dalillarga nisbatan ishonchliroq ekanligi; auditorlik tashkilotining mustaqil tekshiruvi yoki tahlili natijasida olingan ma’lumotlarning uchinchi shaxslardan olingan ma’lumotlarga qaraganda ishonchliroq ekanligi; hujjatlar va yozma ko’rsatmalar shaklidagi auditorlik dalillarining og’zaki ko’rsatmalarga qaraganda ishonchliroq ekanligi. Nihoyat, turli manbalardan olingan dalillardan foydalanish natijasida qilingan xulosalarni taqqoslash imkoniyatlarini hisobga olish kerak. Amaldagi standartlarga muvofiq auditorlik baholash uchun zarur ma’lumotlar miqdori qat’iy chegaralab qo’yilmagan. Shu boisdan auditor o’zining professional fikriga tayangan holda xo’jalik yurituvchi subekt moliyaviy hisoboti-ning ishonchliligi to’g’risida xulosa tuzish uchun zarur bo’ladigan ma’lumotlarning miqdori haqida mustaqil qaror qabul qilishi lozim. Auditorlik dalillarining o’z vaqtida to’planishiga alohida e’tibor berish zarur. Aks holda ular oshiqcha va keraksiz bo’lib qoladi. O’z vaqtidalik har bir auditorlik dalilining tekshirilayotgan davrga bevosita taalluqliligi yoki mijoz-korxona faoliyatining hisobot tuzilganidan so’ng, ammo auditorlik xulosasi tuzilishidan oldin sodir bo’lgan ma’lum bir jiddiy hodisalariga taalluqli ekanligidan ham iboratdir. To’plangan dalillar tekshirilayotgan hisobot tuzilgan sanaga qanchalik yaqin bo’lsa, ular shunchalik ishonarli bo’ladi. Agar xatolar va noaniqliklar to’g’risidagi dalillar mijoz korxona ma’muriyatiga auditorlik xulosasi soliq organiga topshirilmasdan oldin taqdim etilgan bo’lsa, u holda buxgalteriyada hisobotlarga zarur tuzatishlarni kiritish imkoni bo’ladi. Agar hisobot soliq organiga topshirilganidan so’ng audit o’tkazilsa, tuzatish kiritish imkoni yo’q, lekin joriy davrda aniqlangan xato kamchiliklarni o’z vaqtida tuzatish mumkin.