tahdid nihoyat al-amokin li tashih masofat al-masokin” (“Aholi punktlari orasidagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash”, qisqacha ”Geodeziya”); yagona nusxada yetib kelgan qo‘lyozmasi hozirgi vaqtda, Turkiyaning Istanbul shahridagi Fotih kutubxonasida saqlanadi (№ 3386). Unda “23 rajab 426” yozuv bor; bu–1025 yil 20 oktabr degani. Kitob shu yili yozib tugatilgan. Aslida Beruniy uni 1017 yilda Xorazmda yoza boshlab, Kobulda davom ettirgan va G‘aznada nihoyasiga yetkazgan.
Arabshunos olim P.G.Bulgakov Misrda ishlagan vaqtida “Geodeziya” kitobining arabcha matnini alohida kitob tarzida nashr qilishga muvaffaq bo‘ldi, Toshkentga kelganidan so‘ng rus tilidagi mukammal tarjimasini ham chop ettirdi .
3.9-rasm. Beruniy merosi
Asarning geografiyaga oid qismida Beruniy Xorazmda yasagan globus, Yerning geologik qatlamlari, tog‘ hosil bo‘lish jarayoni, quruqliklar va dengizlarning siljishi, Xorazmning qadimgi gidrologik holati haqida, boshqa boblarida esa, shaharning geografik kengligini aniqlash, ekliptikaning Yer ekvatoriga nisbatan og‘ish burchagini topish, Yer yuzasini iqlimlarga taqsimlash, dengizlar nazariyasi, joyning geografik uzunligini aniqlash va boshlang‘ich meridian, Yer shari aylanasini o‘lchash, yer yuzida ikkita punkt orasidagi masofani ularning geografik koordinatalariga qarab o‘lchab topish kabi masalalarga to‘xtalgan. Jumladan, quyidagi shaharlar bo‘yicha: Ray bilan Gurganj shaharlarining geografik uzunligi va kengligi asosida Gurgon shahrining geografik uzunligi va kengligini aniqlash va shu asosda Gurganj va Ray shaharlari uzunligidagi farqni belgilash; Kat shahri geografik uzunligiga nisbatan Gurganj shahri uzunligining to‘g‘riligini tekshirish; Gurganj va Balx shaharlari uzunligidagi farqni aniqlash. Buxoro shahrining geografik uzunligi va kengligini Darg‘on va Omuyaning uzunligi va kengligi asosida hisoblab chiqarish. Buxoro bilan Balx o‘rtasidagi masofani ularning geografik uzunligi va kengligiga qarab hisoblab chiqarish; Bag‘dod va Sheroz shaharlarining geografik uzunligidagi farqni aniqlash; Balx bilan G‘azna shaharlari geografik uzunligidagi farqni aniqlash va h.k.
Kitobning ikkinchi bobida “usturlob va bo‘lak asboblar yasashda o‘z zamonasining eng mohir ustasi” o‘rtaosiyolik Abu Mahmud Homid ibn al -Xidir al-Xo‘jandiy (vaf.1000 y.) ixtiro qilgan va Ray rasadxonasida o‘rnatilgan Faxr sekstanti ham batafsil tasvirlangan.
Kitobning uchinchi bobida dunyo geografiyasi – shaharlarning kengliklarini aniqlash, iqlimlarga bo‘lish, ularning chegaralari, okeanlar, dengizlar va orollarning taqsimlanishi bayon etilgan, shimolda yashaydigan isu va yugra qabilalari tilga olingan.
3.9-rasm. Beruniy merosi
“Hindiston” (“Tahqiq molil hind min ma’qula maqbula fi-l-aql av marzula” - “Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi”), 1020 - 1030 yillarda yozilgan. Bu kitob “Hindiston tarixi” nomi bilan mashhurdir. 1888 yilda Londonda mazkur kitobning arabcha matni bilan inglizcha tarjimasi nashr etilgan. 1958 yilda Hindistonda arabcha nusxasi ikkinchi bor nashr qilindi. Ruschaga tarjimasi 1963 yilda, o‘zbekchaga tarjimasi esa 1965 yilda Toshkentda bosilib chiqdi.
Geografiya fani uchun bu kitobning ahamiyati katta. Unda umumiy geografik ma’lumotlar (Yer to‘g‘risidagi tasavvurlar, quruqliklarning chegaralari, dengiz va quruqliklar, suv ko‘tarilishi va qaytishi, boshlang‘ich meridian tarixi) bilan birga, Hindiston tabiatining mufassal ta’rifi (tog‘lari, daryolari, shaharlari, qabilalari, hayvonoti va hokazo), tom ma’noda Hindiston tabiiy geografiyasi bor. Undagi etnografik ma’lumotlar, din, falsafa, urf-odatlar ta’rifi mufassal va haqiqiydir. Beruniy bu kitobda asosan, o‘zi ko‘rgan va aniqlagan narsalar haqida hikoya qilgan. U o‘z geodezik kuzatishlari to‘g‘risida bunday deydi: “Lohur qal’asining kengligi 34010/ ekanini o‘zim hisoblab topdim. Bundan Kashmir qal’asigacha 56 mildir (bir milya - 1973, 2 metr). Bu qal’aning yarmi tepalik va yarmi tekis daladir.
Kuzatishlar natijasida mana bu joylarning kengliklarini topdim: G‘azni 33035/; Kobul 33047/; Gandiamir 33055/; Dunpur 34020/; Lamg‘on 34043/; Pirshavur 34044/; Vayhand 34030/; Jaylam 33020/; Nandna qal’asi 32044/; bu qal’a bilan Mo‘lton oralig‘i qariyb 200 milya; Siyolqut 32058/; Mandakkapur 31050/; Mo‘lton 29040/. Ularning (hindlarning) yerlarida mazkur joylardan tashqariga chiqmadik”. Beruniy yer shari aylanasini Hindistonning Nandna qo‘rg‘onida o‘lchagan.
“At-tafhim” (“At-tafhim li avoili sinoat at-tanjim”– “Nujum san’atining avvalini tushuntirish”, ya’ni “Astronomiya ilmidan boshlang‘ich ma’lumotlar”) kitobi, 1030 yilda yozilgan. “At-Tafhim”– Beruniyning ikki tilda (arab va fors tillarda) yozgan yirik asarlaridan biri. Bu kitob qo‘lyozmasining nusxalari ko‘p. O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida “At-tafhim”ning 2ta forscha qo‘lyozmasi bor: 1) №3423, 1261 yili ko‘chirilgan; 2) №445/1, ancha keyingi asrlarda ko‘chirilgan. 1934 yilda “At-tafhim” ingliz tiliga tarjima qilindi. Fors tilidagi nusxasi Eronda nashr etildi. Tojik tilida 1973 yilda, rus tilida 1975 yilda chop qilindi. Beruniy bu kitobni savol va javob tarzida, o‘quv qo‘llanma uslubida yozgan va unda hisob, geometriya, astronomiya, kalendar, geografiya masalalari yoritilgan va ma’lumotlar ko‘p hollarda shakllar (sxema) bilan izohlangan, kitobga doira shakldagi dunyo xaritasi ham ilova qilingan.
Mazkur asarda matematika, astronomiya va astrologiya bilan bir qatorda, geografik tushunchalar ham sodda ommabop tarzda bayon qilingan. “At-tafhim”ning to‘rtinchi bobi “Ma’mura va obod yerlarning chegaralari” degan sarlavha bilan berilgan; uni, umuman, “Geografiya” deyish mumkin. Asarda qator geografik mavzular – Yerning kattaligini o‘lchash, dengizlar nazariyasi, dunyo (sharqiy yarim shar) ning doiraviy kartasi, iqlimlar tushunchasi (yetti iqlim), qutblar haqida, “Er qubbasi”, Yer yuzasini ma’lum qismlarga bo‘lish (dunyoning siyosiy kartasi), iqlimlardagi mamlakatlar, shaharlar, xalqlar, yil hisobi (xronologiya) to‘g‘risida kabi mavzular yoritilgan.
“Qonuni Mas’udiy” (“al-Qonun al-Mas’udiy fil hay’a va-n- nujum”– “Astronomiya fanida Mas’ud ismiga yozilgan qonun”) – Beruniyning eng yirik asari bo‘lib, uni muallif umrining oxirgi yillarida yozgan. Kitob sulton Mas’udga atalgan, 1030 - 1037 yillarda yozilgan, qo‘lyozma nusxalari anchagina. “Qonuni Mas’udiy” birinchi marta Beruniyning tanlangan asarlari qatorida V jild qilib (ikki kitob) to‘la ravishda rus va o‘zbek tillarida nashr etildi.
Asar jami 12 maqola (kitob)dan iborat bo‘lib, har maqola bir necha bobga bo‘lingan. 1-maqolada olamning geotsentrik tuzilishi Ptolemey fikricha bayon etilgan, 2-maqolada–yillar va kalendarlar, 3-maqolada–trigonometriya ma’lumotlari, 4-maqolada sferik astronomiya va joylarning kengliklarini belgilash usullari, 5-maqolada joylarning uzunliklarini belgilash usullari, 6-maqolada–Quyoshning harakati, 7–8- maqolalarda–Oyning harakati, 9-11-maqolalarda yulduzlar va sayyoralar harakati bayon etilgan, 12-maqolada esa munajjimlarning yil hisobi tahlil qilingan.
5-maqolaning 9–10-boblari geografiya uchun juda muhimdir. Jumladan, o‘ninchi bob–“Shaharlarning uzunlik va kengliklarini jadvallarda ko‘rsatish haqida” sarlavhasi bilan berilgan bo‘lib, unda Beruniy: “Shaharlarning bir-biriga nisbatan vaziyatlariga va oralaridagi masofalar taqozosiga qarab tuzatishga urindim, kitoblardan ko‘chirmadim. Chunki, bunday jadvallar kitoblarda chalkashdir”, deb ta’kidlab o‘tgan. Afsuski, Beruniy jadvalni tuzishda qo‘p mehnat qilgan bo‘lsada, qo‘lyozmani ko‘chirgan xattotlar raqamlarda va nomlarda talaygina xatoga yo‘l qo‘yganlar.
“Mineralogiya” (“Kitob al-jamohir fi-ma’rifat al-javohir”–“Javharlarni tanish uchun jam kitob”)ni muallif 1048 yili G‘aznada yozgan. Sharqshunos A.Beleniskiy bu kitobni rus tiliga tarjima qildi.
“Mineralogiya” kitobida foydali qazilmalar konlarining geografik tarqalishi bayon etilgan, qaysi toshning qaysi tog‘, daryo vodiysi yoki qishloqdan qazib chiqarilishi aniq aytilgan, chet ellarga qimmatbaho toshlar chiqaradigan shaharlar ko‘rsatilgan, joylarning nomlari mineralllar bilan bog‘liqligi izohlangan, minerallarning, chunonchi qimmatbaho toshlarning bahosi, marvarid yig‘uvchilarning kunlik ish haqi kabi ma’lumotlar berilgan. Fan uchun shunisi muhimki, Beruniy tarixda birinchi bo‘lib qimmatbaho toshlarning solishtirma og‘irligini aniqlashga kirishgan. Buning uchun oltinni andaza (“qutb”) hamda zargarlar, konchilar, temirchilar va kimyogarlar bilan suhbatda eshitgan ma’lumotlarni berish bilan birga, qadimgi olimlarning qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi kitoblaridan ham foydalangan.
3.10-rasm. Beruniy merosi
Badaxshon aholi maskani haqida bunday yozilgan: “Badaxshonning o‘zida toshlar qazib chiqarilmaydi. Badaxshonga boshqa yerlardan keltiriladi va shu yerda taroshlanadi, silliqlanadi. Badaxshon bu toshlar uchun darvozadirki, shu yerdan boshqa mamlakatlarga tarqaladi. Shu sababdan “Badaxshon toshi” bo‘lib ketgan. Konlarning o‘zi Varzpanj nomli qishloq yeridadir. Bu Badaxshondan Vahon chegarasi tomonida uch kunlik yo‘ldir, shohanshoh yerlaridir. Bu yerlarning poytaxti Shikamish (Ishkomish) ushbu konlarga yaqindir”. Ayrim qimmatbaho toshlar haqida tafsilotlar berilgan.
“Yoqut – javharlar orasida birinchisi, nafisrog‘i va eng qimmatlisidir. Yoqutlar oq, ko‘k,sariq va qizil bo‘ladi. Qizil ranglisidan boshqalari nafis va qimmatli emas... Qizil yoqutning rangi eng tozasi rumoniy (anor dona ranglisi), so‘ngra baharamoniy (za’faron ranglisi), arg‘uvoniy (arg‘uvon guli ranglisi), eng so‘ng qizil gul ranglisidir.
“Mineralogiya” kitobida Xuttal viloyatida (Janubiy Tojikiston) Maxatan tog‘i etagidan turli rangdagi toshtuz qazib olinishi yozilgan. “Xuttalning oltini sariq rangda, uni tog‘dan va Jayhundan loy va qum orasidan oladilar. Ayniqsa, bahor sellari vaqtida qishloq aholisi oltinni kavlab oladilar”.
“Saydana” (“Kitob as-saydana fit-tibb–“Dorivor o‘simliklar haqida kitob”). Bu yevropa tillarida “Farmakognoziya” deb atalgan. Beruniyning 1047–1048 yillarda arab tilida yozilgan eng oxirgi yirik asari. Asarning arabcha originali faqat bir nusxada yetib kelgan bo‘lib, 1927 yilda Turkiya kitobxonalarining biridan topildi. Farg‘onalik tabib Abubakir ibn Ali al-Kosoniy mazkur asarni 1211 yilda Hindistonda fors tiliga tarjima qilgan, 1279-1280 yillari esa al–G‘adanfar undan nusxa ko‘chirgan. Bu nusxa Londondagi Britaniya muzeyi kutubxonasida saqlanmoqda. O‘zbek sharqshunosi Ubaydulla Karimov bu asarni mukammal ravishda rus tiliga tarjima qildi, ana shu tarjima olimning tahlili, izohlari va ko‘rsatkichlari bilan nashr etildi (7).
“Saydana” kitobi alfavit tartibida yozilgan bo‘lib, unda yer yuzidagi 1116 xil dorivor o‘simliklar, dorilar, mevalar, hayvonlar va ularning ta’siri to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar berilgan, ularning turli tillarda qanday atalishi ko‘rsatilgan.
Saydana”da 400 dan ortiq qishloq, tog‘, daryo, shahar va orol nomlari tilga olingan, o‘simliklar va hayvonot geografiyasiga oid ham qimmatli ma’lumotlar bor. Asardan ayrim misollar keltiramiz:
“Surmaning eng yaxshisi Isfahonnikidir, qora qo‘ng‘ir tusda: (uni surgan qizlarning) ko‘zlari yaltirab, shahlo bo‘lib ketadi”.
“Muskus (mushk) – hindcha kasturi, turkmancha iypor, xorazmcha oqtibanjol. Turkiy mushk, tibat mushki, nepal mushki, kashmir mushki, tatar mushki, qirg‘iz mushki, hind mushki”. Asarda choy to‘g‘risida ham ma’lumotlar berilgan va ular keyingi asrlarda yaratilgan asarlar uchun ham bosh manba vazifasini o‘tadi. “Yovvoyi karam Isfijob (Sayram), Shosh, Farg‘ona va Usrushona (O‘ratepa – hozirgi nomi Istaravshan)da o‘sadi”. Beruniyning geografiyaga oid tadqiqotlari. Bu haqda ma’lumotlar olimning asarlari va boshqa kitoblarda bu haqda yozib qoldirilganlar orqali ma’lum. Uning mazkur sohadagi izlanishlari fan tarixi va Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi nuqtai nazaridan ahamiyatli sanaladi.
3.11-rasm. Beruniy merosi
Joylarning geografik kengligini aniqlash. Beruniyning geografiyaga oid tadqiqotlari ko‘proq Xorazmda yashagan davri bilan bog‘liq. U 16 yoshidayoq yer yuzida joylarning geografik kengligini aniqlash bilan shug‘ullangan va ularni Quyosh yoki boshqa yoritqichlar balandligiga qarab belgilagan. Jumladan, Kat shahrining geografik kengligini o‘lchagani ma’lum. Ushbu o‘lchov haqida uning o‘zi keyinroq “Geodeziya” asarida quyidagilarni yozadi: “ Men taxminan hijriy uch yuz saksoninchi (milodiy 990) yili bu shahar (Kat) da yarim (gradus) dan kamini aniqlay olmaydigan halqa asbob yordamida Quyoshning, ikkala (bahorgi va kuzgi) tengkunlikning har birida tush paytidagi balandligini o‘lchadim va uni Habash al- Hasib ziji asosida hisoblab 48°30'ekanligini aniqladim”.
Uning Gurganjda olib borgan ilmiy faoliyatida geografiyaning bir qancha sohalari-tabiiy geografiya, gidrologiya, mineralogiya, astronomik geografiya kabi sohalariga oid tadqiqotlar o‘rin olgan. Shu jumladan Gurganj shahrining geografik kengligini aniqlagani ma’lum.
Beruniy «Hindiston» asarida quyidagilarni yozadi: “Lohur qal’asining kengligi 34° 10' ekanini o‘zim hisoblab topdim. Kuzatishlar natijasida mana bu joylarning kengliklarini aniqladim: G‘azni -33°35' Kobul -33°47', Gandiamir -33°55', Dunpur -34°20'; Lamg‘on -34°43', Pishavur -34°44', Vayxand -34°30', Jaylam -33°20', Nandna qal’asi -32°, Siyolkut -32°58', Mandakkapur -Z1050', Multon -29°40' ”.
E kliptika tekisligining ekvatorga nisbatan og‘ish kattaligini o‘lchash. Beruniy hijriy 384 (milodiy 994) yili 21 yoshida Jayhun (Amudaryo) ning g‘arbiy sohilida Jurjoniya bilan Kat oralig‘ida joylashgan Bo‘shkanz qishlog‘ida ekliptika tekisligining ekvatorga nisbatan og‘ish kattaligi (hozirgi shimoliy va janubiy tropik chiziqlari)ni juda aniq o‘lchashga muvaffaq bo‘ladi va uni 23o 351 4511 ga teng deb topadi. Bu holat fasllar to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega bo‘lish, kundalik xo‘jalik ishlari (dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik) uchun bevosita amaliy ahamiyatga ega edi.
Beruniy globusi. Yer sharini globusda aks ettirish Beruniyning geografiya sohasidagi mashhur xizmatlaridan biri sanaladi va ushbu muhim ishni u 995 yili Kat shahrida yashab turganida amalga oshirgan. Globus yasash fikri Yerning sharsimonligi holatidan kelib chiqqan edi.
3.12-rasm. Beruniy merosi
Abu Rayhon Beruniy Yerning sharsimonligiga qat’iy ishonganligini o‘z asarlarida bir necha bor ochiq, ravshan aytgan va Yerning sharsimonligini isbotlovchi dalillar keltirgan. Chunonchi “Hindiston” asarida kechasi quyosh ko‘rinmay qolishining sababi, uning Yerdan uzoqlashib ketishidan emas, balki Yerning do‘mboqligi sababli bizga ko‘rinmay qoladi. Qaysi bir xalqlar quyoshning chiqishini ko‘rgan paytda boshqa xalqlar ayni vaqtda quyoshni o‘z tepalarida ko‘radilar, bu haqiqat, har yerning vaqti(soati) har xil. Buning sababi Yerning
yumaloq bo‘lganidandir. Agar Yer yumaloq bo‘lmaganda turlicha kenglikdagi joylar bilan o‘ralmagan bo‘lardi, yozda va qishda kun va tun har xil bo‘lmas edi, ular hozirgiday o‘zgarib turmas edilar, deb yozadi.
“Qonuni Mas’udiy” asarida esa, Yer umuman yumaloqdir, biroq ayrim joylari g‘adir-budir, chunki tog‘lar do‘ppayib chiqib turadi, botiqlari chuqur kirgan; shunday bo‘lsada uning shakli sharga o‘xshash, tog‘larning balandligi butun Yerga nisbatan juda kichikdir.
Diametri bir cho‘zim yoki ikki cho‘zim keladigan yumaloq narsani ko‘rganmisan, uning sirtida tariq donalari turgan bo‘lsa va tariqday-tariqday o‘yiq izlari bo‘lsa? Tog‘lar va botiqlar ham butun Yerga nisbatan xuddi shunday arzimas darajadadir. Agar Yerning shunday g‘adir-budurliklari bo‘lmaganda, hammayoqni suv bosib ketgan bo‘lar edi, hech nima ko‘rinmay qolar edi. Holbuki suvning ham yer singari og‘irligi bor, deb qayd etgan.
Globus haqidagi ma’lumotlar Beruniyning “Geodeziya” asarida berilgan. Unda yozilganlardan ma’lum bo‘ladiki, Beruniy qadimgi yunon va Sharq ilm-fani yutuqlarining tahlili hamda o‘z kuzatuvlari asosida diametri o‘n tirsak (5 metr chamasi) keladigan globus yasagan. Beruniy Kat shahrida yasagan globus Sharqda tayyorlangan birinchi va shu bilan birga relefli globus hisoblanadi yoki uni kartografiya tarixida matematik geografiya prinsiplari asosida yasalgan dastlabki globus deyish mumkin.
Korizlar. Beruniy Gurgonda yashagan paytida yer osti suvlarining holati bilan qiziqib korizlar qazish ishlariga ham boshchilik qilgan. Bu yerda u yana alohida geografik asar yozgan va unda hind geografiyasi va astronomiyasi, aniqrog‘i Yer qubbasi haqidagi tushuncha aks etgan edi.
Silindrik proeksiya. Beruniyning “O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar” (“Xronologiya”) asarida, tarix bilan bir qatorda, matematik kartografiya tushunchalari ham berilgan. Jumladan silindrik proeksiya xususida u shunday yozadi:
“Men [buni] silindrik proeksiya deb atadim; mendan oldin ushbu fan (kartografiya sohasi) ahlidan birortasi bu haqda eslatgani menga ma’lum emas. [Silindrik proeksiyada] o‘qqa parallel bo‘lgan chiziqlar yoki tekisliklar sferadagi aylanalar yoki nuqtalar orqali o‘tadi. Natijada kunduz tekisligida faqat to‘g‘ri chiziqlar, aylanalar va ellipslar hosil bo‘ladi”. Beruniy tomonidan tatbiq etilgan mazkur silindrik proeksiya keyinchalik kartografiya fanida Yer sharini kartaga tushirish bo‘yicha asosiy proeksiyalardan biriga aylandi.
Dunyoning (sharqiy yarim shar) doiraviy kartasi. Abu Rayhon Beruniyning Xorazmda globus yasashdan orttirgan bilimlari keyinchalik dunyoning (sharqiy yarim shar) doiraviy kartasini yaratishi uchun asos bo‘ldi va bunday karta uning “At-tafhim” asaridan o‘rin olgan hamda uning bir nechta qo‘lyozmalarida bizgacha yetib kelgan.
3.13-rasm. Beruniy merosi
“At-Tafhim” kitobining Toshkentda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan qo‘lyozmasidagi xarita (inv. N3423), ilmiy jihatdan ancha mukammal chizilgan. Qo‘lyozma hijriy 655 (milodiy 1257) yili ko‘chirilgan, demak undagi karta ham boshqa bir nusxa asosida o‘sha yili chizilgan bo‘ladi. Bu xaritaning diametri 12,5 sm, yo‘nalishi, o‘rta asr Sharq kartografiyasida qabul qilingan qoidaga ko‘ra, shimol pastda, janub yuqorida, ya’ni hozirgi kartografik qoidaga teskari holatda chizilgan.
Yetti iqlim. Abu Rayhon Beruniy asarlarida o‘rta asrlarda Sharqda geografik fanlar tizimida mavjud yetti iqlim tushunchasi ham o‘rin olgan edi. Buning isboti sifatida uning asarlarida qayd etilgan yetti iqlim haqidagi ma’lumotlarni, jumladan, “Qonuni Mas’udiy” da shaharlar jadvali yetti iqlimga bo‘lib berilganini ko‘rsatish mumkin va Markaziy Osiyo shaharlari to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi iqlimlardan o‘rin olgan.
Yerning kattaligini aniqlash. Abu Rayhon Beruniy Yerning kattaligini aniqlash bo‘yicha ham ma’lum ilmiy tadqiqotlar olib borgan va bu sohadagi ishlar olimning geodeziya sohasidagi tadqiqotlari jumlasiga kiradi. Bu haqda uning “Geodeziya” va keyinroq “Qonuni Mas’udiy” nomli asarlarida bayon qilingan. U Hindistonga safari chog‘ida (1022-1024 yillar) Panjobdagi Nandna qal’si yaqinida (Multondan taxminan 300 km shimoli-g‘arbda) 32o sh.k. da bevosita o‘lchov ishlari olib boradi.
Dunyo okeani yaxlitligi masalasiga ham Abu Rayhon Beruniy yangicha yondashadi va o‘zining “Geodeziya” asarida Yer sharida okeanlar va materiklar nisbatiga ma’lum o‘zgartirish kiritadi, qadimgi yunon fanidagi kontinental konsepsiya- Afrika materigining Osiyo materigi bilan janub tomondan ulanganligi va Hind hamda Tinch okeanlarining yopiq dengiz shaklida aks ettirilganligiga qarshi fikr bildirib, bunday nazariyaning asossizligini, dunyo okeani Afrikaning janubida va xuddi shu tarzda sharqda bo‘g‘oz (Bering bo‘g‘ozi) orqali bir-biri bilan ulanganligini isbotlaydi.
Ko‘llar va dengizlar. Beruniy Kaspiy dengizi haqida “Qonuni Mas’udiy“ va “At-tafhim” asarlarida ma’lumot keltiradi. Jurjon dengizi, bu haqiqatda Xazar (Kaspiy) dengizidir. Shimol tomonda Obaskun degan bandar shahri borki, dengiz ham (Obaskun) nomi bilan ma’lumdir. So‘ngra dengiz Tabaristonga, Daylam yeriga, Shirvon, Bob al-Abvobga tutash… Uning g‘arbida u bilan Bo‘ntus dengizi o‘rtasida alon va sarir toifalari, ularning mamlakatlari va qal’alari joylashgan… Etil (Volga) daryosining dengizga quyilishi yonida Xazar viloyati tomon yoyilgan, so‘ng G‘uzlar viloyatidan o‘tib, yana Obaskunga qaytib keladi. Dengiz qirg‘oqlaridagi viloyatlar nomi bilan yuritiladi, ammo, bizda Xazar (nomi) bilan ma’lum. Bu dengiz boshqa dengiz bilan qo‘shilmaydi”.
Beruniy “G‘arbiy qit’a” to‘g‘risida. Hozirgi zamon fanida Amerika qit’asini Xristofor Kolumb kashf etgan deyiladi.
Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Hindiston” asarida yer yuzasining tuzilishi, dengiz va quruqlik to‘g‘risida gapirib, bu haqda shunday yozadi:
“... Yerning choragi ma’muradir. Ma’murani g‘arb va sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okeanlari) o‘rab turibdi. Bu Muhit okeani, Yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida bo‘lishi mumkin bo‘lgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala yoqdan (g‘arbdan va sharqdan) ajratib turadi...”. Bunday xulosa Beruniyning “Qonuni Mas’udiy” asarida ham qayd etilgan. Beruniy o‘sha uzoq yerlarga borishning imkoniyatlari cheklanganligi sababiga to‘xtalgan:
“...U tomonda havo noqulay, yo‘llar notinch, xavf-xatar ko‘p, borgan kishilar qaytib kelmaydi, shuning uchun u quruqlikka tomon yurilmaydi... Bizning tekshirishimizcha, yerning shimoliy (ikki) choragidan biri quruqlik bo‘lganligidan, uning hamqutr (diametral qarama-qarshisidagi) chorak ham quruqlik bo‘lishini taxmin qilamiz”. Yuqoridagi mulohazalardan Beruniy g‘arbiy yarimsharda ham bizning yerimiz singari katta quruqlik borligini taxmin qilganligi anglashilib turibdi. Globusga qaralsa, bu katta quruqlik Amerika qit’asi ekani ayon bo‘ladi. G‘arbda noma’lum qit’a borligi to‘g‘risida hind beruniyshunosi Said Hasan Boroniy bunday deydi: “Qonuni Mas’udiy” asaridagi to‘rtinchi maqolaning 9-bobida Beruniy ma’murani qisqacha tasvirlab turib: “yunonlar Atlantika sohilini dunyoning oxiri deb bilganlar. Ular yaqin orollar (Kanar, Madeyra va ehtimol, Azor)nigina bilganlar. Ular Uzoq Sharqdan nariyoqni bilmaganlar”, - deb yozgan. Unda yana: “Erning sharqiy va g‘arbiy tomonlarida aholi yashaydigan joylarning bo‘lishiga qattiq sovuq ham, jazirama issiq ham xalaqit bermaydi. Shuning uchun bizga ma’lum bo‘lgan dunyodan (sharqiy yarimshardan) tashqarida, suvlar bilan o‘ralgan yerlarning bo‘lishini taxmin qilamiz”, - deyilgan.
Shunday qilib, g‘arbiy yarimsharda yaxlit bir quruqlikning, keyinchalik Amerika deb nomlangan qit’aning mavjudligini Beruniy XI asr boshidayoq, ya’ni yevropalik olimlardan 450 yilcha oldin ilmiy asoslagan va bu haqda o‘z asarlarida bir necha bor yozgan.
Xorazmning geografik tavsifi (Amudaryo va Qoraqum tarixi). Beruniy Gurganjda yashagan yillarida Xorazmning geografik tavsifi xususida ham so‘z yuritgan va “Mineralogiya” asarida shunday yozadi:
“... suvning sifatiga, uning holatini o‘zgartiradigan shart-sharoitlar – buloqlar, irmoqlar, botqoqliklarga e’tibor bermoq lozim. Suvning holatiga shuningdek, yilning to‘rt fasli va havo ham ta’sir qiladi. Bizning bu sohadagi barcha tadqiqotlarimiz bir joyda, ya’ni Balx daryosi (Amudaryo)ning ko‘li (Xorazm ko‘li - Orol dengizi)ga quyilish joyi yaqinida joylashgan Xorazmning Jurjoniyasi (Gurganj)da o‘tkazilgan”.
Beruniy “Geodeziya” asarida bu mavzuni ancha keng sharhlagan:
3.14-rasm. O’rta Osiyo kosmik tasvir, xarita
“Orasida “baliq qulog‘i” uchraydigan toshlarni Jurjon bilan Xorazm o‘rtasidagi qumlik cho‘llarda ham uchratamiz. U (cho‘l) qadimgi vaqtda bir ko‘l holida bo‘lgan, chunki Jayhun o‘zani, ya’ni Balx daryosi cho‘l orqali o‘tib, Bolxon degan shahar orqali Xazar dengiziga quyar edi. Batlimus (Ptolemey) o‘zining “Jug‘rofiya” degan kitobida Jayhunning quyadigan joyi Irqoniya, ya’ni Jurjon dengizi, deb yozgan. Biz bilan Batlimus orasida hozir sakkiz yuz yilga yaqin vaqt o‘tdi. O‘sha vaqtda Jayhun shu yerlardan o‘tgan; hozir bu yerlar cho‘lga aylanib qolgan va Zamm (Karki, 1999 yildan Otamurot) bilan Omuyya (Chorjo‘y, 1993 yildan Turkmanobod) o‘rtasidagi joydan [qayrilib] shu yerlarda shahar ham qishloqlarni to Bolxongacha sug‘organ. Keyin Jurjon bilan Xazar o‘rtasida dengizga quyilgan.
Ittifoqo u (Jayhun) to‘silib qoldi, uning suvi g‘uz yerlarining chekkalariga burilib ketdi. Uning yo‘lida tog‘ uchragan, bu tog‘ni hozir ham Famm al-Asad (Dahani Sher) deb, Xorazm aholisi esa, uni Sakr ash-Shayton (Shayton to‘g‘oni) deb ataydi. U (suv) to‘planib qolib, qirg‘oqlaridan toshib chiqqanki, suv to‘lqinlarining izlari [tog‘]ning tepasida saqlanib turadi. U suvning og‘irligi va bosimi haddan oshgach, oralari kavak bo‘lib yotgan bu toshlarni o‘pirib ketgan va ular orasida taxminan bir kunlik yo‘l (masofa)ni kesib o‘tgan. So‘ngra [Jayhun] hozir Fahmi nomi ostida mashhur bo‘lgan o‘zan bo‘ylab o‘ngga–Forob tomonga burilgan. Keyin odamlar uning ikki tomonida uch yuzdan ortiq shahar va qishloqlar qurganlar, ularning xarobalari hozirgacha ham bor.
Bu o‘zan boshlangandan [bir qancha vaqt] keyin haligi suv yo‘lida avvalgi hodisa yuz berib, o‘zan yana to‘silib qolgan. Suv Xorazm bilan Jurjon orasida joylashgan cho‘ldagi Mazdubast deb ataladigan daryo o‘zanidan o‘tib, chapda bajanaklar yeriga burilgan (oqib borgan). Uzoq vaqtgacha [bu o‘zan suvi] ko‘p joylarni obod qildi, biroq [u joylar] yana xarob bo‘ldi. U yerda yashovchilar Xazar dengizi bo‘yiga ko‘chib ketdilar. Ular alon va os degan urug‘lar bo‘lib, hozir ularning tili xorazm va bajanak tillarining aralashmasidan iborat.
Undan keyin suvning hammasi Xorazm tomonga yo‘l olgan. Ilgari u suvning oqavalarigina o‘sha Xorazm tomonga hozirda Xorazm [gil tuproqli] tekisligining oldidagi katta toshlar uyulgan joy oralaridan sarqirdi (tozalanardi). Keyin suv [qoyatoshlarni] yorib, u yerni suv bosdi va o‘sha yerdan boshlab uni ko‘lga aylantirdi. Suvning ko‘pligi va oqimning zo‘rligidan u ko‘p loyqa oqizdi va suv loyqalanib qoldi. Suv atrofga yoyilib oqqanda [o‘zani kengaygan joyda] u keltirgan loyqani cho‘ktirdi, quyilish joyida yer sekin-asta qalinlashib bordi va quruqlik yuzaga ko‘rina boshladi. Ko‘l uzoqqa cho‘zila borib, Xorazmning hammasi zohir bo‘ldi. So‘ng ko‘l [yoyilib] uzoqlashib borib, oldida [ko‘ndalang yotgan] to‘siq toqqa taqaldi, undan oshib o‘ta olmay, shimol tomonga, hozirda turkmanlar yashab turgan tarafga burilib ketgan. Bu ko‘l bilan Mazdubast vodiysidagi ko‘l oralig‘i uzoq emas. U ko‘l (Sariqamish) sho‘rxok va botqoq loylikka aylangan. Undan kechib o‘tib bo‘lmaydi. Turkiycha “Xiz tengizi”, ya’ni “Qiz tengizi” deb ataladi” (“Geodeziya”).
Beruniy o‘z vaqtida aytib ketgan mazkur xulosalar hozirgi zamon gelogiya va geografiya fanlarida ham o‘z tasdig‘ini topdi: uchlamchi davrda Qoraqum o‘rnida dengiz bo‘lgani va u asta-sekin chekinib, o‘rni quruqlikka aylangani ma’lum bo‘ldi.
Beruniy asarlarida qayd etilgan joy nomlarini hozir olimlar bunday izohlamoqdalar:
Dostları ilə paylaş: |