jamiyat yagona ishtirokchisi sifatida, bitta shaxsdan iborat xo’jalik yurituvchi sub’ekt bo’la olmasligiga e’tibor berishi kerak. Aktsiyadorlik jamiyatlari va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda ham yuridik shaxslar, ham jismoniy shaxslar ta’sischi sifatida ishtirok etishlari mumkin. Qo’shma korxona ustav kapitaliga o’zbekistonlik ishtirokchi tomonidan qo’shiladigan hissa xorijiy ishtirokchilar bilan kelishuvga ko’ra milliy valyutada qanday baholansa, kelishilgan baholar bo’yicha chet el valyutasida ham jahon bozoridagi bahoni hisobga olgan holda shunday baholanadi. Xorijiy ishtirokchining hissasi ham shu tartibda qo’shma korxonani tashkil etish haqidagi shartnoma imzolangan kundagi yoki uning ishtirokchilari kelishgan boshqa sanaga amalda bo’lgan O’zbekiston Respublikasi Markaziy Bankining rasmiy valyuta kursi bo’yicha so’mga hisoblab o’tkazish yo’li bilan baholanadi. Jahon bozori bahosi bo’lmaganda qo’shilayotgan mulklar qiymati ishtirokchilarning kelishuviga muvofiq aniqlanadi. Ta’sis hujjatlarini tekshirishda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq har bir tashkiliy- huquqiy shakldagi xo’jalik yurituvchi sub’ekt uchun turli mas’uliyatlar belgilanishini inobatga olish zarur. Korxona ta’sischilarining soni va ularning ustav kapitalidagi ulushini tekshirish chog’ida auditor ta’sischilarning eng ko’p soni va bir ta’sischining ustav kapitalidagi eng ko’p ulushi, hamda ustav kapitalining eng kam ko’lami tegishli yuridik shaxs uchun qo’llaniladigan Qonun bilan aniqlanadi. Ushbu talablarga rioya qilinishi korxonaning faoliyat ko’rsatishi, hamda kreditorlarning manfaatlarini huquqiy va iqtisodiy himoyalash shartlaridan biri hisoblanadi.