Toshkent farmatsevtika instituti ijtimoiy fanlar kafedrasi dinsh
Ibodat qilish – dindorning yoki dindorlar guruhining xudoga, avliyolarga iltimos, shikoyat yoki minnatdorchilik bildirib, bevosita murojaat qilishi. Bunda kishi tanasining holatiga alohida e’tibor beriladi, chunki ibodatning turiga yoki mazmuniga ko‘ra, kishining tiz cho‘kishi, qo‘llarini ko‘targan holatda yoki ko‘zini yumib turishi talab qilinadi. Pravoslav cherkovida, odatda, ibodat tik turib bajarilishi sababli dindorlarning o‘tirishlari uchun kursilar qo‘yilmaydi.
Xochga sig‘inish – Iso Masihning xochga mixlab qo‘yilishi bilan bog‘liq marosim. U xristianlikning timsoli hisoblanadi. Bu pravoslaviening eng muhim elementlaridan biri bo‘lib, diniy rivoyatlarda yozilishicha, Iso Masihning qoni to‘kilganligi sababli, xoch ilohiy kuchga ega bo‘lgan. U odamlarni yovuz kuchlardan saqlaydi.Xoch to‘rt burchakli, olti burchakli (Isoning boshidan balandroq qilib xochga yozuv taxtachasi qoqib qo‘yilganligi sababli), sakkiz burchakli (Isoning oyog‘i bilan tayanishi uchun xochga taxtacha qoqib qo‘yilganligi sababli) shakllarda tasvirlanadi. Xochning barcha shakllaridan keng foydalaniladi va ular bir xil ahamiyatga ega.
Xristianlikning katta yo‘nalishlaridan yana bittasi protestantizmdir (lotincha protestans – qarshi chiquvchi, norozi degan ma’nolarni anglatadi). U XVI–XVII asrlarda G‘arbiy Evropadagi feodal tuzum va uning mafkuraviy tayanchi bo‘lgan reaksion katolitsizmga qarshi kuchli ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-madaniy va diniy harakatlarning boshlanishi sababli vujudga kelgan. Harakat ishtirokchilari katolik cherkovini evangeliyalar g‘oyalaridan chekinishda ayblab, uni asl holatiga qaytarishni talab qilib chiqqanlar.Bu tarixda «reformatsiya harakati» (lotincha reformatio – o‘zgartirish,to‘g‘rilash kabi ma’nolarni anglatadi) deb ataladi. Reformatsiya harakati chuqur tarixiy ildizga ega. Harakat boshlanishidan oldingi davrlarda ham ruhoniylarning ma’naviy buzuqligi, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishlari, dabdababozliklari, kishilarga befarqlik, tamagirlik va rasmiyatchilik kabi illatlari ilg‘or jamoatchilik vakillari tomonidan keskin tanqid qilingan. Jumladan, Oksford universiteting professori J. Viklif va Praga universitetining professori YA. Gusning chiqishlarini alohida qayd etish lozim. Germaniya va SHveysariya reformatsiyaning markazlari edi. Ushbu Reformatsiya harakati dastlab Germaniyada Martin Lyuterning Rim papasiga qarshi chiqishidan boshlangan. 1517 yil 31 oktyabrda Martin Lyuter o‘z qarashlarini 95 ta tezisda bayon etib, uni Vittenberg shahar cherkovlaridan birining darvozasiga osib qo‘ygan. Tezislarda cherkovning avliyolar yordamida xalos bo‘lish, a’rof, ruhoniylarning vositachilik vazifasi haqidagi ta’limotlari tanqid qilingan. Keyinchalik Rim papasining hokimiyati inkor qilingan. Lyuter cherkov tashkilotining ierarxiya prinsipi asosida tuzilishini va boshqarilishini rad etgan, Isoning xaloskorlik kuchiga ishonchi orqali kishi mustaqil ravishda, cherkovning vositachiligisiz xalos bo‘lishi mumkinligi g‘oyasini himoya qilgan.Martin Lyuter rohiblikni bekor qilish, diniy marosimlarni soddalashtirish va cherkovni dunyoviy hokimiyatga bo‘ysundirish kabilarni talab qilib chiqqan.