Dorivor о‘simliklarni ekish va yig‘ish ishlariga Petr I juda katta ahamiyat beradi. 1701 yilda Moskvada 8 ta dorixona ochish haqida buyruq chiqadi. Ana shu dorixonalarni dorilar bilan ta’minlash uchun Rossiyaning turli tumanlaridan dori mahsulotlari keltirila boshlandi. 1702 yilda Petr I Sibirdan dorivor о‘simliklar keltirish haqida buyruq chiqaradi. Keyinchalik Qozon, Novgorod, Lubni va boshqa shaharlarda ham dorixonalar ochiladi. Lubni dorixonasi asosan harbiy qismlarni dori bilan ta’minlagan. Petr I buyrug‘i bilan g‘arbiy gospitallar qoshida ham dorixona maydonlari barpo qilindi. Astraxan, Lubni va Peterburg shaharlarida dorivor о‘simliklarning katta plantatsiyalari tashkil etildi. Plantatsiyalar qoshida Galen laboratoriyasi va mahsulot saqlaydigan ombor bо‘lgan. Keyinchalik dorivor о‘simliklar о‘stiriladigan issiqxonalar qurildi. Petr I yovvoyi holda о‘sadigan dorivor о‘simliklarni yig‘ish masalasiga ham jiddiy e’tibor beradi. U dehqonlarga dorivor о‘simliklarni majburiy ravishda yig‘diradi. Petr I 1724 yilda Fanlar akademiyasini ochish tо‘g‘risida buyruq chiqaradi. Shu davrda Rossiya florasini ilmiy asosda о‘rganish maqsadida Fanlar akademiyasi tomonidan bir qancha ekspeditsiyalar uyushtiriladi.
XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida davlatlar о‘rtasida savdo-sotiq ishlari keng yо‘lga qо‘yilganligi tufayli butun qit’alardan Ovrupo bozoriga dorivor о‘simliklar keltirila boshlandi. Ular kо‘pincha qirqilgan holda bо‘lib, bu mahsulotlarning tozaligini, tarkibida aralashma bor-yо‘qligini aniqlash kerak bо‘lardi. Shu sababli farmakognoziya boshqa farmatsiya fanlaridan mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi va bu ishlar bilan shug‘ullana boshladi. Oradan kо‘p о‘tmay turli tillarda farmakognoziyadan qо‘llanmalar bosilib chiqdi. 1858 yilda farmatsiya professori Y.K.Tpapp birinchi marta farmakognoziyadan rus tilida darslik yozadi. Dorivor о‘simlik mahsulotlarining anatomik tuzilishini rus olimlari mikroskop yordamida о‘rgana boshladilar. Moskva universitetining farmatsiya professori A. V. Tixomirov 1900 yilda bosilib chiqqan kitobida kо‘pgina dorivor о‘simlik mahsulotlarining anatomik tuzilishini birinchi bо‘lib tasvirlab berdi. Keyinchalik farmakognoziya sohasida V.O.Podvisotskiy, A.D.Chirikov, N.F.Metin, D.L.Davidov va boshqalarning ham darsliklari bosilib chiqdi. Yuryev (hozirgi Tartu) dorilfununining farmatsiya professori G.Dragendorf dorivor mahsulotlarning kimyoviy analizi bо‘yicha kо‘p ishlar qiladi. U о‘simliklar tarkibidagi har xil dorivor moddalarni aniqlash usullarini ishlab chiqish bilan bir qatorda dunyoda ishlatiladigan 12000 xil dorivor о‘simlik haqida ma’lumot beradi.