Miorelaksantlar farmakologiyasi
Miorelaksantlar deb, ko`ndalang targ`il mushaklarni bo`shashtiruvchi vositalarga aytiladi.
Bu guruhning birinchi preparati bo`lgan kurare-nayza zaharidir. Bu zahar Janubiy Amerikaning o`simlik turlaridan bo`lgan Strychnos va Chondodendronning ekstrakti hisoblanadi. Amerikalik induslar uni XV asrda yirik hayvonlarni ovlashda ishlatganlar. Kurarening ta'sir etish mexanizmi esa K. Bernar (1851) va E. V. Pelikan (1857) tomonidan aniqlangan. Ularning fikricha, kurare harakat nervidan impulslarning mushaklarga o`tishini to`xtatib qo`yadi yoki nerv-mushak sinapsini to`sib qo`yadi.
Mio’orelaksantlarni tibbiyot amaliyotida-anesteziologiyada ishlatilishi asosan 1942 yildan boshlandi. Kanadalik anesteziologlar Griffings va Djonsonlar birinchi marta bemorga engil narkoz berib va mio’relaksantlar yuborib, ko`p jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkinligini tasdiqlashdi.
Farmakologik ta'siri. Mio’relaksantlarning asosiy farmakologik ta'siri nerv-mushak sinapsidagi N-xolinoretseptorlariga qaratilgan bo`lib, impulslar o`tishini to`xtatib mushaklarni bo`shashtirishdan iborat. Mushaklarning bo`shashi quyidagi tartibda bo`ladi: oldin yuzdagi, kalladagi va bo`yindagi mushaklar bo`shashadi, keyin esa qo`l mushaklari, so`ng oyoq, qorin, orqa mushaklari, qo`krak, nafas mushaklari va nihoyat, diafragma falajlanadi. Natijada odam harakatsizlanadi va nafas to`xtaydi.
Ta'sir mexanizmi. Mio’relaksantlar ta'sir mexanizmi bo`yicha 2 guruhga bo`linadi: antidepolyarizatorlar va depolyarizator mio’relaksantlar.
Antidepolyarizatorlar qo`pincha konkurentlik (raqobat) tarzida ta'sir etadigan mio’relaksantlar deb yuritiladi. Chunki, ular mediator atsetilxolin o`tiradigan postsinaptik pardani band qilib, uni xolinoretseptorlarga ta'sir etishiga yo`l qo`ymaydi. Boshqacha aytganda, antidepolyarizatorlar atsetilxolin ta'sirida bo`ladigan postsinaptik parda qutbining o`zgarishiga-depolyarizatsiyaga yo`l qo`ymaydi. Natijada depolyarizatsiya bo`lmaganligi sababli impuls o`tishi to`xtaydi va mushaklar bo`shashadi. Mushaklarning bo`shashishi yuqorida aytilgan tartibda sodir bo`ladi.
Antixolinesteraz preparatlar antidepolyarizatorlik ta'sir etadigan mio’relaksantlarning antagonisti hisoblanadi. Chunki, antixolinesteraz dorilar ta'sirida xolinesteraza faolligi yo`qolib, sinapsdagi atsetilxolin parchalanmaydi va uni miqdori ancha ortadi. Buning natijasida xolinoretseptorlarni egallab olgan mio’relaksant sekin-asta o`z joyini bo`shatadi va atsetilxolinning postsinaptik pardaga nisbatan ta'siri tiklanadi, depolyarizatsiya bo`lib, impuls o`ta boshlaydi va mushaklarning qisqarishi tiklanadi
Antidepolyarizator guruhiga tubokurarin xlorid, diplatsin, terkuroniy va boshqa preparatlar kiradi.
Depolyarizator miorelaksantlarning ta'sir mexanizmi quyidagilarga bog`liq. Ular o`z kimyoviy tuzilishi bo`yicha atsetilxolinga o`xshaydi. Ditilin atsetilxolinning ikki molekulasidan tashkil topgan. Shu sababli ular tanaga yuborilganida mushaklarning xolinoretseptorlariga atsetilxolin singari ta'sir qilib, postsinaptik pardaning qutbini o`zgartiradi-depolyarizatsiyani keltirib chiqaradi. Depolyarizatsiya ditilin ta'sirida3-7 daqiqa davom etadi. Yoki pardada repolyarizatsiya (qutbning tiklanishi) bo`lmasdan turadi. Chunki ditilinning xolinesteraza fermenti ta'sirida parchalanishi sekin sodir bo`ladi.
Postsinaptik parda repolyarizatsiya bo`lmagani uchun mediator atsetilxolin pardaga ta'sir etmaydi, impulsning o`tishi to`xtab, mushaklar bo`shashadi. Ditilin qondagi xolinesteraza ta'sirida parchalanganidan so`ng postsinaptik pardaning qutbi tiklanadi-repolyarizatsiya sodir bo`ladi. Atsetilxolin ta'siri natijasida parda vaqtinchalik depolyarizatsiyalanadi, keyin repolyarizatsiyalanib, impuls o`ta boshlaydi va mushaklarning qisqarishi qaytadan tiklanadi.
Shuni aytib o`tish kerakki, postsinaptik pardaning ditilin ta'sirida davomli depolyarizatsiya holatida bo`lishi natriy va kaliy ionlarining harakatlanishiga olib keladi. Bu ionlar o`rin almashadi, so`ng elektrik razryadlar hosil bo`ladi, mushaklar tartibsiz ravishda titraydi. Keyinchalik ular bo`shashadi. Ditilin xolinesteraza ta'sirida parchalangandan keyin esa xolinoretseptor repolyarizatsiyalanadi, Na+ va K+ ionlari o`z joyiga qaytadi. Xolinoretseptorning mediator atsetilxolinga nisbatan reaktsiyasi tiklanadi. Antixolinesteraza ta'sirga ega bo`lgan preparatlar (prozerin, galantamin) depolyarizator mio’relaksantlarning (ditilin) sinergisti hisoblanadi. Ditilinning farmakologik samarasi prozerin ta'sirida ancha uzayadi va kuchayadi. Chunki xolinesteraza fermentining faolligi pasayadi va ditilinning parchalanishi sekinlashadi.
Ishlatilishi: mo’relaksantlar asosan anesteziologiyada, jarrohlik amaliyotida keng ishlatiladi. Ko`pincha suyak sinishida, suyakning bo`g`indan chiqishida, intubatsiya uchun va hakozolarda beriladi. Shuni aytib o`tish kerakki, mio’relaksantlarni yuborishdan oldin bemorga sun'iy nafas oldiradigan apparat ulanadi. Mio’relaksantlarning ta'siri tugaguncha bemor sun'iy ravishda nafas olib turishi kerak. Mio’relaksantlar (tabletka holida) spastik hollarda ham beriladi.
Dostları ilə paylaş: |