Vahhobiylik. Vahhobiylik XVIII asrda Arabiston yarim orolida vujudga kelgan
diniy-siyosiy oqimdir. Uning asoschisi Muhammad ibn Abd al-Vahhob 1703 yili
Arabiston yarim oroli Najd o’lkasining
al-’Uyayna degan joyida tavallud topgan.
Bu davrda uning otasi Abd al-Vahhob ibn Sulaymon mustaqil mahalliy amir
hokimiyatida qozilik lavozimida xizmat qilar edi. Muhammad yoshligidan diniy
ilmlarni o’z otasi rahbarligida o’rgana boshladi. U an’anaga ko’ra Qur’onni yod
oldi, tafsir va hadis ilmlari bilan tanisha boshladi. Bir necha bor Misr, Suriya,
Kurdiston, Iroq, Eron mamlakatlarida bo’lib, ko’pincha ulamolar suhbatida
o’zining janjalkashligi va mutaassibligi bilan ajralib turgan. U o’z targ’ibotchilik
faoliyatini 1730 yillarda boshlab, birinchi maqsadi o’ziga munosib homiy topish
bo’ldi.
1745 yili Muhammad ibn Abd al-Vahhob ad-Dir’iya vodiysiga uning amiri
Muhammad ibn Sa’ud taklifiga binoan ko’chib o’tdi. Bu bilan Muhammad ibn
Sa’ud o’z hokimiyatini kuchaytirishda vahhobiylikdek mafkuraviy qurolga ega
bo’ldi. Vahhobiylar o’zlari xohlagan jamoani
kufrda yoki
shirkda ayblashlari va
unga qarshi
jihod e’lon qilishlari mumkin edi. Ibn Sa’ud esa bu
jihodni amalga
oshirib, o’z hokimiyati chegaralarini kengaytirishni boshladi. Muhammad ibn Abd
al-Vahhob 1792 yili vafot etdi. Ibn Saud va uning sulolasi vahhobiylik bayrog’i
ostida olib borgan urushlari 1932 yilda Saudiya Arabistoni davlatining tuzilishi
bilan yakunlandi.
Vahhobiylik ta’limoti diniy masalalarda din fundamenti, ya’ni Payg’ambar
davri voqeiyliklariga qaytishni talab etdi. Ular barcha muxoliflarini
bid’atchilikda ,
ya’ni dinga Yangilik kiritganlikda aybladilar, o’zlarining siyosiy dushmanlarini esa
mushriklikda ayblab, ularga qarshi
jihod olib borishga
fatvo berdilar. Axloqiy
masalalarda nazariy jihatdan, garchi shaxsiy kamtarlik, mol-mulkka hirs
qo’ymaslik, dunyoviy hayotda toat-ibodatga aksariyat vaqtni sarflashni targ’ib
qilsalar-da, lekin amalda saroy ahlining bosqinchilik urushlari qo’shni qabilalar
mol-mulklarini talash oqibatida gap bilan amal o’rtasida ziddiyat paydo bo’ldi.
Vahhobiylik harakatlari Usmoniylar imperiyasi (1453-1924) hududlarida
vujudga kelganligi va imperiya bilan bu harakat o’rtasida bir necha qonli
to’qnashuvlar yuz berganligi tufayli bu oqimda turk islomiga qarshi bo’lgan kuchli
kayfiyat o’z aksini topdi. Imperiyaning markaziy hududlarida hanafiylik mazhabi
mutlaq hukmron mavqega ega bo’lganligi uchun mazkur maktab qoidalari qattiq
tanqid qilindi.
Shuningdek, vahhobiylik harakati mafkurasining markazida avvaliga Arabiston
erlarini birlashtirish orqali, keyinchalik butun islom dunyosida islom davlatini
shakllantirish g’oyasi ham mavjud edi. Ular bu maqsad yo’lida har qanday
qurbonliklarga tayyor edilar.
Vahhobiylarning chet ellarda ko’plab tashkilotlari bo’lib, ular faol harakat olib
boradilar. Ularning ko’pchiligi yashirin siyosiy faoliyat olib boradi.