Kurs ishi mavzusining dolzarbligi: Umuman olganda, Yaponiyaning XIX asr oxiridagi tashqi siyosatini o‘rganish katta ahamiyatga egadir. Ahamiyatga molik jihati shundaki, Yaponiya aynan shu davrda yopiqlik siyosatidan ochiqlik siyosatiga o‘tdi, bu esa uning jahon hamjamiyatigav qo‘shilishiga olib keldi. Bundan ilgari qabul qilingan teng bo‘lmagan shartnomalarni bekor qilish natijasida, Yaponiya mustamlakachi buyuk davlat maqomiga ko‘tarildi. Aynan shu davrni o‘rganish, uni har tomonlama tahlil qilish biz uchun davlat siyosati yo‘nalishidagi muhim ish hisoblanadi.
Kurs ishi mavzusining predmeti:XIX asr oxirlaridagi Yaponiyaning tashqi o‘z qo‘shnilariga nisbatan yuritgan tashqi siyosati. Yaponiya-Rossiya munosabatlari, ularning Janubiy Saxalin va Kuril orollari masalasidagi harakatlari. Yaponiya-Koreya munosabatlari, Yaponiyaning Koreyani o‘ziga bo‘yso‘ndirish yo‘lidagi harakatlari. Tashqi dunyoda Yaponiyaning tenghuquqlilik uchun olib borgan kurashi.
Kurs ishi mavzusining maqsadi:Ushbu kurs ishini yozishdan maqsad – Yaponiyaning XIX asr oxiridagi tashqi siyosatini o‘rganish, uning o‘sha davrdagi siyosiy yo‘nalishi va maqsadlariga oydinlik kiritish.
Kurs ishi mavzusining tuzilishi va tarkibi: Ushbu kurs ishi kirish, asosiy qism, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatini o‘z ichiga oladi. Kurs ishi 27 betdan iborat.
I BOB. Yaponiya tashqi siyosiy yo‘nalishining shakllanishi Meyji qayta qurishidan ko‘p o‘tmay Yaponiya qator tashqi muammolarga yuz tutdi. Shunday bo‘lsa-da, boshidanoq, yapon tashqi siyosatida diplomatik2 va harbiy usullardan foydalanilgan holda qo‘shnilarga bo‘lgan bosim sezilib turar edi.
Ilk shakllanish davomida Meyji hukumati ko‘plab ichki muammolarga duch keldi. Bunday holatda g‘olibona harbiy yurish ularga yechim bo‘lishi mumkin bo‘lgan, chunki urush tashqi siyosatdan norozilarning e’tiborini tortib, ko‘plab ishsiz, bekorchi samuraylarni xorijga yuborish imkonini berar edi. Yangi hukumat mamlakatni tashqi tajovuz yo‘lida birlashtirishga uringan va Koreyaga yurish – bu uchun juda mos bo‘lgan. Kido Takayoshi harbiy boshqarmaga bu haqida quyidagilarni bayon etgan:
“ Imperatorlik harbiy kuchlarining bostirib kirishi tajovuzi bilan Fudzan(Pusan) portining ochilishiga erishish mumkin. Albatta, biz hech qanday moddiy va ma’naviy foyda olmaymiz, aksincha, zarar ko‘ramiz, ammo bu bizning mamlakatimizning buyukligini tasdiqlash, butun xalqning bizning tashqi va ichki siyosatimizga bo‘lgan qarashini o‘zgartirish, dengiz va quruqlik kuchlarini rivojantirish, Yaponiyaning ko‘tarilishi va mustahkam bo‘lishi uchun kerak. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.” Koreya Yaponiya uchun o‘z-o‘zidan muhim ahamiyat kasb etmagan, u, shuningdek, Xitoyga kirish uchun ko‘prik vazifasini ham bajargan, buning ustiga Koreya Xitoy vassali3 bo‘lgan. 70-yillarda yapon mintaqaviy siyosatini amalga oshirish uchun yaxshi xalqaro vaziyat yuzaga keldi. Xitoyning tashqi siyosiy sahnadagi o‘rni, uning chekka va orol hududlari bilan aloqalari kuchsiz edi. Bundan tashqari Yaponiyaning Uzoq Sharqdagi asosiy raqobatchilari bo‘lmish Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar murakkablashdi.
Yaponiya bu vaziyatdan foydalanmay qolmadi. Uning tashqi siyosatida asosiy ikki yo‘nalish belgilandi: g‘arbiy mamlakatlar bilan imzolangan teng bo‘lmagan shartnomalarni bekor qilish va Xitoyni talon-taroj qilishda ular bilan teng darajaga ega bo‘lish. Ikkinchi masalani hal qilishda Yaponiya, avvalo, Xitoyning boshqa mamlakatlar da’vo qilmagan tashqi hududlarini ko‘zladi.